Му5
50

Qamoqxonadagi qiz o`ylari

Mutolaa 20.01.2018, 09:01
6838
Qamoqxonadagi qiz o`ylari

Bu erda kunlar uzun... Kunlardan ham tunlar uzun... Xona zax, devorlar muzday. Sen esa shu sovuq betonlarga yuzlaringni bosib, o`yga botasan. Umring kino lentasidek ko`z oldingdan o`taveradi. So`ng seni qiynayotgan o`sha nuqtaga kelib to`xtaysan: “Nega bunday ahvolga tushdim?”

Shu birgina savol tegrasida soatlab aylanasan. Javob topolmay yana xayolga berilasan. Cheksiz xayollar. Kunlar esa biram uzunki...

Qizning elkasi uchdi. Yuragiga allanechuk shirin bir his oqib kirdi. Qovog`i uchdi-ya, demak bugun kimdir uni ko`rgani keladi. Onasimikin? Qiziga ko`zi tushishi bilanoq gapirolmay yig`laveradigan onaizori...

O`tgan gal kelganida u qiziga uzoq termildi. Cho`ntagidan kichkina oyna olib unga tutdi. “Ma, qiz bolasan, o`zingga sal qarab, sochlaringni tuzat”, dedi. Qiz esa onasi ketishi bilan ko`zguni devorga urib sindirdi. Ko`zgudagi aksiga qanday boqadi, axir? Rahmatli buvisi bir paytlar: “Gunohi ko`p kishining yuzidan farishtasi qochadi”, deguvchi edi. Uning gunohi og`ir, yuzlari ham farishtasiz, sovuq...

Qiz yana onasi haqida o`ylay boshladi. Shu topda uning gul isi kelib turadigan qo`llariga suyanib erkalangisi keldi. Xuddi bolaligidagidek. Esini tanibdiki, tongda ko`z ochishi bilan onasini gulzor ichida ko`rardi. Onasi gullarni sevar, hovliga yuz xilini ekib, parvarishlardi. Uchala qizlariga ham gulning nomini qo`ygan. Lola, Nilufar, Nargis...

Qiz bir kuni onasidan: “Nega ismimni Nargis qo`ygansiz?” deb so`raganida, onasi gulzorda ochilib turgan nim sarg`ish gulni unga ko`rsatib: “Qara, Nargis guli kichkina bo`lsayam juda mag`rur”, degandi.

Yo... bugun dadasi kelarmikin? Yo`q, yo`q! Hamma kelsayam, dadajonisi kelmasin bu erga. Shundog`am keyingi paytda kasali zo`rayib ketgandir. Ayniqsa, mana bu voqeadan keyin. Bir paytlar dadasi uch qizini yoniga chaqirib: “Sizlarni yaxshi ko`raman, hademay menga qanot bo`lasizlar”, deya erkalardi. Endi bo`lsa... U otasining yuzini erga qaratdi. Buning uchun o`zini bir umr kechirolmaydi!

O`sha kuni nega shular haqida o`ylamadi u? Nega dugonasiga ergashdi? “Bormayman”, desa olam guliston edi-ku!

Endi u kunlarni ortga qaytarishning iloji yo`q...

O`sha kuni institut yotog`idan chiqib, tramvay bekatiga qarab yurdi. Ertalab Noila: “Dars¬dan so`ng seni yozgi bog`da kutaman, borgin”, deb tayinlagandi. Yaqinginada tanishishgan bo`lsa-da, shu qiz negadir unga yoqib qolgandi. Quvnoq, shirinso`z... O`zi institutning yuqori kursida o`qirkan. U: “Institutga faqat imtihon kunlarida kelaman”, deganida qiz ajablandi.

– Jonimni koyitib nima qilaman, domlalar bilan “gap¬lashib” bahoni qo`ydiraman-u, yana yallo qilib yuraveraman! – dedi Noila.

“Baribir, u ajoyib qiz. Kiyimlariyam antiqa, o`ziga yarashadi. Ular shu kuni daraxtlar quyuq soya tashlab turgan o`rindiqda uzoq o`tirishdi. “Seni bugun bir joyga taklif etmoqchiman, – dedi dabdurustdan dugonasi. – Faqat yo`q demaysan!”

Nargis chaynaldi: “Tanimagan joyga...”

– Tashvish tortma, zo`r kompaniya, senga yoqadi, – dedi Noila.

Ikkovi uchrashuv joyini kelishib olishdi. Kechqurun o`sha joyga borishdi.

Uch yigit, bir notanish qiz, bular ikkovi. Rosa yayrab o`tirishdi. So`ng o`zaro pichir-pichir boshlandi. Yigitlar qizni ko`rsatib, Noilaga ishora qilishdi. “Bu mening yaqin dugonam, – dedi Noila. – Uni o`zimizga qo`shib olamiz!”

Nargis uning gaplariga tushunolmay o`tirardi.

Bir vaqt Noila qizni balkon tomonga boshladi. Unga “sir”ni ochdi. Ma`lum bo`lishicha, bular tunda uylarga bostirib kirib, keyin...

“Nega meni bu erga olib kelding?” dedi Nargis alam bilan.

“Sen qo`rqma, biz qizlar faqat “ob`ekt” topamiz, qolganini yigitlar eplaydi”, dedi Noila uni yupatib. (“Ob`ekt” deganlari egasi boy, ancha-muncha narsa o`marsa bo`ladigan xonadon ekan!) .

“Biz bu ishda hecham aybdor bo`lmaymiz”, dedi Noila va qizning ko`z oldida hamyonini ochdi. Bir dasta pul. Hammasi AQSh dollari... “Mana buni qara, bir kunlik xizmatimga olganman!”

Qiz uning qo`lidagi taqinchoqlariga qaradi. Tilla uzuk, qo`sh zirak! Hozirgi urfdagisi. Bahosiyam osmoncha turadi bularning.Havas bir soniya ich-etini kuydirib o`tdi: Unda ham xuddi shunaqasi bo`lsa edi... Taqib olib, qizlarning ko`zlarini o`ynatardi-da. Kursdosh qizlar keyingi payt uning kiyimlariga g`alati qaraydigan bo`lib qolishgan. Nima qilsin, dadasi kasalmand, ishlamaydi. Onasining topgani ro`zg`ordan ort-maydi. Tuzukroq kiyim olishga ortiqcha pul yo`q... Bir kuni uning dilidagini sezib yurgandek, kursdoshi Salima: “Nargis, sen bu kekkaygan qizlarga e`tibor berma. Gap kiyimda emas, bilimda. O`qishni bitirgach, har qancha kiyim topiladi”, dedi. Nargis bu kamtargina kursdoshining gapini ma`qulladi. Lekin o`sha qizlarning turfa liboslarini ko`rsa, baribir ko`ngli sust ketardi.

Xullas, ular o`sha kuni ziyofatdan so`ng Nargisni yotoqxonga kuzatib qo`yishdi. Xayrlashayotganlarida Noila unga shipshidi: “Bilaman, ikkilanayapsan. Tushunsang-chi, imkon topilganda pul ishlab qolish kerak-ku!”

Ertasiga Noila yana qizning yotog`iga keldi: “Biz bitta “ob`ekt” topdik, juda boy xonadon, uy egasi bir oyga chet elga ketibdi, bugun tunda ish boshlaymiz?”

Nargisning tirnoqlarigacha muzlab ketdi.

Noila buni sezib, tas¬kin berdi: “Sen faqat eshik qo`ng`irog`ini bosasan. Eshik ochilgandan so`ng yigitlar o`zlari eplashadi, biz qochamiz”.

Shu kuni ular yarim tunda shaharning chekka dahalaridan biriga yo`l olishdi. Keyin esa... Yo`q, yo`q! Uyog`ini eslasa, haliyam yuragi uvushadi, faqat birgina manzara ko`z oldida qolgan. Bularga eshikni ochgan ayol, uning ortida kichkina qiz. Biram shirintoy... Qizaloq avval bularga javdirab qaradi. Yigitlar onasiga pichoq o`qtalishgandan so`ng esa qichqirib yubordi. Qizchaning ovozi haliyam uning qulog`ida jaranglab turibdi. Qiz o`sha go`dakkinani ko`z oldiga keltirsa bas, chidolmaydi...

O`shanda yigitlar ayol bilan qizaloqning og`izlariga latta tiqishdi, oyoq-qo`llarini bog`lab polga yotqizib qo`yishdi. So`ngra uyni tintishayotganida, to`satdan eshik ochilib... organ xodimlari kirishdi-yu, hammalarini mashinaga tiqib, buyoqqa olib kelishdi. Keyin eshitdi, bu to`da anchadan beri talonchilik bilan shug`ullanarkan. Hammasi kuzatuv ostida ekan. Mana to`rt oycha bo`ldi, shungayam.

Qizga kecha aytishdi. Sud keyingi haftaga belgilanibdi. Tezroq bo`laqolsaydi shu sud. Mana bu jonni oluvchi so`roq-savollardan qutularmidi. Tergov paytida xuddi o`sha voqea yana boshdan takrorlanganday bo`ladi. Tuni bilan uxlolmaydi. O`sha qizcha tushiga kiradi... Ha, uning aybi og`ir. Jazo ham shunga yarasha bo`ladi? Qancha berisharkin unga? G`ayrat akasi ham eshitgandir, bu voqeani. Qanday ahvoldaykin hozir? Har uchrashganlarida: “O`qishni tugatgan kuningiz uyingizga sovchi jo`nataman”, derdi. Eh, ikkovining qancha orzulari bor edi-ya! Afsus... Hammasi o`zgarib ketdi. Endi u qamalib chiqqan “o`g`ri” qizga qiyo ham boqmaydi. Negayam o`sha kuni dugonasiga ergashdi-ya!? Nega? Endi esa ming pushaymon qilgani bilan baribir kech bo`ldi!

Kech bo`ldi...

Gulchehra JAMILOVA

Шарҳлар