41

Yana gripp, tumov, angina... sinalgan 28 tavsiya!

Salomatlik 11.01.2018, 13:41
2931
Yana gripp, tumov, angina... sinalgan 28 tavsiya!

Qish mavsumida kattayu kichikni birdek tashvishga soladigan grippga chap berish juda oson. Bor-yo`g`i sog`ligingizga e`tiborli bo`lsangiz bas. Xonani har kuni shamollatib, tozalikka rioya etish, xastalik viruslarini «qiruvchi» ta`sirga ega. Shuningdek, meva va sabzavotlar, shifobaxsh giyohlardan to`g`ri foydalanilsa ham gripp asoratlari kelib chiqmaydi. Mavzu yuzasidan Namangan shahar xalq tabobati markazi tabibi, shifokor-terapevt Abduhalil BANNAEV ma`lumot beradi.

BELGILARINI ADAShTIRMANG

Shamollash tumov, tomoqdagi noxush og`riqdan boshlanadi. Tana harorati kamdan-kam hollarda ko`tarilishi mumkin. Ammo gripp belgilari unday emas. Birdaniga isitmangiz chiqib, yutinganingizda og`riq kuzatilishi, tanada titroq, bosh og`rig`i, bo`g`im va mushaklarda bezovtalik paydo bo`ladi. Quruq yo`tal qiynaydi. Kichkintoylar gripp ta`sirida bo`shashib, emishdan bosh tortadi.

FARZANDINGIZNING SOG`LIGIDA O`ZGARISh BORMI?

Agar dilbandingizda xolsizlik, tana haroratining ko`tarilishi, quruq yo`tal, tumov kabi alomatlarni sezsangiz, tezgina muolajani boshlang. Shifokor maslahatiga ko`ra davolash choralarini yo`lga qo`ygach, quyidagi holatlarga diqqat qarating:

1. Kasallik virusi boshqalarga ham yuqmasligi uchun 4-5 kun davomida yuzga niqob taqish, bolaning idishlarini alohida qilish zarur;

2. Bolaning yuz-qo`lini tez-tez sovunlab yuvib turing;

3. Kichkintoy yotgan xonani shamollatib, polini 5 foizli xlorli suv eritmasida har kuni artish lozim;

4. Bolakayga tilni tashqariga chiqarib, tez-tez nafas olishni o`rgating. Bu oddiygina mashq tomoq og`rig`ini tez ketkazadi;

5. «Passiv ingalyasiya» – to`g`ralgan sarimsoqpiyozni likopchalarga solib xonaga qo`yib chiqish, iste`mol sodasini qaynab turgan suvga aralashtirib, idishlarga solib qo`yish kabi usullar bolaning nafas yo`llarini ochadi;

6. Bolaga burunni ichga tortmaslikni, qoqishni o`rgating. Burunga ham tuzli suv tomizish gripp viruslarining tezroq nobud bo`lishini ta`minlaydi;

7. Gripp zotiljamga o`tib ketmasligi uchun har yarim soatda bir yonboshidan ikkinchisiga o`giring;

8. Xuddi shu maqsadda chuqur nafas olib-chiqarishni o`rgating.

MEVALARDA GAP KO`P!

Tarkibida A va S vitaminini saqlagan mevalar kasallik bilan kurashish imkoniga ega. Buning uchun kun davomida bolaga na`matakli damlama (mevasi suvda yumshatilib sanchqida yaxshilab eziladi), allergiyasi bo`lmasa – mandarin, xurmo, nok, olma hamda qorag`at, olcha yoki maymunjonli murabbo solingan choy ichiriladi. Sabzavotlardan – turp, sholg`om, oqbosh karam ayniqsa uning suvi foydali. Ulardan sho`rva tayyorlab yoki o`zining suvini siqib ichirish yaxshi samara beradi.

BEMOR HOMILADOR BO`LSA-ChI?

Gripp rivojlanayotgan homila uchun xavfli. Mabodo farzand kutayotgan ayol grippga chalinsa, quyidagi tavsiyalarga amal qilishi lozim:

1. Titroq, isitma alomatlari sezildimi, darrov o`rin-ko`rpa qilib yoting. Gripp virusi kichkintoyga zarar qilmasligi uchun ko`proq suyuqlik iching. Bu isitilgan mineral suv, issiq ko`k choy, shirchoy bo`lishi mumkin;

2. Tomoqni eman po`stlog`i, tuz va iste`mol sodasi, 2 tomchi yod solingan issiq suvda g`arg`ara qiling;

3. Isitmani tushirish uchun darrov doriga yopishmang. Ular tarkibida homilani tushiruvchi moddalar bo`lishi mumkin. Bir donadan limon, nordon olma, lavlagi suvini siqib, isiting-da, 2 osh qoshiqdan har soatda iching. Mazkur aralashma isitmani tez tushirib, tanaga quvvat beradi;

4. Gripp asoratsiz kechishi uchun yarim siqim archa ignabargini yaxshilab yuvib, isiriq bilan birga qaynating. Hosil bo`lgan qaynatmada tomoqni chayish zo`r foyda beradi. Og`riq yo`qoladi, o`zingizni ancha tetik sezasiz;

5. Sarimsoqpiyozni mayda to`g`rab, 2 osh qoshig`ini shuncha miqdorda asal bilan aralashtiring. Aralashma yotishdan oldin bir choy qoshiqdan qabul qilinadi.

KEKSALARDA QANDAY KEChADI?

Katta yoshli kishilarda gripp, zotiljamga o`tib ketishi bilan xavfli sanaladi. Shuning uchun ilk alomatlari sezildimi, darrov davolanishni boshlash kerak.

1.Yarim piyoladan sabzi sharbati va issiq sutni aralashtirib, kuniga 3-4 mahal ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan qabul qilinadi;

2.2 osh qoshiq zaytun moyi, 2 dona xom tuxum sarig`i, 1 choy qoshiq 2 - navli bug`doy uni va 2 choy qoshiq asalni aralashtirib, kuniga 2 choy qoshiqdan 7-8 martagacha iste`mol qilish lozim. Mazkur usul shu qadar samarali ta`sirga egaki, ikki kundan keyin grippdan asar ham qolmaydi;

3.Bir chimdim zira, yarim bosh sarimsoqpiyoz, bir dona tuxumni yarim litr sutda qaynatib, qaynoqligicha ichiladi;

4.Paraklangan limonni oz-ozdan iste`mol qilishning ham foydasi bor, agar sizda qon bosimining tushib ketishi bilan muammo bo`lmasa albatta.

5.Karam bargini iliq suvda chaying-da, tomoqqa qo`ying va ustidan jun ro`molni o`rang. 2 soatdan keyin karamni olib tashlang-da, tomoqqa zaytun moyini surting.

XASTALANMAY DESANGIZ...

Qishda gripp bilan og`rimaslik uchun bahor-yoz mavsumidayoq ehtiyotingizni qiling. «Ilik uzildi» davrida ko`proq meva-sabzavotlar, qoqli choylar yordamida organizm quvvatini oshiring;

Yozda oyoqyalang yurish, muzdek suvda chayinish tanani chiniqtiradi;

Kunlar sovushi hamon har kuni 5 daqiqa davomida rasmda ko`rsatilgan nuqtalarni uqalang. Bundan tashqari, tovonning yuqori qismini xuddi suratdagidek pastdan barmoqlar tomon aylantirib uqalash qish-bahor mavsumida grippning og`ir kechshidan asraydi;

Agar sizni tomoq og`riqlari tez – tez yo`qlab tursa, bir oy davomida osh qoshiq chakanda yoki zaytun moyi bilan og`izni g`arg`ara qiling. Muolajani tugatgach, moyni tupurib tashlaysiz;

Haftada 2-3 marta, tomoqni tuzli suv, lavlagi sharbatida chaying, shunda grippga chalinmaysiz;

Uch oy davomida na`matak yoki jenshen damlamasini oddiy choy o`ringa ichishning ham ta`siri bor;

Marmarak o`tini gazanda o`t bilan birga termosga damlab, kun davomida asal qo`shib ichiladi. Ushbu damlama immunitetni ko`tarib, kasallikka chalinmaslikka yordam beradi;

Ikki osh qoshiqdan zanjabil, asal va limon suvini aralashtirib, ovqatdan oldin ichiladi;

Asal va limon sharbatini teng miqdorda aralashtirib, nahorga bir choy qoshiqdan qabul qilish ham gripp mavsumida xastalanmaslikka yordam beradi.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi

Комментарии