Suxandon Muslimbek Yo`ldoshev marhum hamkasbi Rahmatilla Mirzaevni xotirladi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 02.03.2016, 15:23

O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi diktori Rahmatilla Mirzaevning vafotiga roppa-rosa bir yil bo`ldi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, suxandon Muslimbek Yo`ldoshev hamkasbini xotirladi.

Umr o`tib borar misoli ertak... Kunlardan oylar sanab, oylardan yillar dastalab, mana, necha-necha yillarni ortda qoldiribman. Yil o`tgan sari nimalaringdir ko`payib, namalaringdir kamayib boraveradi. Topasan, yo`qotasan. Erishasan, boy berasan. Yutasan, yutqazasan. Bu hayot qonuniyati. Bir qarashda ortib ketganday ko`rinsada, aslida bu aldamchi ko`rinish. Chunki hamma narsasi bisyor bo`lib ketgan odamning shunchalik ulkan yo`qotishlari ham bo`ladi. Men ham televidenieda uzoq yillar ishlab, qancha narsaga erishgan bo`lsam, undan ko`p narsa yo`qotgandurman. Sanab, hisoblab ko`rmagandirmanu, lekin tarozuning pallasi to`g`ri kelsa kerak. Mana shunday yo`qotganlarimning biri hakida bugun xotirlamoqchi bo`ldim.

Salkam qirq yil televidenie diktori bo`lib ishlagan Rahmatilla Mirzaev kim edi? Rahmatilla Mirzaev Toshkentning "Qashqar" mahallasida tug`ilgan. O`rta maktabdan so`ng o`sha davrda "Toshkent teatr va rassomlik instituti" deb ataluvchi, bugungi kunda esa Toshkent madaniyat va san`at institutining aktyorlik bo`limiga kirib o`qigan. Institutning badiiy hayotida ham faol ishtirok etgan. Mening bilishimcha, u sobiq ittifoq miqyosida o`tkaziladigan badiiy so`z ustalari tanlovida ham ishtirok etgan. Bu tanlovda men ham ishtirok etganman va shuni aytishim mumkinki, yigirma kishilik guruhimizdan faqat ikki kishigina shu ishga qo`l urganmiz. Rahmatilla aka va men. Demak, bu ish hammaning ham qo`lidan kelavermas ekan. Ha, shunday. Rahmatilla Mirzaev ham tinib-tinchimas, yangiliklarga o`ch bo`lgan.

1976 yili u televidenieda o`tkazilgan diktorlar tanlovida ishtirok etib, yuzlab nomzodlar ichida g`oliblar qatorida ishga qabul qilingan. O`sha davrlar mening yodimda bor. Mamlakat televideniesi yuksalishga qarab ketayotgan, oddiy, stereotip ko`rsatuvlar umri barham topib, yangi-yangi dasturlar dunyo yuzini ko`ra boshlagan yillar edi. Bu ko`rsatuvlarga boshlovchilik qiladigan diktorlar — suxandonlar esa, nihoyatda kamchilik edilar. Nisbatan yoshi katta uch-to`rt diktor safiga yoshgina Rahmatilla Mirzaev kirib kelishi bilan rejissyorlar tomonidan takliflar ko`payib ketgani aniq. O`zim ham u bilan oldinma-keyin televideniega kelgan xodim sifatida bularni yaxshi eslayman. To`g`ri, u kelib, boshqa katta diktorlar ishdan surilib qolgani yo`q. Har kimning o`z rizqi, nasibasi, hayotda o`zigagina tegishli o`rni bo`lganidek, ular ham ilgaridek ishlab yuraverishdi. Lekin Rahmatilla Mirzaev juda tez elga tanila boshladi. Ikkita kanali bor bo`lgan televidenie tomoshabinlari har qancha yangi diktor bo`lsa ham "yutib" yuboraveradigan zamonlar edi.

Avvalgi suxandonlarimiz — ustoz O`ktam Jobirov, Davron Zunnunovlar radiodan taklif qilingan, yana qolganlari boshqa sohalarda ishlab kelgan bo`lganlari uchun ham, institutda sahna nutqini puxta o`zlashtirgan, boshqa qoliplarga tushib ko`rmagan Mirzohid Rahimov, Farhod Bobojonov singari Rahmatilla Mirzaev ham chinakam teleboshlovchi sifatida shakllana boshladi. Ayniqsa, uning ikki tilda erkin ishlay olishi o`sha davrning asosiy talablaridan ediki, u suxandonga keng imkoniyatlar eshigini ochardi.

Uning muchali "ot" yili edi. O`zi ham otyurak edi, desam, ishonavering. Bu xislat, ayniqsa, yuzlab, minglab real va millionlab telekamera ortidagi virtual — ehtimoliy tomoshabinlar oldiga chiqib borganda namoyon bo`ladi. U hech qachon hayajonlanmasdi, yuragi hapriqmasdi. Eh-he, qanchadan-qancha ko`rsatuvlarda elkama-elka ishlaganmiz. Yonma-yon turganingizda har qanday odamdagi o`zgarishni sezib turasiz. Lekin men uning hecham hayajonga tushganini ko`rmaganman. Rahmatilla Mirzaevdagi bu xislat yaxshimidi-yomonmidi, to`g`rimidi yoki noto`g`rimidi, bilmadim. Bir qarashda, hayajon kerakday. U ovozingga, talaffuzing ranginligiga, aytayotgan so`zlaring jilosiga ijobiy ta`sir ko`rsatadiganday. Lekin aslida hayajon, agar u me`yoridan ortiq bo`lsa, ishga halal beradi. So`zlaringni esdan chiqara boshlaysan, qo`llaringni, o`zingni qo`yarga joy izlay boshlaysan. Bayram ko`rsatuvlarida, sutkalab uzluksiz davom etadiga marafonlarda ishlagan paytlarimda, menga yoqqan jihatlaridan biri shu edi.

Rahmatilla Mirzaevning ovozi tembri favqulodda yoqimli edi. "Axborot"da ham, qator boshqa ko`rsatuvlarda ham eshituvchilarga ma`qul bo`ladigan, "mikrofonbop" edi. Men suxandonlar guruhida turli yillarda ishlagan biron-bir ovozi unchalik "o`xshamagan" diktorni bilmayman. Hammasining ham ovozi ko`ngildagiday edi. Lekin Rahmatilla Mirzaevning ovozi boshqacha edi. U ovoz bergan hujjatli kino-video filmlar juda ko`rimli bo`lardi. Nazarimda uning o`zi ham, tele-radio rejissyorlar ham bu imkoniyatdan to`la foydalanishmadi. Garchi, yuzlab filmlarda uning ovozi muhrlangan bo`lsa-da, bu, mening nazarimda, juda kam. Axir, birgina radioning o`zida qancha ijod namunalarini "oltin fond"ga yozdirib tashlash mumkin edi!

U juda kirishimli edi. Latifago`y, qiziq-qiziq voqealarga o`ch, kulguni, hazilni yaxshi ko`rardi. Hozirjavob edi. Bu nimadan dalolat beradi? O`qimishli, dunyoqarashli, fikrlay oladigan ekanligidan. Shunaqa, bilim qamrovi keng edi. Hammamiz ham kayfiyatimiz yaxshi bo`lsa, tilimiz ham biyron bo`ladi. U ham shunday edi. Xushchaqchaq paytlarida unga etadigan hamsuhbat yo`q edi. Hayqirib, yayrab kulardi. Bu nimaning belgisi? U ochiq odam edi. Birovlarga o`xshab zimdan, pismiqlarcha ish qilmasdi. Agar kimdandir norozi bo`lsa, o`sha odam haqida jo`yali biror gapi bo`lsa, o`ziga ochiq aytardi. Dangalchi edi, desa ham bo`ladi.

Men uni tanigan paytimda yonida bo`lgan do`stlari bilan so`nggi paytlargacha ham aloqalari yaxshi edi. Ular qaysi soha egasi bo`lishidan qat`i nazar, bordi-keldilari uzilmagan edi. Tabiiyki, bu ham yaxshi fazilatlardan bo`lib, bu odamning fe`l-atvori o`zgarmas, subutliligidan dalolat beradi.

Yillar davomida odam o`zi istasa-istamasa o`zgaradi. Atrofimizdagi yaqin kishilarimizning o`zlari ham bu yo`lda bizga "qarashib" yuborishadi. Kimlarnidir tushuna olmay qiynalamiz. Kimlardir bizni tushunmay qiynaladi. O`ylagan rejalaring amalga osha qolmaydi, ishlar ko`ngildagiday echim topmaydi. Bular yillar davomida tomchi-tomchi bo`lib yig`ilib borib, sabr kosalarimizga baraka olib kiradi. Tez, jizzaki, qiziqqon va o`jar bo`lib boramiz. Bir yarimta gapga xaridor odamga aylanamiz. Ammo ming afsuslar bo`lsinki, odamlar unaqamas. Bir yarimta gap gapirishni bilishmaydi. Bilganlari istashmaydi. Seni bukib, g`ijimlab, o`zlariga o`xshatib olishga harakat qilishadi. Bilasizmi, nega "ichib" o`tirganlar boshqalarni ham ichishga zo`rlayverishadi? "Ichmasangiz xafa bo`laman", "Meni hurmat qilmaysizmi?", "Onalarimiz uchun ham ichmaysizmi?" singari elim gaplari bilan sizga "o`sha"ni ichirsa, siz ham uning hamtovog`iga aylanasiz, u qilgan qiliqlarni qaytarasiz va oxir-oqibat uning illatlari ko`rinmay qoladi. U shuni xohlaydi. Ja, sizga mehribonligidanmas. Bu achchiq haqiqat umr bo`yi biz bilan hamrox yuradi. Qaysi davraga kirmang, eng birinchi mana shunga ro`baro` kelasiz.

Demoqchimanki, televidenie ham, oila ham, boringki, bizlar ko`p ishtirok etadigan katta-katta davralar ham shundaylarga to`lib yotibdi. Bir kuni, mana shunday qiziqqonligi o`ziga pand berib qoldi. Kimlarningdir aybi uchun, birovlar o`z zimmasidagi ishini vaqtida bajarib qo`ymagani uchun, Rahmatilla Mirzaev javob berishiga to`g`ri keldi. Efirdagi kichikkina — birov bilib, birov bilmay qolgan harakati uchun uch yil yaxshi ko`rgan ishidan chetlatib qo`yildi. Aslida birlamchi xato uchun u javobgar emas edi. Biroq efir buni tushunmadi.

Men uni qanchalik bilsam, oilaparvar, deb bilardim. Chunki topgani oilasiga, qizi va o`g`liga atalgan edi. Eng avval, zamonaviy, yangi kvartiraga ko`chib o`tishdi. Keyin uni katta ta`mirdan chiqardi. Mashinalik bo`lishdi. Va nihoyat, dang`illatib uy ham qurishdi. Xalqda "Men qilaman o`ttiz —tangrim qilar to`s-to`s", degan maqol bor. Bizning emas, yaratganning xohishi bo`larkan. O`ttiz emas, ming urining, U yo`lingizni to`sib qo`ysa, hech narsa qilolmaysiz. Nimadir o`xshamagan, qaysidir mo`ljal to`g`ri olinmagan ekan shekilli, keyingi hayotlarida bir qancha o`zgarishlar yuz berdi. Biz, oddiy odamlar, kezi kelganda nafaqat hamkasblarimizning, balki tug`ishgan jigarlarimizning ham oilasidan nimalar o`tayotganini bilolmaymiz. Eshitganimizda esa, kech bo`lgan bo`ladi. Har qalay, Rahmatilla Mirzaev na menga va na diktorlar xonasidagi boshqa birovga oilasidan shikoyat qilganini eshitmaganman, guvoh bo`lmaganman.

So`nggi yillarda madaniyat kollejida yoshlarga mahoratdan dars berib, pedagoglik ham qilardi. Odam qanday tug`ilsa, o`sha — dunyoga kelishidagi fazilatlari baribir saqlanib qoladi. Bu xuddi kompyuter dasturlashiga o`xshab ketadi. Avvalboshda bizlarga "o`rnatilgan" fe`l-atvor, fazilat, qobiliyat o`zgarmay qolaveradi. Rahmatilla Mirzaev ham televideniedagi ish, ham filmlarga ovoz berish, ham turli tadbir va xizmatlardagi ishtiroki ustiga yana o`qituvchilik qilishga imkon topa olardi. Bu kasb og`irligidan ham cho`chimaydi. Chunki "o`qituvchi"likning o`zi bo`lmaydi. Uning ham o`ziga xos bir qancha mashaqqatli yuki bor. Yuqorida aytganlarim uning "tinib-tinchimas"ligining belgisi. Menimcha, u pulga muhtoj emas edi. Moliyaviy siqilganmasdi. Faqat bo`sh qolishni, bekorchilik og`ushida mudrab yotishni o`ziga ravo ko`rmaganidan shunday qilardi, deb o`ylayman va shu fikrim to`g`riligiga ishonaman.

Rahmatilla Mirzaev televidenieda ishsiz qolib ketadiganlardan emas edi. Uni o`zining ko`rsatuvi boshlovchisi bo`lishini istagan rejissyorlar ko`p edi. Ammo buni Rahmatilla Mirzaev ham istashi kerak edi-da. Ba`zan qaysidir muharrir yoki rejissyor taklif qilgan ko`rsatuvni rad etishga to`g`ri kelardi. Chunki ularning shunchalar sayoz, engil-elpi tayyorlanayotganligi yaqqol ko`rinib turadi. O`zini hurmat qilgan suxandon esa, har qanday taklifga "uchib" ketavermasligi kerak, deb o`ylayman. Menimcha, mana shu jihatlari tufayli ham u "Dildagi gaplar" deb nomlanuvchi turkum mualliflik ko`rsatuvini tayyorlay boshladi. Aslida bu ko`rsatuvni juda original, o`xshashi yo`q deb bo`lmasa ham, teleko`rsatuvlar ichida u o`z o`rni va muxlislarini topa oldi. Elning sevimli san`atkorlari, ko`zga ko`ringan shaxslari ishtirok etadigan bu ko`rsatuv ommabop bo`lib qoldi. Bu ham uning shaxsi haqida nimadir desa kerak? Ha, u "tayyorga ayyor", "bersang eyman, ursang o`laman"lar toifasidan emasligining isboti bu. Umuman, diktorlarning mualliflik ko`rsatuvi tayyorlashi ham yangilik emas edi. Nasiba Maqsudova, Farhod Bobojonovlar ham mana shunaqa faol edilar. Keyin men ham, Abdimo`min O`tbosarov ham mana shu mualliflik ko`rsatuvlari tayyorlash jarayonida izlanganmiz. O`z ko`rsatuvlarimizni topib olganmiz. Yoshi ulug`ligiga qaramasdan, keksa suxandonimiz Georgiy Irlin ham qalami charxlangan jurnalist sifatida, umrining oxirigacha mualliflik ko`rsatuvlari tayyorlab yurdi. Ammo Rahmatilla Mirzaev ham mana shu ijod zavqidan, yaratuvchilik mazasidan yiroq emasligida hamma gap.

Bugun ushbu badiada ilgari gapirgan gaplarim takror bo`lib qolishini xohlamasdim. Shuning uchun ham garchi o`sha atrofda bo`lsa ham, yangiroq faktlar keltirishga harakat qilayapman. Rahmatilla Mirzaev dardingizni shunchaki eshitib ketaveradiganlardan emasdi. Biron yordam so`rasangiz, narsasini ham, pulini ham ayamasdi, o`zi uchun olib qo`ygan tanishlarini ham sizdan qizg`onmasdi. "Falonchi odamga uchrashsang, o`sha aytgan narsangni topib beradi", "Yarmarkadagi pistonchi opangga mening nomimdan uchrasang, qidirganingni olib beradi", deb ne muammolarimni bitirishib yuborgan. Ming la`nat, fransuz atirigayam, yapon soyabonigayam! O`sha paytlarda bu matohlarni topish — xotin topishdan ham mushkul ish edi. Hozir bularni gazeta kioskasidan ham so`rashing mumkin. Odamlar umr bo`yi navbatda turib ololmagan avtomobilniku, bugun "xozmag"dayam sotishyapti. Ammo Rahmatilla Mirzaevning tanishlari menga o`sha anqoning urug`idan ham noyob bo`lgan "Chyornaya Magiya", "Klima", "Joze" atirlarini o`z narxiga olib berishardi. Har yili! "Chori" firmasining taxlama-buklama zontlarini olganda esa BAXT yo`llanmasini yutib olganday quvonardik. Bunday qaraganda, men molparast odamlarga o`xshab ketayotgandek ko`rinsam-da — o`sha paytlar boshida shunday savdolari bo`lgan odamlar bilishadi — bu chindan ham katta muammo edi! Ayollarning ko`nglini ko`ngildagiday olish shularga bog`liq edi.

Eh-e-e, eslayversang, xotirang qabatlaridan yangi-yangilari chiqib kelaveradi. Men bilgan, shu mavzuda suhbat qilgan necha odamlar Rahmatilla akaning yaxshi xislatlarini sanab, undan ko`rgan yaxshiliklarini e`tirof etib berishdi. Ba`zilari mening xotiralarimga o`xshash, birovlariniki mutlaqo boshqacha. Lekin hammasida ham Rahmatilla Mirzaevning odamiylik suratiga yorqin chizgilar bor. Endi, bir odam dunyoga kelib, ulg`ayib, yashab, do`stu bola-chaqa orttirib shunchalik yashar-da! Birovning bo`yniga osilib olmasa, o`zgalar hisobiga yashamasa, elsa, yugursa, elga xizmat qilsa, vatan bunyod qilsa... Shu-da, bitta umr.

Bugun rosa bir yil bo`libdiki, Rahmatilla Mirzaev oramizda yo`q. Ammo bu degani o`rni ham yo`q degani emas. Do`stlari, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlari qalbida uning o`chmas o`rni bor. O`shalar bor ekan, Rahmatilla Mirzaev ham safda bor.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Rahmatilla Mirzaev 2015 yil 2 mart kuni o`z uyida vahshiylarcha o`ldirib ketilgan edi.

Toshkent shahar sudi mazkur qotillik bo`yicha Qudrat Shoazizov va Umid Mirzaevni uzoq yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

28.06.2017, 15:27