Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

Ayol haydovchilarga: Mashinangizda farzandlaringizni olib yurish qoidalari bilan tanishmisiz?

Бўлимлар: Lady
Теглар:

Agar avtomobilingizda yosh bolalarni olib yurishningizga to`g`ri kelsa, unda bu maqola aynan siz uchun. Ushbu sahifamizda maxsus avtoo`rindiqlar va ularni tanlash va o`rnatish qoidalari bilan tanishamiz. 

Birinchidan12 yoshgacha bo`lgan bolalarni mashinada olib yurganda bolalarni xavf-xatardan himoya qiluvchi moslamalardan foydalanish kerak. Avtoo`rindiqlar ana shunday moslamalar sirasiga kiradi. Avtoo`rindiqlar  bola yoshi va tana vazniga nisbatan quyidagicha turlarga bo`linadi:

•  Tana vazni 13 kilogrammdan oshmagan bolalar uchun.  (1 yoshgacha bo`lgan bolalar)
•  Tana vazni 9-18 kg. bo`lgan bolalar uchun ( 1 yoshdan 4 yoshgacha bo`lgan bolalar)
•  Tana vazni 9-36 kg. bo`lgan bolalar uchun. (3 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan bolalar. 
•  Tana vazni 22-36 kg. bo`lgan bolalar uchun. (6 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan bolalar) 

Avtoo`rindiq tanlayotganda uning xalqaro standartlarga mos kelishini tekshiring. Mahsulot sifatini kafolatlovchi sertifikatni ko`zdan kechirish ham foydadan xoli emas. 

Ikkinchidan avtoo`rindiq tanlashda farzandingizni ham o`zingiz bilan birga olib borganingiz ma`qul. O`rindiq bola uchun har tomonlama qulay bo`lishi kerak. Ayrimlar bolaning o`sishini inobatga olgan holda kattaroq buyum sotib olishga odatlanishgan. Bu odatni avtoo`rindiq sotib olayotganda qo`llamaganingiz ma`qul. Moslama bola tana vazni va yoshiga ayni mos tushishi shart. 

Avtoo`rindiqni mashinaning qaeriga o`rnatgan ma`qul? 

Bolalar o`rindig`ini mashinaning orqa o`rindig`ining  o`rta qismiga o`rnatgan ma`qul. Chunki bu joy bolalar uchun eng xavfsiz joy hisoblanadi. Yosh bolani zinhor haydovchining yoniga o`tqazish mumkin emas. Bu o`ta xatarli. 

Yodingizda bo`lsin!

•  Bolaga  har doim xavfsizlik kamari taqilgan bo`lishi kerak.  Hatto tirbandlikda harakatlanayotgan bo`lsangiz ham, yaqin joyga otlangan bo`lsangiz ham.  
•  Mashina ichida bolani qo`lingizda ko`tarib o`tirish  farzandingiz va o`zingizning xavfsizligingizga raxna soladi. Chunki keskin tormoz bosilganda yoki avtomobil boshqa mashinalar bilan to`qnashib ketganda, qo`lingizdagi bola holatini nazorat qila olmay qolishingiz mumkin. Bunday vaziyatlarda bola tana vazni 30 kilogrammgacha og`irlashib ketgandek tuyulishi amalda isbotlangan. 

Haydovchilarga muhim eslatmalar!

Avtoulovingizda harakatlanishni boshlashdan avval  albatta yo`lda bolalar o`ynamayotgani yoki kesib o`tmayotganiga ishonch hosil qiling. Bunda faqatgina yon oynalarga tayanmasdan, e`tibor bilan yo`lning bolalardan xoli ekanligini tekshirish maqsadga muvofiq. 

Yosh bolalar istalgan payti qarshingizdan chiqib qolishi mumkinligi hamisha yodingizda bo`lsin.   Ayniqsa ko`p qavatli uylar oldida harakatni boshlayotganda, qayrilayotganda va to`xtashda o`ta hushyor bo`ling! Bolalar bog`chalari, maktablar va maydonchalar oldidan o`tayotganda hushyorligingiz ikki karra oshsin. Chunki, yo`lni bolalar kesib o`tishi mumkin. 

Diqqat!

Aholi yashaydigan joylarda, ko`p qavatli binolar oldidagi yo`llarda piyodalar erkin harakatlanishlari belgilangan. 

Avtomashinangizni orqaga harakatlantirayotganingizda yon-atrofingizdagilar yordamidan foydalaning. 

Jarima to`laysiz, agar...

Yo`l harakati qoidalariga ko`ra haydovchi o`z yonida 13 yoshga to`lmagan bolani olib yurishi ta`qiqlanadi. O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining  128-1 moddasiga asosan avtotransport vositalarida  bolalarni olib yurish qoidalari buzilganida eng kam ish haqining ikkidan bir qismi  miqdorida jarima solinishiga sabab bo`ladi. Agar xuddi shunday qoidabuzarlik  ma`muriy chora qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida, ikkinchi marta ma`muriy chora qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo`ladi.  

 
Google+
WhatsApp
VK
Telegram