Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

“Katta ekran tajriba maydonchasi emas!” Yoxud “Men yolg`onchiman” ekspert tahlilida

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар:

Bugun katta ekranlarga chiqayotgan aksariyat filmlar tanqidga uchrayapti. Buning asl negizi nimada ekani, tomoshabinga qanday mahsulot taqdim etilayotganini bilish va ijodkorlarning yutuq-kamchiliklarini ko`rsatish maqsadida premerasi bo`lgan filmlar uchun maxsus yangi loyiha tashkil etdik. “Chumchuq so`ysa ham qassob so`ysin”, deganlaridek, adabiyotshunos Shuhrat RIZAEV sahifa eksperti sifatida filmlarni “elak”dan o`tkazadi...

«Tragediyada o`zimiz ham ishtirok etamiz, komediyani esa shunchaki ko`ramiz», degan edi ingliz yozuvchisi, faylasuf Oldos Xaksli. 12 fevral kuni taqdimoti bo`lib o`tgan ssenariy muallifi va rejissyor Behzod Jonievning “Men yolg`onchiman” komediyasini ko`rib, Xakslining fikrlari ayni haqiqat ekaniga amin bo`ldik...

Shuhrat RIZAEV, adabiyotshunos: — Taqdimotning ertasi kuni filmni ko`rish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyga borgandim, kinokartinani kichkina zalga o`tkazishgan ekan. Zalda jami 8 kishi bor edi. Filmdan so`ng dastlabki taassurotim: rejissyor almoyi-ajmoyi lavhalar yig`indisi orqali nima deymoqchi, degan savol tug`ildi. Vaholanki, filmda taniqli aktyorlar ansambli ishtirok etgan. Avvaliga “asar”ni qabul qilolmadim, so`ng rejissyor filmi orqali nimadir demoqchi, degan fikrga keldim. Kinokartina “Yolg`onsiz ham baxtga erishsa bo`ladi”, degan gap bilan yakunlangan. Er-xotinning chet tilida suhbatlashishi, bosh qahramonning qizlarni laqillatib yurishi, qisqasi har bir lavha orqali atrofimizdagi hamma narsada yolg`on borligiga ishora qilgan. “Qachon ulardan xalos bo`lamiz?” degan fikrni ilgari surmoqchi bo`lgan. Lekin bu g`oya yurakka cho`kkan ijtimoiy dardga aylanmagan. Voqealar bir-biriga bog`lanmagan, syujetda mantiqiy yaxlitlik yo`q. Bu rejissyorning ustoz ko`rmagan shogird ekanidan darak. Kinoning “alifbo”sidan to oliy “matematika”siga o`qimaganligi, havas bilangina rejissyorlikka qo`l urgani sezilib turibdi. Rejissyor filmni tomoshabinga taqdim etish bu – jiddiy fikr aytish imkoni ekanini biladi, faqat qay yo`sinda gapirish kerakligini bilmaydi. 

Xulosam shuki, O`zbekkino milliy agentligi bu kabi “rejissyor”larni jamlab, eksperimental studiya tashkil etish kerak. “Men yolg`onchiman” kabi kinokartinalar mana shu studiya orqali tasvirga olinib, avvalo tor doirada muhokama qilinishi lozim. Aniq tahlillardan so`ng kamchiliklar tuzatilib, film qayta ishlanishi darkor. Ochig`i, rejissyorning ketgan vaqti va ishlatgan mablag`iga achindim. Bu filmga tomoshabin tushishiga ishonmayman.     

— Filmda ishtirok etgan professional aktyorlar ssenariyni “yuk”ka ega bo`lishini ta`minlashi ham mumkin edi-ku?

— U aktyorlar ssenariyni tahlil qiladigan darajada chuqur yondoshmaydi. Aksariyat aktyorlar o`ziga tegishli qismigina olib, yodlab rolini ijro etib ketaveradi. Ssenariyni to`liq o`qimaslik ham katta fojia. Bu filmni ishlashdan avval rejissyorga ssenariyni tahlil qiladigan davra etishmagan. “Men yolg`onchiman” ijodkorlarida katta auditoriyaga kinokartina taqdim qilish darajasidagi na salohiyat va na bilim bor.

— Prodyuser, rejissyorida siz ta`kidlagandek salohiyat yo`qdir. Lekin filmni katta ekranga chiqishiga ruxsat bergan O`zbekkino milliy agentligining mas`ul shaxslarida bilim bor-ku!  

— O`zbekkino milliy agentligining rahbariyati bilan gaplashganimda, “Hozirgi rahbariyatgacha bo`lgan davrda bu filmni katta ekranga chiqishiga ruxsat berilgan”, deyishdi. Bu bilan aybni ulardan soqit qilmoqchi emasman. Tomoshabin qaysi davrda chiqqaniga qarab emas, “kino” deb ko`radi. Boshlanish jarayonidan to ekranga chiqqungacha bo`lgan davrda kim mas`ul bo`lsa, hamma javobgar. Filmni tomoshabinga etkazishda ishtirok etayotganlar shunchaki texnik xodim emas, aynan ekspert xulosasini bera oladigan shaxs bo`lishi shart. Bunday “asar”lar katta ekranga chiqishga haqli emas.

“FILMIMDAN HATTO 20 FOIZ KO`NGLIM TO`LMADI”

Xolislikni ta`minlash maqsadida film rejissyori Behzod Jonievning fikrlari bilan ham qiziqdik.

— “Men yolg`onchiman” komediyasi orqali tomoshabinga nima demoqchi edingiz? 

— Fikrimni filmda aniq ko`rsatganman-ku, tushunmadingizmi? Hayotimda juda ko`p yolg`onchilarga duch kelganman. Yolg`on — munosabatni buzadi. Bir yolg`onchi do`stim bor edi, “Sen haqingda film qilaman”, deb ishni boshlab yuborganman. O`zim esa aktyorlik sohasida o`qiganman.  

— Tushunishimcha, rejissyorlik sohasida tahsil olmagansiz-a?

— Yo`q, lekin O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida rejissyor Valijon Umarov qo`lida tahsil olganman. Dars jarayonida rejissura haqida ham ma`lumot bergan. 

— Filmdan o`zingizning ko`nglingiz to`ldimi?

— Yo`q, albatta. Hatto 20 foiz ham ko`nglim to`lmadi. 

— Bu juda past ko`rsatgich, kinokartinani katta ekranga olib chiqmaganingiz ma`qul edi, tomoshabinning aybi nima?  

— Kamchiligimni tushunganim bu mening foydamga xizmat qiladi. Bu ilk rejissyorlik ishim, professional rejissyorlar qo`lida ikkinchi rejissyor bo`lib ham ishlamaganman. Xuddi osmondan tushgandek film suratga oldim. “Men yolg`onchiman” kassa yig`adimi yo yo`q farqi yo`q. Ayni damda mistika yo`nalishidagi filmning ssenariysini yozyapman. 

— Taniqli aktyorlarni ham “uvol” qilgansiz... 

— Bo`lishi mumkin. O`zbekkino milliy agentligidagilar ham bekor o`tirgani yo`q. Ular xatolarimni aytib, “Filmni g`oyasi borligi uchun katta ekranga chiqishiga ruxsat beramiz. Keyingi safar ham shunday “asar” bilan kelsangiz qaytarib yuboramiz”, deb ogohlantirishdi.

Katta ekran bu – rejissyorlarning yillar mobaynidagi izlanishi, asl mehnati samarasini ko`rsatadigan minbar bo`lishi kerak. Tomoshabin nigohi qadaladigan katta ekran tajriba maydonchasi emaski, “rejissyor”larga shartli ravishda imkoniyat berilsa. Hurmatli rejissyorlar balki o`zingiz ketkazgan vaqtingiz, mablag`ingizga achinmassiz, lekin ushbu xatti-harakatingiz bilan sizni yuqori shohsupalarga ko`taradigan tomoshabin ishonchini yo`qotishingiz haqida ham do`ppini erga qo`yib fikrlab ko`ring.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Коментарии