Му5
50

Ruhiyat Farzandga aytish kerak bo`lgan 7 ta sehrli fikr

SUG'DIYONA 15.01.2018, 10:22
2523
Ruhiyat Farzandga aytish kerak bo`lgan 7 ta sehrli fikr

Odatda ota-onalar oxiri qanday oqibatlarga olib borishini o`ylamay, farzandlariga turli gaplarni aytib yuborishadi. Ayniqsa, ishdan horigan holda kelganingizda, “Uquvsizsan!”, “Atay shunday qilyapsanmi?”, “Meni qiynab yubording”, “Kim ham bo`larding?” kabi gaplaringiz bilan “siylaysiz”. Balki qachonlardir bu “siylov”lar sizning ham qalbingizni parcha-parcha qilgandir... Agar farzandingiz bilan ishonchli munosabatlarni o`rnatish va uning o`ziga bo`lgan ishonchini oshirishni istasangiz to`g`ri so`zlashishni o`rganing! Buning uchun 7 ta sehrli gapning o`zi kifoya...

1. “Seni yaxshi ko`raman!”

Bolangiz kichikligida uni qanchalik yaxshi ko`rishingizni tez-tez takrorlaganingiz shubhasiz. Yillar o`tib esa bu gap ma`nosini yo`qotgandek tuyuldimi? Lekin farzand uchun “Seni yaxshi ko`raman!” degan gapingiz istalgan yoshida juda qadrli va muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, hech nimaga qaramay, mehringizni ochiq ko`rsatishdan to`xtamang. Bu harakatingiz farzandingizga kuch beradi.

2. “Sen bilan judayam faxrlanaman!”

Jigargo`shangiz o`z kuchiga ishonib ulg`ayishini istasangiz, tez-tez u bilan faxrlanishingizni ayting. Bu jarayonda qanday o`rinni egallagani ahamiyatsiz. Farzandingiz rag`bat bilan birga “Sen bilan judayam faxrlanaman!” degan sehrli so`zingizga munosib.

3. “Hammasi joyida, yana bir bor urinib ko`r”

Farzandingiz omadsizlik istalgan jarayonning muhim qismi ekanini tushunishi kerak. Yomon baho olganda, urishish o`rniga “ustozingdan vazifani qayta topshirib, bahoni to`g`irlash imkonini so`ra”, deya maslaxat bering. She`r yodlab berolmagan bo`lsa ham g`azab otiga minmang. Tajriba achchiq bo`ladi. Yaxshisi, farzandingizni ruxlantiring. U kelasi gal hammasi yaxshi natija bilan yakun topishiga ishonishi kerak. Agar farzandingizga ishonishingizni tinimsiz takrorlasagiz, u qiyinchiliklarni engishni o`rganadi. Va kelajakda ko`zlagan marralariga osongina etishishini ta`minlagan bo`lasiz.

4. “Senga ishonaman!”

“Senga ishonaman!” degan gapni farzandingiz musitaqil ish qila olishiga ishonchingiz komil bo`lgandagina aytishingiz mumkin. Bu ishonchingiz farzandingizdagi mas`uliyat va javobgarlik hissini oshiradi. Ota-onasi ishonch bildirib tursa, bola ularni uyaltirib qo`ymaydi va yolg`on gapirolmaydi. Muhimi, do`stona munosabatni o`rnating va farzandingiz rost gap uchun tanbeh eshitmasligiga ishonadi.

5. “Rahmat!”

Bolangizga aqlini tanigan vaqtidan boshlab, raxmat aytishni odat qiling. Hatto o`yinchoqlarini yig`ishtirib qo`ygani uchun ham “rahxmat!” deng. Vazifani qanday bajarishi muhim emas. Vaqti kelib, raxmatingizga yarasha natijani ham olasiz. Xatolar uchun avval minnatdorchilik bildiring, kamchiliklarni keyin ham aytishga ulgurasiz.

6. “Yordam ber, iltimos”

Har bir odam o`zini kerakli va foydali inson ekanini his qilishni istaydi. Farzandingizdan oddiy yumushlarda ham yordam so`rashni kanda qilmang. Farzandingiz garchi bittagina gayka kalitini olib bergani uchun ham “otamning mashinasini sozlab berdim”, deya o`zidan faxrlanib yuradi. Keyinchalik turli yumushlarda mustaqil ravishda yordam berishni odat qiladi. So`zingiz so`ngida “Sen bo`lmaganingda bu ishni bajarishim qiyin bo`lardi”, degan fikrni albatta ayting.

7. “Sening borliging baxtim!”

Bolalarni atrofdagilar bilan munosabatlari doim ham silliq kechavermaydi, ayniqsa o`tish davrida. Ko`pchilik ota-onalari ularni yaxshi ko`rishiga shubha bilan qarashadi. Bordi-yu, aka-uka, opa-singillari bo`lsa, tashvishingiz kuchayadi. Shuning uchun farzandlaringizga doim “sening borliging baxtim!” deyishdan charchamang. Bolalaringiz bilan xuddi kattalardek munosabatda bo`ling. Biroq mehringizni ko`rsatishni unutmang, biroq me`yorni ham saqlang! Vaqt o`tib, farzandingiz xuddi o`zingiz istagandek: mustaqil, o`ziga ishongan, ota-onasidan minnatdor inson bo`lib ulg`ayganiga guvox bo`lasiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Шарҳлар