Долзарб мавзулар Foto

«Mening ko`kko`z onam»

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 19.01.2018, 11:57

...O`shanda hali uchinchi sinf bolasi edim. Darslarimiz tushdan keyin boshlanardi. Qish, qattiq sovuq. Tushgacha o`qigan katta sinf o`quvchilari pechkaga yoqqan olovning taftida issiqina o`tiribmiz. Faqat navbatchilik kunlari biroz qiyin. Muzdek lattani ho`llab doskani artish kerak. Artib bo`lamiz-u, pechka yoniga yuguramiz. Qo`limizni issiq pechkaga tutamiz. Isigach ham joyimizga qaytmaymiz. Harna, besh-o`n daqiqa dars tinglamay tursak deymiz. Mening navbatchiligimgacha hali bor.

Doskaga chiqib, o`qituvchi aytgan misolni echolmadim. Elkasiga jun ro`mol tashlagan Hayitgul opa o`rnidan turgancha kuyinib tushuntira boshladi, keyin doimgidek issiq qo`llari bilan (ularning qo`li nega muzlamas ekan-a?) yuzimni siladi:

– Akalaring bilan birga dars tayyorla. Ularga o`rgating, deb iltimos qil, bolam, – deya joyimga o`tirishimni imo qildi.

Men esa shoshmadim. To o`qituvchim jurnalni ochgunicha. Ruchkani familiyam yoniga olib borgach, o`sha tomonga ko`z-qirimni tashlab, sekin yurdim. Ruchkaning harakatidan bilaman – «4» qo`ydi. Savollariga javob berolmasam ham, uyga berilgan vazifani tayyorlamay kelsam ham, shu bahoni olaman. Hatto, darslarda rasm solib o`tirsam ham urishmaydi. Bilaman negaligini...

Men joyimga kelib, taxta stulga o`tirishim bilan sinf eshigi ochildi.

– Hayitgul opa, uyimizga ona olib keldi. Bahromga ruxsat bering, – o`rtancha akam – Komil ortidan kuchuk quvlagandek hovliqib gapirdi.

Men Hayitgul opaning «voy-voy» deyishiga ham, «Qanaqa ona?» deya hayron qolishiga ham, sinfdagi bolalarning shovqiniga ham parvo qilmadim. Rajab akamning po`stinini (tushgacha u, tushdan keyin men kiyaman), qo`limga olib, papkamni esdan chiqarib akamning izidan yugurdim.

Ona. U qanaqa bo`larkan? Kimga o`xsharkan? Menga bo`lsa kerak-da? Uch akam otamga o`xshaydi, qora bari. Men esa oppoqman. Ammam nuqul peshanamdan o`padi-da, «O`zi oq, peshanasi qora, o`g`lim», deydi.

***

U paytlari men bu so`zning mag`zini tushunmasdim, albatta. Onam meni dunyoga keltirib, olti oydan so`ng sariq kasaliga uchrab, olamdan o`tganini aytishardi. Ikki o`rim sochini ikki yonga tashlab tushgan oppoqina onamning katta suratini uyning to`riga ilib qo`yishgandi. Katta akalarim ko`chadagi bolalar bilan urishib kaltak eyishsa ham, yig`lashmasdi. Qizig`i, goh-gohida shu suratga qadalgan ko`zlaridan oqqan yoshlar uzoq vaqt to`xtamasdi. Mendan katta akam onam o`tganida ikki yashar bola bo`lgan. Eslashicha, onam so`nggi kunlarida unga salom berishni o`rgatgan ekan. Shungami, har tong yuz-qo`lini yuvgach, yugurib kelib, suratdagi onamga salom beradi. Maktabdan qaytgach ham.

Men bilaman, suratdagi onam qaytib kelmaydi. Qoshi qalin amakim shunday degan. Ular katta o`qituvchi. Noto`g`ri gap gapirmaydi.

– Endi Gulbahor tirilib qaytmaydi. Bolalarga esa ona kerak! Bu qishloqda hech kim senga tegishga rozimas. To`rt o`g`il-a? Bittaginasi qiz bola bo`lgandayam mayliydi. Tunov kuni Ahmad akaning soqov qizini so`rab borganimizda «O`g`il bolalarga qarashning o`zi bo`ladimi? Undan ko`ra qizim o`zimning oldimda o`tirgani yaxshi», dedi.

Otam miq etmay eshitadi amakimni. Akalar gapirganda ukalar jim turishi kerak-ku!

– Qachongacha Sharofatning bir oyog`i bu erda bo`ladi? Singling bechora ikkiqat holiga qishloqning u boshidan kelib, noningni yopsa, kiringni yuvsa, hovlingga qarasa?

Otam yana indamaydi. Amakim kosadagi sho`rvaning tuzini tortadi-yu, emaydi. Nondan ham faqat ushog`ini olib og`ziga soladi. Bizni o`ylaydi, zo`rg`a qozon qaynatishadi, sherik bo`lmay, deydi. Katta akam aytgan bu gapni menga. Botir akam shunaqa aqlli.

Amakim behuda gapirayotgani uchunmas, qo`lidan bu borada ish kelmayotgani uchun chuqur uh tortib o`rnidan turadi. Eshik oldiga borgach, asli aytaman deb kelgan so`zini tiliga ko`chiradi.

– Bolalaringni so`rayotganlarga ber, – shunday deya eshikdan chiqadi.

Otam va nihoyat tilga kiradi:

– Hech qachon!

Bizni bola paytimiz, ayniqsa, meni go`dakligimda farzandga zorlar, puli borlar ko`p so`rab kelishgan. Otam esa birortamizni bermagan. Meni ammam katta qilgan. «To`rt o`g`il, buning ustiga, o`zlariga-o`zlari katta bo`lishayapti, qanaqa kallakesar bo`lishadi, hali, kim biladi» deya hech kim otamga turmushga chiqishga rozi bo`lmagan ekan.

***

Akam ikkimiz yugurgilab uyga keldik. Hovlida katta ammam o`choq boshida yuribdi. Oshning hidi dimoqqa urildi. Aniq onani olib kelishgan. Shunga atab osh damlashayapti. Faqat to`y oshi emas. Bo`lmasa, amakim damlardi.

– Ona qani? – dedim ammam muzdek yuzimni o`parkan.

– Ichkarida, uyda, – ammam jilmaygancha javob berdi.

Akam ikkimiz endi uyga qarab chopdik. Ayvonda amakim bilan otam o`tiribdi. Tez salomlashib atrofga alangladim. Ona yo`q. Shunda ko`zim o`z onamning suratiga tushdi. Tabassum qilib turibdi.

Bizning issiq pechkali xonaga kirsak, ona o`tiribdi. Mendan ham oq ona. Yonida ikki akam. Biri konfet shimish bilan ovora, orada burnini tortib qo`yayapti. Biri yong`oq o`ynayapti. Favqulodda tartibli bo`lib o`tirishganini ko`rib hayron qoldim.

– Assalomu alaykum, – Komil akam ikki qo`lini qorniga qo`yib biroz egilib salom berdi. Men ham shunday qildim. Onadan esa sado yo`q. Amakim aytgan soqov ayolmi bu. Ey, onadan ham baxtimiz kelmabdi. Endi soqovcha o`rganamizmi? Bu ona bilan dars tayyorlash tugul gaplashib ham bo`lmaydi-ku!

Maktabdan kela-kelguncha onani ko`rishim bilan yugurib borib quchaman, deb o`ylagandim. Tizzasiga boshini qo`yib, oyoqlarini quchoqlab pechning yonida musichadek bo`lib o`tirgan onani qanday quchoqlayman?

Nailoj akamlarning yoniga cho`kdim. Hammamiz jim o`tiribmiz. Dasturxonga sochilgan qog`ozi chiroyli konfetlarga qo`l uzatishga ham hafsala yo`q. Faqat Rajab akamning burnini tortgani eshitiladi.

Ammam issiq osh ko`tarib kirib kelganida jonlanib qoldik. Oshga qo`l uzatsa, boshini ko`tarsa, onaning yuzini ko`rarmiz, axir. Aksiga olib ammam ham bizni xonadan quvib soldi. Men chiqmay o`tiraverdim. Kenjaman, boshqalarga qaraganda onani ko`rishga birinchi men haqliman!

– Oling, oshdan, – ammam qancha chorlamasin ona boshini ko`tarmadi. Keyin ammamning hasrat xaltasi ochildi. – Gulbahor kelinimiz shu Bahromni tuqqach, sariqqa chalinib dunyodan ko`z yumdi. Bolalar, shukr, bari aqlli, kattalari allaqachon ro`zg`or ishlariga yarab qolishgan. Siz cho`chimang, ukam juda mehribon. Bolalarini hech kimga ishonmay o`zi qarayapti to`qqiz yildan beri. Peshanangizda bor ekan, singlim, shu g`ariblarni bolam desangiz, Xudo sizni ham siylar.

Ona tilga kirdi. Lekin nima deganini tushunmadim. Yig`i aralash aytgani uchunmas, so`zlarni boshqacha aytgani uchun. Keyinchalik ham uning so`zlari bizga qiziq tuyulardi. Bir nima so`rasak, «Bilmem», der, «Ketam» deganidan esa qo`rqardik. O`z yurtiga ketib qolsa-ya deb. Menga esa baribir uning so`zlashi yoqardi, erkalatib gapirgandek. Ona uzoq vaqt bizdan begonasirab yurdi. Uni otamning qalin o`rtog`i biznikiga aldab olib kelgan ekan. Ayoli bilan Rossiyaga borganida bir qari tatar ayolning uyidan qo`nib topishadi. Qarashsa, olti qiz. Otasi urushda o`tib ketgan. Birortasi erga tegmagan. Chunki ularning qishlog`ida erkak zoti kam bo`lgan. Onasini ko`ndirib, otamni rosa boy, birgina o`g`li bor deb olib kelishgan. Kelib qarasa, to`rt o`g`il, uchalasi qop-qora, birginasi oppoq.

***

Onam eng birinchi menga o`rgandi. Chunki etagidan qolmasdim. Yana men tap tortmay «Ona» derdim. Akalarim esa iymanisharmidi, avvaliga aytishmasdi. Lekin hamma ishiga qarashardik. Ovqatlarni shunaqa shirin qilardiki, qayta-qayta suzib erdik. Amakim ham biznikiga kelsa, ovqat eydigan bo`lgandi.

Ismi qiziq edi – Flyuza. Qo`shni ayollar uzoq vaqt Feruza deb chaqirishdi, u esa achchig`ini kelib ismini bo`g`inlab takrorlardi. Ulg`aygach bildim, onamning ismining ma`nosi g`alaba tashuvchi ekan.

Singlim tug`ilganida butun qishloqqa suyunchiladik. Ammo chaqaloqni qo`limizga olish tugul ko`rishga mushtoq edik. «Maturm minem», ya`ni chiroyliginam deya erkalatib, o`rab-chirmab qo`yardi Rufinani. Ammalarim bir kuni janjal qilib, chaqaloqni qo`lidan olib yuvintirishganini aniq eslayman. Negadir, Rufinani qattiq qizg`anib, hammadan yashirardi.

Singlim Rufina yurishni boshlagach, bizga talpinar, onam esa uni biz bilan ko`pam o`ynatmasdi. O`gaylik qilishadi, degan hadigi bor edi. Esimda singlim uch yashar bo`lganida onam uni olib yurtiga ketdi. Birodarlarini ko`rib kelgani. Bir oy deganda qaytdi. O`shanda ikkisini ham qattiq sog`inib kutdik. To`rtalamiz ham har kech uzoq vaqt ko`cha boshida o`tirardik. Singlim bilan onam kelayaptimi, deb yo`l qarardik. Kutganimizdek yarim kechasi kelishgan. O`shanda onam ularni yo`l boshida kutib olganimizdan ta`sirlanib yig`lagandi.

Onam avvaliga begonasirab yashagani bilan bizga o`gaylik qilmagan. To`g`ri, erkalab o`tirmasdi. Lekin urishmasdi, qattiq gapirmasdi. Shirin ovqat qilardi, o`zimizni, ust-boshimizni toza tutardi, birga kinolarga olib borardi. Ahyon-ahyonda tatarcha qo`shiqlar kuylab qolardi. Qishlog`imizdagi bir tatar oilaning to`yida raqs tushganini ham ko`rganman. Yayrab-yashnab o`ynagandi o`shanda.

Uylanish yoshiga etganimizda barimizning ko`nglimizga quloq tutgan ham shu ayol. Nevaralarini oyog`ida chayqab katta qilgan ham o`zi.

Yotoq kasal bo`lib qolgach yuragiga qo`l solishga jur`at qilolmadik. Singlimga sen so`ra deyishga ham botina olmaymiz. Oxiri o`gaylik qildi, degan so`zdan emas, onamning o`lim bilan yuzma-yuz kelayotganini tan olishdan qo`rqamiz. Bir kun otamga o`zi so`z boshlabdi:

– Meni yurtimga olib boraman deb kuyinmanglar. Shu erga qo`yinglar. Shu tuproqqa. O`g`illarim qabrimni ziyorat qilishadi, qizim shu yurtda. Endi to`laligimcha shu yurtniki bo`lay.

Bu gapni eshitib, onamning opa-singlisiga telegramma jo`natdim. Onam ikki singlisi bilan ko`zi ochiqligida so`nggi bor diydorlashib juda suyundi. Mingdan-ming roziman, deya bu olamdan ko`z yumdi. Onaning o`limi og`ir bo`larkan...

Ayolim hanuzgacha bir so`zni ta`kidlaydi.

– Shunchalik mehr-oqibatli bo`lib o`sganlaringizga hayron qolaman. Har kuni ishga ketar mahalingiz onangizning holidan xabar olardingiz. Qaytgach, «Keliningiz ovqat berdimi?» deb so`raganingizda xafa bo`lib ketardim. Qornim to`q desalar ham bir kosa ovqat suzdirib, go`yo menga ishonmagandek o`zingiz edirib qo`yardingiz. O`sha paytlari ko`nglimga og`ir botardi. Endi bizning bolalarimiz ham shunchalik mehrli bo`lsin, deya niyat qilaman.

– Uzoq yurtdan kelib, bizga onalik qilgan, «Ketam» desa ham tashlab ketmagan ona edi u, – deyman-u uyimiz to`rida osilib turgan ikki suratga ko`z tashlayman. Ikkisi ham oppoq, faqat birining qosh-ko`zi menikidek qora, birining qoshlari esa singlimnikidek sariq, ko`zlari ko`k ayollarning tabassumi ko`nglimga xotirjamlik bag`ishlaydi.

Shoira VAFOEVA yozib oldi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA