Ba`zi insonlar kimgadir yordam bermoqchi bo`lib, boshqa birovga pand berib qo`yadi-yu, keyin nadomat olovi ichida qovriladi. Qilgan ishini, oqibatini anglab etganida esa qo`lidan hech narsa kelmaydi. “Yuragimda saqlaganlarim...” sahifasiga ana shunday vaziyatga tushgan ayol qo`ng`iroq qildi. Ismini sir turishimizni so`rarkan, “Mening aytganlarimni albatta yozing”, deya qayta-qayta tayinladi...
— Bu voqeaga juda ko`p vaqt bo`lmadi. Olti-etti oy o`tgandir oradan. Men esa mana oylar ichida yuragimni hovuchlab, pushmonlikning achchiq oshini tatib yashayapman, — deb boshladi ayol so`zlarini. — Ota-bobolarimiz bejizga “Etti o`lchab bir kes”, demagan ekan. Men qilayotgan ishimni atigi bir marta “o`lchab” ko`rdimmi? Yo`q! Hovliqib qoldim.
Nufuzli idorada rahbar lavozimida ishlayman. Ko`pchilik hurmat qiladi, aytganlarimni so`zsiz bajarib, “ustoz, ustoz”, deb yurganlar ham yo`q emas. O`z ishimdan, obro`imdan sira havolanmaganman. Doim o`ylab ish qilardim. Meni pushaymonlik ichiga otgan, sizga so`zlab bermoqchi bo`lgan ishimni esa hamon o`zim ham tushunmayman. Nega bunday qildim? Meni nima jin urdi?
Ehtimol, o`z o`rnidan foydalanib pora olgan, lavozimini su`iiste`mol qilgan desangiz yanglishasiz. Men undan-da, og`irroq gunoh qildim nazarimda. Lekin ungacha hammasi yaxshi edi. Elkamga hech qanaqa yuk, dilimda biror xiralik yo`q edi.
Ana shunday kunlarning birida ishxonamizga yangi ishchi keldi. Qirqlardan oshgan chiroyli ayol. O`ziga to`q, badavlat, shundanmi, gaplari ham ancha dadil. O`z mashinasida keladi, biror joyga bormoqchi bo`lsam, olib-borib kelishga shay.
— Menga ustozlik qiling, — degandi birinchi bor suhbatlashganimizda ham. — Shu paytgacha ja yolchitib ishlagan emasman. Bolalarim kichkina edi. Keyin ular katta bo`lyapti, yaxshi kiysin, yaxshi esin dedim. Oxiri endi mana ishlashim ham zarurligini angladim. Axir yoshimiz ham bir manzilga qarab ketyapti, nafaqa chiqish kerak, ungacha hamkasb, dugona, qadrdon orttirish kerak. To`g`ri, ko`cha-ko`yda ham dugonalarim bor. Ular o`qimagan, baribir boshqacha fikrlaydi-da. “Davlat ishida ishlayman”, desam “Shundoq ham pul topayapsiz-ku, nima qilasiz?”, deya yo`ldan qaytarmoqchi bo`lishdi. O`qiganimga yarasha, dunyoqarashi keng, bilimli odamlar davrasida bo`lay dedim. Shukrki, bu niyatim ham amalga oshyapti...
— Mana, ishga oldik sizni, — degandim o`shanda men ham uni o`zimga yaqin olib. — Bemalol ishlayvering. Jamoamiz yaxshi. Hamma bir-birini qadrlaydi, qo`llab-quvvatlaydi.
O`sha-o`sha u bizning ishxonada. Hamkasbimiz, qadrdonimiz. Qisqa vaqt ichida u bilan opa-singildek bo`lib qoldik. Suhbat jarayonida biz uning havas qilgulik oilasi borligini, yigirmadan oshgan o`g`li, o`n sakkiz yoshli qizi borligini bildik. Eng qizig`i, yaxshi joydan qiz topsa, o`g`lini uylantirib yuborishini ham aytdi.
— O`zimga o`xshagan, dangalchi, jaydari kishilar bo`lsa, albatta quda bo`laman, — dedi u menga.
Men uning bu gapini unutib ham yubordim. Aynan bu gapni eshitganimdan bir oylarcha vaqt o`tgach, qarindoshlarimizning to`yiga bordim. U erda ona tomondan qarindosh bo`lgan bir ayol bilan bir dasturxon boshida o`tirib qoldik. Ayol menga hasrat qildi:
— Yolg`izgina qizim bor, bilasiz. Kelajagidan juda qo`rqaman. Bolalikdan tez-tez hushidan ketib qoladi. Jiddiy kasali yo`q. Qanaqadir, miyasida qon yaxshi aylanmasmish. Shunga emish... Buni mahalla-ko`y biladi. Bir-ikkita sovchi kelgandi qaytib ketdi. Qo`ni-qo`shni aytganmi...
— Siqilmang, baxti ochiladi, hali. Nechchiga kirdi? — so`radim men.
— Yigirmaga. Kollejni bitirdi. O`qishga o`zim qo`ymadim. Avtobusda hush-pushdan ketib qolsa... O`zi tengilar to`y bo`libdi. Ko`ryapman, ko`p xayol suradigan bo`lib qolgan. Ichida o`ylasa kerak-da!
Men o`zim tengi bu uzoqroq qarindoshimizni nima deb ovutishni ham, qanday tasalli berishni ham bilmadim. Lekin juda-juda yordam bergim keldi. Axir onaman, uning dilidan kechayotgan hislarni tushunaman. Mening jimib qolganimni ko`rib, u yana tilga kirdi:
— Haligi... do`xtirlarning aytishicha, qizim turmushga chiqsa, xastaligi ham chekinarmish. Bu juda ko`p kuzatilgan hol emish...
— Miyada qon yaxshi aylanmayotgan bo`lsa... Bu...
— Do`xtirlar biladi-ku. Siz yaxshi joyda ishlaysiz. Tanishlaringiz ko`p. Birorta qiz qidirib yurganlar bo`lsa, qizimni tavsiya qiling, bilasiz, odobi, xulqi joyida.
— Xo`p, — dedim noiloj.
Lekin uyga kelganimda ham uning so`zlari qulog`imdan ketmadi. Chin dildan yordam bergim keldi. Qo`limdan kelsa, qizining dardiga davo topsam...
Shifokor bo`lmasam-da, qizning kasalligini davolay olmasam-da, munosib kuyov topib, baxtini ochsam bo`ladi-ku, deb o`ylab qoldim. Tag`in turmushga chiqsa, tuzalib ham ketarkan. Bir yo`la ikkita yaxshilik qilarkanman...
Miyamda tinmay shu fikr aylanadi. Ishda ham shuni o`ylay boshladim. Bir payt yonimga haligi yangi xodimam kirib keldi. Rejalarini ko`rsatgani kelgan ekan. Beparvolarcha daftarini varaqlaganimni ko`rib so`radi:
— Tinchlikmi? Parishonsiz? Biror muammo bormi?
— Yo`q, — dedim o`ychan.
— Siz nimadir yashiryapsiz... — dedi u. — Ayting, qo`limdan kelsa yordam beray...
— E-e-e, bir qarindoshimiz bilan to`yda ko`rishib qolgandim. Yaxshi oila. Bitta qizi bor. Aqlli, hushli... O`zlariga munosib kuyov chiqmayotgan ekan. Shunga siqilib, dardini aytib qolgandi. Xayolimdan ketmay qoldi.
— Yaxshi oilami?
— Ha. Yaxshi. Uzoqroq karindoshimiz. O`ziga to`q. O`g`illarini uylagan. Bitta tashvishi shu qizi-da!
— Qizi nechchi yoshda?
— Yigirmaga kirayapti, shekilli...
— Menga qarang, o`sha qizning surati yo`qmi, sizda?
— Yo`q.
— Olib kelib bering. O`g`limga ko`rsatay. Yoki qarindoshingizga ayting, telegramdan sizga tashlab bersin rasmini. Zora, yoshlar bir-biriga yoqib to`y boshlab yuborsak...
— Yo`g`-e... — dedim birdan xijolat bo`lib.
— Menam qiz izlab yuribman-ku! O`zimga o`xshagan ko`ngli ochiq, dangalchi oila izlayapman. Yoshlar bir-biriga yoqsa bo`ldi-da!
Shu bilan u hol-jonimga qo`ymadi. To internet orqali qarindoshimning qizidan surat olmagunimcha tinchlik bermadi. Xullas, yoshlar uchrashishdi. Bir-biriga yoqdi. Bir oy o`tar-o`tmas to`y boshlanib ketdi. Qarindoshim ham, xodimam ham o`zida yo`q xursand. Tinmay menga minnatdorchik bildiradi. Men ham go`yo savobli ish qilgandek terimga sig`masdim. Ammo bu uzoqqa cho`zilmadi. To`ydan ikki oycha vaqt o`tib, haligi xodimam qo`ng`iroq qildi:
— Ustoz, men biroz kech qolaman. Shifoxonada ushlanib qoldim.
— Tinchlikmi? Sog`lig`ingiz yaxshimi?
— Kelinimning sal mazasi bo`lmadi, — dedi u.
— Tuzukmi? Shifoxonaga tushib qoldimi? — dedim yuragim orqaga tortib. O`sha onda nima qilib qo`yganimni angladim. Axir qiz xasta edi-ku!
To haligi xodimam kelgunicha yurak xovuchlab o`tirdim. Kelganida ham ko`ziga qaray olmadim. Ikki ko`zim kompyuterda til uchida savol berdim:
— Yaxshimi, keliningiz?
— Ha, yaxshi. Yangi kelinning dardi nima bo`lardi? Uyalib ovqat emaydi. Tortinadi. Shungami. Hushidan ketibdi. “Qoni kamaygan bo`lsa kerak”, dedi do`xtirlar. Men ichimda xursand bo`ldim, “Yaxshilikka bo`lsin”, deb. Ayrimlarda boshqorong`ilikda shunday bo`ladi-ku!
— Voy, shunaqa ekanmi? — bir engil tortdim men.
— O`zimcha, yaxshilikka yo`ydim-da!
Mana, olti oydan oshdiki, xodimim ora-sira kelinining hushini yo`qotganini, “Yaxshilikka bo`lishi”ni aytadi. Men esa erga kirgudek bo`laman. Og`irlashib, elkamni gunoh bosib, ezib yuborayotgandek bo`ladi. Qarindoshimizning aytishicha, xodimamning oilasi chindan yaxshi emish. Qizini o`z qizidek avaylarmish, e`zozlarmish...
— Shunday yaxshi quda topib berganingiz uchun rahmat, baraka toping, — deydi qarindoshimiz.
Bu gaplarni eshitganim sari men nadomat batqog`iga botaman. Kasalmand qizni soppa-sog` yigitga ravo ko`rib gunoh qilmadimmikan? Nima bo`lganida ham qizning xasta ekanligini aytishim zarur edi. Shuni o`ylaganim sari dunyoga sig`may ketaman. Bu gaplarni qachongacha yuragimda saqlayman, bilmayman. Maslahat bering, o`zimni bu azobdan qutqarish uchun nima qilay?
KAMINA yozib oldi