Долзарб мавзулар Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Otasiz o`tgan dabdabali to`y

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар: Xikoya, SUGDIYONA
Добавлено: 09.01.2017, 15:39

Xurshida yangi, hali bo`yoq hidi ham ketmagan uyining ko`rkiga ko`rk qo`shib turgan pardalarni tomosha qilib, jilmayib qo`ydi. Keyin o`ng oyog`ida turgan og`riqdan og`rinib, yumshoqqina mebelga o`tirdi. Oyog`ini silarkan, xayol qildi. «Shuncha yil bekorga ishlamabman. Savil oyog`im pand bermagan-da, o`g`lim mashinali ham bo`lib qolardi», deb o`yladi. Shu jiringlagan telefon ekranidagi etti bilan boshlanuvchi uzundan-uzun raqamni ko`rib, eri qo`ng`iroq qilayotganini tushundi-da, tez javob berdi.

— Assalomu alaykum! Dadasi, yaxshimisiz?

— Yaxshiman, — shoshib uydagi hol-ahvolni so`ragan Akrom asosiy gapga ko`chdi. — O`g`lingga qiz topildimi?

— Ha! Kecha opangiz bilan sovchilikka borib keldik. Ko`nishdi, — dedi Xurshida. Erining aytajak savollarini chamalab, o`zi javob berishga tushdi. Axir shuncha joydan qo`ng`iroq qilishning daqiqasi falon pul turadi. — Tanisangiz kerak Maqsud akani. Huv, shifoxonaning ko`chasida uyi. O`zi shifoxonada hisobchi bo`lib ishlaydi. Xotini hamshira. Qizi ham onasining izidan borgan ekan. O`tgan yili o`qishni tugatibdi.

— Eslolmadim. Mayli, qachonga belgiladinglar to`yni? — shoshib so`radi Akrom.

— Bilmadim. Qiz uzatishga tayyorgarligimiz yo`q, deb o`tirishibdi. Men tez o`tkazib olishimiz kerak, deya tayinladim. Shu oyning oxiriga to`yxonani ham gaplashib qo`ydim, — deya Xurshida hisobot berishda davom etayotgandi, eri gapini shartta bo`ldi.

— Bugun o`g`lingning nomiga besh yuz jo`natdim. Olinglar.

— Xo`p, dadasi, xo`p, — dedi pulning daragini eshitgan Xurshida uni nimaga ishlatishini xayol qilib.

— Bo`pti, yaxshi o`tiringlar, hammaga salom ayt, — deya turmush o`rtog`i ham go`shakni qo`ydi.

Xurshida oyog`ida og`riq biroz bosilgandek bo`lgach, oshxonaga chiqdi. Qizi kuymalanib nimadirlar pishirayapti. Xurshida doim Sevaraga qarab hayron qoladi, qo`li biram shirin, biram pazandaki. Mana, hozir ham rogalik shaklida tugilgan somsalar pishirayapti. Bittasini qo`liga olib eb ko`rdi-da, mazasidan oh-oh deb yubordi.

— Muncha mazali bo`lmasa!

Qizi rahmat deb qo`ya qoldi. Xurshidaning xayoliga yillab chet elda yurganiyu Sevara pishir-kuydirni qo`shni kelinchakdan o`rgangani kelmadi. O`g`lini uylantirgach, qizini ham uzatishni o`yladi faqat.

— Dadang salom aytdi, — dedi oshxonaning chiroyini ochgan mebellarga ko`z yugurtirib.

— Salomat bo`lsinlar, — deya ko`zlari porlab ketdi Sevaraning.

— To`y qachon deb so`rab yotipti dadang ham.

— Kelishga chipta olib qo`yishi kerak-da, dadam, —  dedi qizi tugilgan somsalar yuziga tuxum sarig`ini surtarkan.

— Dadang to`yga kelmaydi, — Xurshidaning tiliga bu so`z shunchalar oson ko`chdiki, xuddi otaning o`z o`g`lining to`yiga kelish-kelmasligi hech qanday ahamiyat kasb etmaydigandek. Sevaraning ko`zlarida quvonch hayratga aylandi:

— Nega? Akam uylanayapti-ku!

— Dadang uylanayotgani yo`q-ku, — deb onasi qo`poldan-qo`pol hazil qilib, kulib yubordi. Soniyalar ichida qizining ko`zlaridan yosh dumalayotganini ko`rib, uni yupatish niyatidami yoki o`zini oqlash maqsadami, gapida davom etdi. — Dadang ishidan bir kun ham javob so`ray olmaydi. Mehnat ta`tili berilmasa bunaqa ishlarda. To`yga kelib-ketishga bir hafta vaqt ketadi. Etti kun ishga chiqmadi degani, yog`lik joydan quruq qoldi degani. Buning ustiga, o`sha kelib-ketadigan yo`lkira puliyu bir haftalik ish haqiga dong`i ketgan artistni to`yga chaqirishimizni otangning o`zi aytdi, — deb sapchib o`rnidan turdi. Sevara onasining voy-voylab shoshib uyga kirib ketayotganiga ahamiyat ham bermadi, qo`lida somsalar tugilgan patnisni ko`tarib, gaz pechining ochiq eshigiga tikilib qoldi.

Sevara esini tanigandan buyon qaysi quvonchli kunda, bayramda, tug`ilgan kunida butun oila jamuljam bo`lganini eslay olmadi. Avvaliga onasi xorijda ishladi. Yilda bir marta kelardi, xolos. Mana, ikki yildirki, oyog`idagi og`riq sabab uyda o`tiribdi. Hali ko`chib kelishganini ikki yil bo`lmagan uy ham onasining uydan uzoqda o`tgan kunlarining hosilasi. Endi dadasi xorijda ishlashni boshladi. To`y bahona dadamga uyga keladi deb yurgan Sevara hali ham akasining to`yi otasisiz o`tishini tasavvur ham qilolmayotgandi.

«Nahotki, dadam yakkayu yolg`iz o`g`lining baxt to`yiga kelmasa? Axir to`y-tomoshalarni yaxshi ko`rardi-ku juda. Shuncha ter to`kib, to`yga-to`yga deb pul ishlab topib jo`natayapti. Uyning ta`miridan ko`ngli to`lmagan onasi yana qaytadan «remont» qildirdi. Shunga ketgan pulga kelib ketsa ham bo`lardi-ku! Akasiga otasi oq fotihani kim beradi?» Shu xayollar ichida o`tirgan Sevaraning hushini onasining shang`illagan ovozi uchirdi.

— Bo`lmaydi u artist! Ovsinimning o`g`li uylanganida ham o`sha kelgan. Mening to`yim unikidan zo`r bo`lishi shart. Puli qimmat bo`lsa, biz aytganni gaplash. Vaqti yo`q, deysanmi, unda qo`shaman ustiga deb ko`r-chi, — derdi Xurshida qo`l telefonini qulog`iga tutib asabiylashgan holda.

Ovsinining o`g`linining to`yini videoda qosh chimirib ko`rgan Xurshida «Asrorning to`yini bundan ham dabdabali qilaman!» deya yana xorijga ketish jadaliga mingandi. Oyoqdagi dard oyog`iga bolta bo`lmaganda ketardi ham. Hech ilojini topolmagach, o`g`lining o`qishi borligi sabab tuppa-tuzuk ishda ishlaydigan erini jo`natib yubordi. Mana endi, orzusi ushalayapti.

Sevara avvaliga kichkina ammasiga yig`ladi. «Dadamga ayting, to`yga kelsin», deb. Ammasi kelinoyisiga shu mavzuda gap ochib, baloga qoldi. Shu bilan to`ygacha arazlab ketdi.

Akasiga «marosimlarlarni kamxarjroq o`tkazib, dadamni to`yga olib kelaylik», deganni ham foyda bermadi, Asrorning poytaxtdan kursdoshlari kelarmish, uyatga qolmasligi uchun kuyov navkarda eng so`nggi rusmdagi bir xil mashinalar bo`lishi shart ekan.

To`ydan bir kun oldin dadasi uyga qo`ng`iroq qilganida go`shakni ko`targan Sevara «Salom», deyishi bilan yig`lab yubordi. Dadasi ham nima deyishni bilmay lol qoldi. Oxiri «Qizim, sening to`yingga, albatta, boraman!», deb go`shakni qo`ydi.

Mana, to`y ham boshlandi. Xurshida orzu qilgandek dabdabali. Ayniqsa, kelin-kuyov o`tiradigan shohsupaning bezagi hammaning hushini o`g`irladi. Dasturxondagi ne`matlardan mehmonlar shoshib qolishdi. Sahnaga zamonamizning mashhur xonandasi taklif qilinganda esa qiyqiriylaru qarsaklardan to`yxona larzaga keldi. Yaltiroq ko`ylaklarni kiyib, kalta sochiga uzun soch ulatgan Xurshida tilla uzuk to`la qo`li ko`ksiga qo`yib, to`yxonani mehmonlarning «Zo`r to`y bo`layapti! Gap yo`q», degan maqtovlaridan sarxush aylandi. Asror ham gerdayib kelinning yonida o`tiribdi. Bitta Sevara bilan kichik ammasining ko`zlari qizargan. Pana-panalarda yig`lab yurishibdi. To`yning oxirigacha davra raqsga tushayotgan mehmonlardan bo`shamadi. Kelin va kuyovning ota-onalari davraga taklif qilinganida esa Xurshida opa to`lib-toshib gapirdi. Keyin telefonni mikrofonga tutdi. Mikrofondan «O`g`lim baxtli bo`l! Qo`sha qaringlar», degan ovoz eshitildi. Akrom boshqa hech narsa deyolmadi. Bir daqiqalar telefonning shig`ir-shig`ir tovushi eshitilib turdi. Oxiri Xurshida qizil tugmani bosdi-da, otaning o`rniga to`yga kelgan san`atkorga navbat berdi...

Sevara yig`lab to`yxonadan chiqib,  yugurib ketdi. U bir paytlari yashagan uylarining oldidagi dadasi akasi ikkalasini o`ynatib o`tiradigan yong`oq daraxtining yoniga tezroq borishni istardi...

To`yxonada esa Akromning ikki oyda topadigan puliga kelgan xonanda pinagini ham buzmasdan «qo`shiq kuylardi...»

Shoira VAFOEVA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA