Xitoyda “O`zbek kinosi kunlari” festivali o`tmoqda

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар: Kino
Добавлено: 30.06.2016, 14:25

Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Pekin, Shanxay va Sian shaharlarida “O`zbek kinosi kunlari” festivali o`tkazilmoqda. Madaniy tadbirning tantanali ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televidenie ishlari bo`yicha Davlat bosh boshqarmasi boshlig`i Chjan Xunsen ushbu festivalda namoyish etilayotgan o`zbek filmlari yurtimizning madaniyati, milliy ruhi va an`analarini aks ettirib, ular nafaqat Xitoylik kinoixlosmandlarni o`zbek filmlari bilan tanishtirish, balki ikki xalq o`rtasida tobora ravnaq topib borayotgan do`stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini aytib o`tdi.

“O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Atabek Musaev ushbu festival Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi do`stlik munosabatlarining muhim tarkibiy qismi ekanligini alohida ta`kidlab, kino san`ati xalqlarning urf odati va madaniyatini targ`ib qilishda katta omil bo`lishini hamda ushbu madaniy tadbir ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi.

Festival rejissyor Yolqin To`ychiev tomonidan suratga olingan “Hayotda...” filmi bilan ochib berildi. Shuningdek, festival doirasida yurtimiz kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan “Quduq”, “Vijdon”, “Ota”, “Tubanlik”, “Sehrli qalpoqcha” nomli badiiy filmlar kunchiqar yurt kinoixlosmandlariga namoyish etiladi.

Tadbirlar doirasida kinematografiya yo`nalishidagi aloqalarni yanada mustahamlash, hamkorlikda kinofilmlar ishlab chiqarish, kinematografiya ob`ektlarini modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jixozlash bo`yicha Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligi, Matbuot, noshirlik, radioeshittirish, kinematografiya va televidenie ishlari bo`yicha Davlat bosh boshqarmasi hamda bir qator yirik kinostudiyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib borish ko`zda tutilgan.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии