97,5 foiz o`zbekistonliklarning kelajakka ishonchi yuksak ekanligi aniqlandi

Бўлимлар: Jamiyat
Теглар:
Добавлено: 11.01.2017, 10:33

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o`rganish markazi "O`zbekiston: jamoatchilik fikri – 2016" so`rovini o`tkazdi, deb yozadi O`zA.  

Ijtimoiy tadqiqotda barcha ijtimoiy guruhlar, turli millat va din vakillari ishtirok etdi. 

So`rovni o`tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizning 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi aholi tomonidan qanday baholanayotganini aniqlashdan iborat bo`ldi. 

So`rov natijalariga ko`ra, aholining 97,5 foizi mamlakatimizdagi bugungi ijtimoiy-iqtisodiy holatni "yaxshi va barqaror", deya baholagan. Fuqarolar bunday ijobiy o`zgarishlar mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli aholining turmush sharoitlari va sifati yaxshilanib, kelajakka ishonchi ortib borayotgani samarasi, deb biladi. 

Jamoatchilik fikri davlat va jamiyat hayotining izchil rivojlanayotganidan aholi mamnun ekanini ko`rsatdi. So`rovda fuqarolar, xususan, iqtisodiyot, iqtisodiy faoliyat erkinligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulkni muhofaza qilish, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kabi asosiy yo`nalishlarning bugungi holatini ijobiy baholagan. Yurtdoshlarimiz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida"gi qonunni to`liq qo`llab-quvvatlamoqda. 

So`rovda mahalliy ijro hokimiyati organlari dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish, fuqarolarni o`z faoliyati to`g`risida axborot bilan ta`minlash borasida kamchiliklarga yo`l qo`yayotgani haqida fikr bildirilgan. Jumladan, mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyati ishtirokchilarning 38,7 foizini u yoki bu darajada, 42,8 foizini qisman qanoatlantirayotgani, 13,6 foizini esa qanoatlantirmayotgani aniqlandi. 

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2016 yil 24 sentyabrda tashkil etilgan virtual qabulxonasi inson manfaatlarini har tomonlama ta`minlashda samara berayotgani alohida ahamiyatga ega. O`tgan yilning 23 dekabridan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga aylantirilgan mazkur portal davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoniga muvofiq davlatning xalq bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqot qilishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Fuqarolar Prezidentimizning Xalq qabulxonalarini tashkil etishga doir tashabbusini keng qo`llab-quvvatlamoqda. Ushbu qabulxonalar faoliyati fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, aholi keng qatlamlariga taalluqli dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan. 

Jamoatchilik fikrini o`rganish natijalariga ko`ra, ishtirokchilarning 93,8 foizi aholi o`z huquq va erkinliklari buzilishi mumkinligidan huquqiy himoyalangan, deb hisoblaydi. Fuqarolarning 71,8 foizi agarda qonuniy huquqlari buziladigan bo`lsa, ularning tiklanishiga ishonadi. 

So`rov shundan dalolat berdiki, fuqarolar davlatimiz rahbarining jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash, huquqbuzarliklarga toqat qilmaslik, qonunbuzilishlarining oldini olishga qaratilgan ishlarni davom ettirishga oid tashabbuslarini muhim, deb hisoblaydi va to`la qo`llab-quvvatlamoqda. 

Fuqarolarning yuqori darajadagi ijtimoiy kayfiyati o`z oilasidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatdan, mavjud sharoitlar, huquqiy himoyalanganidan mamnun ekani, shuningdek, oilasi va mamlakatimiz kelajagiga ishonishidan dalolat beradi. 

So`rov natijalari aholining Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilingan 2017 yil mamlakatimiz hayotining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma`rifiy sohalarida yuksak natijalarga erishiladigan, tinchlik, xotirjamlik, farovonlik yanada mustahkamlanadigan yil bo`lishiga qat`iy ishonchini ifoda etdi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии