Mahmud Nomozov va Sardor Rahimxon jonli ijro, ruhshunos qabuli va sevginig qudrati haqida

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар: Xonanda, Shou-biznes
Добавлено: 09.01.2017, 10:39

Har bir insonning o`ziga xos dunyosi, yoshiga monand qarashlari bo`ladi. Tajriba deganlari o`z so`zini aytmasdan qolmaydi, axir. Loyihamizning navbatdagi mehmonlari ko`pning mehriga musharraf bo`lgan ijodkorlar. Ularning savollarimizga tajribasidan kelib chiqib bergan samimiy va rost javoblari hukmingizga havola. 

Mahmud NOMOZOV, O`zbekiston xalq artisti: 
2017 yil uchun ko`zlagan rejalarim bir talay. Bu yil muxlislarga konsert dasturi taqdim eta olmadim. Kelayotgan yilda esa konsert qo`yishni maqsad qilganman. Ijodda yangiliklar qilish, yangi qo`shiqlar yozish, ularga klip suratga olish kabilar haqida hozirdanoq fikr yuritayapman.

Jonli ijro, aslida, qiyin bir masala emas. Samimiy, qadrdon davralarda kayfiyat a`lo, salomatlik joyida bo`lsa, bemalol 4-5 soat jonli ovozda kuylashim mumkin. O`zingizga ma`lum, to`ylarimiz ham to`rt soatdan kam bo`lmaydi. Mehmonlarning zavqini ko`rib, biz ham charchoq nimaligini bilmay xizmat qilamiz. Bir so`z bilan aytganda, san`atkor ruhlansa va ovozini zo`riqtirmasa, ortiqcha hayajon va majburiyatlardan yiroq bo`lsa, jonli kuylash qiyinchilik tug`dirmaydi. Aksincha, avvalo xonandaning o`zi bundan rohatlanadi.

Mening «qo`shig`im». Oxirgi eshitganlarim ichida Sardor Rahimxonning «Dunyoni bering bolajonlarga» degan qo`shig`idan ta`sirlandim. San`atkor sifatida havas qildim, mavzu ham, ijro ham, kuyi ham juda yaxshi. Internetda eshitishim bilan izoh yozib qoldirgandim. Keyin xonandaning o`zi bilan uchrashib qolganimda mening ko`nglimdan kechganlarni kuylaganini aytdim. 

Klip qo`shiqning ommalashishini ta`minlaydi. Chunki reklama vazifasini o`taydi. Masalan, «Ko`za» taronasi klipi bilan mashhur bo`lgan. Ayrimlarda savol tug`iladi, san`atkor zo`r qo`shig`iga klip olishi kerakmi yo haminqadarrog`ini klip bilan boyitishi lozimmi? Bilmadim. Fikrimcha, ommaga taqdim etiladigan har bir qo`shiqning ustida puxta ishlash kerak. O`zimiz uchun tor davralarda kuyladiganlarimiz yo`rig`i boshqa. Lekin xalqqa taqdim etayapmizmi, so`zidan tortib klipigacha bamaslahat ish ko`rish kerak. Biror she`rning so`zlari yo mavzusi yoqib qolsa, meni uni avvalo shoirlar, tilshunoslarga ko`rsataman. Musiqa, klip suratga olish borasida ham ko`p bilan kengashganni ma`qul ko`raman. Shuning uchun talabalarim va yosh xonandalarga doim «Vaqt va pulingizni bekorga sarflamanglar, atrofdagilar bilan maslahatlashib, keyin qo`shiq yozinglar», deb ta`kidlayman.

Chegara. San`atkor sifatida o`zimga qo`ygan cheklovlarim bor. To`g`ri, ko`pchilikka taqiqlar yoqmaydi, ijod ahli chegara bilmaydigan erkinlik istaydi, deyishadi. Ammo bu degani odob-ahloq me`yorlari, qonun-qoidalarga ko`z yumish mumkin degani emas. Chunki ular bekorga yaratilmagan. Chegaralarning asl ma`nosini tushunib etsangiz, aksincha muvaffaqiyatingiz kafolatlanadi. Urf-odatlarni, tamoyillarni hurmat qilish insonning o`zini hurmat qilishidan darak.

Ruhshunos qabulida bo`lmaganman. Lekin ularga ishonaman. Psixologiya oid kitoblarin o`qib bildimki, ruhshunoslar aqlli va dunyoqarashi boy odamlar. Ular bilan gaplashish insonga ruhiy engillik bersa kerak, chunki yaxshi suhbatdosh bo`la olishadi, nazarimda. 

Sevgi... Katta harflar bilan yoziladigan tuyg`u! Uni bir-ikki og`iz so`z bilan ifodalab bo`ladimi? Inson sevib yashasagina yashaydi. Hayotga, Vatanga, oilaga, jufti haloliga, bolalariga muhabbat qo`yish... Menimcha, cheksiz sevgini tuygan insonlar baxtlilar safida bo`ladi.

Ayol va karera. Xo`sh, ayol kishi karera qilishi shartmi? Bu har kimning o`z tanlovi. Ayrim ayollar bolalar tarbiyasi, ro`zg`or yumushlari bilan qanoatlanishadi. Ba`zi ayollar esa ilm qiladi, jamiyatda yuqori o`rinlarni egallashadi. Albatta, karera qilaman degan ayolni umr yo`ldoshi tushunishi, qo`llashi lozim. Qachon qo`llaydi? O`zaro ikkisi bir-biri bilan til topisha olsa, hamfikr bo`lsa. Ayol uyda o`tiradimi, ishlaydimi, erini tushunishi va ziyrak bo`lishi lozim. Rafiqam mutaxassisligi bo`yicha hamshira. Bir muddat ansamblda qo`shiq kuylagan. O`n kunlab xizmat safarlarida yurib uyga qaytganimda biror marta janjal bilan kutib olmagan. Men haqimda ham gap-so`zlar bo`lgandir, ularni ayolimga etkazguvchilar ham topilgandir. Lekin biror marta dedi-dedilar bilan boshimni qotirmagan. Ehtimol, san`atimni tushunmaganida, san`atkor ekanligimni inobatga olib, muomala qilmaganida, bugungi drajaga erishmagan bo`larmidim? Demoqchimanki, oilada kim karera qilsa ham, ikkinchi tomonning unga to`g`ri munosabat bildirishi muhim.

Mutolaa. Tan olaman, oxirgi paytlarda  psixologik maqolalar, buyuk shaxslar hayotidan parchalarni ko`proq o`qiyapman. She`r mutolaasi esa har kungi ehtiyoj, bu odatga aylangan. O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning umrining so`nggi oylarida yozganlarini meni juda ta`sirlantirdi. 

Dunyoni qutqarishga qodir kuch, bu —  muhabbat. Oilaning ustuni sevgi, yurt istiqbolining, xalqlararo tinchlikning zamirida ham muhabbat yotadi. Inson sevganiga, muhabbat qo`ygan narsasiga ozor berolmaydi-ku axir. 

Sardor RAHIMXON, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: 
2017 yil... Tinchlik, ko`ngil hotirjamligi, baxt-saodatga, qisqasi, faqat yaxshiliklarga boy yil bo`lishini kutyapman. Yangi yilda nasib etsa, onamni hajga yubormoqchiman. Yangi saylangan Prezidentimizning nutqlarini tinglab, turli jabhalarda katta o`zgarish va yuksalishlar bo`lishidan xursand bo`ldim.   

Jonli ijro... 4-5 soatlab jonli ijroda kuylay olaman. Jonli ijroda kuylagan xonandaning o`ziga bo`lgan ishonchi yanada oshadi, imkoniyat darajasini to`g`ri baholay oladigan bo`ladi. Qolaversa, bu vaziyatda xonanda va tomoshabin orasida ham jonli muloqot yuzaga keladi. Lekin afsuski, jonli ijroni hamma ham birdek tushunavermaydi. Shu bois istalgan davrada jonli ijroda qo`shiq kuylanmaydi. E`tibor, olqish bo`lgan davradagina mamnuniyat bilan jonli ijroda kuylash mumkin. Yurakdan kuylaganingni qadriga etishmasa, istalgan san`atkorning hafsalasi pir bo`lishi turgan gap. Shaxsan o`zim e`tibor bilan tinglanadigan davradagina jonli ijro bilan yig`ilaganlarni xushnud etaman! Bu o`zini hurmat qilgan san`atkorning prinsipi, deb bilaman. 

Mening qo`shig`im... Juda ko`p qo`shiqlarni jon-dilim bilan tinglayman. Xorij estradasidan Andrea Bochelli, Lara Fabian va o`zbek estradasidan Sevara Nazarxonning ijodiga mehrim bo`lak. Lekin aynan mening dardim aks etgan qo`shiq bor, deyolmayman.  

Klip. Bugungi kunda, albatta, qo`shiqlarning ommalashishida klipning o`z o`rni bor. Lekin bor kuch va urg`uni klipga qaratish noto`g`ri. Har bir qo`shiqning o`z poydevori bo`lishi shart! Boshqa xonandalardan ajralib turish uchun qo`shiqqa klip suratga olish zaruriyat bo`lib qoldi. Bu vaziyatda klip qo`shiqni mazmunan to`ldiradi. Biroq qo`shiq matn, musiqa, ijro bilan bir butun bo`lishi kerakligini unutmaslik lozim. Masalan, «Do`st» qo`shig`im qisqa fursatlarda klipsiz ham muxlislar ko`nglidan joy olib ulgurgan. Klip orqali ommalashgan qo`shiqlarim: «Bombey», «Iya-iya». Bu ijod namunalarim o`zimga u qadar yoqmaydi va mazmunan boy qo`shiqlar ham, deyolmayman.

Chegara. Har bir san`atkor o`ziga qandaydir cheklovlar qo`yishi tabiiy hol. Sahnaning talablariga javob berish maqsadida deyarli o`n yildan buyon non emayman va vaznimni bir me`yorda ushlab turishga harakat qilaman. Asosiy cheklovlar: istalgan erga borolmayman, ovqatlana olmayman, oilam bilan sayr qilib, dam ololmayman. 

Har qanday vaziyatda bizni taqlid qiladigan tomoshabinga o`rnak bo`la oladigan darajada yurish vazifamiz.      

Ruhshunos qabuliga bir marotaba borganman va tajribamda qayta bunday qabullar kuzatilmagan. Chunki ruhshunosga ehtiyoj sezmaganman. Yillar chig`irig`i, sinovlar odamni ruhshunos qilib qo`yar ekan.

Sevgi... bu, — HAYoT! Bizni o`rab turgan butun borliq sevgidan iborat. Istalgan narsaga mehr bilan yondashsangiz, u sizga baxt bera oladi. «Sevgiga ishonmayman!» deydiganlar aslida o`zini-o`zi aldaydi.

Ayol va karera. XXI asrda yashayotganimizdan kelib chiqsak, ayol kishini to`rt devor orasida o`tirishini tasavvur qilish qiyin. Ayollarning jamiyatdagi o`rni katta. Shu bois ham oilasiga halal bermaydigan, turmush o`rtog`i bilan munosabatlariga putur etkazmaydigan ishda ishlab, karera qilsa, nur ustiga a`lo nur. 24 soat bir erda o`tirish odamning ruhiyatiga salbiy ta`sir qiladi. Natijada asabi emirilib, oila a`zolari bilan munosabatlariga darz ketishi hech gap emas.

Mutolaa. Oxirgi o`qigan kitobim Oybekning «Bolalik» kitobi. Katta qiziqish bilan mutolaa qildim va menga juda manzur bo`ldi.

Dunyoni qutqarishga qodir kuch — mehr-muhabbat, oqibat!

Shoira ShAGIAHMEDOVA
Sadoqat ALLABERGANOVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии