Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

“Vaqtinchalik propiska” ochilgani rostmi?

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:

2015 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida viloyatdan kelgan fuqarolarni vaqtinchalik propiska qilish tegishli qonun hujjatlariga o`zgartirishlar kiritilayotganligi sabab bir muddat to`xtatib qo`yilgan edi. Toshkent shahriga viloyatlardan kelib ishlayotgan fuqarolar o`rtasida fevral oyidan boshlab “vaqtinchalik propiska” yana ochilgani va tuman pasport stollarida qo`yib berilayotgani haqida gap-so`zlar tarqaldi. 

Tafsilot.uz sayti Yagona portal orqali O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vaziriga ushbu masala yuzasidan bir nechta savollar bilan murojaat qildi. Murojaatga IIVning Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig`i Badridin Shorixsiev imzosi bilan javob olindi.

Javob xatida qayd etilishicha, chindan ham Ichki ishlar vazirligining “Fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risida”gi me`yoriy hujjatlarga qo`shimcha o`zgartirish kiritilishi munosabati bilan 2015 yilning 25 oktyabr kunidan buyon fuqarolarni turgan joyi bo`yicha vaqtincha ro`yxatga olish vaqtinchalik to`xtatilgan. Biroq bugungi kunga kelib “vaqtinchalik propiska” ochilgan va fuqarolarni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo`yicha 5 kunda 6 oygacha muddatga shahar, tuman IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`lim (bo`linma)lari (xalq tilida “pasport stoli” deb ataluvchi idora) tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Vaqtinchalik propiska”, ya`ni fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo`yicha hisobga olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

1) IIV tomonidan belgilangan namunadagi ariza;

2) Fuqaroning pasporti yoki harbiy xizmatchining guvohnomasi;

3) Fuqaro yaqin qarindoshlarini (ota-ota farzandlarini, farzandlar ota-onasini, er xotinini, xotin erini) vaqtincha ro`yxatga qo`ydirayotgan bo`lsa, mulk egasining notarial tasdiqlangan arizasi (rozilik xati);

4) Agar begona shaxslar vaqtinchalik ro`yxatga qo`yilayotgan bo`lsa, ijara shartnomasi;

5) Uy egasining pasporti nusxasi;

6) Uyning kadastr hujjatlari;

7) Uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi (oldi-sotdi yoki hadya shartnomasi, Davlat orderi, meros guvohnomasi, hokimlik qarori va hokazo);

8) Agar er xotinining, xotin erining uyiga vaqtincha ro`yxatga qo`yilayotgan bo`lsa, nikoh tuzilgani haqidagi guvohnomaning nusxasi (shuningdek, ushbu hujjatning asli ham ko`rsatiladi);

9) Bolalarni ro`yxatga qo`yish uchun tug`ilganlik haqidagi guvohnomalarining nusxalari (shuningdek, ularning asli ham ko`rsatiladi) hamda 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat. Voyaga etmaganlar faqatgina ota-onalari bilan birga propiska qilinadi;

10) Davlat boji to`langanligi haqidagi kvitansiya (Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonliqarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga muvofiq O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro`yxatdan o`tkazganlik va chiqarganlik uchun, shuningdek turgan joyi bo`yicha hisobga qo`yish uchun eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Ayni paytda bu bir kishi uchun 2604 so`m 80 tiyinni tashkil etadi);

11) Alohida hollarda zarurat tug`ilsa boshqa tasdiqlovchi hujjatlar ham talab etilishi mumkin.

Rasman “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi” deb yuritiladigan, oddiy xalq “vaqtinchalik propiska” deb ataydigan hujjat respublikamizning boshqa hududidan kelib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlayotgan yoki o`qiyotgan yurtdoshlarimiz uchun katta ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.

Amaldagi me`yoriy-huquqiy hujjatlar talabiga ko`ra, fuqarolar poytaxt shahri va viloyatida hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o`zi vaqtincha turgan joydagi milisiya tayanch punktiga belgilangan tartibda murojaat etishi kerak. Bu talabning bajarilmasligi ma`muriy javobgarlikka tortilish uchun asos bo`ladi.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning “Pasport tizimi qoidalarini buzish” deb nomlanuvchi 223-moddasida belgilanishicha, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashi — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda;  pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashiga yo`l qo`yishi, shuningdek, fuqarolarning o`z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo`l qo`yishi — eng kam ish haqining uch baravaridan o`n baravarigacha miqdorda; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o`n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram