Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Nasiba Abdullaeva yosh ko`rinishi siri, nabiralari tarbiyasi haqida

Бўлимлар: Shou-biznes
Теглар: Xonanda, Shou-biznes
Добавлено: 09.01.2017, 11:15

Maftunkor, jozibali, xushmuomila, kamtar... O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva haqida bunday ta`riflar uzoq davom ettirish mumkin. U uzoq yillik faoliyati davomida muxlislar mehri va ishonchini qozona olgan san`atkorlardan. Nasiba Abdullaeva bilan bugun bolalik, oila va nabiralar haqida suhbat qurdik. 

— Kirib kelgan yangi 2017 yil bilan chin dildan qutlaymiz. Boshlangan yil xonadoningizga fayzu-baraka va quvonch olib kelsin. 

— Rahmat! Men ham sizlarni hamda muxlislarimizni yangi yil bayrami bilan chin dildan tabriklayman. 

— Nasiba opa, yangi yil bayramini qanday kutib oldingiz? Bu bayram bilan bog`liq biror bir oilaviy an`analaringiz bormi?

—  Oilamizning eng sevimli bayramlaridan biri bu — Yangi yil. Bayramni qaerda nishonlamaylik doim oilaviy — o`g`illarim, kelin va nabiralarim bilan birga kutib olishga harakat qilamiz. Uni oilaviy urf-odatlarga ko`ra, asosiysi o`zaro mehr-muhabbat bilan o`tkazamiz. 

— Bolalikdan xotirangizda saqlanib qolgan yangi yil bayrami haqida  gapirib bersangiz.

— Har gal yangi yil kelganda, bolaligimdagi katta archani eslayman. Dadam, bu bayramni juda ham yaxshi ko`rishimni bilib, har yili  uyimizning shiftiga tegadigan, uzun archa daraxti olib kelardilar. Uni bezatish jarayoni ham alohida zavq bilan o`tardi. Aka-opalarim bilan birgalikda o`zimiz o`yinchoqlar yasardik. Bu bayram oilaviy nishonlanishi bilan bolalik xotiralarimda saqlanib qolgan. 

—  Yangi yil boshlanishida o`tgan yilni sarhisob qilasizmi?

—  Yo`q. Chunki bir yil ichida nafaqat mening, balki butun bir xalqning boshidan yaxshi-yomon kunlar o`tadi. Menimcha kun, oy, yilimiz qanday o`tishidan qat`i nazar hayotimizga, yashayotganimizga, tinchligimizga shukrona aytishimiz kerak. O`tib ketayotgan yildan minnatdor bo`lmay turib, kirib kelayotgan yangi yildan yaxshilik kutish noto`g`ri, deb hisoblayman.

— Nabiralaringiz haqida ham gaplashsak... 

— Bilasizmi, nabiralar tug`ilishi bilan hayotim tamoman o`zgarib, unga yangi mazmun kirib kelganini his etdim. Va shunda hayotning eng qiziq va qadrli pallasi kelganini his etdim. Hayotim yangidan alanga ola boshladi. Ko`pchilik “juda yosh ko`rinasiz o`zingizga ham seziladimi?” deb so`rashadi. Axir atrofimda faqat yoshlar va bolakaylar, uyimning har bir burchagidan yoshlik, bolalik, beg`uborlik quvvatini olsam, kimga qarab keksayishim kerak? Aksincha ular bilan birga qalban yasharib boryapman-da (jilmayib qo`ydi).

Har bir ota-ona uchun o`z farzandi eng yaxshi, eng yoqimtoy, eng tengi yo`qdek tuyiladi. Shuningdek, men ham nabiralarim haqida faqat yaxshi gaplarni gapirishim mumkin. Ularning o`ziga yarasha fe`l-atvori, injiqliklari va dunyoqarashi bor. Har biriga bo`lakcha mehr va e`tibor bilan qarayman. Ular nafaqat nabiralarim, balki do`stim, kezi kelganda maslahatchilarimga ham aylanishgan. Hatto tasvirga olish ishlariga chiqib ketayotganimda ham tashqi ko`rinishim borasida ularning fikrlariga quloq tutaman.

— Ular qorboboga ishonishadimi?

— Kattalari ishonmay qo`yishgan, kichiklarida esa hali ishonch bor. Gap qorboboga ishonish yoki ishonmaslikda emas. Asosiysi, yangi yil sehri, bayramning mohiyati yo`qolmasa bo`ldi. Qorboboning egnidagi shunchaki niqob ekanini bilsak-da, hamon unga hayrat, o`zgacha iliqlik bilan qaraymiz. Ya`ni yilda bir marta — ushbu bayramda bolaga aylanib qolamiz.

— Nabiralar bilan vaqtingizni qanday o`tkazasiz?

— Birga o`ynaymiz, toychoq bo`l desa bunga ham rozi bo`laman. O`yinchoqlardan biror bir narsa qurishni, surat chizishni yaxshi ko`ramiz. Shuningdek sayr qilish, hayvonot bog`iga borish ham jon-u dilimiz. 

— Bolalarning hamma injiqliklarini so`zsiz bajarasizmi?

— Ko`tarsa bo`ladigan injiqliklar bilan birga bolani tarbiyasiga ta`sir etadigan erkaliklar bor. Asosiysi, ana shu ikki narsani ajrata bilish kerak. Bolaga biror narsani gapirib, nasihat qilgandan ko`ra unga o`rnak bo`la olish lozim, deb hisoblayman. Chunki bola ko`proq eshitganini emas, ko`rganini takrorlaydi. Farzandlarimga ham nabiralarimni urushmasdan, ular qilayotgan ishning noto`g`ri ekanini amalda ko`rsatib berish kerak, deyman.
 

O`zim ham bu tarbiyaning to`g`ri va oson yo`li ekanini tushunib etdim. Lekin buni nabirali bo`lganimdan keyingina tushunib etganman. Chunki, inson o`z farzandlarini tarbiya qilib, voyaga etkazib tajribasi oshib borarkan. Shuning uchun ham har bir oilada bobo va buvining o`rni katta deyishadi. Yosh ota-onalar ham farzand tarbiyasidagi maslahatlarni aynan yoshi kattalardan olgani ma`qul deb hisoblayman. 

— Oilangizda faqat o`g`illar, nabiralaringizning beshtasi ham o`g`il. Ularda ko`proq qaysi jihatlarni shakllantirishga harakat qilasiz?

—  Ularning barchasi kun kelib, ulg`ayishadi, bir oilaning boshlig`i, yo`lboshchisiga aylanishadi. Shu sabab erkak kishining fe`lida qaysi jihatni hurmat qilsam, ana shularni nabiralarimning tarbiyasiga singdirishga harakat qilyapman. Masalan, erkak kishi bir so`zli bo`lishi kerak. Aytgan gapida, va`dasida tura bilishi, xatti-harakatlariga javob berishi shart. Shuningdek, do`stlik, samimiyat, yolg`on gapirmaslik  va hayotda eng yaqin insonlari — ota-ona, aka-uka va oila a`zolariga mehribonlik haqida ko`p gaplashamiz. Nabirlarimdan birining har zamonda “Osh pishirib, mehmon chaqiraylik” deydigan odati bor. Bu bilan u yaqinlari diydorini sog`inganini bildirib turadi. Bu ham mehr-oqibatdan dalolat.  

— So`nggi paytlarda Shohruxxoning “Aldamadim” qo`shig`ini maroq bilan tinglayotgan ekansiz? U nimasi bilan sizni o`ziga rom etdi?

— Haqiqatdan ham bu qo`shiqni juda mazza qilib tinglayapman. Ishonsangiz, mashinada Samarqanddan Toshkentga kelgunga qadar qayta-qayta tinglab, Shohruxxonga jo`r bo`lib kuylab keldik. Ayniqsa, musiqa qismini eshitganimda ko`nglim yayradi. Bu qo`shiqning musiqasida o`zimga yaqin ohanglarni topganday bo`ldim. Hamma san`atkorlar bilan salom-alik qilamiz, kuylagan qo`shiqlarini eshitamiz. Biroq birgina musiqa ikki ijodkorni o`zi sezmagan holda yaqinlashtirib qo`yar ekan. “Aldamadim”dan keyin men Shohruxxoni o`zim uchun qayta kashf qildim. 

— Bir nechta yosh ijodkorlar bilan duet kuylaganingizni bilamiz. Samandar, Sardor Rahimxon, Ja`far, Kaniza... Nega aynan ular?

— Xonanda yigitlar bilan kuylaganimga sabab, ular menga yaxshi ijodiy ish taklif qilishgan. Ular taklif qilgan musiqa o`zimga ham yoqqan. Men uchun yuragimni jizillatadigan qo`shiqdan ortiq qimmatroq sovg`aning o`zi yo`q. Bundan tashqari xonandalarni taniganim, bilganim va albatta ijodidan xabardor bo`lganim uchun rozi bo`lganman. Kanizada esa boshqacha holat bo`lgan. Uning ijod yo`nalishi menikidan tubdan farq qilsa-da, meni o`zi uchun ustoz deb bilar ekan. Shuning uchun mening reperuarimdagi qo`shiqni birga kuylashni taklif qildi. O`zi uchun esdalik bo`lib qolishini istagan ekan. Rozi bo`ldim. Iltimosini erda qoldira olmaganman. Bu duet u uchun mahorat darsi bo`lgan deyish mumkin. Lekin tinglovchilardan turli fikrlar eshitdim. “Nega? Nima uchun?” deb tanqid qilganlar ham uchradi. Bilasizmi, ba`zida o`zimizga yaxshi, omadli ko`ringan ijod mahsuli ham barchaga birdek yoqmasligi mumkin. 

— Ayni kunlarda eski qo`shiqlaringizni qayta kuylab, ularni albom shaklida taqdim etishni rejalashtirayotgan ekansiz?

— Aslida, bu albom 2016 yilda taqdim etilishi kerak edi. Unda retro qo`shiqlarimizni, bugungi musiqiy guruh va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, qayta kuylagan holda albom shaklida taqdim etishni rejalashtirgandik. Biroq qo`shiqlarimni saralash davomida, tinglovchilar talab qilayotgan qo`shiqlar bitta albomga sig`masligiga amin bo`ldim. Shuning uchun bir emas, bir nechta disklardan iborat yangi “Nastalji” nomli turkum albomni muxlislar e`tiboriga havola etishni rejalashtirdik. 

— Maroqli suhbat uchun rahmat. 2017 yilda omad hamrohingiz bo`lsin!

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir Alisher XOLXO`JAEV

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

17.11.2017, 16:07
16.11.2017, 18:54

Shou-biznes

SUG'DIYONA

18.11.2017, 18:25