my5
Sevimli

Taniqli aktyor Belmondo olamdan o`tdi

Shou-biznes 07.09.2021, 21:05
Taniqli aktyor Belmondo olamdan o`tdi

Kecha, 6 sentyabr kuni dunyo kino olamining yorqin vakili bo`lgan Jan-Pol Belmondo 88 yoshida olamdan o`tdi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Uning kino olamida yaratgan yorqin qiyofasi o`zbekistonlik kino ixlosmandlariga begona emas, albatta. “Professional” “So`nggi nafas”, “O`g`irlik” kabi kino asarlar orqali mashhurlik pillapoyasiga ko`tarilgan Belmondo hali-honuz muxlislar tomonidan eslanadi, xotirlanadi.

Ammo birgina yurtimiz kino shinavandalari emas, balki jahondagi millionlab san`at shaydolari, ashaddiy ishqibozlar ham uning boks bilan shug`ullanganligini bilmasa kerak. Ha, shunday, u yoshligidan boks bilan shug`ullangan. “Charm qo`lqop”ning gangituvchi zarbalari “ta`mi”ni totgan. Bir muddat Parij chempioni bo`lishga ham ulgurgan.

O`z xotiralarida boks mashg`uloti va musobaqalardagi jarayonlarni eslab, “oynaga qarab yuzimdagi o`zgarishlarni sezib, boksni tark etganman. Ammo sport bilan shug`ullanish meni kuchli bo`lishga o`rgatdi. Hamma narsa boy berilgan taqdirda ham oldinga intilish hissini qalbimga aynan boks jo qildi”, deya o`zini kino olamiga bag`ishlaganligini aytadi Bilmando. Shuningdek, sport mashg`ulotlaridagi tajribasi natijasida ko`plab filmlardagi murakkab tryuklarni o`zi bajargan, shu orqali obro` topganligini ham yashirmaydi aktyor.

Jahon matbuotida Jan-Pol Belmondo olamdan o`tganligi haqidagi xabar yashin tezligida tarqaldi. Albatta, hamma ham ketguvchidir. Lekin Belmando bu dunyodan jisman ketib, qalban qolayotganlardandir.

Шарҳлар