Ota-onasi tug`ilishini istamagan buyuk va mashhur insonlar

Бўлимлар: Dunyo
Теглар:
Добавлено: 12.05.2016, 11:49

Ming afsuski, ba`zi bir bolalar ota-onasining xohishiga qarshi dunyoga kelishadi. Bu fakt ularning taqdiriga ta`sir qilarmikan? Savolga javob topish uchun ba`zi bir buyuk va mashhur insonlarning tarjimai holiga nazar solsak, ular tasodifan yoki kutilmagan homiladorlik natijasida tavallud topishganligiga amin bo`lamiz.

Psixologlarning ta`kidlashicha, tug`ilishi istalmagan bola, kelajakda ularning mijoziga aylanib, bunday odamlarga yolg`izlik, o`ziga ishonmaslik, xavotir xususiyatlari xos bo`ladi. Ularning hammasiga ham ota-onasiga bekorga dunyoga kelmaganligini isbotlash nasib etmaydi va tan olinmaydi. “Mail.ru” nashri  sizni ota-onasi tug`ilishini istamasa-da, dunyoga kelib, o`zlarini jahonga tan oldirgan buyuk va mashhur insonlar bilan tanishtiradi.

Leonardo da Vinchi

Buyuk italyan rassomi, shuningdek, haykaltarosh, musiqachi, olim, kashfiyotchi, qisqasi daho Leonardo 1452 yilda Florensiyadan uzoq bo`lmagan Vinchi shahri yaqinida (familiyasi shu sababli Vinchi) yosh notarius Pero da Vinchi va oshxonada xizmatkor bo`lib ishlovchi, oddiy dehqon qizi Katerinalar sabab dunyoga kelgan.

O`g`lining kambag`al oila qizi bilan uchrashib yurganini bilgan buyuk dahoning buvasi Antonio da Vinchi o`g`li Peroni tezda badavlat oilaning qiziga uylantirib qo`yadi. Leonardo uch yoshga to`lganda, uni Vinchilar oilasi o`z qaramog`iga oladi. Bu erda Leonardo otasi, o`gay onasi, buvi va buvasi qo`lida voyaga etadi. Erta o`lib ketgan tuqqan onasi bilan kam ko`rishgan.

Leonardoning otasi uch marotaba uylanadi, uning oldingi ikki oilasidan farzandi bo`lmaganligi tufayli u oilaning erka farzandiga aylanadi, yaxshi ta`lim-tarbiya oladi. Otasi Leonardoning o`zi kabi notarius bo`lishini istaydi, ammo bolaning bu kasbga qiziqishi yo`qligini ko`rib, rassom va haykaltarosh Andrea del Verrokkoga shogirdlikka beradi.

Verrokkoning ustaxonasida Leonardo tengdoshlari bilan birgalikda tasviriy san`at va aniq fanlar bilan shug`ullana boshlaydi. U tirishqoqligi tufayli ustozidan o`zib ketadi, umrini yolg`izlikda o`tkazadi, bu haqda shunday degan: “Agar umringni tanholikda o`tkazsang, faqat o`zingga tegishli bo`lasan, mabodo yoningda biror kishi bo`ladigan bo`lsa, o`zingga yarming, balki undan ham kam qisming tegishli bo`ladi...”

Jek London

Mashhur amerikalik yozuvchi Jek London 1876 yilda San-Fransisko shahrida dunyoga kelgan. Unga tug`ilganida Jon Cheyni degan ism qo`yishgan. Otasi Uilyam Cheyni o`z davrining mashhur munajjimi bo`lib, Jek tug`ilgunga qadar onasi bilan ajrashib ketgan. U buyuk yozuvchining  tug`ilishiga tish-tirnog`i bilan qarshi bo`lgan. Musiqa o`qituvchisi bo`lgan onasi Flora Vellman uning bunday talabidan keyin o`z joniga qasd qilmoqchi bo`lgan. Ammo tirik qolib, dunyoga shunday buyuk yozuvchini hadya etgan. 

Flora bolali bo`lganidan keyin bolani butkul enaga Jenni Prentisning qo`liga topshirib qo`yib, o`ziga umr yo`ldosh qidirish bilan ovora bo`lgan. Yozuvchi enagasi bilan umrining oxirigacha do`st bo`lib qolgan. Kichkintoy sakkiz oylik bo`lganda Flora ko`p bolali, fuqarolar urushi qatnashchisi, xotini vafot etgan Jon Londonga turmushga chiqadi. To`ydan keyin Flora o`g`lini o`zi bilan olib ketadi, bola ham o`gay otasi kabi Jon Londonga aylanadi. Sakkiz yoshga kirgan Jon ismini Jekka o`zgartiradi va hammadan uni shu nom bilan chaqirishlarini talab qiladi.

Flora hamon farzandiga kam e`tibor berar, uning dardi-fikri ko`proq pul topish, boylikka ega bo`lish bilan band edi. Londonlar oilasi kambag`al yashardi, endi oilada Jekdan keyin ikki singil ham dunyoga kelgan edi. Mamlakatda iqtisodiy inqiroz hukm surardi. Jek bola bo`lishiga qaramay, pul topish maqsadida maktabni tashlaydi. 11 yoshidan boshlab, gazeta sotadi, 13 yoshida esa noqonuniy ravishda ustrisa ovlash bilan shug`ullanadi. 15 yoshga to`lganida o`gay otasi poezd tagida qolib, mayib-majruhga aylanadi. Endi barcha ro`zg`or tashvishi Jekning bo`yniga tushadi. U hammol, go`lax, konserva zavodida ishchi, kemada matros bo`lib xizmat qiladi. Bunday qiyin sharoitda yashagan o`smir Jek yoshi katta xizmatdoshlari bilan birga ichishni o`rganadi.

O`gay bo`lsa ham Jek bolaligidan otasini yaxshi ko`rib, hurmat qilgan bo`lsa-da, bir nafas bo`lsa-da, o`zining haqiqiy otasini ko`rish fikri uni tark etmagan. U otasi Uilyam Cheynga xat yozadi, ammo otasi uni ko`rishni ham, eshitishni ham istamaydi, farzandini tan olmaydi.

23 yoshdan boshlab Jek adabiyot bilan jiddiy ravishda shug`ullana boshlaydi. Mashhur jurnallarda maqolalari chop etilgach, Amerikaning eng qimmat haq oluvchi yozuvchisiga aylanadi. Ammo dunyoda buyuk yozuvchi deb nom qozongan Jek Londonning taqdiri ayanchli yakun topgan.

Mariya Kallas

Buyuk opera xonandasi, noyob ovoz sohibasi Mariya Kallas 1923 yilda Nyu-Yorkda grek muhojirlari oilasida dunyoga keladi. Uni Mariya Anna Sofiya Kekiliya Kalogeropulu deb atashadi, keyinchalik qisqartirib, Mariya Kallass deb chaqirishadi. Qizcha tug`ilishidan sal ilgari uch yoshli akasi terlama kasalligidan vafot etadi. Bu g`amdan ezilib ado bo`lgan onasi yana o`g`il tug`ishiga umid qiladi. Ammo Mariya tug`ilgach, qiz tuqqanidan xafa bo`lib, to`rt kungacha uni qo`liga olmaydi, ko`rishni ham istamaydi. 

Mariya bolaligidanoq onasi uni yoqtirmaganligini sezgan. Yillar o`tgan sari onasiga bo`lgan nafrati oshib borgan, chunki onasi katta qizi Jekkiga yaxshi, Mariyaga esa o`gaydek munosabatda bo`lgan. Mariyaning xotirlashicha, onasi Jekkini “chiroyli, aqlli, xushmuomala” deb erkalagan bo`lsa, Mariyani “baqaloq, qo`pol, shabko`r, odamovi” deb atagan. Onasining bu ta`riflariga Mariyaning o`zi ham ishonib qolgan. 

Mariya olti yoshga to`lganda, uni mashina bosib ketadi. U o`n ikki kun mobaynida komada yotadi, mo``jiza tufayli tirik qoladi. Shundan keyin ham onasiga bo`lgan munosabati o`zgarmaydi. Qizidagi noyob iste`dodni sezgan onasi jon-jahdi bilan uning qobiliyatini rivojlantirishga harakat qiladi.

Mariya 14 yoshga etganda onasi otasidan ajrashib, uni Gresiyaga olib keladi. Bu erda Mariya Afina konservatoriyasiga o`qishga kiradi. U kursida eng yosh talaba bo`lishiga qaramay, hammadan iste`dodli edi. Mariya 16 yoshga to`lganida konservatoriyada o`tkazilgan tanlovda g`oliblikni qo`lga kiritadi, 18 yoshda esa Afina opera teatrida ishlay boshlaydi. Bu paytda uning og`irligi 80 kilogramm edi. U qad-qomatini ideal darajaga keltirish uchun o`zini qiynab bo`lsa-da, parhez tutadi va go`zal xonimga aylanadi. Mashhurlikka erishgach, onasi bilan batamom aloqani uzgan. Uning shaxsiy hayoti fojialarga to`la bo`lgan.

Stiv Jobs

Amerikalik tadbirkor va kompyuterlar olami qiroli Stiven Pol Jobs 1955 yilda AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko shahrida dunyoga keladi. Uning ota-onasi talaba — otasi suriyalik muhojir Abdulfattoh Jandali, onasi esa nemis millatiga mansub Joan Shible bo`lgan. Onasining otasi qizining suriyalik muhojirga turmushga chiqishiga qat`iy qarshilik ko`rsatgan, bolani esa befarzand oilaga farzandlikka berib yuborishga qaror qilgan.

“Meni tuqqan onam kollej bitiruvchilari huqushunos va uning rafiqasiga farzandlikka bermoqchi bo`lgan, ammo ularga qiz farzand kerakligi tufayli meni olishni istashmagan. Bir kuni kechasi tuqqan onam mening hozirgi ota-onamga qo`ng`iroq qilib, “Kutilmagan o`g`il farzandni dunyoga keltirdim, balki sizga bola kerakdir?” deb so`ragan. Ular esa, “Albatta, kerak!” deb javob berishgan deya xotirlaydi Stiv taqdiridagi tub burilish onlarini eslab.

Bolani Jobslar oilasi boqib oladi. Onasi Klara hisobchi, otasi Pol esa moliya kompaniyasida avtomexanik bo`lib ishlagan. Ular Stivni o`z farzandlaridek sevishgan, topish-tutishlari yaxshi bo`lmasa-da, uning ta`lim-tarbiyasi bilan jiddiy ravishda shug`ullanishgan, hech nimadan kam qilmay o`stirishgan. Stiv voyaga etgach, hech qachon ota-onasini o`gay emas, haqiqiy ota-onam deb tan olganini takrorlashdan charchamagan.

Otasi Stivning kollejda o`qishi uchun eski mashinalarni ta`mirlab, qo`shimcha ravishda pul topgan. Ammo uni tugatish Stivga nasib etmagan. U o`qishni, ota-onasini tashlab, o`zi qiziqqan soha bilan shug`ullana boshlagan. Kelajakda shon-shuhratga, boylikka erishgan Stiv shunday degan: “Meni boqib olishganini bilsam-da, hech qachon o`zimni tashlandiq deb his qilmaganman, har doim Tangrining suygan bandasi ekanligimga ishonganman, bu ishonchimni ota-onam ham qo`llab-quvvatlagan”.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

28.06.2017, 15:27