Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

«Ayollik baxtining uvoli urdi…»

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар: Yuragimda saqlaganlarim
Добавлено: 13.10.2016, 12:25

Poezd yuray-yuray deb turganida arang chiqib oldim. Kupega kirganimda yoshi elliklarga borgan bir xotin ikki hamrohini og`ziga qaratib nimalarnidir javrar, o`n olti-o`n etti yoshlardagi qiz esa choynakdagi choyni qaytarib turardi. To`rt kishilik kupeda joy to`lib bo`lgandi. Kimdir chiptasiz chiqqan bo`lsa kerak. Mening o`rnimni egallab o`tirgan qizaloq darhol fahmi etib, joyni bo`shatdi…

Tinmay gapirayotgan uning onasi ekan. Qizga qarab baqira ketdi:

– Hoy yashshamagur, buncha qaytarding choy o`lgurni sovitib. Quya qolmaysanmi!

Qiz indamay piyolalarga choy quyishni boshladi. Ayol esa «nutqi»ni kelgan joyidan yanada balandroq ovozda ulab ketdi.

– Ha, afting qurg`ur! Bir oy avval kelganimda miq etmagandi, bu safar qarasam, he yo`q-be yo`q mening devorimga tirab tandir qurib olibdi. Agar bir hafta ichida tandiringni buzib tashlamasang, men sening uyingni buzaman dedim. Mana ko`radi, aytganimni qilaman ham.

Hamroh ayollardan biri «to`g`ri aytasiz, boplang» qabilida uning g`azab o`tiga moy sepgan bo`ldi. Ikkinchisi esa:

– Tandirni buzish – gunoh. O`zingiz baribir u hovlida yashamayotgan ekansiz. Qo`ying, turaversin. O`zi buzilib tushmaguncha tandirga tegib bo`lmaydi, — dedi.

– Ho-o, nega endi. Men hech qanaqa irim-sirimini bilmayman. Buzadi dedim, tamom-vassalom. Men ayol bo`lsam ham, bitta gapiraman! Kerak bo`lsa, o`nta erkakni hurkitaman. Yolg`iz boshim bilan to`rtta bolani eplab boqib yuribman-ku!

– Voy, aylanay, xo`jayiningiz olamdan o`tganmi? 

Boyadan beri ovozini baland qo`yib, har ikki gapining biriga qarg`ish yoki so`kish qo`shib shang`illayotgan ayol bir zum tinchib qoldi. Keyin qizini «Nega nonlarni yaxshilab o`ramading, juvonmarg?» deb bir qarg`ab oldi-da, ko`zida aylanayotgan yoshlarini yashirishga urinib, kupe derazasidan tashqariga qarab oldi. 

– Uzr, singlim, yarangizni tirnab qo`ydim shekilli, – dedi tandirni buzdirmaslikni maslahat bergan hamrohimiz.

– Qo`yavering, tirnasangiz-tirnamasangiz tuzalmaydi bu yara. Shunchaki, ko`nglim to`lib ketdi. Erim bilan maktab davridanoq sevishardik. Oh, bizning muhabbatga Layliyu Majnunlarning ham havasi kelardi. Ota-onalarimizning qarshiligiga qaramay oila qurdik. Birin-ketin to`rt farzand ko`rdik. Ammo hayotim tinch emasdi. Qaynona-qaynotam bilan ro`yimiz to`g`ri kelmagani etmagandek, oxirgi paytlarda erim ham menga chap bo`lib qoldi. Nuqul meni shallaqisan, noshukrsan deb so`kardi. Ishdan kelsam, kulib kutib olmaysan, noliganing-noligan, sen ham ko`nglingni keng qilib, sabrning etagidan tutsang, ro`zg`orimizga baraka kiradi derdi. Men bo`lsam sabr qilib o`tiradiganlardan emasdim. «Qo`lingdan kelsa, ro`zg`or  qilib, bolalaringni boqib ol. Bo`lmasa, xotin bo`lib uyda o`tir, men er bo`lib non topay. Xudoga shukr, qo`lidan ish kelmaydigan notavon emasman!» derdim nuqul. O`sha paytlar men tumanimizdagi tug`ruqxonada hamshira bo`lib ishlardim. Tug`ruqxonada, bilasiz, suyunchi, qo`l haqi degan narsalar bo`lib turardi. Shularga ishonardim-da. Qo`li engil hamshira edim, buni hamma tan olardi.

Bolalarim o`sgani sayin talablarim ham orta bordi, chunki ularni yaxshi edirib-kiydirgim, Toshkentda o`qitgim kelardi. Erim esa oddiy haydovchilikdan topgani bilan ro`zg`orimizni arang tebratardi. Bora-bora ishdan kech qaytadigan, ichib keladigan odat chiqardi. Bir kuni shirakayf holda rul boshqarib, halokatga uchradi. Umurtqa pog`onasi shikastlanib, yotib qoldi. O`sha kuni dardi-dunyom qorong`i bo`ldi. Erimga achinmasdim, faqat nogiron odamning xotini bo`lishdan or qilardim. Ertaga qizlarimning bo`yi etib, sovchilar kelsa, otasi nogiron ekan, deb qaytib ketadimi? O`g`illarimga kasalmand qaynotaga cho`rilikka beradigan qizim yo`q, deb odamlar qiz bermay qo`yadimi? O`sha paytda faqat shunday xayollar miyamda g`ujg`on o`ynardi. Etmaganiga bu nogironni parvarishlashim, umrimning navqiron faslini unga qurbon qilishim kerak edi. Buni istamadim, erim bilan ajrashdim. Qaynonam o`sha kuniyoq meni bolalarim bilan uydan haydab chiqardi. Buvimdan qolgan eski hovlida yashay boshladik.

O`zimcha nogiron erga qaragandan ko`ra yaxshi ishlab, pul topib, bolalarimni boqaman deb o`ylagandim. Bu men o`ylaganchalik oson emas ekan. Avvallari erim ro`zg`orni qilgani uchun qo`limda pul turarkan. Endi bo`lsa oyiga o`n besh marta navbatchilikka tursam ham, qo`ni-qo`shnilarga igna sanchib, qo`shimcha daromad qilsam ham topganim to`rt bolaga etmasdi. Hali bular uchun uy-joy qilish, o`qitish, qizlarni uzatish, o`g`illarni uylantirish kerak. Oxiri bolalarimni onamga qoldirdimu, Toshkentga yo`l oldim. Bu erda bir kafega ofisiant bo`lib ishga kirdim. Maoshi qishloqda topganimdan ancha yaxshi bo`lsa ham, ishi juda og`ir edi. Ertalabdan kechgacha tik oyoqda yurish, dam olish kunlarisiz ishlash meni rosa toliqtirdi. Na uyquga to`yaman, na o`zimga qarashga vaqt topaman. Bir yilda naqd besh yoshga qaridim. Ko`rganlar meni tanimaydigan bo`lib qolishdi. Erim esa poliklinikada ishlaydigan, turmushi buzilgan bir shifokor ayolga uylanibdi. Xotini uni yaxshi parvarish qilib, birpasda oyoqqa turg`izib yuboribdi. Eshitishimcha, erim yaxshi pul topib, bir necha mashinalarni ijaraga berib qo`yganmish. Albatta, buni bilgach, darhol bolalar uchun pul so`rab bordim. U uyda yo`q ekan, onasiyu opalari yumma talab quvib solishdi. Erimga (endilikda sobiq erimga) qo`ng`iroq qilib, aliment so`rasam, «Mendan bir tiyin ham ololmaysan» dedi. Sudga berdim, lekin bir ish chiqmadi. U o`zini bechora, nogiron qilib ko`rsatdi, ijaraga chiqarib qo`ygan mashinalaridan olayotgan daromadini esa hech bir hujjat bilan isbotlay olmadim. Erim «qo`lingdan ko`p ish kelardi-ku, bor, aravani bir o`zing tortib ko`r-chi», – dedi. Shunda jahl ustida «hali ko`rasan, naqd uch qavatli imoratlar solib, ko`zingni kuydiraman», – dedim.

Shu-shu ko`nglimda hayotga nisbatan alamzadalik paydo bo`ldi, bo`lar-bo`lmasga jig`ibiyron bo`lish, hammadan alam olish men uchun odatga aylandi. Bolalarim ham mendan bezib ketishgan. Tarbiyalari bilan ham tuzukroq shug`ullanolmadim. Katta qizim bir yigit bilan qochib ketib, sharmanda qildi. To`y-tomoshasiz uzatib yubordim. O`g`illarimning qo`lidan bir ish kelmaydi. Maktabda tuzukroq o`qishmadi. Biror kasbning boshidan tutishmadi. Toshkentga olib ketib, ofisiantlikka joylab qo`ysam, shuni ham eplay olishmadi. 

Tanishlarim qo`li engil hamshira eding, qishloqqa qaytib, o`z kasbing bilan shug`ullan deyishadi. Men u yoqda katta qurilish boshlab qo`yganman. Dang`illama hovli qurib, qars-badabang to`y qilib, qaynona-qaynotam, erim va kundoshimga kimligimni ko`rsatib qo`yishim kerak.

Shunday deymanu, ammo qo`shgani bilan qo`sha qarib yurgan, farzandlarining to`yida elkama-elka turgan er-xotinlarni ko`rsam, havasim keladi. Eriga erkalanib, bolalarining tarbiyasi bilan shug`ullanib, issiqqina o`rnini sovitmay o`tirgan, gap-gashtaklar o`ynab, to`ylarga tugunlar ko`tarib borib yayrab yurgan oilali ayollarning o`rnida bo`lgim keladi. Aslida o`zim hammasini barbod qildim. Endi esa uyga kirib ayol, ko`chaga chiqib erkak bo`lishga majburman. Bu odamni shunaqangi charchatadi, shunaqangi ezib tashlaydiki…

Shu payt kupening eshigi ochilib, provodnik ko`rindi va:

– Opajon, nazoratchilar chiqib qolishdi, chiptalarni tekshirishyapti. Yuring, sizni bir joyga yashirib turay, – deb ayol va uning qizini olib chiqib ketdi.

Turmushda hamma narsa bo`lishi mumkin, ammo, nazarimda, ayol kishi faqat ayollik uchun yaralgan. Ko`cha-qo`yda baqirib-chaqirib munosabatlarni oydinlashtirayotgan, o`rni kelganda erkaklarni ham noqulay ahvolga solib qo`yadigan sharmanda so`zlar bilan «o`zini ko`rsatayotgan» xotin-qizlarni ko`rib o`ylanib qolaman: bular kimga nimani isbotlamoqchi? Hayot kurashdan iborat deyishmoqchimi? Unda nima maqsad yo`lida kurashishyapti? Axir, janjallashish kurashish degin emas-ku!

Ko`zingizni oching, ayollar! Unutmang, xotinchalish erkak naqadar asabga tegsa, erkakshoda ayol ham shunchalik xunuk ko`rinadi.

ShAHINA qog`ozga tushirdi

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

17.11.2017, 16:07
16.11.2017, 18:54

Shou-biznes

SUG'DIYONA

18.11.2017, 18:25