Zotiljamsiz xotirjam yashang

Бўлимлар: Salomatlik
Теглар:
Добавлено: 02.03.2016, 14:14

Mazkur kasallikning o`z vaqtida aniqlanishi va to`g`ri davolanishi g`oyat muhim. Zero zotiljam (pnevmoniya)ning o`zidan ham asoratlari jiddiy hisoblanadi. Xo`sh, biz bu haqda nimalarni bilishimiz zarur? Umuman, pnevmoniyani gripp yoki anginadan qanday farqlanadi? 

Mavzu yuzasidan tibbiyot fanlari nomzodi Shavkat SOBIROV  ma`lumot beradi. 

Zotiljam yuqumlimi?

Pnevmoniya o`pka yallig`lanishi kasalligi bo`lib, odamdan odamga yuqmaydi. Xastalik bakteriya (pnevmokokk, streptokokk, stafilokokklar) va viruslar sabab yuzaga keladi. Eng muhim omil esa organizm immun tizimining susayishidir. 

Grippga qanday bog`liqligi bor?
Har bir inson organizmida shartli potogen mikroblar bo`ladi. Gripp yuzaga kelganida tabiiyki immunitet sustlashadi. Agar davolangach ham immunitet tiklanmasa, ushbu mikroblar qo`zg`alishi va pnevmoniyaga sabab bo`lishi mumkin. Shu bilan birga, ORVI, elvizakda qolish, surunkali o`pka kasalliklari asoratlari ham zotiljamga olib kelish ehtimoli yo`q emas. 

Shamollashdan farqi qanday?
Boshlang`ich belgilari gripp va shamollashga o`xshash bo`ladi. Ya`ni et uvishishi, holsizlik, bosh va mushaklardagi og`riq, burun bitishi va yo`tal singari. E`tibor bergan bo`lsangiz, gripp holatida yuqori nafas yo`llari, burun bitishi, tomoqda og`riq, quruq yo`tal kuzatiladi. Agar pnevmoniya boshlangan bo`lsa, yo`tal o`pkadan chiqadi. Balg`am ajralishi kuchayadi. O`pkada xirillash eshitiladi. 

Yosh tanlaydimi? 
Ba`zi manbalarda pnevmoniya bolalar va keksalarda ko`proq uchraydi, deyiladi. Mutaxassislar bu kabi fikrlarni inkor etib, xastalik yosh tanlamasligi, biroq kichkintoylar va qariyalarda tez rivojlanishi bilan xavfliligini ta`kidlashadi. Bir yoshgacha bo`lgan bolalarda aniqlangan pnevmoniya darhol muolajaga yo`naltirilishi keyingi asoratlardan himoyalanish uchun ham muhimdir. Qariyalarda esa pnevmoniya yurak faoliyatiga salbiy ta`sir etishi mumkin. Shu bois asosiy muolaja vaqtida ushbu a`zoga ham e`tibor qilinadi. 

Shifoxonada davolanish majburiymi?
Zotiljamning engil, og`ir ko`rinishlari bor. Shifokor bemorning umumiy holatini o`rganib chiqib, o`pkaning rentgent tekshiruvi hamda boshqa zarur tahlillarni o`tkazadi. Xastalik aniqlangan turiga ko`ra muolaja qilinadi. Pnevmoniyaning engil ko`rinishlarini ambulator sharoitda davolash mumkin. Ammo asoratlarining oldini olish maqsadida imkon qadar shifoxonada davolanish tavsiya etiladi. 

Qishin-yozin bir xilmi?
Mazkur xastalik asosan kuz-qish mavsumida faollashadi. Sababi esa o`zingizga ma`lum. Havo haroratining pasayishi, shamollash va virusli kasalliklarning ortishi kabilar. Lekin yoz chillasida ham zotiljam bo`lish ehtimoli yo`q emas. Bu paytda terlab, sovuq dush qabul qilish, yaxna ichimliklar ichish, issiqdan sovuqqa chiqish kabi holatlar ko`p kuzatiladi. Bir haroratdan ikkinchisiga moslashishga ulgurmagan organizmda shamollash, tumov, tomoq og`riqlari kelib chiqadi. Bu esa pnevmoniyaga aylanishi mumkin. 

Takroran xastalanish mumkinmi?
Agar to`liq davolanilmagan bo`lsa, bo`lishi mumkin. Achinarlisi, ko`pchilik tana haroratining tushishi yoki yo`tal kamayishi bilan sog`aydim deydiyu muolajani oxiriga etkazmaydi. Oqibatda esa surunkali nospesifik nafas yo`llari kasalliklari shakllanadi. 

Pnevmoniya profilaktikasi juda oddiy:
shamollamaslik, oyoqdan zax o`tmasligi, yaxna ichimliklar ichmaslik, sovuqotish kabi holatlarga yo`l qo`yilmasa bo`lgani. Muhimi, immunitetingizning ehtiyotini qiling. Shunda xastalanmaysiz!

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии