Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Mutaxassis fikri: Parlament qarori huquqiy maydon doirasida

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 15.09.2016, 14:28

Millatimizning haqiqiy yo`lboshchisi, o`zbekning asl o`g`loni, chinakam vatanparvar va fidoiy inson O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevaqt hayotdan ko`z yumishi ko`p millatli O`zbekiston xalqining har bir a`zosi uchun so`zsiz og`ir musibat bo`ldi. Mustaqil O`zbekiston arxitektori bo`lgan Islom Karimov tarixan qisqa davr ichida turli o`tkir ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar girdobiga tushib qolgan qoloq agrar davlatni mashhur “o`zbek modeli” asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi o`laroq jahondagi eng tez sur`atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan munosib joy olishini ta`minladi.

Albatta, hayot davom etadi. Bu judolik qanchalik og`ir bo`lmasin mamlakatdagi davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta`minlovchi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili bo`lgan davlat boshlig`i lavozimi bo`sh qolishi mumkin emas va amaldagi konstitusiya va qonunlarimizda nazarda tutilgan tartibga muvofiq qaror qabul qilinishi talab etiladi. 

Ta`kidlash joizki, o`tgan davr mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilgan o`zgarishlarning bardavomligini, orqaga qaytmasligini ta`minlashga xizmat qiluvchi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tizim shakllandi. Milliy huquq tizimining o`zagini tashkil etuvchi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va u asosda qabul qilingan qonunlarda mamlakat siyosiy tizimining barqaror faoliyat yuritishini ta`minlash maqsadida davlat hokimiyati organlarining tashkil etilishi va faoliyat ko`rsatishi bilan bog`liq bo`lgan masalalar tartibga solingan.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 96-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o`z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi hamda uch oy muddat ichida, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkazilishi belgilangan.

2016 yil 8 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`shma majlisida “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash to`g`risida”gi masala ko`rib chiqildi. Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo`ldoshev O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishni uning zimmasiga yuklamaslik hamda mazkur vazifa va vakolatlarni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi taklif bilan murojaat qildi.

Oliy Majlis palatalari tomonidan ushbu taklif qo`llab- quvvatlandi va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida qo`shma qaror qabul qilindi.

Ta`kidlash o`rinliki, mamlakatimiz oliy davlat vakillik organi bo`lgan Oliy Majlis tomonidan ushbu masalani ko`rib chiqilishi va tegishli qaror qabul qilinishi to`liq huquqiy maydon doirasida amalga oshirildi va uni quyidagilar bilan asoslash mumkin:

Birinchidan, Konstitusiyaning 3-moddasida suveren demokratik davlat sifatida O`zbekiston Respublikasi o`zining milliy-davlat va ma`muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilashi hamda ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishi nazarda tutilgan. Shu nuqtai nazardan, milliy parlament tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha boshqa shaxs zimmasiga yuklash haqidagi masala so`zsiz davlat hokimiyati tizimi bilan bog`liq bo`lgan ichki siyosatimizning eng muhim masalalari sirasiga kiradi. O`z navbatida O`zbekiston Respublikasi nomidan esa ushbu masalalar bo`yicha qarorlar qabul qilish vakolatini Konstitusiyaning 10-moddasiga muvofiq respublika Oliy Majlisi va Prezidenti amalga oshirishi mumkin.

Hozirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha boshqa shaxs zimmasiga yuklash to`g`risidagi masala ko`rilayotganligini e`tiborga oladigan bo`lsak, faqatgina Oliy Majlis bu boradagi asosiy vakolatli organ hisoblanadi. Konstitusiyaning 79, 80-moddalariga muvofiq Oliy Majlis palatalari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish vakolatiga ega hamda Konstitusiyaning 81-moddasiga ko`ra ushbu masalalar yuzasidan qo`shma majlislar o`tkazilishi va qarorlar qabul qilinishi mumkin. O`zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi qonuni 6-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari ham O`zbekiston Respublikasining Konsitusiyasi va qonunlari bilan bir qatorda qonunlar hisoblanadi.

Ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Konstitusiyaning 96-moddasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishni zimmasiga olishni rad etishiga to`sqinlik qiladigan biror bir huquqiy asoslar mavjud emas. Binobarin, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi ham boshqa davlat organlari mansabdor shaxslari kabi o`ziga qo`shimcha ravishda yuklatilgan vazifani bajarishni rad etishi mumkin. Muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan bilim, malaka va ko`nikmalarning ob`ektiv ravishda etarli emasligi shunday qarorga kelishga asos bo`la oladi. Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat boshlig`i sifatida davlat va jamiyat hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan vakolatlarini amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tizimning barcha sohalari bo`yicha mukammal bilim, yuqori tajriba va yuksak rahbarlik qobiliyatini talab etadi.

Uchinchidan, Senat Raisi tomonidan uning zimmasiga yuklatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishni rad etishi egallab turgan asosiy lavozimidan ham ozod etilishini anglatmaydi. Bunda rad etishning amal qilish doirasi faqatgina uning zimmasiga qo`shimcha ravishda yuklatilgan vazifa va vakolatlar bilangina chegaralangan.

O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida Senat Raisini muddatidan ilgari chaqirib olinishi bo`yicha maxsus tartib nazarda tutilgan. Jumladan, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida”gi qonunning 13-moddasiga ko`ra, Senat Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlarning uchdan ikki qismidan ko`prog`ining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin. Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining mazkur taklifi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma`qullanganligi hududiy vakillik palatasi sifatida Senatning ushbu masala bo`yicha yagona pozisiyani egallashini hamda muddatidan ilgari chaqirib olish mexanizmini ishga solish uchun asoslar mavjud emasligini anglatadi.

To`rtinchidan, Senat Raisi tomonidan uning zimmasiga yuklatilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishni rad etishi avtomatik ravishda egallab turgan asosiy lavozimidan ham ozod etilishini anglatadi, degan ehtimollikka yo`l qo`yilgan taqdirda ham uning o`rniga boshqa nomzodni saylash bilan bog`liq bo`lgan bir qator ob`ektiv to`siqlar yuzaga keladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 86-moddasiga ko`ra, Senat Raisi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi. Hozirda yuzaga kelgan holatda esa aynan shu vazifani amalga oshiradigan sub`ektning mavjud emasligi ushbu qoida asosida ish tutishga mone`lik qiladi. Bundan tashqari, Senat Raisi o`rnini uning o`rinbosarlaridan biri ham egallay olmaydi, chunki qonunda aynan shunday tartibni belgilovchi maxsus norma mavjud emas.

Beshinchidan, Senat Raisining O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklanishi to`g`risidagi taklifi ham har tomonlama asoslidir. O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarlik qiladigan Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo`yicha barcha davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo`naltiradi hamda ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi. Binobarin, davlat xokimiyatining boshqa organlariga nisbatan Bosh vazir faoliyatining mazkur jihatlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladigan vazifa va vakolatlarga yaqinligidan dalolat beradi.

Qolaversa, xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ham shunday amaliyot qo`llaniladi. Xususan, Fransiya Respublikasi Konstitusiyasining 7-moddasiga muvofiq, Senat Raisi zimmasiga yuklatilgan Prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha amalga oshirishida muayyan to`siqlar vujudga kelganda, o`z navbatida ushbu vazifa va vakolatlarni amalga oshirish Hukumatga o`tadi. Gresiya Respublikasi Konstitusiyasining 34-moddasiga muvofiq, amaldagi Prezidentning vafotidan so`ng uning vakolatlarini vaqtincha bajarish yuklatilgan parlament raisi ushbu vazifani bajarishni rad etsa hukumat jamoaviy tarzda prezident vazifalarini bajarib turishi belgilangan. Rossiya Federasiyasi Konstitusiyasining 92-moddasiga asosan Prezident o`z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajara olmasa, uning vazifasi vaqtincha Hukumat Raisi tomonidan amalga oshiriladi.

Muxtasar qilib aytganda, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishdan voz kechishi hamda ushbu vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklash haqidagi parlament qarori qonuniy hisoblanadi hamda mamlakat tinchligi va barqarorligini ta`minlashda muhim rol o`ynaydi.

Vosid Ergashev, yu.f.n., dosent,

TDYuU “Davlat huquqi va boshqaruvi”

kafedrasi mudiri

 

 

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

17.11.2017, 16:07
16.11.2017, 18:54

Shou-biznes

SUG'DIYONA

18.11.2017, 18:25