Ташкент +4° Mon 08:21
Долзарб мавзулар Foto

“​BIZNING HUDUDGA HAM TOZA IChIMLIK SUVI NASIB QILARMIKIN?”

Бўлимлар: Erkin minbar
Теглар:
Добавлено: 26.10.2017, 15:37

Qashqadaryo viloyati hokimligi "O`zbekiston" qishloq fuqarolar yig`ini aholisini ichimlik suvi bilan ta`minlash bo`yicha qanday chora-tadbirlar ko`ryapti?

“Qishlog`imizga 26 kilometr uzoqlikdagi “Oqbosh” tog`idan ichimlik suvi keltirilgan edi. Bu toza ichimlik suvdan ovul ahli 4-5 yil rohatlanib ichdi. Keyinchalik bu shirkat xususiy korxona tomonidan sotib olib MChJga aylantirildi-yu, quvurlar buzilib, trubalar sotilib, puli cho`ntakka urildi. Hozir toza suvni sotib olib ichayapmiz. Arzimizga tuman hokimi “ Toza ichimlik bilan ta`minlashni 2018 yilgi dasturga kiritganmiz, nasib qilsa icharsizlar”, deb javob beradi...”

Dehqonobod tumani, "O`zbekiston" qishloq fuqarolar yig`ini, "Etimqududq" qishlog`ida yashovchi Ch.Bozorovning ichimlik suvi ta`minotidagi muammolar haqida yozgan murojaatiga Qashqadaryo viloyati hokimi o`rinbosari M.Eshbabaev quyidagicha oydinlik kiritdi:

—"O`zbekiston" qishloq fuqarolar yig`ini hududidagi aholiga ichimlik suvi "Toshbuloq-Etimquduq" suv tarmog`i orqali etkazib beriladi. Mazkur tarmoq sobiq "Oqrabot" shirkat xo`jaligi tomonidan qurilgan bo`lib, ushbu tarmoqlar 2001 yilda shirkat xo`jaligidan "Rahmon bobo" xususiy kichik korxonasi tomonidan sotib olingan.

"Toshbuloq-Etimquduq" ichimlik suv tarmog`ining "Etimquduq" va "Quruqdahna" qishloqlari o`rtasidagi qismiga mahalliy aholi tomonidan o`zboshimchalik bilan jumraklar o`rnatilib, suvni tabiiy yo`qolishi ko`p bo`lganligi sababli ichimlik suvi ta`minotida uzilishlar bo`lgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda ichimlik suvi ta`minotini yanada yaxshilash maqsadida ushbu suv quvurni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 30 oktyabrdagi "Suv ta`minoti va kanalizasiya tashkilotlarini rivojlantirishning asosiy yo`nalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi 306-sonli qarori talablari asosida xatlovdan o`tkazilib tuman "Suvoqova" filiali balansiga olish bo`yicha ishlar olib borilmokda.

Shuningdek, hozirgi kunda tuman aholisi ko`payganligi hisobiga ichimlik suviga bo`lgan talab ortgan, shu sababli ichimlik suvi ta`minotini yanada yaxshilash maqsadida "Toshbuloq-Etimquduq" ichimlik suv quvurini 2018 yilgi investiya dasturiga kiritilib rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, "Qarshi mintaqaviy temir yo`l uzeli" sho``ba korxonasiga qarashli maxsus suv tashish avtoulovlari orqali toza ichimlik suvi arzon narxlarda (1 litr 10 so`m) belgilangan grafik asosida etkazib berilmokda.

MUROJAAT IJROSINI DEPUTAT O`Z NAZORATIGA OLDI

—Mazkur marojaatning ijrosi 122-saylov okrugidan saylangan deputat sifatida nazoratimda turadi, — deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati K.Karamova — Fuqaro Ch.Bozorovning Dehqonobod tumanidagi "Etimquduq" qishlog`idagi ichimlik suvi muammosi haqidagi murojaati atroflicha o`rganildi. Arizada qayd etilgan masalalarga ko`ra, hal etish uchun Dehqonobod tumani hokimligiga yuborildi. Shuningdek, tuman hokimining o`rinbosari S.A.Samadov bilan telefon orqali muloqotda mazkur masalaning echimi 2018 yilda hal bo`lishi ma`lum qilindi. Tuman hokimining o`rinbosari S.A.Samadovning ta`kidlashicha, "Etimquduq" qishlog`ini ichimlik suvi bilan ta`minlash masalasi tumanning 2018 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maxalliy dasturiga kiritiladi. Ayni paytda mazkur murojaatning ijrosi 122-saylov okrugidan saylangan deputat sifatida nazoratimda turadi.



Izoh: murojaatlar va ularga javoban taqdim etilgan ma`lumotlar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.

P.S: Agar siz ham hududingizda echimini kutayotgan masalalar e`tibordan chetda qolishini istamasangiz, yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, admin@darakchi.uz elektron manzilga yo`llang.



Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Jinoyat

Shou-biznes

SUG'DIYONA