Adham Soliev hech qaysi xonandaning xayoliga kelmagan joyda konsert bermoqchi

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар:
Добавлено: 09.01.2017, 10:11

O`zining noodatiy musiqa yo`nalishiga ega, xalq tilidan, xalqchil so`zlar bilan hayotiy mavzularda ijod qilishi bilan e`tiborni tortgan xonanda, Nihol mukofoti sovrindori Adham Soliev bugun “Men haqimda” loyihasi mehmoni.

Ijodda kamnamo(mi?)

— So`nggi paytlarda Adham Soliev ko`rinmay qoldi, degan gaplarga umuman qo`shilmayman. Chunki ijodim avvalgidan-da faollashgan, faqat izlanishda va ijoddamiz. Bu mehnatlarimizni har kuni muxlislarga TV orqali taqdim etish uchun mablag`im etmay qoladi ba`zida. Chunki bugun televideniedagi aksariyat teledasturlar, yangi qo`shiqlar premerasi to`lov-shartnoma asosida. Har biriga to`lov to`lab, reklamaga pul sarflashga to`g`ri kelyapti. Lekin bu fikrim bilan teleradiokanallarni qoralashdan juda yiroqman. Hamma o`zining ishi, vazifasi bilan band. Xizmatlar pullik degani bilan ayrim musiqiy teleradiokanallar muxlislar talabidan kelib chiqib ijod mahsullarimni berib turishibdi. 

“Adham ko`rinmay qoldi” deyayotgan muxlislarim uchun maxsus konsert dasturimizni tashkillashtirish rejalashtirilgan. Rejissyor Sa`dulla Abdullaev bilan hamkorlikda shu yili yakkaxon dastur bo`ladi. Ammo bu doimgidek “Istiqlol” san`at saroyida emas. Ishonch bilan aytamanki, 2017 yilda beriladigan konsert dasturim uchun tanlangan joyda hali hech qaysi xonanda konsert bermagan. Tog` yon bag`ridagi bu uchrashuv ko`plarning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishiga ishonaman. 

Xit

— Xit yaratish faqat mening qo`limda emas. Bu g`oyibdan keladigan bir sehr deb bilaman. Har bir xonanda va shu o`rinda men ham har bir yozilayotgan qo`shiqning omadli chiqishi, hammaga ma`qul kelishini, unga talab ko`payishini xohlayman. Ammo bu faqatgina biz ijodkorlarning qo`lidagi ish emas ekanini tushunib etish kerak. Eng asosiysi harakatdamiz. Masalan, kuni kecha to`yxonadagi vaziyatlardan ta`sirlanib, qo`shiq yozdik. Boshqa xonandaning fonogrammasiga faqat labini ishlatib turadiganlarga atalgan qo`shiq. Haqiqiy iste`dodlar chetda qolib, san`at shundaylarga qolib ketayotganini muammo sifatida kuyladim.

Muammo.

— Ochig`ini aytganda bugungi kun muxlislari avvalgidek san`atkorlarni hurmat qilishmaydi. Bunga xalq oldida biroz tarbiyasizlik qilib qo`ygan san`atkorlarning o`zi aybdor! Bizning safda ham nomimizni bulg`ab yurganlar juda ko`p. Men ana shundaylarni kamaytirgan va ularning o`rniga haqiqiy iste`dodlarni qo`llab-quvvatlagan bo`lardim. Chunki sofdil, mehnati bilan yuzaga chiqib kelayotganlar yomonlarning kasriga qolmasligini istayman.

Do`stlar

— Mening aksariyat do`stlarim bu hamkasblarim. Abdurashid Yo`ldoshev, Doston Ubaydullaev, Muzaffar Abduazimov, Anvar Sanaev, Farhod Saidov, Zokirjon Ochildievlar bilan men doim iliq do`stona munosabatdaman. Hech qachon ular bilan “sen-men”ga bormaganmiz. Yaxshi-yomon kunlarda doim bir-birimizni qo`llab-quvvatlab kelamiz. 

Xobbi

— Aslida tabiatdan juda ko`p narsalarga qiziqaman. Shu qatorida gullarni parvarishlash ham menga zavq bag`ishlaydi. Qishin-yozin  yam-yashil bo`lib turgan tabiatdan bahra olishni yoqtirganim uchun shu yil qishki bog`imni yaratdim. Turli xil katta-kichik gullarni ekib, ularning iforidan sarxush bo`lyapman. Charchaganimda ham ana o`sha bog`da dam olishni yoqtiraman. 

Farzandlar

— Ikki o`g`lim bor. Kattasining ismi Faxriddin Umarov. Dadam Umarxonning dadasi, ya`ni bobom, ustoz hofiz Faxriddin Umarovni juda yaxshi ko`rar edilar. Gaplarining birida “Bitta ham o`g`limga Faxriddin deb ism qo`ya olmadim-da” degan ekanlar. Shunda dadam o`z ismlarini o`g`limga sharif qilib berib, ismini Faxriddin deb qo`yganlar. To`ng`ichimning boshqa bolalarga o`xshab oddiy o`yinchoqlar o`ynab o`tirganini ko`rmayman. Doim qo`lida mikrofon yoki musiqiy asboblar chalib o`tiradi. San`atkor bo`lishni juda istaydi. To`g`risi, o`zim bunga qarshiman. Tajribadan kelib chiqib farzandimga kasbning qiyinchiliklarini unga ravo ko`rmayman. Kenjam 3 yarim yosh — Asliddin Soliev esa hozircha akasining aksi. 

Aliya SULAYMANOVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии