Edvard Rtveladze: “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari O`zbekistonda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqadi”

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 10.01.2017, 15:48

Yangi yil arafasida — 2016 yilning 30 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizning etakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Ushbu tadbirda, shuningdek, hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, O`zbekiston Fanlar akademiyasi a`zolari, etakchi oliy o`quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda yangi tarixiy davr boshlandi. Bu esa jamiyatimizning barcha jabhasida, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy-gumanitar yo`nalishlari va albatta, ilm-fanda jadal rivojlanishni talab etayapti. Chunki ilm-fan hamda hayot o`rtasida shunday uzviy bog`liqlik mavjudki, agar u turmushimizga qancha ko`p xizmat qilsa, hayotimiz ham ilm-fanni bundan-da ko`proq boyitadi. Prezidentimiz bildirilgan ustuvor vazifalardan shuni chuqur his etish, anglash mumkinki, ilm-fan va u bilan muntazam shug`ullanayotganlar davlatimizning doimo e`tiboridadir. Uchrashuvda qatnashgan O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze bilan suhbatimiz ilm-fanimizning kelgusidagi rivojlanishi istiqbollari haqida bo`ldi.

— Edvard Vasilevich, davlatimiz rahbari ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko`tarishni talab qilayotgani, binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz echish qiyinligini alohida ta`kidladi. Ilm-fan va olimlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning eng ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu yuksak e`tibor Yangi yil arafasida Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag`batlantirish to`g`risida”gi Farmonida ham o`z ifodasini topgan. Bu tashabbus ilm ahli tomonidan qanday kutib olindi?

— Avvalo, davlatimiz rahbariga respublikamizda ilm-fan rivojiga, akademiklarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qaratayotgan yuksak g`amxo`rligi uchun chin dildan minnatdorlik bildiramiz. Prezidentimizning ushbu tashabbusi mamlakatimizning barcha ilm-fan ahli vakillari tomonidan to`la qo`llab-quvvatlanib, katta xursandchilik bilan kutib olindi. Farmonga muvofiq, yurtmiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o`rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag`batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar ro`yobga chiqariladi. Alohida qayd etilganidek, fan, ta`lim va ishlab chiqarish integrasiyasini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Bugun jahonning etakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va Fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni zamonning o`zi talab qilmoqda. Xorijning etakchi o`quv va ilmiy muassasalarida ta`lim va ilmiy daraja olgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratib berish, ularni rag`batlantirish choralarini ko`rish kerakligi juda to`g`ri vazifa, deb hisoblaymiz.

— Prezidentimiz bilan muloqot davomida mamlakatimizda yuqori salohiyatga ega, jahon miqyosida e`tirof etilgan olimlar ko`pligi, ular o`z maktablarini yaratishi, shogirdlar tarbiyalashi lozimligi alohida ta`kidlandi.

— Darhaqiqat, O`zbekiston ilm-fani haqida gap ketganda, tasavvurimizda o`zining yuksak ilmiy salohiyati va xalqaro miqyosdagi nufuzi bilan nom qozongan G`ulomov, Masson va Pugachenkova tomonidan yaratilgan tarixchilar, arxeologlar, san`atshunoslar maktabi gavdalanadi. Mustaqillik yillarida bu ishlar nafaqat davom ettirildi, balki yangi ilmiy mavzular bilan boyitildi. Albatta, ular ilgari ham ishlab chiqilgan bo`lsa-da, birmuncha sayoz va yuzaki o`rganilgan edi. O`zbekiston tarixiy ilm-faninig yuksak yutuqlari sifatida men tarix institutlari va mamlakatimizning boshqa ilmiy muassasalari olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va chop etilgan davlatchilik tarixini ta`kidlagan bo`lardim. Ular orasida “O`zbekiston davlatchiligi tarixi bo`yicha ocherklar”, “O`zbekiston davlatchilik tarixi”ning birinchi jildi, “O`zbekiston davlatchiligi tarixida Xorazm” kitoblari alohida o`rin olgan. Istiqlol sharofati bilan birinchi bor “O`zbekiston tarixi. Amir Temur va Temuriylar davri” fundamental ishi yaratildi. Unda o`sha paytdagi siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayot hamda Amir Temurning jahon tarixidagi roli xolisona tasnif etilgan

— Uchrashuvda ko`tarilgan masalalardan biri jahonning etakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va Fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratildi. Bu jabhada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Axir O`zbekiston arxeologlari erishgan yutuqlar nafaqat mamlakatimiz, balki jahon tarixi fondiga qo`shilgan ulkan xissa hisoblanadi.

— O`zbek olimlari judayam katta ilmiy zaxira to`plaganlar, uni rivojlantirish lozim. Yuqori salohiyatga ega kadrlar tayyorlash masalasini takomillashtirish, ilmiy kadrlar va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoni uzluksizligini ta`minlash, dunyo darajasidagi yangi olimlar avlodini tarbiyalash zarur. Obi-rahmat qoyalaridagi qazilmalar, yuqori paleolit davridagi Jarqo`ton qadimgi manzilgohi, Iskandar Zulqarnayn tomonidan bunyod etilgan Kampirtepa qal`asi, Uzundara qadimgi qo`rg`oni, Qoratepa va Fayoztepadagi buddaviylar yodgorliklari, Akshixan-qal`a portret galereyasi va boshqa ko`plab tadqiqotlar allaqachon butunjahon ilm-fanining oltin fondiga kirib ulgurdi. Shu bois ham AQSh, Avstraliya, Polsha, Chexiya, Fransiya, Yaponiya va rossiyalik olimlar bu izlanishlarda bevosita qatnashish istagini bildirmoqda. Ular orasida yaqindagina vafot etgan, O`zbekistonning samimiy do`sti hisoblangan Kyudzo Katoni alohida ta`kidlagan bo`lardim. Tarixiy ilm-fan va u bilan bog`liq bo`lgan sohalarning natijalari salmoqli. Mustaqillik yillarida badiiy madaniyat va zamonaviy san`at tarixi yaratilishida san`atshunoslik fani alohida ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, bundan keyin umumlashtiruvchi ishlarni yaratishni davom ettirish, xususan, davlatchilik tarixidan boshlab, shaharlar, transkontinental yo`llar, badiiy madaniyat va san`at, arxeologiya, tarixshunoslikni dunyoning etakchi tillariga tarjima qilish lozim. Bu esa xorijlik olimlar va keng o`quvchilar ommasi uchun ulardan erkin foydalanish imkoniyatini beradi.

— Prezidentimiz ta`kidlaganidek, mamlakatimiz va jamiyatimizning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o`zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovasion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi. Fikringizcha, mazkur yo`nalish bo`yicha kelgusidagi vazifalar qanday?

— Mamlakat rahbariyati tomonidan ushbu masalaga alohida e`tibor qaratilishi juda muhim sanaladi. Zero, davlatning qo`llab-quvvatlashisiz ilm-fanni rivojlantirib bo`lmaydi. Dunyo tajribasidan kelib chiqib, mazkur omilni eng asosiysi, deb bilaman. Bugungi kunda qator davlatlarda akademik institutlar byudjet asosida faoliyat yuritadi, ajratilayotgan grantlar esa qo`shimcha moliyaviy manba hisoblanib, laboratoriya va tabiiy sharoitlarda o`tkaziladigan tadqiqotlarga yo`naltiriladi. Mavjud masalalar esa davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag`batlantirish to`g`risida”gi Farmoni ijrosi asnosida o`z echimini topadi.

— Ilm-fan iqtisodiyotning barcha tarmoqlari taraqqiyotida katta o`rin tutadi. Davlat esa bu yo`lda, avvalo, olimlarga suyanadi. Bugun ilm-fan va ishlab chiqarish o`rtasidagi integrasiya har qachongidan ham ko`ra dolzarb ahamiyatga ega. Mazkur jarayonni yanada kuchaytirish uchun nimalar zarur deb o`ylaysiz?

— Faxrlanarli jihati, ayni paytda respublikamizda ana shu integrasiyalashuv jarayonlari uchun barcha sharoit mavjud. Binobarin, Prezidentimizning turli jabhalar mutaxassislari, olimlar, ekspertlar jamoatchiligi va boshqa manfaatdor tomonlarning sa`y-harakatlarini birlashtirishga oid tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash juda muhimdir. Bunday tajriba xorij mamlakatlarida ham qabul qilingan. Kezi kelganda aytish joizki, yurtimizda ham mazkur amaliyot izchil qo`llanilayapti. Aniq misol keltiraman. Toshkentda “O`zbekistonning madaniy merosi dunyo to`plamlarida” nomli ulkan loyiha amalga oshirilmoqda. E`tirof etish lozimki, u Prezident Shavkat Mirziyoevning o`zbek xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosini ko`z-qorachig`idek asrab-avaylash hamda ko`paytirish, shuningdek, yosh avlodni umuminsoniy va milliy an`analar hamda qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e`tibor qaratayotgani tufayli ro`yobga chiqarilmoqda. Ta`kidlash kerakki, mazkur masala davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan u kelgusi besh yilga mo`ljallangan O`zbekistonning yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasiga kiritilgani buning yorqin tasdig`idir.

— Mazkur loyihaning noyobligi nimada?

— Sharq davlat muzeyi, Rossiya etnografik muzeyi, Tretyakovskiy davlat galereyasi va Rossiya milliy kutubxonasidagi hamkasblarimiz bilan hamkorlikda bugungi O`zbekiston hududidan topilgan, ayni paytda turli muzeylar hamda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan buyumlarning rang-barang rasmlari va suratlari bilan bezatilgan to`rt tomli kitob-albom tayyorlandi. Qadimgi va bugungi ustalar tomonidan yasalgan durdona asarlar diyorimizning noyob moddiy hamda badiiy madaniyatini o`zida ifoda etgan. Nashr nafaqat ilmiy tadqiqot doiralari vakillari uchun, balki mamlakatimiz va xorijdagi keng auditoriya, O`zbekistonning boy madaniy merosiga qiziqadigan yoshlarga mo`ljallangan. O`quvchilar albom bilan birga taqdim etiladigan diskdagi hujjatli filmni tomosha qilib, yurtimizning boy madaniyati hamda san`ati haqidagi tasavvurlarini kengaytirishlari mumkin. Kelgusida Rossiya, AQSh, Angliya, Germaniya, Shvesiya, Fransiya davlatlaridagi muzeylar to`plamlaridan turli sabablar bilan joy olgan bebaho tarixiy-madaniy meros buyumlari tasvirlarini ham nashr etish rejalashtirilayapti. Albatta, mazkur loyiha katta ahamiyatga ega. Zero, u mamlakatimizda tarix fanlarini rivojlantirishga salmoqli hissa bo`lib qo`shiladi, boy milliy madaniy-tarixiy merosimizni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Hech shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari O`zbekistonda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqadi.

Ekaterina SOBOLEVA suhbatlashdi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

28.06.2017, 15:27