Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

Mistika: To`ydagi arvoh

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:

Bu voqeani menga to`y marosimlarini videotasvirga oladigan qarindoshim gapirib bergandi. Uning aytishicha, bir kuni uzoqroq qishloqda bo`lib o`tadigan to`yga buyurtma bo`libdi. O`sha manzilga etib borib, ishini boshlabdi. Hammani bir-bir tasvirga olar ekan, ayniqsa, bir chekkadagi kursida o`tirgan oppoq kiyimli otaxonni qayta-qayta suratga olibdi. Sababi, uy egalarining qariya otasidir-da, degan xayolga borgan. To`y egasi marosim yozilgan diskni imkon qadar tezroq taqdim qilsa, xizmat haqiga ustama pul qo`shib berishini aytibdi. Qarindoshim ham yarim tunda uyiga etib boriboq videomontajga o`tiribdi. Uyqisirab, horg`in ahvolda ish boshlabdi. Shunda bir narsaga e`tibori tushib, sergak tortibdi. Lip-lip o`tayotgan tasvirlarda haligi oppoq kiyingan otaxon yo`q emish, kursi bo`sh turganmish... Qayta-qayta kadrlarni ortga qaytaribdi. Yo`q... Otaxon ko`rinmapti. Uyqusi ham qochib, ko`zlarini ishqalab, e`tibor bilan yana bir boshdan ko`rib chiqibdi. Baribir bo`sh turgan kursidan boshqa tasvir yo`q emish.

Erta bilan disklarni olib, to`y egasining uyiga qarab yo`lga tushibdi. U kishi ishni o`z vaqtida bajarib kelgani uchun qo`shimcha haq uzayotganida, qarindoshim “Kecha anavi erda turgan kursida o`tirgan oppoq kiyimli nuroniy kim edi?” deb so`rabdi. To`y egasi: “U kursining oyog`i qiyshayib qolgani uchun chetroqqa olib qo`yuvdik, hech kim o`tirmadi, buning ustiga kelgan yigirma-o`ttiz chog`li erkaklar ichida ikkitagina keksa kishi bo`lib, ular ham oq libosda kelmagandi”, debdi. Unga o`zi duch kelgan holatni uzoq tushuntiribdi. Shunda to`y egasi o`ylab qolib, bir muddatdan so`ng tilga kiribdi: “Biz kecha uylantirgan farzandimizni asrab olganmiz. Xotini o`lgan bir odam yoshi o`tib qolgani, farzandlarining qarshiligiga qaramay, yo`ldan adashib qolgan o`n etti yoshlardagi qizga uylangan ekan. Yil o`tib, farzand tug`ilibdi. O`sha qiz ko`zi yorigandan so`ng sobiq sevgani bilan qochib ketibdi. Chaqaloq bilan qolib ketgan sho`rlik erkak qariganida kulgiga qolganidan yurak xurujiga uchrabdi. Uning allaqachon bola-chaqali bo`lib ketgan farzandlariga bu bolaning keragi bo`lmabdi. Bir yaxshi insonning harakatlari bilan biz shu bolani asrab oldik. Siz aytayotgan arvoh, agar rost bo`lsa, o`sha kishining ruhidir”, debdi.

Qarindoshim qaytmoqchi bo`lganida: “Yaxshi aytdingiz bu gaplarni, bolaning ota-onasi haqida hech o`ylamagan ekanmiz, shu bugun tushlikda Qur`on xatm qildiramiz, siz ham tushgacha shu erda qoling”, deb olib qolibdi. Hayotda shunaqa holatlar ham uchrab turar ekan.

Xosiyat RAJABOVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Коментарии