Му5
48

​Cho Chol ChYoN: “PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV JANOBLARI HAQIDAGI ASAR MUALLIFI EKANIMDAN JUDA FAXRLANAMAN”

Mutolaa 02.12.2017, 12:59
4236
​Cho Chol ChYoN: “PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV JANOBLARI HAQIDAGI ASAR MUALLIFI EKANIMDAN JUDA FAXRLANAMAN”

Janubiy Koreyada koreys tilida nashr etilgan «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev» nomli kitob muallifi, "Uz Kor media group" kompaniyasi muharriri Cho Chol Chyonning O`zbekiston-Koreya munosabatlaridagi qadrdonlik haqidagi mulohazalari va kelgusi rejalari uza.uzda e`lon qilindi.

Maqsadim – har yili O`zbekiston Prezidenti faoliyatiga bag`ishlangan asar yozish Bu galgi davlat tashrifi taassurotlarga boy bo`ldi. Tashrif yakunida Janubiy Koreya Milliy muzeyida ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoev va Mun Chje In quchoqlashib, bir-biriga “brother” (aka) deb murojaat qilishdi. Bunday qadrdonlikni kuzatgan koreys xalqi O`zbekiston va Janubiy Koreya “og`a-ini” davlatlar ekaniga amin bo`ldi.

Og`a-inilarning har ikkisi ham farovon hayot kechirishi kerak. Koreyada qadimdan avloddan-avlodga o`tib kelayotgan bir rivoyat bor. Unda aka-uka birgalikda ekin ekib, mehnat qilib, hosil yig`ish mavsumi kelganda ukasi “akajon, siz hosildan ko`proq oling” desa, akasi “yo`q, uka, sen ko`proq olishing kerak”, deb g`amxo`rlik ko`rsatgani haqida hikoya qilinadi. Xuddi shu kabi og`a-iniday bo`lib qolgan ikki mamlakat ham bir-biriga g`amxo`r bo`lib, totuvlikda yaxshi yashashi kerak, deguvchilar ko`pchilikni tashkil etmoqda. Men ham xuddi shu fikrdaman. Janubiy Koreya iqtisodiyoti hozirgi kuch-qudratga to`lgan paytda hukumatimizning ham, xususiy kompaniyalarning ham O`zbekistonga yanada ko`proq rag`bat ko`rsatishiga tilakdoshman.

Prezident Shavkat Mirziyoev janoblari haqidagi asar muallifi ekanimdan juda faxrlanaman. Janob Prezident va u kishining rafiqasi haqida butun koreys xalqi ijobiy fikrda ekani bois kaminaga ham har tomondan maqtovlar yog`ilmoqda. AQShda yashaydigan bir do`stim kitobni ko`rib, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham Prezident Shavkat Mirziyoev janoblarini samimiy so`zlar bilan tilga olishini aytdi. O`zbekiston rahbarining sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so`zlagan nutqi hamda Janubiy Koreyaga davlat tashrifidan so`ng u kishiga bo`lgan hurmat va e`tibor yanada oshdi, deydi tanishim.

Bu kabi ijobiy fikrlarni Xitoyning Shanxay shahrida ta`lim olayotgan o`g`limdan ham ko`p eshitdim. Prezident Shavkat Mirziyoev janoblari sabab nafaqat o`zbekistonlik talabalar, balki butun Markaziy Osiyodan kelib o`qiyotgan yoshlar bilan ham yaqin do`st bo`lib qoldik, deydi u. Germaniyalik professor hube (koreys tilida o`zidan kichikka shunday murojaat qilinadi) do`stim dunyo siyosat maydoniga kirib kelgan buyuk etakchi haqida kitob yozgan sonbe (koreys tilida o`zidan kattaga shunday murojaat qilinadi) do`stim bilan faxrlanib ketyapman, deganida asar muallifi sifatida quvonchim ichimga sig`madi.

O`zbekiston haqidagi taassurotlarim

Kitobimning kirish qismida shunday so`zlar bor: “Islom Karimov machiti yonidagi avtobus bekatidan harakatlanadigan 93-avtobus Toshkent temir yo`l vokzaligacha qatnaydi. 22-avtobus esa Janubiy koreyaliklarning O`zbekistondagi uyushmasi oldidan aylanib Toshkent temir yo`l vokzaliga boradi. 93-avtobus katta avtomobil yo`lidan harakatlansa, 22-avtobusni bizdagi mail avtobusi (Koreyaning aholi zich joylashgan hududlari bo`ylab harakatlanadigan kichik hajmli avtobuslar) deb tushunsa bo`ladi.

Toshkentda yashagan kezlarim tez-tez shahar avtobuslarida qatnadim. Birinchidan, o`zim yashayotgan zaminning odami bo`lishni xohlardim. Ikkinchidan, mahalliy aholining kundalik hayoti bilan tanishish men uchun juda qiziqarli edi. Va nihoyat, uchinchi sabab – avtobusda menga joy bo`shatib berishganda g`oyat mamnun bo`lib ketardim.

40 yoshimda sochim oqargan. Shuning "sharofati" bilanmi, haqiqiy yoshimdan o`n-o`n ikki yoshga ulug`roq ko`rinaman. Joy bo`shatib berishganda e`tirozsiz qabul qilganim mening tomonimdan biroz andishasizlik, albatta. Ammo zavqi boshqacha edi-da. Qachonlardir yo`qotib qo`ygan bir bo`lagim shu erda edi. Buni bilgan odamgina tushunadi. Yoshlik yillarida sayrda tushgan suratingizga ancha vaqt o`tgandan keyin qaraganingizda tuyadigan, qalbingizning ich-ichigacha etib boradigan shodlik.

Kattalarga hurmat bu xalqning qon-qoniga singib ketgan. Bolajonligi ham shunday. Chaqalog`ini qo`liga ko`tarib avtobusga chiqqan ayolga yoshi saksonga borib qolgan chol ham joy beradi. Qo`lingizda xarid xaltalari bo`lsa, o`tirgan odamlarning biri qo`lingizdan oladi. Hatto o`quvchi qizaloqlarning kichkina kitob sumkalari ham e`tibordan chetda qolmaydi.

Avtobus oynasidan erta kuz quyoshi ko`zni qamashtirmoqda. Quyosh nurlari ostida zangorlanib serdaraxt ko`chalar ko`rinadi. Daraxtlar atrofida ko`chani supurib-sidirayotgan odamlar. Shu payt bir vatandoshimizning O`zbekistonga sayohati haqida o`z internet sahifasida qoldirgan sayoz bir gapi esimga tushib, kayfiyatim buziladi: "U erda eng ko`p uchratgan ikki guruh odamlarimdan biri ko`chalarni sarishtalayotgan odamlar bo`lsa, ikkinchisi milisiya xodimlari edi".

Ozodalik va tozalik bu insonlarning hayot tarziga aylangan. Bo`sh vaqti bo`ldi deguncha uyining atrofini, ko`chani supuradi, ozoda qiladi. Ko`zga tushadigan biror-bir g`ubor yo`q".

Kitobni yozishda yaqindan yordam ko`rsatgan O`zbekiston ahli

“Men koreyalik yozuvchiman, Prezident Shavkat Mirziyoev janoblari noyabr oyida vatanimizga davlat tashrifi bilan borishi rejalashtirilgan, bu inson haqida kitob yozmoqchiman”, deganimda juda ko`p insonar menga yaqindan yordam berdi. Ular bilan qilgan suhbatlarimning aksariyati kitobga kirgan. Ular Prezident janoblarining mamlakatni isloh qilish siyosatini samimiy baholab, O`zbekiston tez orada jahonning rivojlangan davlatlari qatoriga kirishiga ishonadigan, iftixor bilan to`lib-toshayotgan insonlar edi.

Yana bir minnatdorligimni bildirmoqchi bo`lgan inson “Uz Kor Economy" gazetasining Toshkentdagi xodimi Nodira Azizovadir. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik liseyda koreys filologiyasini o`rganib, mazkur oliy o`quv yurtining iqtisodiyot yo`nalishida tahsil olgan Nodira TOPIK (Koreys tili darajasini aniqlovchi xalqaro imtihon) imtihonida eng yuqori 6-darajaga ega mutaxassisdir. U intervyu olishga, ko`plab materiallarni o`zbek va rus tillaridan tarjima qilishga katta yordam berdi.

Kelgusi rejalarim

Oldimga qo`ygan ikkita katta maqsadim bor. Shundan biri har yili Prezident Shavkat Mirziyoev janoblarining davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga bag`ishlangan asar nashr etib borish. Bu insonning serqirra faoliyatini qancha tahlil qilsang kam. Kitobimning Qirg`iziston bilan chegara muammosining hal etilishiga bag`ishlangan qismida 2017 yil jahondagi tinchlikka hissa qo`shgani uchun Nobel mukofotining haqiqiy sovrindorlari sifatida O`zbekiston va Qirg`iziston Prezidentlarini tushunishimni alohida ta`kidlab o`tganman. Shuningdek, Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston bilan chegara muammosini hal etish barobarida Toshkent va Dushanbe shaharlarini bog`laydigan havo yo`lini qayta yo`lga qo`ygan, Turkmaniston bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko`targan insondir. Mening fikrimcha, aynan shunday inson xalqaro hamjamiyatning yuksak e`tirofi va jahondagi tinchlikka qo`shgan hissasi uchun Nobel mukofoti sovrindori bo`lishga munosib. Shu bois, Prezident janoblarining faoliyatiga bag`ishlangan tahliliy asarlarni har yili nashr etib, erishilayotgan yutuqlarni xalqaro hamjamiyatga keng yoyishdek ulkan maqsadim bor. Ayniqsa, davlat tashrifidan so`ng Evropa davlatlari, AQSh va Xitoydan bu inson haqida ijobiy fikrlarni eshitishga muvaffaq bo`lib, maqsadim yanada qat`iylashdi.

Yana bir maqsadim – ikki mamlakat madaniy almashinuviga hissa qo`shishdir. Men ham yozuvchi, ham jurnalist, ham noshirman. 2005-2016 yillarda ko`plab xalqaro kitob ko`rgazmalarida muxbir sifatida ishtirok etib, Koreya yarim oroli ikkiga bo`linib ketgandan buyon birinchi marta 2005 yili Pxenyanda bo`lib o`tgan Janubiy va Shimoliy Koreya yozuvchilari ko`rik-tanlovida muxbirlik qilish bilan birga, Osiyo va Afrika yozuvchilarining keng miqyosdagi tadbirlarida ham qatnashdim. Shuningdek, so`nggi 4 yil davomida dunyodagi kitob va nashrlarga bag`ishlangan birinchi 24 soatlik kabel televideniesi rahbari sifatida ishladim. Bu faoliyatim orqali Janubiy Koreya va jahonning bir necha mamlakati o`rtasida nashriyot sohasida tajriba almashinuviga yaqindan yordam ko`rsatib, yangi-yangi nashriyot mahsulotlarini yoritib, Janubiy Koreyadagi kitobxonlik madaniyatini jonlantirishga o`z hissamni qo`shdim. Buning natijasi o`laroq, 2014 yilda nashriyot sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlarim uchun Koreya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan mukofot bilan taqdirlandim.

Kitobda aytib o`tganimdek, Shavkat Mirziyoev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir oy o`tib, 2017 yil 12 yanvar kuni “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida”gi farmoyishi e`lon qilindi. Shuningdek, Prezident janoblari mamlakat viloyatlariga har tashrifi davomida kutubxona qurilishi rejalashtirilgan joylarga ham shaxsan boradi, “kitobni yaxshi ko`rgan xalq Vatanni ham qadrlaydi”, deb ta`kidlaydi. Shular qatorida o`zbek xalqining mashhur shoiri Abdulla Oripov yodgorlik majmuasini barpo etish to`g`risida bergan ko`rsatmalaridan ham bu insonning ma`naviy dunyosi naqadar boyligiga amin bo`ldim. Nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-ma`rifiy jihatdan ham qudratli davlat barpo etish yo`lida ko`plab ishlarni amalga oshirayotgan Prezident Shavkat Mirziyoev janoblariga bo`lgan hurmatim kitobni qadrlaydigan davlat rahbari sifatidagi jihatlarida yanada ortib bormoqda.

Cho Chol Chyon,

Janubiy Koreyada koreys tilida nashr etilgan

«O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev» nomli kitob muallifi,

"Uz Kor media group" kompaniyasi muharriri”.

Шарҳлар