42

Meva qoqisi: saraton, gijjalar va ortiqcha vazndan himoya

Salomatlik 27.01.2018, 01:41
3083
Meva qoqisi: saraton, gijjalar va ortiqcha vazndan himoya

Meva qoqilarning shifobaxsh xususiyatlari haqida ko`p eshitganmiz. Haqiqatan ham, ular xalq tabobatida juda ko`p asrlardan beri qo`llanadi. Bugun ularning har biri haqida alohida ma`lumot beramiz.


Anjir qoqisi – vitaminlar zaxirasi!

U kamqonlik, yurakning tez urishi, bronxial astma, ko`krak og`rig`i, o`pka pardasi yallig`lanishi bilan og`rigan bemorlarga tavsiya etiladi. Anjir qoqisini sutda qaynatib, ichilsa gripp, ko`k yo`tal, pnevmoniya, bronxitda shifodir. Bundan tashqari, anjir qoqisi qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilaydi, gijjalarni yo`qotadi. Terini kerakli vitaminlar bilan ta`minlab, saraton hujayralari rivojlanishining oldini oladi. Undan tayyorlangan kompot esa ishtahani ochib, ovqat hazmini yaxshilaydi.

Vitaminlar: V1, V2, V3, V6, RR.

Mineral moddalar: temir, kaliy, magniy, kalsiy va boshqalar.


Mayiz – stomatitning davosi

Immunitetni mustahkamlashda mayizga teng keladigani yo`q. Uzum qoqisi yurak qon-tomir kasalliklari, asab faoliyati buzilishlari, kamqonlik va og`iz bo`shlig`i bakteriyalariga qarshi kurashishda yordam beradi. Sizni stomatit qiynayaptimi, muolaja tugagach, mayiz eyishga odatlaning.

Mavsumiy xastaliklarga chap berishda organizm quvvatini oshirish darkor. Bunda sizga quyidagi resept asqotadi: teng miqdorda mayiz va yong`oqni go`shtqiymalagichdan o`tkazib, ozroq asal bilan aralashtirasiz. Aralashma 1 osh qoshiqdan nonushta mahali iste`mol qilinsa, immunitet ko`tariladi. Yo`tal, tumov, tomoq og`rig`i bezovta qilganida mayizdan tayyorlangan damlama yaxshi yordam beradi. Buning uchun 1 stakan qaynoq suvga 100 gramm mayizni solib, 10 daqiqa damlab qo`yasiz. Damlamaga 1 osh qoshiq piyoz suvini qo`shib, yarim stakandan ichiladi.

Mayizasab tizimini mustahkamlab, osteoxondroz va osteoporoz, buyrak kasalliklari bezovta qilganda ham iste`mol qilinsa foydalidir. Yodda tuting: o`n ikki barmoqli ichak yarasi hamda qandli diabetda mayiz tavsiya etilmaydi.

Vitaminlar: V1, V2, V5, RR.

Mineral moddalar: fosfor, natriy, kalsiy, magniy, temir, kaliy. 100 gramm mayiz tarkibida 860 mg. kaliy bor.


Olma qoqisi – organizmni tozalaydi

Olma qoqisi glyukozaga nihoyatda boydir. U o`zida foydalilik xususiyatlarini saqlab qolib, mikroelementlarga to`yingan bo`ladi. Tarkibidagi pektin moddasi organizmni toksinlardan tozalaydi. Agar qabziyatdan aziyat chekayotgan bo`lsangiz, olma qoqisidan yaxshisini topolmaysiz.

Olma qoqisini go`shtqiymalagichdan o`tkazib, qaynating va ta`bga ko`ra shakar solib, damlang. Tayyor damlamaga asal qo`shib ichilsa, qabziyatdan xalos etadi. Bundan tashqari, ushbu damlama oshqozon faoliyatini ham yaxshilaydi.

Qandli diabet bilan xastalangan va ortiqcha vaznli kishilarga olma qoqisi tavsiya etilmaydi.

Vitaminlar: V, S, RR.

Minerallar: kaliy, kalsiy, temir, fosfor.


Qovun qoqisi – bo`lajak onalar uchun

Mazkur qoqi tarkibida barcha mineral va vitaminlar to`liq saqlanib qoladi. U immunitetni ko`tarib, organizmni quvvatlantiradi, anemiyadan xalos etadi. Qovun qoqisi muntazam iste`mol qilinsa, yurak-qon tomir tizimi faoliyati yaxshilanadi. Peshob yo`lidagi toshlar parchalanib, suyaklar mustahkamlanadi.

Qovun qoqisi homilador ayollarga ham foydalidir. Chunki uning tarkibidagi foliy kislotasi uyqusizlik, ruhiy zo`riqishni bartaraf etish va asablarni tinchlantirishda ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Bundan tashqari, soch va tirnoqlarni mustahkamlashda,organizmni yoshartirishda ham qovun qoqisiga teng keladigani yo`q.

Vitamin: S darmondorisi

Minerallar: xlor, natriy, kaliy, foliy.


Olxo`ri qoqisi – yoshartiradi

Revmatizm, buyrak va jigar kasalliklari bezovta qilyaptimi? Olxo`ri qoqisidan eng!Uning tarkibidagi foydali vitamin va minerallar dardingizni aritadi. Olxo`ri qoqisi ichki organizm faoliyatini yaxshilab, ularni yoshartirish va sog`lomlashtirish xususiyatiga ham ega. Tish emalini zararlanishdan asrab, mustahkamlab, kariesdan himoyalaydi. U organizmdan xiltlarni haydab, qabziyatning oldini oladi. Avitaminoz va kamqonlikda ham yordam beradi.

Vitaminlar: A, S, E, RR, V1, V2, V3, V5, V6, V9.

Minerallar: temir, mis, marganes, rux, selen, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, fosfor va xlor.


O`rik qoqisi – kaliyga boy

Yurakka quvvat bo`lib, ortiqcha vazndan qutulishda ham yordam beradi. Organizmdagi kaliy moddasi yuvilib ketishining oldini oladi. Chunki u kaliy va antioksidantlarga boydir. Muntazam iste`mol qilinganida organizmni zararli xolesterindan tozalaydi. Shuningdek, qalqonsimon bez xastaliklari va qandli diabetda ham foydali.

Vitaminlar: A, S, RR, V1, V2, V5;

Minerallar: kaliy,kalsiy, magniy, fosfor, temir,mis,marganes, kobalt.

MIRKAMOL tayyorladi.

Комментарии