42

UMURTQALARARO DISK ChURRASI. HARAKATLANSANGIZ, OPERASIYaGA HOJAT YO`Q!

Salomatlik 23.12.2017, 18:26
2388
UMURTQALARARO DISK ChURRASI. HARAKATLANSANGIZ, OPERASIYaGA HOJAT YO`Q!

Belimda grija bor. Uyda qanday jismoniy mashqlarni bajarsam, undan xalos bo`laman? Iltimos, shu haqda ma`lumot bering.

Mohira, Buxoro viloyati

Mushtariymizning ushbu mruojaati bizni umurtqalararo disk churrasi (grija) haqida maqola tayyorlashga undadi. Mutaxassis huzuriga borganimizda esa navbatda o`tirgan bemorlar va ularning yaqinlarining turli fikrlari mavzu yuzasidan yana ko`plab savollar tug`ilishiga sabab bo`ldi.

Suhbatdoshimiz — Nogironlarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi, Umurtqa pog`onasi kasalliklari bo`limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Alisher SATTOROV.

Kasallik yosharayapti!

— Umurtqalararo disk churrasi oxirgi paytlarda ko`payayotgan, shu bilan birga, yosharayotgan xastaliklar sirasiga kirar ekan. Mutaxassis sifatida bunga nima sabab, deb o`ylaysiz?

— Oldinlari umurtqalararo disk churrasi haqiqatda 50-60 yoshdan oshganlarda uchrardi. Єarilik, bel og`rig`i, deb qaralardi bu kasallikka. Sababi tibbiyotda bugungi kundagidek zamonaviy texnikalar yo`q edi. Hozir umurtqa pog`onasi xastaliklariga rentgenografiya, kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya ma`lumotlari yordamida tashxis qo`yiladi. Bular esa o`z navbatida disk churrasini vaqtida aniqlash va samarali davolash imkonini beradi.

Bir kunda o`rtacha 8-10 ta operasiya o`tkazsak, shulardan aksariyati 30-40 yoshli bemorlar. Bugun esa o`n ikki yashar qizni operasiya qildik. Chunki og`riq kuchli va davolash muolajalari foyda bermadi. Kasallikning yosharayotganiga sabab dangasalik, kamharakatlilik. Sir emas, yoshlarning ko`pi kompyuter qarshisiga mixlanib qolgan. Hatto, bolalar ko`chada o`yin ham o`ynashmayapti. Ularga elektron o`yinlar qiziqroq. Oqibatda mushaklar to`g`ri rivojlanmay, umurtqa pog`onalari kasalliklari kelib chiqayapti.

Tabibdan davo istab...

— Mavzu yuzasidan surishtiruv ishlari olib borganimda qiziq fikrlarga duch keldim. Kimdir «Turnikka tortilib, uyda mashqlar bajarsangiz, jarroh tig`iga ehtiyoj qolmaydi», desa, yana bir kishi tabibga borib, terisini kestirib, keyin vakuumli banka bilan qonni so`rdirib oldirish ham naf berarmish, deb qoldi.

— Afsuski, bugungi kunda tibbiyotni biznesga aylantirib olganlar ham topiladi. Shunday mutaxassislar ham uchraydi, ular darrov bemorni jarrohlik stoliga yotqizishadi. Kimlardir esa tabibda davolanishni ixtiyor etishadi. Ba`zilar esa og`riq qoldiruvchi ukollar yoki dorilarni ichib, o`zini aldab yuradi. Bilmaydiki, og`riq bosilgani bilan disk churrasi yo`qolib qolmaydi, aksincha, bir dardga davo topaman deb, oshqozonga zarar qiladi. Uyda jismoniy mashqlar bilan ham shug`ullanib, muammoga echim topilmasligi mumkin. Chunki jahon standartlari bo`yicha davolash muolajalari kompleks tarzda olib boriladi.

Yagona chora — operasiya?!

— Yana bir qarash bor ekanki, «Grijadan operasiya qildirib qutulasiz», degan.

