Долзарб мавзулар Foto

Turmushingizga begona ayol tahdid qilsa...

Бўлимлар: SUG'DIYONA
Теглар:
Добавлено: 12.01.2018, 10:21

«Turmush o`rtog`im bilan munosabatlarimiz yaxshi, sevib-sevilib oila qurganmiz, ammo...» Mana shunday jumlalar bilan boshlanuvchi murojaatlarning davomi aksariyat hollarda uchinchi shaxsga ulanib ketadi. Ya`ni kimdir ukasining oilasiga xo`jayinlik qilishni istaydigan qaynopasidan, yana birov tinch uyiga tosh otguvchi ovsinidan, aksariyat ayollar esa eri ilakishib qolgan juvonning yuzsizligidan nolishadi. Xo`sh, oila atalmish qo`rg`onga uchinchi kishining aralashuviga qanday chek qo`yish mumkin? Bugun ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan shu savolga javob izlaymiz.

Birinchi vaziyat:

«Kuyovimning jazmani bizni qo`rqitayapti...»

— Yoshim etmishga yaqinlashib qolgan. Katta qizimning turmushidan ko`nglimiz to`q edi. Bir qizini uzatdi, nevara suydi, deya xotirjam edik. Afsus qirqdan oshganda kuyovimiz qiliq chiqardi. Oilasidan ajrashgan juvonga ilakishib qolibdi. U ayol shunchalik shallaqi, farosatsiz ekanki, birovning erining boshini aylantirib olgani etmagandek, qizimga ham, bizga ham qo`ng`iroq qilib, tinchlik bermaydi. Haqoratli so`zlar, qizimdan eri bilan ajrashishni talab etishlari bizni juda charchatdi. Xo`jayinim mahallasiga borib, bu ayolni tartibga chaqirishlarini so`radi. Buni eshitgan kuyovim esa uch farzandining onasini o`lasa qilib uribdi. Shifokorlar qizimga shikoyat arizasini yozishni aytishgan ekan, qizlarining kelajagini o`yladi. Otasi onasini kaltaklab qamalib ketgan, degan gap yaxshimas-da. Biz ham nevaralarimiz taqdirini o`ylab, qizimning oilasi buzilib ketishini istamaymiz...

Marg`uba opa

Ikkinchi vaziyat:

«Ovsinim shantajchi»

— Turmushga chiqqanimga to`rt yildan oshayapti. Erim ham, qaynota-qaynonam ham yomon odamlar emas. Faqat ovsinimning dastidan kun yo`q. Qaynakam xorijga, ishlashga ketgan. Ovsinim nuqul o`zini kasallikka solib, ro`zg`or ishlarini qilmagani etmagandek meni ham tinch qo`ymaydi. Qulog`im tinch bo`lsin deya, bolam ikki yoshga to`lmasdan ishga tushib ketgandim. Uyga kelsam, har kuni bir muammo chiqaradi. Pichinglari jonimdan o`tib ketib, javob qaytarsam, katta to`polon boshlaydi. Erim «Xotinlarning janjali deb, akam bilan yuzko`rmas bo`lishni istamayman», deyishdan nariga o`tmaydi. Qaynonam katta kelinining fe`lini bilgani sabab yonimni ololmaydi, chunki undan qo`rqadi. Oxirgi marta tillalarini o`g`irlaganlikda ayblab, menga tuhmat qildi. Suyangan turmush o`rtog`im o`sha janjalda meni urishgani uchun uyga ketib qoldim. Endi «Biz seni haydaganimiz yo`q, qanday ketgan bo`lsang, shunday qaytaver», deyapti... Bunaqa ovsin bilan bir uyda yasholmayman...

Bahora

Besh qo`l barobar emas...

Er yuzidagi barcha insonlar ham bir xil fe`lli bo`lmaydi. Afsuski, yomon niyatli, yuz-xotir qilmaydigan, iymoni sust bandalar ham bor. Ular boshqalarning oldidagi oshga tap tortmasdan qo`l uzatishni, hatto tortib olmaguncha qo`ymaslikni uyat bilishmaydi. Ayrim ayollarning bu fe`liga quyidagilar sabab bo`lishi mumkin:

  • Xudbinlik — «Nega endi men baxtsizman?!» Baxt tushunchasini anglay olishmagani tufayli o`zgalarning baxtiga changal solishadi. Birovning baxtsizligi evaziga baxtli bo`la olmasliklarini esa tushunishmaydi.
  • Hasadgo`ylik — o`zining turmushini o`zgalarniki bilan solishtiradi. Kelini, ovsini yoyinki u o`rnida bo`lishi mumkin bo`lgan ayolga o`zicha past baho berib, baxillik qiladi. «U emas, men bunday hayotga arziyman», deya kalta o`ylaydi. Mulohaza yuritmaydiki, hasad qilayotgan oilasining aslida havas qilarli darajaga etishishida o`ziga dushman deb biladigan ayolning hissasi katta.
  • Ochko`zlik — nafsning izmiga yurish. Moddiy manfaatlarni ko`zlagani sabab ham er-xotin o`rtasiga nizo solishlari mumkin.

Nega sizga hujum qilayapti?

Shallaqi, engiltak ayol, tuhmatchi ovsin nega aynan sizga tahdid qilayapti? Keling, avvalo sabablarni aniqlaylik:

  • Oila devorlari mustahkam emas. Uydagi gap ko`chaga chiqqan. Yo xotin, yoki er turmushidan nolib, uchinchi kishining oilaviy hayotiga kirib kelishiga imkon bergan.
  • Er-xotin bir yoqadan bosh chiqarmaydi. Ikkisi ikki dunyoda yashaydi yoki bir-birini qo`llashni, quvvatlashni bilmaydi.
  • O`zaro hurmat yo`q. Ayniqsa, erkak kishining boshqalarning ko`z oldida ayolini qadrsizlantirishi, yuqorida ta`riflaganimiz kabi odamlarga kuch bag`ishlaydi. Ular bilishadiki, eri qadrlamaydigan, himoya qilmaydigan ayolning ustidan adolatsizlarcha g`alaba qilish oson.
  • Ayol ham, erkak ham tabiatan juda bo`sh. O`z haqqini talab qilishni bilishmaydi. Yoki darrov asabiylashib ketishadi, yoyinki haddan ziyod andisha qilishadi.
  • Erkakning oiladagi vazifalarini, mas`uliyatini unutib qo`yganligi. Bunday erkaklar ko`chadagi ayol uning hayoti ustidan hukm chiqarishiga ham, aka-ukasining rafiqasi jufti-halolini oyoqosti qilishiga ham sababchi bo`lishadi.
  • Ayolning ko`nikuvchanligi, vaqtida to`g`ri tadbir ko`ra olmasligi. Masalan, xiyonatning hidini sezishi bilan o`z xatolarini to`g`irlab, turmush o`rtog`i bilan bu masalani hal qilib olmaganligi oqibatida vaziyat chuqurlashib ketib, begona ayolning unga nisbatan shallaqilik qilishigacha etadi.
  • Oilada qadriyatlarning shakllanmaganligi. Bahoraning vaziyatida er akasi bilan munosabatlarini sovuqlashmasligi uchun go`yoki o`zini chetga olayapti. Bilmaydiki, xotini ham uning jufti, ikkinchi yarmi. Uni himoyalash akaga qarshi borish degani emas, aksincha erkak bo`lib, oilada tartib o`rnatishdir.

Nima qilish kerak?

Yuqoridagi murojaatlar misolida vaziyatni tahlil qilar ekanmiz, albatta, bu muammodan chiqish yo`llarini ham izlashimiz kerak.

Marg`uba opa, sizning onasi sifatida qizingiz uchun qayg`urishingiz, uning oilasini asrab qolishga harakat qilishingizni tushunamiz. Ammo hozir eng avvalo uch farzandning onasi bo`lgan qizingiz harakat qilishi kerak. U nima istaydi? Begona ayolning nag`masiga uchib xotinini kaltaklaydigan er bilan tishni-tishga qo`yib yashashnimi yoki qat`iy chora ko`rishnimi? Ayolga jismonan va ma`nan zarar etganida, u o`zini qo`lga olib, muammoga tik qarashi shart. Ertaga bunday kaltaklashlar, tahdilar natijasida vaziyat yanada og`irlashib ketishi hech gapmas. Shuning uchun kuyovingizga qizingizni himoya qiluvchilar borligini anglatib qo`ying. Yuzsiz ayolga nisbatan huquqiy choralar ko`rishga ikkilanmang. Shahar bedarvoza emas.

Sizni o`ylantirayotgan nevara qizlar taqdirida otaning roli katta, biroq ularni otasining obro`si, puliga qarab kelin qiladigan oilalar bilan quda bo`lishingiz oxir-oqibatda o`zini oqlamasligi mumkin. Shuning uchun ayni paytda, nevaralaringiz uchun onasining salomatligi muhimligini unutmang.

Bahora, siz turmush o`rtog`ingiz bilan gaplashib olishingiz kerak. Bosiqlik bilan, «Meni himoya qilmadingiz» degan achchiqlardan xoli ravishda unga tushuntiring. Shu oilada baxt topishni istashingizni, u bilan birga farzandlarni tinchlik-osoyishtalikda katta qilishni xohlashingizni, uning ota-onasi va yaqinlarini hurmat qilishingizni anglating. Uyga qaytgach, qaynonangizdan ham o`pkalab yurmang-da, kezi kelganida, ulardan ovsiningiz bilan muammolarni hal qilishda yordam so`rang. Ya`ni siz qanyonangizni bosh rolga olib chiqing. Chunki ovsiningizning tuhmat qilishi ularga nisbatan ham hurmatsizlik sanaladi. Bu bilan eringiz, qaynonangizni o`zingiz tomonga og`dirib oling demayapmiz, ularning ko`ngliga yo`l topib, o`rtada shunday rishta o`rnatingki, ovsiningizning mustahkam munosabatlarga raxna solishga haddi sig`masin.

Fe`lingizga ham nazar tashlang. Nega ovsiningiz sizga bunday munosabatda bo`ladi? O`zingizdan ham o`tgan xatolar bo`lishi mumkinligini o`ylab ko`ring va ularni bartaraf eting.

Xulosa

Oila bu ikki kishining mehr-muhabbatidan tashkil topadigan jamiyat. Agar unda bo`shliq bo`lmasa, ikki tomon bir-birini eshitishni, tushunishni, qadrlashni bilsa, uchinchi odam muqaddas qo`rg`onni vayronaga aylantira olmaydi. Muhimi, vaqtida chegaralarni o`rnatib, mustahkamlab olish. Ayollar, tadbirli bo`ling va o`z qadringizni biling.

MUXLISA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA