Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Ulug`bek Qodirov va “Majnun” filmi rejissyori o`rtasidagi mojarolar qanday yakun topdi?

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар:
Добавлено: 01.03.2016, 15:59

“Majnun” filmi bilan bog`liq mojarolar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylanib, muhokamalar tobora jiddiy tus ola boshladi. Bunga aktyor Ulug`bek QODIROVning “Instagram” tarmog`idagi shaxsiy sahifasiga birgina “Majnun” bu – so`nggi rolim bo`lishi mumkin edi...” degan birgina kinoyali izoxi sabab bo`ldi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida aktyor Ulug`bek Qodirov hamda rejissyor Jahongir Ahmedovni ogohlantirmay, ikkovini bir vaqtga suhbatga chaqirdik. Kelishilgan vaqtga etib kelgan ikki ijodkor bir-birini ko`rgach, avvaliga suhbatdan bosh tortishdi. O`zaro yuzaga kelgan norozilik tobora avj olib, muxlislarning bor e`tibori yangi filmning mazmun-mohiyatini anglash emas, balki ijodkorlarning mojarosiga qaratilayotganini tushuntirganimizdan so`nggina g`azablarini biroz jilovlab olishdi... 

 

— Avvalo ikkingizni ogohlantirmay, bir vaqtga chaqirganim uchun uzr so`rayman. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shu yo`lni tutishga majbur bo`ldim. Aslida kelishmovchilikka nima sabab bo`ldi?

Ulug`bek Qodirov: — (Jahl bilan) Bu savolga rejissyor javob bersin. Nega qo`ng`iroqlarimga javob bermaydi?

Jahongir Ahmedov: — Agar menga Ulug`bekdan qo`ng`iroq bo`lganida albatta javob bergan bo`lardim.

— Kim kimga qo`ng`iroq qildi, nega javob bermadi, kabi savollar bilan maydalashish kelishmovchilikni avj oldirsa oldiradiki, sira chek qo`ymaydi. Ulug`bek aka, film suratga olinishidan avval ssenariyni boshidan oxirigacha o`qiganmidingiz?]

U.Q.: — Albatta! Ssenariyni o`qib, menga taklif qilingan rol manzur kelgani bois suratga tushishga rozilik bildirganman. Lekin rejissyorga bergan birinchi savolim shunday bo`lgan: “Bo`rilar bilan bog`liq sahna qanday suratga olinadi?” 

J.A.: — O`shanda sizga aytgan javobimni o`z og`zim bilan aytishim mumkin. “Yirik planda o`zingizni tasvirga olamiz, bo`rilar o`rnida esa ularga o`xshash itlar bo`ladi va kaskadyordan foydalanamiz”, deganman. Buni yashirmayman, o`sha javobni aytganimdan tonmayman ham. 

U.Q.:  — Lekin shu gap gapligicha qoldi. Suratga olish maydonchasida na kaskadyorni va na itlarni ko`rdim. Atrofni sinchkovlik bilan ko`zdan kechirib, ochig`i hayratimni yashira olmadim. Nima bo`layotganini so`rab, “Rolingizni o`zingiz ijro etasiz!” degan javobni oldim. Bu odam o`zini jarlikka tashlashdan boshqa narsa emas, axir. Nega avvaldan kelishilgan gapning amaldagi isbotini ko`rmayotganimga izoh talab qilganimda, “Itlarni olsam, film ishonarsiz chiqar ekan. Keyin sizni gavdangizdagidek kaskadyor topolmadim”, deydi. “Izlagan topar imkon, izlamagan bahona”, deganlari shu bo`lsa kerak-da... Oramizdagi dastlabki baxsga shu sabab bo`ldi. Besh soatlik tortishuv, asab buzarlik hozir aytishga oson. Oltita bo`rini orasida qo`rquvni chetga surib qo`yib, rol ijro etishni tasavvur qilyapsizmi?  

— Avvaliga bo`rilar bilan olinadigan sahnada ishtirok etishdan bosh tortibsiz. Oxirigacha kaskadyor talab qilsangiz bo`lardi-ku!

U.Q.:  — Suratga olish maydonchasini tashlab ketishga g`ururim yo`l qo`ymadi. “Ulug`bek aktyor bo`la turib, shu sahnani o`ynolmay qochib ketdi” yoki “aktyorlarimiz shunday xatarli sahnalarni o`ynolmaydi”, degan gap-so`zlarga qolishni istamadim. Rosti jahl ustida qanday shaxd bilan liboslarimni kiyib, “motor!” deganimni bilmay qoldim. 

J.A.: — Ochig`i, ijodiy guruh ham, men ham suratga olish bekor qilinadi, degan o`yda edik. Oxiri “texnikalarni yig`inglar”, deganimni bilaman, kutilmaganda Ulug`bek “motor”, deb qoldi. Shashtini qaytargim kelmay ishni davom ettiraverdim.

U.Q.: : — Bilasizmi, menga nima alam qildi. Aynan shu sahnani rejissyor “Ertaga suratga  olamiz, indinga ko`chdi”, qilib cho`zib yurib-yurib, suratga olishning eng so`nggi kuniga taqagani. 

— Ulug`bek aka, rejissyorning o`zi qarshingizda o`tiribdi. Nega menga qarab gapirasiz?

U.Q.:  — Qarashim shart emas, ovozim eshitilyapti. 

J.A.: — Tushunmadim, men nega o`tiribman?! (Rejissyor shaxd bilan o`rnidan turib ketishga chog`landi. Maqsadimiz ularni murosaga keltirish bo`lgani bois bunga yo`l qo`ymadik. Ikkisi ham asabini jilovlab olgach, suhbatni davom ettirdik)

U.Q.:   — Boya gapim chala qolgandi. Latifa aytib bermoqchi edim (kuladi). Bir rejissyor aktyorga “mana shu baland ko`prikdan pastga sakraysan”, debdi. Aktyor “Ie, o`laman-u” desa, rejissyor “oxirgi kadr-ku!” dermish.  
— Ulug`bek aka, yaxshigina vazn tashlabsiz...
U.Q.:   — (Norozi ohangda) Ha-a, ijodiy jamoa maza qilib ovqatlanayotganida, men bir burchakda salat tanovul qilish bilan kifoyalanardim. 
J.A.: — Bir sirni ochay, Ulug`bek studiyaga kirib kelgach, o`zimga o`zim “tamom bo`ldim”, degandim. 126 kilogram vaznli aktyor filmimning bosh qahramoniga to`g`ri kelmasdi-da. Endi shu rolga mos aktyorni qaerdan topaman, degan savol o`ylantira boshlagandi. Ulug`bekni professionalizmingizga qoyil qoldim, bir oyda yaxshigina vazn tashladingiz.  
— Hamma hayvonni qo`lga o`rgatsa bo`ladi, lekin bo`rilarni emas. Ularni qaerdan topdingiz?

J.A.: — Ochig`i, o`nlab bo`riga o`xshash itlar ko`rsatishdi. Rejissyor sifatida ularning birortasini bo`ri, deya qabul qilolmadim. Chunki itlarning ko`zida bo`rinikidek vahshiylikni ko`rmadim. Bo`rini aynan kimdan topganimni aytolmayman, chunki o`sha odamni hadeb bezovta qilishlarini istamayman.

U.Q.:  — Agar o`sha haqiqiy oltita bo`ri bo`lmaganida hozir shu erda tortishib o`tirmagan bo`lardik. Baxtim shunda bo`ldi-ki, bo`rilar odamga biroz bo`lsa-da o`rgangan ekan. Lekin vahshiy baribir vahshiyligini qiladi. 5 metr oraliq masofa bilan rol ijro etdim. Bo`rilar bilan har xil rakursda suratga olindi. Taxta va arqonlar bilan bo`rini ushlab turishdi. Eng xavfli sahna bu – bo`rini o`tovni atrofida aylangani edi. Faqat o`zimni emas, barcha ijodiy jamoaning xavfsizligi haqida qayg`urganimdan nizo kelib chiqdi. Rosti, bo`rilar irrillaganda yuragim boshqacha ura boshlagandi, buni so`z bilan ta`riflab berolmayman. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan film “treller”larini ko`rganimda shu xotiralarim gavdalanib, g`azabim qo`zg`adi-da. Yana o`sha muhitga qaytgandek bo`ldim. Sudga berib yo janjal qilgim kelmay, intsagram orqali rejissyorga bo`lgan munosabatimni “Rahmat...” deya kinoya bilan bildirgandim.  

— Jahongir aka, xavfsizlikni ta`minlash bu sizning vazifangiz edi!

J.A.: — O`ynashing shart, deb ikki oyog`imni bir etikka tiqib olganim yo`q, axir. To`g`ri xavfsizlikni ta`minlashim kerak edi. Ulug`bekni vajohat bilan bo`rilar orasiga kirib, rol o`ynayotganini ko`rib, shu sahnani suratga olishga ishtiyoqim yuqorilik qildi, chog`i. 

U.Q.:  — Suratga olish tugagach, birga montaj qilib, bo`ridan hadiksirab turganim bilinmaydigan sahnalarni tanlashga kelishganmidik? Ish tugagach, dom-daraksiz ketdingiz? Kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlar orqali filmning “treller”lari tarqaldi. Jonimni xavf-xatarga qo`yib rol o`ynasam-u, evaziga shu javobni olsam. Har qanday odamga alam qiladi.  

— Ulug`bek aka, film uchun asabdan tashqari aktyor sifatida qanday “qurbonlik”lar qildingiz? 

U.Q.:  — Bir oy davomida ot minishni o`rgandim. Suratga olishga chiqqanimizda ham Matyoqub Matchonov, Muhammadiso Abdulxairov va menga alohida-alohida ot berildi. Uch kun ularni o`zimizga o`rgatdik. Agar ot bilan bog`liq sahna uchun kaskadyor berishganida rad etardim. Ular bilan bog`liq xafli sahnalarni o`zim ijro etdim. Lekin Muhammadiso Abdulxairovning otiga minaman, deganimda ot yotsirab tepgandi, belimdan zarba edim. Ziyraklik qilmaganimda jiddiy lat eyishim hech gap emasdi. Muxlislarga ham hayronman, belimni ushlab jon azobida o`tirsam, “rasmga tushaylik”, deydi-da. Yo`qsa, ot tepganini ko`rishdi, “bukchaygancha o`tiravering, rasmga tushsak bo`ldi”, deyishsa bo`ladimi...   

— Ulug`bek Qodirov, deganda muxlislar ko`z oldida romantik qahramon paydo bo`lardi. Biroq bu film “treller”i sizni aktyor sifatida yanada shakllanib, ulg`ayganingiz, jiddiylashganingiz, “tosh”i og`ir rollar o`ynashda davom etayotganingizdan darak beryapti...

U.Q.:  — Gapingizda jon bor. Bilasizmi, “treller”lar menga yoqdi, lekin yaxlit filmni ko`rgim kelyapti. Ssenariy boshqa, film ekranga chiqqach boshqa manzara kasb etadi. Taqdimotdan so`ng rolimga munosabat bildirishim mumkin. Avvalo tomoshabin fikri qiziq.      
— Balki mojaroningizga mablag` ham sabab bo`lgandir?

U.Q.:  — Aslo! 

— Aksariyat rejissyor va aktyorlar ishga jiddiy munosabatda bo`lmasligingizdan nolishadi...

U.Q.:  — Aktyor suratga olish maydonchasida haqiqatda ish bo`layotganini his qilsa, sovuqqonlik bilan yondoshmaydi. “Baliq boshidan sasiydi”, deb bejiz aytishmagan. Rejissyorni to`qqiz soatlab kutgan istalgan aktyorning ertasi kuni qaytib, o`sha suratga olish maydonchasiga borishi dargumon. Men haqimda salbiy fikr bildirganlarni o`zi mas`uliyatsiz bo`lsa kerak.

J.A.: — Yana bir sirni ochishga to`g`ri kelyapti. Bosh qahramonga Ulug`bek Qodirov tanlovida to`xtaganimni bilgan ba`zi ijodkorlar “Bekor qilyapsiz, Ulug`bekni suratga olish maydonchasida soatlab kutib o`tirasiz, dublyajga kelmaydi”, deya salbiy fikr bildirishgandi. Birovning fikri bilan ish qiladigan bo`lmaganim uchun Ulug`bek bilan hamkorlik qilishni lozim topdim. Bir-birimizni sira kutganimiz yo`q. Butun ijodiy jamoa yaxshi ko`rib qolgan asarnigina suratga olish kerak ekan, shunda aktyorlarga qo`ng`iroq qilib “kelayapsanmi?” degan savollar bo`lmas ekan.

— Yana shu kabi xavfli sahnalarda rol o`ynash taklif qilinsa...

U.Q.:  — O`zbek kinosining har taraflama rivojlanishi, tomoshabinga sifatli film etkazish tarafdoriman. Ikkinlanmay xavfli sahnalarda ishtirok etishim mumkin. Faqat bu masalaga jiddiy yondashib, xavfsizlikni ta`minlashsa bas. 

J.A.: — Ulug`bek, siz aytgandek bo`rilar bilan suratga olishni atay oxirgi kunga qoldirganim yo`q. Kaskadyorlar orasida haqiqatda sizga o`xshaydiganini topib berisholmadi. Lekin oxirgi damlarga qadar “topilib qolar”, degan umidda kutgandim. Shu vaj bilan aynan shu sahnani suratga olish ortga cho`zildi. 

— Jahongir aka, saytlardan biriga aktyorlar haqida “Axir qachongacha tomoshabin kinoga faqat aktyorlarning qosh-u ko`zini ko`rish yoki chiroyli ovozini eshitish uchun boradi...” degan ochiq munosabat bildiribsiz? (Ulug`bek Qodirov qoshini chimirib, rejissyorga norozi nigoh tashladi) 

J.A.:  — Ssenariyni muhokama qilganimizda, Ulug`bekni o`zi “ijodimda tomoshabin o`rgangan bosh qahramonlar roli talay. “Tosh” bosadigan rol ijro etgim kelyapti”, degandi. Haqiqatda rejissyorlar tomonidan aktyorlarning boshqa qirradagi mahorati ochiladigan shart-sharoit yaratib berishimiz kerak. Bugungi kunda o`zbek kinosida zabardast aktyorlar ansambli shakllangan. Kamchiligimiz aktyorlarga uzoq vaqt tayyorgarlik ko`rishga majbur qiladigan haqiqiy vazifa topib berolmayapmiz. Fursatdan foydalanib, butun ijodiy jamoaga rahmat aytmoqchiman. Tog` sharoiti bo`lishiga qaramay, hamma bir-biriga yordam berib ishladi. Birorta aktyor kelmay qolishi yo “ketaman”, deb harxasha qilganiga guvoh bo`lmadim. Xulosam shunday bo`ldiki, aktyorlar ssenariyni ichiga kirib, berilib ishlasa hamjihatlik bo`lar ekan.    

U.Q.:  — Ochig`i, Jahongir bilan ishlashga rozilik berganimning sababi, meni film muhitiga olib kira oldi. Hatto libos tanlashda biz aktyorlarning o`zimiz faol bo`ldik, bu zavqli jarayon. Qolaversa, muhokama vaqtida liboslar borasida og`iz ko`pirtirib, amalda bajarishga kelganda oqsash bu – bor ssenariyni ham yo`qqa chiqaradi. Shukr, bu filmda unday bo`lmadi.  

— Ikkingizni bir-biringiz bilan ilk hamkorligingiz mojarodan boshlanibdi-da

J.A.: — Tortishuvdan boshlangan do`stlik munosabati bardavom bo`ladi (kuladi). 

U.Q.:  — (Istehzoli kulib) Ishni tortishuvdan boshlaymiz, deb sira o`ylamagandim-da.

— Saytlardan birining savoliga “Premeraga bormayman”, degan javob qaytaribsiz...

U.Q.:   — Rejissyor “montajga chaqiraman”, deb dom-daraksiz ketdi. Premera ham mensiz o`tsa kerak, deb o`yladim-da.  

J.A.: — Ulug`bek, premera sizsiz o`tmaydi. Filmga yaxshigina mehnatingiz singgan. Nasib bo`lsa, keyingi uchrashuvimiz premerada bo`ladi. 

“Ikkita do`stning munosabati qanday yakun topishi uchinchi kishining ishtirokiga bog`liq”, degan gap topib aytilgan. Kimningdir orasiga tushishdan avval etti o`lchab bir kesing. Zero, bu hisobingiz kimningdir zarariga xizmat qilmasin!   

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Jamiyat

Mutolaa

24.11.2017, 17:26

SUG'DIYONA