— Ha, shifoxonamizga keladiganlarning asosiy talabi ham shu. Ko`pchilik «Mahalladoshimni operasiya qilgan ekansizlar» deb yo yana kimningdir tavsiyasi bilan «Meni ham operasiya qiling», deya murojaat qiladi. Ammo har bir insonning organizmi o`ziga xos va kasallik darajasi ham har xil. Umurtqalararo disk churrasi bormi — jarrohlik amaliyoti o`tkazavermaymiz. Bemorning klinik ahvoliga qaraymiz. Tibbiy usullar asosida kasallik darajasini o`rganamiz. Agar disk churrasi belda bo`lsa, oyoqlarga og`riq berayaptimi, ikkala oyoq ham aziyat chekayaptimi bundan, oyog`ini sudrab bosayaptimi, bemor o`zini tutib yura olmayaptimi, karaxtlik kuzatilayaptimi yoki umuman yurishga majoli yo`q, kasallik butunlay mahv etgan bo`lsa, operasiyaga tayyorgarlik ko`ramiz. Faqat xastalikni tashxislab qo`ymasdan, yuragini ham EKG qildirib, kardiolog fikrini inobatga olib, keyin bir qarorga kelamiz.

Disk churrasining hajmi katta bo`lsa...

— Umurutqalararo disk churrasining kattaligi 3 mm.dan oshsa ham, jarrohlik amaliyoti o`tkazilishi shartmi?

— Yo`q. Disk churrasining hajmi emas, yuqorida aytganimdek, bemorga uning qanchalik ta`sir etayotganiga qarab bu borada xulosa qilinadi. Hatto, 10 mm.lik disk churrasini ham davolash muolajasi orqali bartaraf etish mumkin. Yana disk churrasi umurtqaning qaerida va qanday joylashgani ham e`tiborli. Masalan, disk churrasi 2 mm. bo`lsa-yu, orqa miya kanalini siqib qo`ysa, jarrohlik amaliyoti talab etiladi.

Keyin yana qaytalanadimi?

— Operasiyadan cho`chib, og`riqning zo`riga tishni tishga bosib chidaydiganlar ham bor. Operasiya jarayoni qay tartibda o`tkaziladi? Jarrohlik amaliyotidan keyin bemor oylab o`rnidan turmay yotishi kerakmi? Xastalik qaytalanmasligiga kafolat bormi?

— 2010 yildan buyon markazimizda disk churrasini operasiya qilish Yaponiya granti orqali keltirilgan eng zamonaviy endoskop apparati orqali amalga oshiriladi. Bunday zamonaviy uskunalar nafaqat bemorda tezkor muolajalarning ta`sirchanligini oshiradi, shuningdek, operasiyadan keyin uning tez orada oyoqqa turib ketishi va asoratlarning yuzaga kelmasligi bilan ham ahamiyatlidir. Operasiya jarayoni ham rivojlangan xorijiy davlatlarniki bilan bir xil tartibda o`tkaziladi. Amaliyot 20 daqiqadan 40 daqiqagacha cho`zilishi mumkin. Bemorning bel qismiga maxsus ukol qilinib, organizmning beldan past qismi «muzlatib qo`yiladi». Bemor shifokor bilan bemalol gaplasha oladi. Endoskop orqali disk churrasi olib tashlanadi. Jarohat o`rni chandiq bo`lib qolmaydi. Ikkinchi kun bemorga o`rnidan turishga va yurishga ruxsat beriladi. Uchinchi kuni ahvoli qoniqarli bo`lsa, uyga ketishi mumkin. 3-4 hafta ishga chiqmasdan dam olish tavsiya etiladi. Ammo uyda bemalol tik turgan holatda engil yumushlar bilan shug`ullanishi, masalan, ovqat qilishi ham mumkin.

Kasallikning qaytanalishiga to`xtalsak, 90-yillarda bu holat 30 foizni tashkil qilardi. Bugungi kunda esa 3 foizdan 8 foizgacha. Ammo bizda 100 tadan bitta kishida kuzatilishi mumkin. Albatta, bemorning o`zini asrashi, shamollamasligi va qaltis harakatlar qilmasligiga bog`liq hammasi. Amerikada ham operasiyadan keyin disk churrasining 1 foiz qaytalanishi kuzatilarkan. Єarang, ko`rsatkichlar bir xil. Zero ularda jarrohlik amaliyotidan so`ng umurtqalarga maxsus gel shpris orqali jo`natiladi. Bizda esa lazerli ishlov berish amalga oshiriladi.

Eslatib o`tamiz, nogironlarga barcha amaliyotlar va muolajalar bepul o`tkaziladi.

Davolash muolajalari qanaqa?

Tibbiy muolajalar haqida ham ma`lumot bersangiz? Nima uchun ayrimlarga davo choralari kor qilmaydi? Dori-darmon muhimmi yo jismoniy mashqlar?

— Avvalo, shuni ta`kidlash lozimki, har bir muolaja mutaxassis tavsiyasi bilan amalga oshirilish kerak. Tibbiy muolajalar samaradorligining 60 foizini jismoniy mashqlar, fizioterapiya tashkil qilsa, qolgan 40 foizi dori-darmonlarga bog`liq.

Jismoniy mashqlar — yugurish, yayov yurish, suzish, turnikka tortilishlarni ham o`zboshimchalik bilan amalga oshirmaslik kerak. Muataxassis shifokor va albatta, kardiolog fikri muhim. Chunki yosh, kasallik darajasi, organizmning umumiy ahvoli va boshqa kasalliklar ham inobatga olinadi.

Shifoxonamizda disk churrasini konservativ usulda davolashda kompyuterli traksiya, magnit, lazer, elektroforez, massaj, davolovchi jismoniy tarbiya mashqlaridan foydalaniladi. Xorijdan keltirilgan apparatlar orqali kompyuterli tana tortilishi amalga oshiriladi. Bunda kompyuterga bemorning yoshi, ahvoli yozilsa, bas, apparat shunga mos harakatlanadi.

Tana tortilishi shuning uchun muhimki, umurtqalar tortilgach, chiqib qolgan disk churrasi orqaga, o`z joyiga qaytishi mumkin.

Parhezning ham foydasi bormi?

— Taomlanish-chi? Ovqatlanishda ham rejimga rioya qilinadimi?

— Albatta, muolajalarning samaradorligini ta`minlash va kasallik avj olishining oldini olish uchun taomnomada achchiq, sho`r taomlarni, spirtli ichimliklarni batamom cheklash kerak.

Nasl surishi rost

— Umurtqalararo disk churrasi avloddan avlodga meros o`tadimi?

— Kasallikning uchinchi asosiy sababi nasliy moyillik sanaladi. Ya`ni bu xastalikdan shikoyat qilgan kishi avlodida umurtqalararo disk churrasining uchrashi ehtimoli mavjud. Oldini olish uchun mehnatda chiniqish, semirib ketmaslik, jismoniy mashqlar bilan shug`ullanish lozim. Nafaqat nasliy moyilligi bor kishilar, umuman har bir odam tanasini chiniqtirib borishi shart.

Xulosa o`rnida shuni aytishni istardimki, kishi o`zini yaxshi ko`rishi kerak. Yaxshi ko`rish degani biror joyi og`riganda darrov shifoxonaga yotib olishmas, o`ziga e`tiborli bo`lish kerak, degani. Ya`ni doimo jismoniy tarbiya bilan shug`ullanish, yayov yurish, yugurish, bir joyda qadalib qolmaslik, to`g`ri ovqatlanish, ortiqcha vazn to`plamaslik muhim. Nega Amerikada umurtqalararo disk churrasi operasiyasi ko`p o`tkaziladi, bilasizmi, chunki aholisining ko`pchiligi semiz va jismoniy mehnat bilan kam shug`ullanadi. Ortiqcha vazn esa umurtqalarni siqib qo`yadi va organizmda og`riq turadi. Shunday ekan, tanamizga to`g`ri munosabatda bo`lib, sog`lom hayot kechiraylik.

Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.

Manba: «Sug’diyona» gazetasi

Комментарии