Долзарб мавзулар Foto

Holva emagan hokimlar (holvani yoqtiradigan hokimlar o`qimasin)

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 26.01.2018, 07:34
Hajviya


Devorning ham qulog`i bor, degan naql necha ming yil oldin aytilganini bilmadim-u, ammo juda bugunbop chiqib qoldi. Hammadan ham hokimlarga qiyin bo`ldi, hokimlarga! Bechoralar... Birovni dildan yayrab, xumordan chiqib so`kolmaydi ham. So`ksa — tamom, ertasi kuni internetda chiqib turibdi-da!

Hokim bo`lganingdan keyin, qo`ling qichib turgan payti birovning quloq-chakkasiga tortvorging keladimi? Keladi!

Yaqinda bitta hokim ukamizni rosa tanqid qilishdi. Sirdaryoning Sayxunobodidan ekan. Bechora bor-yo`g`i, uch-to`rtta maktab direktorini turg`izib qo`yib, ikki-uch shapaloq uribdi, xolos. Nima bo`pti, birortasi o`lib qolmabdi-ku? To`g`ri-da, maktab direktori bo`la turib, bayramga odam chiqarmapti. O`rniga men bo`lganimda urib o`tirmasdim qo`limni og`ritib, tepardim...

O`zingiz o`ylang, paxtaga odam topib berolmay turganingizda, allaqaysi korxona yoki tashkilot rahbari aytganingizga ko`nmasa, nima qilasiz?

Odamlarga hayronman. Biror majlisda o`zbek tilining boy va cheksiz imkoniyatlarini ishga solib, samimiy so`kinganingniyam ko`risholmaydi. Hatto nechta uyatli so`z ishlatganing-u, ularning qay biri qaysi so`z turkumiga oidligi, qaysi kelishik va egalik qo`shimlari bilan ishlatilguniga qadar tahlil qilib berishadi. Bekorchilar!

Tuzukroq so`kishishni bilmagan hokim hokimmi? Menga qo`yib bersa, hokimlar uchun so`kinish bo`yicha master-klass o`tkazishni tavsiya qilgan bo`lardim. Qancha so`kinsang — shuncha obro`ying oshadi. Odamlar sendan shuncha qo`rqadi. Alvastijon haqida multfilm qahramoni aytganidek, qo`rqsin-da, qo`rqsa — hurmat qiladi!

Lekin zamon o`zgaryapti. Hozirgi hokimlarga juda-juda ichim achiydi. Hokim bo`lsang-u, maza qilib yasholmasang. Ayshingni surib, qamchingni qarsillatib yurolmasang, dang`illama uy qurib, inomarka mashina sotib ololmasang... Endi faqat ishlashing kerak. O`zing hokimlik qilayotgan joyni obod qilishing, ish o`rinlari yaratishing, investisiya kiritishing, huzur-halovatdan voz kechishing kerak. Hammasiyam mayli, xunobing chiqib turganda birovni miriqib so`kolmaysan.

Hokimlikning yukini hokim bo`lganlar biladi. Bechoralar shu mansabga minaman deguncha, bunaqa so`kishlardan qanchasini eshitishgan, bunaqa shapalog`u tepkilardan qanchasini eyishgan, axir? Nima, oldingi hokimlar so`kishmabdimi? Berilgan topshiriqni uddalolmagan xodimlarni do`pposlashmabdimi? Qiziq zamonlar bo`lyapti-da! Majlisdagilarni bitta-ikkita so`kib qo`ysang, darrov jarima solishadi yoki ustingdan ish qo`zg`ashadi. Mayli, hokim to`ra uchun to`rt-besh million so`m pul nima degan gap? Sadqai sar, to`laydi o`sha pulni. Faqat elga ovoza bo`lganing ortiqcha. Ana shunisiga kuyaman.

Kuni kecha yana bir do`stimiz majlisda bir tuman ahlini changitib so`kdi. Chin yurakdan so`kdi. Nima qilsin, bechora? Rosa jonidan o`tgandir-da? Odamlar ham ja noinsof bo`p ketishgan-da! Birovni haromi degan bilan haromi bo`lib qolarmidi? Xuddi ayrim hokimlarni adolatli deb maqtagan bilan adolatpesha bo`lib qolmagandek. Odamlar juda haddidan oshib ketishyapti. Xalq degan qo`ydek yuvvosh bo`lsa, ursang ham, so`ksang ham qulluq qilib tursa... Tayyor ish topib bersang ham noz qiladi-da hozirgi yoshlar. Nima ikki yuz ming-uch yuz ming oylik teshib chiqadimi? Har qalay bir burda nonga qorning to`yadi-ku? Albatta, zamonaviy mashina minishing, namunali uyda yashashing, restoranda to`y qilishing shartmi? Bunaqa dabdabalar hokimga yarashadi, prokurorga yarashadi, soliqchiga yarashadi. Dehqonning bolasi bo`lgandan keyin ketmon chopsa, hovlisining to`rt tomoniga bo`z tortib, ikkita cho`p-oyoq masxarabozni chaqirib to`y o`tkazaversa, katta buvasidan qolgan chordevorda yashayversa asakasi ketadimi?

Hajga bormaysanlar, dedimi? Rossiyaga ishlagani yubormayman dedimi? To`ppa-to`g`ri qiladi. Chunki u o`z oti bilan hokim! Qo`li ostidagilar o`tir desa o`tirishi, tur desa turishi kerak. Hokim rozi — Xudo rozi (O`zi menga qolsa maqolni xuddi shu tarzda o`zgartirgan bo`lardim). Ehtimol, boshqa tumandan propiskaga o`tib, hajga borib kelishni o`ylaydiganlar ham chiqib qolar. Baraka topkurlar, hokim buvani norozi qilib, hajga borsalaring, bunaqa ziyoratning qabul bo`lishiga garantiya yo`q, vallohu a`lam. Hokimning ruxsatisiz ishlab pul topib kelish ham g`irt noinsoflik. Xudo ko`rsatmasin, yo`lda biror korhol bo`lsa, kaltak kimning boshida sinadi, bir o`ylab ko`rsalaring-chi? Hokimingizni gapga, malomatga qoldirib, xorijda ishlab topgan noningiz tomog`ingizdan o`tayotganda vijdon qurg`ur sanchmaydimi?

O`zi-ku, ejodkorlik qobiliyatim yo`q. Yozg`uvchilarni jinimdan battar yomon ko`raman. Faqat, eks-hokim sifatida, bugungi hamkasblarimga ichim achiganidan qo`limga qalam oldim. Biz-ku, bir paytlar davrimizni surib, o`ynab-kulib, yig`ib-terib oldik. Hozirgilarga qiyin bo`ldi.

Baraka topkurlar, hokim zotiga oson tutmanglar. U bechora ham bundoq odamga o`xshab yashasin. Bizning zamonamizda birortasining ketiga o`xshatib tepsang ham, «Hokim buva, ming bor uzr, ketim oyog`ingizga tegib ketdi, yomon og`rimadimi? Uqalab qo`yaymi?» deb qo`l qovushtirib turishardi. Hozirgilarni bir og`iz haqorat qilolmaydigan bo`lib qolding.

Bir paytlar holvani hokim eydi, kaltakni etim eydi, degan purhikmat maqollarimiz bo`lardi. Bizam vaqtida shunaqa holvalarni eganmizki, oh-oh-oh... Hozirgi bechora hokimlar holva tugul, bir luqma nonni ham chaynab yutolmaydigan bo`lib qoldi.

Hammangizdan, hokimlikning achchiq-chuchugini tatib ko`rgan eks-hokim sifatida iltimos qilaman. Hokimlarga rahm qiling.

Jonkuyar Eks-hokim

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA