Му5
44

Devor oshilmagan o`g`rilik yoki omonatga xiyonat ikki voqea xususida

Mutolaa 23.01.2018, 13:19
2846
Devor oshilmagan o`g`rilik yoki omonatga xiyonat ikki voqea xususida

“Qobusnoma”da bir rivoyat bor. Qisqacha mazmuni shunday:

....Bir kishi kech oqshom hammomga boradigan bo`ldi. Unga hamrohlik qiladigan do`sti zarur ishi borligini aytib, ikki yo`l ayrilgan joygacha bordi. Ammo o`sha manzilga etgach, xayrlashmay o`z yo`lida ravona bo`ldi. Shu payt hammomga boruvchining izidan o`g`ri tushdi. Haligi kishi esa, qorong`u emasmi, ortidan kelayotgan do`stimdir, deya xayol qildi. Hammomga etgach, uning eshigi oldida qo`ynidagi 100 tillani chiqarib, do`stiga omonatni saqlab turishni iltimos qildi. Yuvinib chiqqach, kiyimini kiyib, yo`lga tushdi. O`g`ri esa hayron bo`lib, uning ortidan zaringni olgin, deb chaqirdi. Haligi kishi qorong`uda uni tanimadi.

– Sening omonatingni saqlayman, deb ishimdan qoldim, – dedi chaqirgan kimsa.

Shundan so`nggina haligi kishi uning kimligini so`radi.

–Men bir o`g`riman, – javob beradi tillani topshirmoqchi bo`lgan odam.

– Agar sen o`g`ri bo`lsang, nima uchun zarni olib ketmading?

– Sen bu zarni menga omonat topshirding. Omonatga xiyonat qilish jo`mardlikdan emas, – dedi o`g`ri.

Rivoyatga kimdir ishonadi, kimdir yo`q. Lekin u ming yildirki, bizga bebaho qadriyatlardan biri jo`mardlik sabog`ini eslatib keladi. Biz bu hikmatni eslaganimiz ham bejiz emas.

Inson oilasi, farzandlari uchun yashaydi, o`zi emay, ediradi. Insofu diyonatli bo`lsin, deydi. Keksalar ertaning shirin tashvishi uchun, deb nafaqa pulidan orttirib to`rt tanga jamg`aradi. Farzandlarimga malol kelmasin, deydi-da. Bu jo`mardlik.

Lekin shu kunlarda bir otaxonning omonatiga xiyonat qilindi. Biror kunimga yarab qolar, deb yiqqan 600 dollari yo`qolib qoldi. Aytgancha, oqsoqol to`qima obraz emas. U Buxoro viloyatining Buxoro tumani Qorajeri qishlog`ida yashaydi. Ismi - Q.I.

Qiziq. Darvozadan biror begona kirmagan. Tunda birov devor oshmagan bo`lsa... Qariya voqeadan oila a`zolarini xabardor qildi. Barcha hayron. Otaxon tuman ichki ishlar bo`limiga arz qildi. Osoyishtalik posbonlari jabrdiydadan tartib-taomilga ko`ra, gumondorini so`radi.

Otaxon yoqa ushlab, bosh chayqadi:

–Nimalar deyapsiz? Gumon iymondan ayiradi, axir!

Surishtiruv ishlaridan so`ng tugunning uchi topildi. O`g`ri kim ekan, dersiz? Shu xonadonning kelini, istihola qilib nomini o`zgartirgan holda keltirayotganimiz – Mohimsara aybni bo`yniga oldi. Qaynotasi uyda yo`qligidan foydalanib, uning xonasidan pulni o`g`rilagan ekan.

Qaynota peshonasiga bitta urdi... Er yorilsa-yu, kirib ketsa, bu kunlarni ko`rguncha. Agar ota shundayligini bilganida, 40 yoshli kelinposhsho oldinroq xijolat bo`lganida, uydagi gap ko`cha chiqmasdi.

Ana shunday ahvol Shofirkon tumanidagi Dorigar mahallasida yashovchi H.O. xonadonida ham yuz berdi. Bu erda ham o`g`ri begona emas, 19 yoshli o`g`il O.P. o`z uyidan 1 million 900 ming so`m va qiymati 100 ming so`mlik uyali telefonni o`g`irladi.

Na iloj, yozilgan da`vo arizasi ro`yxatga olingan. Shu bois ham tuman IIB tergov bo`linmasi tomonidan ish yuzasidan aybdorlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi...

Bu yog`i nima bo`ladi? Taxminimiz bunday: aybdorlar qilmishidan astoydil pushaymonligini bildiradi, tavba-tazarru qiladi. Bechora otalar ko`ksiga pichoqsiz xanjar urilgan bo`lsa-da, kechiradi. Odil sudlov ham tomonlarning yarashuvini inobatga olib, bag`rikenglik tamoyiliga hamohang qaror qabul qiladi. Oila qo`rg`oni mustahkam bo`lishini o`ylab, biz ham aslida shunday bo`lishini istaymiz...

Yana pulga qaytamiz. Aqchangiz yo`qolsa ham albatta xafa bo`lasiz. Ammo ko`chada oldirib yoki tushirib qoldirgandagi alam uyda yo`qotganing oldida hech gap emas. Ko`ngilni larzaga soladigani omonatga xiyonat! Ishonchga darz ketgani. Mehr atalmish bebaho gavhar mahv etilgani. Endi uni tuzatib bo`larmikan? Hamma gap shunda!

Erkin Yodgorov

Шарҳлар