Yuragimda saqlaganlarim: “Siz men uchun yagonasiz, jufti halolim!”

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 23.02.2016, 17:01

Ushbu sahifaga kelayotgan maktublar, bo`layotgan qo`ng`iroqlar haqida har doim ta`kidlashimizga qaramasdan, mushtariylar ichida ularning hayotiyligiga shubha bildiruvchilar ko`plab topiladi. Biroq biz shuni ishonch bilan ta`kidlaymizki, “Yuragimda saqlaganlarim”ning barcha-barchasi murojaatlar asosida yozilmoqda. Bugungi hikoyamizga ham gumon bilan qarovchilar topilishi turgan gap. Ammo bu ham ayni damda oramizda yashayotgan, Namangan viloyati, Uychi tumani, Mevazor qishlog`ida istiqomat qiluvchi Yulduzxon aya Yusupovaning qalb so`zlaridir. Muxlisamizning dilida saqlab kelgan gaplari turmush o`rtog`i Abdubanno Xolmonovga atalgan...

O`shanda kenjatoy qizimiz endigina ikki yoshga kirgandi. Qolgan to`rt farzandimiz ham hali g`o`r bolalar... Katta o`g`limizni poytaxtga, ixtisoslashgan maktabga joylab kelgandingiz. 

— Bizsiz ozgina qiynalsa, hech narsa qilmaydi. O`g`il bola-ku! Ammo ertaga bir kun uzoqda bo`lsa-da, yaxshi maktabda o`qitganimiz uchun bizdan xursand bo`ladi, — degandingiz uni olib ketayotganda. 

Poytaxtga o`qish uchun ketayotgan to`ng`ichimiz esa o`sha onlarning o`zidayoq qilayotgan ishingizdan mamnun edi. Har uyga kelganida o`qituvchilari, tengdoshlari va azim shahar haqida ko`rganlarini aytib tugatolmasdi. 

Hayotimiz go`zal va havas qilgulik edi. 

Kunlarning birida men erka qizchamizni ko`tarib, do`konga chiqdim. 

“Chiqmasam bo`larmidi?..” 

Shu so`zlarni bot-bot ko`zlarimda yosh bilan takrorlashimga majbur qilgan mash`um voqea kutilmaganda ro`y berdi. 

Qo`limda qizalog`im bilan shodon ketayotgan chog`imda, tuyqus oyog`im sirpandi... 

Miyamga urilgan gap: “Bolam lat emasin, yomon tushmasin...”

O`zim orqaga, chalqancha yiqilayotgan bo`lsam-da, bolamni mahkam bag`rimga bosib, qo`llarimdan chiqib ketmasligi uchun qattiq quchdim. Oyog`im osmonda bo`lib tusharkanman, birinchi bo`lib belim toshdan qattiq erga urilganini, ko`zlarimdan o`t chaqnagandek bo`lganini payqadim...

Ko`zlarimni ochganimda shifoxonada yotar, siz yonimda o`tirardingiz.

— Qizim... Unga hech narsa qilmadimi? — so`raganim shu savol bo`ldi.

— Xavotir olma, uning bir dona sochi ham to`kilmagan. Juda yaxshi. Oyim qarab o`tiribdi, — dedingiz jilmayib.

Ana shundan so`ng bizga atalgan sinovlar boshlandi. Men to`shakka mixlangan, siz esa tez orada oyoqqa turishimni aytishdan charchamasdingiz. Bu orada bir qancha og`ir jarrohlik amaliyotlarini boshdan o`tkazdim. 

— Bu temir singan suyakning to`g`ri bitishiga yordam beradi. Yana bemorning belini tik tutishida ham ko`maklashadi, — deya shifokorlarning operasiya jarayonida belimga qo`ygan temiri bir qo`lim va bir oyog`imni butkul falajladi.

— Bundan oldin oyog`im ham, qo`lim ham qimirlardi-ku! Nega bir tomonim ishlamaydi? — dahshatga tushdim men.

— Jarohating yangi. Hali sog`liging tiklanmagan. Asta-sekin ishlaydi, — tasalli berdingiz siz.

Endi mening yonimda kechayu kunduz bo`ladigan ko`makchi lozim edi. Chunki sizning zimmangizda besh bolamiz, onangiz, ro`zg`or tashvishlari va yumushlari bor. Ungacha sizning qaramog`ingizda bo`ldim. Endi ishingizni davom ettirishingiz, bolalar va mening sog`ayishim uchun ko`proq mablag` topishingiz kerak. 

— Oyi, sizga nima bo`ldi? — kunlarning birida yonimda to`ng`ichimiz paydo bo`ldi. 

— Kim olib keldi, seni? Nega kelding? — dedim uning o`qishidan xavotirlanib.

Endi ettinchi sinfga o`tgan bolam kattalardek javob berdi:

— Dadam borib, sizning kasalligingizni aytgandi, kelaverdim. O`qishda keyin ham o`qiyveraman, hozir sizning sog`lig`ingiz birinchi o`rinda. Tuzalib ketsangiz bo`ldi. O`qish qochib ketmaydi-ku!

— Sen o`qishingni tashlama, bolam. Meni deb maktabingni tashlab keldingmi? — uning poytaxtda o`qiyotganidan qanchalar g`ururlanishini, tirishib o`qishini bilganim uchun yig`lab yubordim. 

— Oyi, men shu erda bo`lsam, tez tuzalasiz, — dedi u.

Boshqa gapira olmadim. Chunki menga shifoxonada qaraydigan boshqa odam yo`q. Siz tongdan kechgacha ishda bo`lasiz, onangiz ro`zg`or va bolalar bilan mashg`ul. Men uchun esa o`g`lim...

Uzoq davolanishdan so`ng uyga qaytdik. Afsuski, ahvolimda zig`ircha o`zgarish yo`q. Faqat yotaman. Birovning ko`magisiz o`tira olmayman ham. Aslida o`tirish ham mumkin emas. Xullas, men to`shakka mixlangandim. Haftalar, oylar, hatto yillar o`tdi. Men o`sha-o`sha...

Ba`zan belimga o`rnatilgan temirning mahkamlagichlari bo`shab ketar, siz ularni xuddi shifokor kabi o`rniga mustahkamlar, menga dalda berardingiz. Opichlab toza havoga olib chiqqaningizda, qo`llaringiz toliqsa-da, ko`tarib hovlini aylantirib yurganlaringizda ich-ichimdan ezilardim: “Xudoyim, qani edi tezroq tuzalsam... Aslida ayol eriga xizmat qilishi kerak. Mening erim esa... Agar sog`ayib ketsam, elib-yugurib xizmatini qilaman. U uchun jonimni berishga ham tayyor bo`laman! Faqat dardimga shifo, oyoqlarimga jon bersang bo`lgani! Xudojon, mana shu insonning yaxshiliklarini qaytarish uchun ham menga shifo ber!”

Afsuski, bu iltijolarim Egasiga etib bormayotgandek, tobora ahvolim og`irlashar, umidim so`nib borardi.

— Meni davolatishni bas qiling. Endi tuzalmayman. Shu holimda o`lib ketaman, — derdim yotaverish jonimga tekkan paytlarda.

— Ie, bu nimasi? Mana, ancha yaxshisan-ku! — derdingiz ishonch bilan. — O`zingga sezilmayaptimi? Avvalgidan yaxshisan!

Men esa jonsiz qo`l va yurishni butkul unutgan oyoqlarimga jon-jahdim bilan tikilardim. Xuddi ularning sog`ayayotganini ko`z bilan ilg`ash mumkindek...

Odam harakatsiz bo`lsa, xastaliklar ham yopishaverarkan. Men siz aytgandek yaxshi bo`lmayotgandim. To`satdan qornimda boshlagan og`riq, ko`ngil aynishi tufayli yana shifoxonaga olib yugurdingiz. 

— Ko`richak! Operasiya qilmasak bo`lmaydi! — dedi shifokor.

Men esa xo`rligim kelib yig`lashga tushdim:

— Tegmang menga! Tinchgina o`lishga qo`ying! Bunaqa azoblardan ko`ra o`lganim yaxshi! Shu kammidi, menga?

Siz meni ohista bag`ringizga bosdingiz, yoshli ko`zlarimni artarkansiz, jilmayib so`zladingiz:

— Osongina o`lib ketmoqchimisan? Men nima qilaman, keyin? Bolalarimiz-chi? Biz uchun sabrli bo`l! Sen kuchlisan! Avvalgi dardlaring oldida ko`richak nima bo`pti? Nahot, shu kichik operasiya uchun yig`layapsan?

Tilsiz qoldim. Yoningizda, matonatingiz qarshisida ojiz qoldim. 

“Rostdan ham ko`richak nima bo`pti? Bu dardlar nima degan gap?” O`shanda shunday o`ylagandim. Chunki hali oldinda qancha sinovlar borligini bilmasdim-da! Hali bu harakatsiz yotishlar o`pkamga ham ziyon etkazishini, yana jarrohlik stoliga yotishimni tush ko`ribmanmi? Ammo siz bularning hammasini xotirjam qarshi olardingiz. 

Men esa butkul tushkunlikka tushgandim. Kenjatoyimiz ham ulg`ayib, maktabga bora boshladi. Hamon to`shakdaman. Siz ham, onangiz ham atrofimda parvona. Holimdan ezilib ketardim. Bunday yashagandan ko`ra, o`lgan afzal emasmi? Miyamda shu fikr aylangani sari siz bilan xayolan xayrlasha boshlardim. Hatto har kuni sizga maktub yozardim:

“Azizim... Sizdan shunchalar minnatdormanki, uning cheku chegarasi yo`q. Afsuski, buni sizga aytishdan ham ojizman. Shu qadar sizdan qarzdormanki, ikki dunyoda ham uza olmasam kerak. Dadasi... Aytmoqchi bo`lganim, endi... uylaning...”

Xatim shu erga etganda yum-yum yig`lar va beixtiyor yirtardim. Har kuni shu hol takrorlanardi. Necha oy yoki necha yil sizga shu tarzda maktublar bitdim, buni yolg`iz Alloh va bolalaringiz bilar... Sanog`ini o`zim ham bilmayman...

— Toshkentda bir zo`r do`xtir bor ekan. O`shaning manzilini oldim. Shunga olib boraman, seni. Ko`rmagandek bo`lib ketasan, — dedingiz bir kuni teringizga sig`may.

Qarshiligimga qaramay, yo`lga tushdik. Shifokor meni obdon tekshirdi, shikoyatlarimni tingladi. Nihoyat qaror berdi:

— Operasiya!

Yuragim ortga tortib, sizga qaradim. Siz esa jilmaygancha dedingiz:

— Qo`rqma, oxirgisi!

Rostdan ham bu jarrohlik oxirgisi bo`ldi. Bir ikki-uch oylik muolajalardan so`ng shifokor mamnuniyat bilan dedi:

— Endi yura olasiz. Qani, sek-i-in turing-chi?

— Unaqa hazil qilmang, do`xtir, — dedim ko`nglim og`rib.

— Yulduz, endi yura olasan. Bitta tur-chi? — hayajoningizni bosa olmasdingiz.

Men esa mutlaqo ishonmasdim. Shuncha yildan so`ng oyoqqa turish men uchun ertakdek edi. Ularning qistovi bilan zo`rg`a o`rnimdan turdim. Ishonmadim. O`z oyoqlarimda tik turganimga ishongim kelmasdi. Ko`zlarimga quyilayotgan yoshlar, qarshimdagilarni ko`rsatmay qo`ydi. Qadam tashlagani o`zimda jur`at topa olmadim. 
Yodimda, qo`ltiqtayoqda uyga kirib kelganimda katta o`g`limiz ancha bo`yi cho`zilib, ulg`ayganiga qaramay kenja singlisini ko`tarib olib chiqib, baqirgandi:
— Qara, oyim yurib kelyapti! O`z oyog`i bilan yurib kelyapti...

Siz, mehribon onangiz va bolajonlarim bu kunni qanchalar kutganingizni, mendan-da ko`proq kutganingizni o`sha onda angladim. Hali butkul sog`aymagan, qo`ltiqtayoqda uch-to`rt yil yurishimni, sizga hali-veri nafim tegmasligini bilsamda xursand edim. Shodligim cheksiz edi...

Yillab davom etgan bu sinovni shukrki, biz engdik. Ayrimlar hatto meni o`lib ketgan deb yurarkan. Shu boisdanmi, o`sha kenjatoyimizni uzatganimizda, kuyovimiz “Sizning onangiz o`gay-a?” deb so`ragan ekan. Buni eshitib rosa kuldik. Ilohim, endi doim kulgilarimiz yangrab tursin!

O`shanda sizdan so`ragandim:

— Men nogiron holimda o`lib ketshimga ishonib turganimda, siz doim kuch berardingiz. Nega tushkunlikka tushmagandingiz?

Siz esa javob berdingiz:

— Men ishonardim, Xudoning besh bolamni zor qaqshatib, seni olib qo`ymasligiga ishonardim!

Men esa sizdek inson dunyoda bittaligiga ishonaman! Siz men uchun yagona va  tengsizsiz, jufti halolim!

Nargiza USANBOEVA yozib oldi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

21.06.2017, 16:08