Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Xizmat vazifasini suiste`mol qilgan huquq himoyachisi

Бўлимлар: Jinoyat
Теглар: Jinoyat
Добавлено: 09.01.2017, 10:05

Shahrisabz tuman IIB huzuridagi "Qo`riqlash" bo`limi milisiya xodimi Z.Shodmonov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) “Tanhoz” postida hech qanday yo`l harakati qoidasini buzmagan A.Asadovga avtomashinani chetga olishni buyurdi. Bu buyruqning esa o`z maqsadi bor edi. Bu haqida “Huquq” gazetasining 50-sonida batafsil berilgan. 

IIB xodimi Z.Shodmonov haydovchining yoniga kelib, nazorat-tekshiruv tadbiri o`tkazilayotgani uchun hujjatlarini ko`rsatishni so`radi. A.Asadov inspektorning talabiga ko`ra, mashina hujjatlarini uning qo`liga tutqazdi. Inspektor hujjatlarni sinchkovlik bilan tekshirarkan, ko`nglidagi niyatini oshkor qilishni istamay turardi. Mashina hujjatlari joyida bo`lsa-da, haydovchining fuqarolik pasporti yo`qligi uning uchun yaxshigina bahona bo`ldi.

— Fuqarolik pasportingiz yo`q ekan, shu sababli mashinangizni jarima maydonchasiga qo`yishga majburman.

A.Asadov inspektor bilan uzoq tortishdi. Hatto bu kamchilik uchun uzr ham so`radi. Biroq, Z.Shodmonov qonunga bo`ysunishini ro`kach qilib, aytgan gapida turib oldi.

— Nahotki bir iloji bo`lmasa, — dedi A.Asadov IIB xodimi Z.Shodmonovga umidvor ohangda. — Kelishib olsak bo`ladi-ku?!

Z.Shodmonov uchun bu ayni muddao edi. Haydovchining ayni vaqtda hamma narsaga tayyorligini anglab, undan mashinani qaytarib olish evaziga 300 ming so`m berishini aytdi. Haydovchining esa yonida buncha pul yuqligi bois yalinishga tushdi. Z.Shodmonov "sal yumshab", 250 ming so`mga rozi bo`ldi. A.Asadov cho`ntagini kavlab, yonidagi 200 ming so`mni Z.Shodmonovga uzatdi. Qolgan 50 ming so`mni keyin keltirib berishni va`da qildi. Ammo inspektor ham anoyilardan emasdi. Haydovchi ketsa, boshqa qaytib kelmasligini yaxshi bilardi. Shu bois 50 ming so`m zvaziga haydovchining qo`l telefonini garovga olib qoldi.

A.Asadov ertasi kuniyoq uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi. Z.Shodmonov telefonini olib ketish uchun kelgan A.Asadovdan 50 ming so`mni pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo`lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Z.Shodmonovga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.

IKKI DUNYoSIGA O`T QO`YGAN OQPADAR
Yoxud o`z ota-onasini tiriklayin yoqishga qasd qilgan ko`rnamak

O`z ota-onasiga qasd qilish — hatto hayvonlarda ham uchramaydigan holat. Ammo ayrim odamlar borki, ularni hayvondan ham battar deb yuborasan, beixtiyor. “Huquq” gazetasining 2016 yil 15 dekabrdagi 50-sonida aks etgan Farhod Egamov qilmishini eshitgan borki, eti jimirlaydi. 

Rossiyaga ishlashga ketib, 11 yil davomida biror marta ota-onasini yo`qlamagan Farhod Egamov uyiga quruq qo`l bilan kirib keldi.  Shunday bo`lsa-da, Nosir ota bilan Shabon aya farzandlarini kechirib, yana bag`irlariga olishdi. Bir emas, besh marta uylanib ham hayot, oila qadrini anglashga ma`nan ojiz Farhod Egamov avvalgi xotinidan tug`ilgan o`g`li uchun aliment to`lashi haqidagi sud ijro varaqasini ko`rdi-yu, unda yana Rossiyaga ketish ilinji paydo bo`ldi.

—  Menga pul topib beringlar, Rossiyaga ketaman.

—  O`sha joyda pul ekib qo`yilmagandir?! Binoyidek qurilishda ishlay olasan. Shu erda xotin, bola-chaqang oldida bo`lganing ma`qul, — dedi Nosir ota jahli chiqib.

—  Otang to`g`ri aytadilar, bolam. Mana, qizalog`ing Sitorabonuni qara, "dada"laydigan bo`lib qoldi. Komiljoning ham katta bo`p qoldi.

—  Ketaman dedimmi, ketaman! Pul bermasalaring, og`ilxonadagi sigirni sotib bo`lsa ham ketaman!

Farhod qarib qolgan ota-onasiga suyanch bo`lish, ularni boqish, ko`ngillariga qarash o`rniga yana Rossiyaga otlandi. Ammo fuqarolik pasportiga taqiq qo`yilgani bois, Astraxandan ortga qaytdi. Cho`ntagida hemiri yo`q, yarim tunda uyiga kirib kelgan o`g`ilga ota-onasi pul topib bera olishmadi. U xotinining tilla ziragini taksi haydovchisiga kira haqi o`rniga berib yubordi.

Ota noqobil farzandidan bezib bo`lgan edi. Kelini Xurshida qaynotasining oldiga o`g`liga nasihat qilishlarini so`rab kelganida, o`ylay-o`ylay, bir qarorga kelgan ota o`g`lini huzuriga chaqirdi.

—  Yakshanbagacha senga muhlat. Ro`zg`oringni alohda qilib beraman. Inson yashash uchun harakat qilishi kerak. Qachongacha onang bilan mening pensiyamga yashaysan, axir! Vijdon bormi, senda?!

Bu kabi tanbehu janjallar kunora davom etar, ota-ona va o`g`il o`rtasidagi munosabatga allaqachon darz ketib bo`lgandi.

2016 yil 25 yanvar kech soat 18:00 larda bojasining to`yiga otlangan Farhodning ko`ziga qarib qolgan ota-onasi eng xavfli dushmandek ko`rinib ketdi. To`yda spirtli ichimlik iste`mol qilgan Farhod uyga qaytdi.

Yotgan xonalariga qo`qqisdan kirib kelgan o`g`lini ko`rib, qo`rqib ketgan ona bir cho`chib tushdi. O`g`lining jahl va qahrini ko`rib, yuragi tubida og`riq sezdi.

—  Meni haydaganlaring uchun bu uyni yoqib yuboraman! — deb baqirdi Farhod.

Aslida ota-onasini tiriklayin yoqib yuborishni rejalashtirgan o`g`il qo`shni qishloqlik tanishidan 2 ta elim idishda benzin ham keltirib qo`ygan edi.

Xona ichiga benzin sepib, o`t qo`ygan ko`rnamak farzand eshikni orqadan tanbalab qo`ydi. Dod-faryodni eshitib, yordamga kelgan kelin qaynona-qaynotasini qutqarib qoldi.

Sud hukmiga ko`ra, Farhod Egamov 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA