«Dadam va onamni yarashtirganim…»

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар: Xikoya
Добавлено: 11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni…

Bir boshidan aytib bera qolay. Hamma mashmasha dadamni katta lavozimga rahbar  qilib  o`tkazishganidan so`ng boshlandi. Dadam endi uyga odatdagidan ko`ra kech qaytadigan, yig`ilishu majlislarda qolib ketadigan bo`ldi. Kattalarning ishiga aralashma, demoqchimisiz? Avvallari men ham shunday deb o`ylardim. Keyin esa… Hikoyamning bu yog`iga onamni ham qo`shaman.

— Assalomu alaykum, dadasi, yaxshi keldingizmi?

— Vaalaykum assalom!

— Ovqat tayyorlaymi?

— Keragi yo`q, qornim to`q.

Dadam yuvingani kirib ketdi. Onam esa shosha-pisha dadamning qo`l telefonini titkilashga tushdi.

— Xo`-o`-sh! SMS Nodirdan kelibdi. Qani nima deb yozgan ekan  o`sha Nodir? «Yaxshi etib keldingizmi?» Tavba, bu oshna-og`ayni deganga ham hayronman. Besh daqiqa ilgari xayrlashgan bo`lsa, SMS yozishga balo bormi?

Bir payt onamning qo`lidagi telefon yangi SMS kelganidan xabar berdi.

— Yana o`sha Nodirdan! Yana nima gapi qolib ketibdi? «Shirin tushlar ko`ring!» Nima-a-a?

Bir payt hammomdan dadam chiqdi. U onamning qo`lida o`zining telefonini ko`rib, baqirishga tushdi:

— Yana telefonimni kavlayapsanmi? Bu qanaqasi o`zi, a? Sen xotinga qachon aql kiradi? Ming marotaba aytdim senga, telefonimga tegma deb.

— Ho-o! Qo`rqoq birinchi musht ko`tarishmi endi? Kim u Nodir? Gapiring!

— Kim bo`lardi? U bilan birga ishlaymiz. Senga hisobot berib o`tirishim shartmi?

Onam jim bo`ldi, ammo men miyamda tuzgan rejamni ertasigayoq amalga oshirishga kirishdim.

Birinchi makr

Dugonamning qo`l telefonidan kechagi Nodirning raqamiga qo`ng`iroq qildim. Go`shakni yoqimli ovozli ayol ko`tardi:

— Allo!

— Kechirasiz, bu Nodirning telefonimi?

— Yo`q! Adashdingiz, ismim Nodira.

— Uzr!

Senimi shoshmay tur, deb tanaffusda sinf doskasiga quyidagi so`zlarni yozdim.

«Oilangiz baxtiga chang solmoqchi bo`lgan ayolga qanday tilak tilardingiz? Barchasini quyidagi raqamga «sms» orqali yuboring. Eng zo`r «sms» muallifiga sovg`am bor!»

Raqam kimnikiligi aniq. Endi esa o`ttiztadan ortiq raqamdan tinmay yog`ayotgan «sms» seli ostida qolgan Nodiraning ahvolini bir tasavvur qiling! Onamning kecha siqilganini eslab, unga zarracha ham achinmadim. Qaytaga hamma sinfdoshlarimni navbat bilan turg`azib qo`yib, yuborilgan «sms»larini o`qishga tushdim.

  1. Dadamizni senga bermaymiz!
  2. Uchta bolali erkakka osilayotgan jodugar senmisan?
  3. Onamning elkasidagi changga ham arzimaysan.
  4. Diqqat, qidiruv! Quyidagi «sms»ni olgan bo`lsangiz, demak, siz oila buzg`unchisisiz.
  5. «Sms»imni o`qidingmi? Ko`zing borida o`qib qol! Yoningga onam ketyapti…

Dars tugaganida eng zo`r «sms» egasiga shokoladni topshirdim-u, uyimga ketdim. U erda meni yangi xabar kutardi. Onam Nodir aslida Nodira ekanligini aniqlagan, qon bosimi oshgancha voy-voylab yotgandi. Yonida o`tirgan «tez yordam» shifokori qog`ozchaga bir narsalarni yozdi-da, shunday dedi:

— Sizga asabiylashish umuman mumkin emas. Mana bu dorilarni ichib, uxlang. Ko`proq ochiq havoda sayr qilishni tavsiya etaman.

Onamni bu ahvolda ko`rib o`ch olishda davom etishim kerakligini tushundim. Ikkinchi makrim undan-da yovuzroq edi.

Ikkinchi makr

Yashasin internet! E`lonlar saytiga kirib chiroyli matn to`qib yozdim.

«Jozibali massajchining xishmatidan foydalaning. Massaj yangicha uslubda, ya`ni qo`shiq kuylab amalga oshiriladi. Buyurtma asosida raqsga tushish xizmati ham mavjud. Talabgorlar quyidagi raqamga ertalabdan kechgacha va kechasi bilan qo`ng`iroq  qilishlari mumkin. Qo`ng`iroqlaringizga sizni intizorlik bilan kutayotgan mayin qo`llar sohibasi Nodirabonu javob beradi! Savollaringizni quyidagi manzilga yo`llang!..»

Talabgor mijozlarning soni ortishi uchun internetdan chiroyli Hollivud aktrisasining suratini olib joylashtirdim. Keyin kompyuterni o`chirib mehmonxonaga chiqdim. U erda dadam bilan onam  bahslashayotgan ekan:

— Shuncha gapni og`rimagan boshingga orttirish shartmidi? Shu kerakmidi senga?

— Meni ahmoq  qilib u megajinning otini Nodir deb qo`yganingiz nimasi edi?

— Fe`lingni bilganim uchun shunday deb yozdim.

Bir-ikki soatlardan keyin Nodirabonuning pochtasiga xabar olgani kirdim. O`h-ho`, buni qarang-a, naq beshta xat kepti. Birinchi xat mazmuni quyidagicha ekan: «Mayin qo`llar sohibasini bir ko`rsak yomon bo`lmasdi». Unga javob yozdim: «Faqat va faqat raqamimga qo`ng`iroq qilib bog`laning. Go`shakni ko`tarishim bilan «kalamushcham» deb murojaat qilishlarini yaxshi ko`raman. Chunki kalamush yilida tug`ilganman». Boshqa xatlarga ham shu tarzda  qisqa va lo`nda javob qaytardim. Ertasiga esa pochtaga g`azab to`la maktublar kela boshladi. Ularning ba`zilarini o`qib, onamni qiynagan Nodirabonuni ahvolini tasavvur qildim va maza qilib kuldim. Bora-bora bundan zerikdim. Undan tashqari dadam bilan oyim ham yarashib olib ahillashib qolishgandi. Bundan hursand edim, ammo…

Uchinchi makr

Bugun oyim bilan dadamning janjali ustidan chiqib  qoldim. Janjalning asl sababchisi esa yana o`sha telefon. Bu safar onam mana bunday mazmundagi xatni o`qigandi: «Nega qo`ng`iroqlarimga javob bermayapsiz? Yoki uydamisiz?»

— Bunisiga qandoq chidash mumkin endi, ayting? Sizni oq qanddek qilib birovning qo`yniga topshiri-ib qo`yarkanman-da hali.

— Ovozingni o`chir! Senga bitta gapni uqdirish befoyda. Qachon qarama, yo`q joydan xiyonat izlab, janjal ko`taraverasan.

— U bilan o`rtangizda nima bor? Nega uydamisiz deb so`rayapti? Gapi bo`lsa surishtirmay gapiraversin-da.

— Birga ishlaymiz, tamom!

— Unga qo`ng`iroq qilsam-chi? Qo`rqmaysizmi?

— Nimadan qo`rqaman?

— Siringiz ochilishidan.

— Bemalol qilaver. Sendan berkitadigan sirim yo`q.

Bechora onam «sms» egasining raqamlarini terganda, javob  o`rniga qo`pol gaplar eshitildi. To`g`ri-da, qaysi ahmoq ayol, bunday paytda «ha» javobini berardi? Buni yosh bola bo`la turib, men tushunardim. Ammo onam hozir har qanday hunarga qodir edi. Ota-onamning janjali nima bilan tugashini kutib o`tirmay, xonamga chopib kirdim. Uy telefonimizga yozilib qolgan raqamlarni telefonimda shoshgancha terishga tushdim. Yonimga opam va ukam qo`shildi. Uchalamiz ketma-ketiga telefonlarimizdan tunov kundagi kabi «sms»larni terishga tushdik. Bu hunarim otamga qanchalik qimmatga tushishini qayoqdan ham bilibman? Ertasiga dadam uchalamizni tik turg`azib qo`yib rosa tergadi. Ayol aslida dadamga ko`z olaytirgan jonona emas, birga ishlaydigan xodima ekan. Dadamning oldiga erini boshlab kelib, rosa uyaltirganini eshitganimda, to`g`risi, oshirib yuborganimni his qildim. Ichimda bu usulni ikkinchi qo`llamaslikka qaror qilib, dadamdan uzr so`radim.

To`rtinchi va oxirgi makr

Oradan bir xafta  o`tdi. Dadam bilan oyim bir-biri bilan gaplashmay yurishibdi. Xuddi begonalardek. Uchchalamiz yangi reja tuzdik. Ota-onam munosabatlarini buzgan telefondan foydalanib, ularni yarashtirishga kirishdik. Ukam dadamni chalg`itib turgan bir paytda, qo`l telefonlarini oldim va onamga «sms» yozdim. «Seni xafa  qilganimdan tashvishdaman. Iloji bo`lsa kechir!» Onam «gap»da edi. Shunga qaramay darrov javob yozdi. «Anavi go`zallaringizga yozing bu gaplarni!». Javob yozdim: «Bu dunyoda sendan go`zalini topa olmayman, onasi. Seni sevaman!» Onamdan javob keldi: «Yarasha qolaylik! Bo`lib o`tgan gaplarni unuting! Sizni sevaman!»

Ura!!! Onamga yozgan «sms»larni o`chirib, oxirgisini  qoldirdim. Uxlagani kirib ketayotganimizda, uchalamiz ayyorona bir-birimizga ko`z qisishdik. Ertalabki nonushtada dadam bilan onamning a`lo kayfiyatlarini ko`rib, makrimiz ish berganini tushundim. Ular yarashib olishgandi. Maktabga ketayotib, dadamning mashinasi orqasiga bildirmay kichkinagina qog`ozcha yopishtirib qo`ydim. U erda «Ehtiyot bo`ling, dadamiz qattiq himoya ostida!» deb yozilgandi.

Nigora

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

28.06.2017, 15:27