Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

Odil Ahmedovning rafiqasi nimani orzu qiladi?

Бўлимлар: Futbol
Теглар:

Bahor kirib kelishi bilan nishonlanadigan xotin-qizlar bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ushbu bayramni har bir ayol intiqib kutishi va e`tibor bayrami deb hisoblashi ham sir emas. Qiziq, farzandlari faqat o`g`il bo`lgan ayollar bu bayramni qanday nishonlashar ekan? 

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan ushbu loyihamizning ilk ishtirokchisi O`zbekistonning eng yaxshi futbolchisi Odil Ahmedovning rafiqasi Zamira Ahmedovaga shu savol bilan murojaat etdik.

— Oxirgi 3 yilda turmush o`rtog`im aynan 8 mart bayramida uzoqda yoki o`yinda bo`ladilar lekin bayram hech qachon eslaridan chiqmaydi. Har qanday vaziyatda ham bayram tabrigi va albatta qizil atirgullar erta tongda eshigim tagida kutadi.

O`g`illarimning sovg`asi...

— O`g`illarim Behruzbek va Shohruzbek hali kichkina, lekin o`tgan yili birinchi marta bog`chada rangli qog`ozdan gullar yasab sovg`a qilishganda boshim ko`kka etdi. Kim uchundir oddiy qog`oz bo`lishi mumkin lekin men uchun bolalarim o`z qo`llari bilan yasagan sovg`a hamma narsadan qadrli.

Eng qadrlisi...

— Turmush o`rtog`im har bayramda har xil sovg`a qiladi. Lekin men uchun sovg`a emas e`tibor muhimroq. Shuning uchun barcha sovg`alarini juda qadrlayman.

Unutilmagan bayram...

— O`tgan yili nimadir bo`ldiyu 8 marta bayramiga yaqin, arazlashib qoldik. O`sha kunlar telefonda ham gaplashmadik. Ular chet elda, men O`zbekistonda edim. 8 mart kuni soat 00:00 dan o`tdi hamki (odatda hamma bayramlarda aynan shu soatda ulardan tabrik olardim) darak yo`q. Juda xafa bo`ldim, bayram ham tatimadi. Ertasiga ertalab, bolalar bilan Krasnodarga turmush o`rtog`imning yoniga uchadigan bo`ldik. Etib kelib qarasam, men o`ylaganchalik tabriklashni unutmagan ekanlar... Odil aka juda g`ururli, ba`zida sevgidan ham g`ururni ustun qo`yadi. Sovg`a sifatida qo`lga taqiladigan chiroyli taqinchoq olganlar. U shunchaki taqinchoq emas, qulflik yurakchalar bilan bezatilgan tumorlari ham bor edi.  Taqinchoqning o`ziga xos ma`nosi bo`lib, bu yurakning egasi bor, boshqalar uchun qulf degani ekan. Shohlarning bosh kiyimi esa “boshingda mendek shohing bor” degan eslatma, keyingisi esa qiz chaqaloq kutishga ishora ekan. Bu sovg`ani ko`rib, ochig`i turmush o`rtog`imdan xafa bo`lganim har esimdan chiqib ketdi. Hatto ulardan arazlaganim uchun o`zimni koyidim ham. Men uchun eng qadrli bo`lgan bu sovg`ani o`shandan beri kechayu-kunduz qo`ymay taqaman. O`shanda qilgan niyatlarimiz amalga oshib, shu yil qiz farzand ko`rishni orzu qilyapmiz. 

O`g`illar tarbiyasi uchun...

—  Qush uyasida ko`rganini qiladi deyishadi, turmush o`rtog`imning xonadonida  ayollarni juda e`zozlashadi. Qaynotam-qaynonam farzandlariga shunday tarbiya berganlar. Qaynonam doim “o`g`illarim shu muhitda kata bo`lishdi, ayollarni hurmat qilish ularning qoniga singib ketgan” deydilar. Shu tarbiyani olayotgan farzandlarimdan ham umidim katta, ishonamanki, bobosi va dadasining tarbiyasidan chetga chiqishmaydi.

Birinchi tabrik...

8 mart kuni doim ikki onajonim (qaynonam va onam)ni birinchi bo`lib tabriklayman. Chunki tabrik olishga eng avvalo ular haqli deb o`ylayman.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram