Долзарб мавзулар Foto

«Islom Karimov o`g`limni, butun oilamizni asrab qolgan edi»

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 18.01.2018, 11:00

Islom Karimov tavalludining 80-yilligi oldidan

Suratda: Siroj o`g`illari Jahongir va Islombek bilan.


Bu voqea o`tgan asrning 80-yillarida, balandparvoz shiorlar avj olgan, gap boshqa-yu, ish boshqa, paxta, plan inson qadridan yuqori qo`yilgan zamonda yuz bergandi.

...Quyosh terak bo`yi ko`tarilgan. Qishloqning qoq o`rtasidan o`tgan tosh yo`l juda sokin edi. Onda-sonda ot, arava, velosiped ko`rinib qolmasa, jimjitlik. Yo`l chetidagi tut daraxtining barglari ­sarg`aygan, kuzning so`nggi oyi.

Shu payt yondosh ko`chadan shitob bilan katta yo`lga chiqib kelgan yigitning ko`rinishi g`alati edi...

...O`sha voqeani hikoya ­qilayotgan Muhammadg`ozi ­Qo`ldoshev hozir Chiroqchi tuman obodonlashtirish boshqarmasida ishlaydi. U umr yo`ldoshi ­Maryam Jumaboeva bilan ahl-inoq umrguzaronlik qilib kelmoqda.

— O`shanda 87-yilning 14 noyabri edi, — deydi Maryamxon. — Farzand kutayotgandik, men sariq kasal bo`lib qoldim. Dalada ishlardim. Ustimizdan samolyot zahar purkardi. Ko`p odam sariq bo`lgan edi. Aniq esimda, o`sha kuni qizim Sharofat kasalxonada tug`ilgandi. O`g`lim ­Siroj qattiq shamollab, kasalxonaga tushganini menga bildirishmagan.

— Ha, to`g`ri, — deydi rafiqasining gapini ma`qullab Muhammadg`ozi. — Sirojning shamollab qolganini xotinimga bildirmadik. O`zim kasalxonaga olib chopdim. O`shanda ekskavatorchi bo`lib ishlardim. Maoshning mazasi yo`q, amal-taqal qilib o`g`limni kasalxonaga yotqizgandik.

Bolalar kasalxonasi «Pax­takor» xo`jaligidagi moslashtirilgan imoratda joylashgan edi. Bir xonada to`rt-besh kishi farzandini olib yotibdi. Jussam katta bo`lgani uchun erga to`nimni to`shab, ozroq miz­g`ib olardim.

O`g`limning ahvoli kundan-kunga og`irlashar, issig`i tushmas, bazo`r nafas olardi. Hozir o`sha do`xtirning ismini eslolmayman, «Bolangni olib ket, endi tuzalmaydi», dedi. Qancha yalindim. «Bunday kasalni hech kim tuzata olmaydi, ikkita o`pkasi qat­tiq shamollagan, tomog`i shishib ketgan, kech olib kelgansanlar», dedi qo`pol ohang­da. Gapi jonimdan o`tdi. O`g`limni bag`rimga bosdim, o`rniga yotqizib, palatadagilardan qarab turishini so`radim. Uyga borib, otamni olib kelishim kerak edi. Kasalxona hovlisidan chiqib, katta ko`chaga otildim. Qani endi biror ulov ko`rinsa. Bir-ikki mashina to`xtamay o`tib ketdi. «Dod» degim keladi. Cho`ntagimga qo`l solsam, bitta yigirma besh so`mlik pulim bor ekan, uni baland ko`tarib, yo`lning chetida bor ovozim bilan qichqira boshladim. ­Rosti, o`sha paytda nima qilayotganim, nima deganimni ang­layolmayman. Mundoq o`ylasam, yuragim yorilishga kelgan, nuqul qichqirib, yordam so`raganman. Axir, o`shanda yigirma bir yoshda edim... Bir payt oppoq «Volga» mashinasi oldimga kelib to`xtadi. Shoshilib haydovchining yoniga o`tirib, qo`limdagi pulni unga tut­qazdim. «Jon aka, yordam bering», dedim.

Haydovchi kulimsirab, ortiga burildi. Beixtiyor men ham o`girildim. Qarasam, ­istarasi issiq, o`rta yoshli kishi o`tiribdi. U elkamga qo`lini qo`yib: «Nima bo`ldi uka, qanday yordam kerak?» dedi. Angrayib qoldim, xijolat tortdim. Kim ekan, bu kishi, deb o`yladim... O`zimga kela boshladim. «Dodiq qishlog`idanman, traktorchiman. O`g`lim kasalxonada jon berayapti. Do`xtirlar endi iloji yo`q, deyishdi. Xotinim sariq bo`lib, shifoxonada yotibdi. Meni hov katta burimgacha olib borib qo`ysangiz», dedim zo`rg`a. U kishi «Uka, o`zingizni bosing, o`g`lingizning ismi ­nima, deb so`radi. Siroj dedim. «Xudo xohlasa, tuzalib ketadi». Orzu-havasini ko`rasiz», dedi. Ke­yin qishlog`imizga buriladigan chorrahaga tushirib ketdi. Tut­qizgan pulimni qaytarib cho`ntagimga solib qo`ydi. Rahmat aka, mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin, dedim.

Otamni olib, kajavali motosiklda kasalxonaga etib borganimizda, oradan to`rt-besh soat o`tgan edi. Ammo o`g`limni oldiga kirgizishmadi. Kasalxona qandaydir notinch edi. Qarshi, Shahrisabz­dan do`xtirlar kelishibdi. Uch-to`rt kun uxlamaganman bolamga qarab, holimni sezib, alohida bir xonaga kiritishdi, oldimga choy-non qo`yishdi. Ammo tomog`imdan ovqat o`tarmidi. Otamni xonada qoldirib, kasalxona hovlisiga, undan katta yo`l bo`yiga chiqdim. Rosa horiganman. Qari tol tagidagi omonat o`rindiqqa o`tirdim. Shu payt tol yonidagi go`sht do`koni sotuvchisi oldimga kelib, «Yangi obkomimiz bilan tanishmisan?», deb so`radi. Hayron turganimni ko`rib, «Boya ­Islom Karimovning mashinasiga minib ketding-ku», dedi ovozini ko`tarib. Rosti, endi yuragimga vahima tushdi. «Sirojga nima zarur bo`lsa, olib bering», degan gaplarini esladim. Cho`ntagimni paypaslab bor pulni chiqarsam, ikki yuz so`m ekan. Qarang, bir yuz etmish besh so`m qo`shib berib ketibdi. Men yosh edim, oq — qorani tanimasdim, gangib qolgandim.

Islom Karimov o`shanda o`g`lim haqida sog`liqni saqlash bo`limi rahbarlariga aytgan ekan... Ko`p o`tmay ­Samarqand va Toshkentdan ham malakali shifokorlar etib kelishdi. Bir haftadan keyin o`g`lim tuzaldi, kasalxonadan uyga olib keldik.

— Men bu voqealarni ­ke­yin eshitdim, — deydi ­Maryamxon kipriklariga inggan yoshlarni ro`molining uchi bilan artarkan. — Axir to`ng`ichim Sirojga bir nima bo`lsa, men ado bo`lardim, kasalxonada tuqqanim Sharofat qizim ham yashab ketmasligi mumkin edi...

Mana, yillar o`tdi bu oilada ikki o`g`il, uch qiz ul­g`aydi. Siroj tadbirkor, ukasi Shavkatjon ichki ishlar xodimi bo`ldi. Qizlar turmushga chiqishdi.

— Sirojning to`ng`ich o`g`li — nevaramiz Jahongir bilan bog`liq bir voqeani aytmasam bo`lmas, — deydi Muhammad­g`ozi. — Jahongir ikki yoshga kirganda sunnat to`yini o`tkazadigan bo`ldik. Ochig`i, oilamizning eng baxtli kunlari edi. Shunda yuragimga tugib yurgan niyatimni amalga oshirdim — Prezidentimizga o`g`limiz Sirojni hayotini saqlab qolgani haqida yozib, minnatdorlik bildirdim. Hech kutmagandik. 2010 yilning 3 avgustida rahbarimizning vakili kelib, Yurtboshimizning sovg`alarini topshirdi. Qa­rangki, u kishi bizni esdan chiqarmagan ekan. O`sha kuni, to`g`risi, ko`z yoshimni to`xtata olmadim.

Qarang, niyat xolis bo`lsa, albatta amalga osharkan. Agar ikkinchi nabiram ham o`g`il tug`ilsa, ismini Islombek qo`ya­man, deb dilimga tugib yurardim. Xudoga shukr, niyatimga etdim...

Bilasizmi, o`shanda rahbarimiz o`g`limni, butun oilamizni asrab qolgan edi. Buni umrimning oxirigacha unutmayman...

Suratda: Siroj o`g`illari Jahongir va Islombek bilan.

Yunus UZOQOV,

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist.
Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA