Му5
48

Dilbar Ikromova: «Said Ahmad onamni Farmonbibiga o`xshatar edi…»

SUG'DIYONA 30.01.2018, 13:54
3814
Dilbar Ikromova: «Said Ahmad onamni Farmonbibiga o`xshatar edi…»

O`zbekiston xalq artisti, O`zbek Milliy akademik drama teatrining etakchi aktrisalaridan biri Dilbar Ikromova biror san`atkorga taqlid qilmagan. Sevimli aktrisamiz juda kamsuqum, kamtar va samimiy ayol. Suhbatimizni o`qisangiz bunga o`zingiz ham amin bo`lasiz.

— Dilbar opa, odatda, iste`dod — nasliy meros, deyishadi. Bu fikrga qo`shilasizmi?

— Yo`q, qo`shilmayman, chunki mengacha ajlod-avlodimizda san`at kishisi bo`lmagan. Onam Jamilaxon aya sakkiz farzand ko`rganlar — olti qiz, ikki o`g`il. Otam etmish to`rt, onam sakson to`rt yoshlarida vafot etishgan. Ularning yuraklarida olov bor edi. Otam hammamizni yig`ardilar-da, «Men hozir sizlarga «Abay»dan monolog o`qib beraman», derdilar. Shunaqa rolga kirib ketardilar, biz yosh bo`lganimiz uchun «Qo`rqib ketyapmiz, dada», derdik. Onam dutor chalib, «Parovozning do`ngalagi...»ga o`xshash qadimgi ashulalarni kuylardilar. O`rgating, deb ko`p aytganman, ammo bunga vaqtlari etmasdi. Sakkiz bolaning parvarishidan, turmush tashvishlaridan ortmagan bo`lsalar kerak. «San`atkor bo`laman» deganimda ham oyim qarshilik ko`rsatganlar, «Ota-bobolarimizdan artist chiqmagan, o`qituvchi, shifokor yoki hamshira bo`l», deganlar. Dardim ichimda qolib, ko`p yig`laganman. Bir kuni ikkinchi opamga «Nima qilaman do`xtir bo`lib, ishimni yaxshi ko`rolmasdan kimnidir o`ldirib qo`ysam-chi?» deganman. Otam rahmatli onamga «Qo`y, nima qilasan to`g`anoq bo`lib, hujjatlarini topshirib ko`rsin, hali kiradimi-yo`qmi?» deb ularni ko`ndirmoqchi bo`lgan. Shu paytda tog`am rahmatli kelib qolgan. «Oyingga aytma, institutning manzilini topdim. Ikkalamiz birga borib kelamiz», deganlar. Uch tur imtihonlariga tog`am bilan birga borib kelganman.

— Oyingiz «Kelinlar qo`zg`oloni»dagi Farmonbibiga o`xshar ekanlarmi?

— Said Ahmad uzoq qarindoshimiz bo`ladilar. Bir kuni ular bilan ko`rishib qolganimizda, «Dilbarxon, Farmonbibining kelib chiqishini bilasizmi? Bir yig`inda oyingiz qoshlarini chimirib o`tirganini ko`rgandim. «Manavini olib boringlar, manavini olib kelinglar», deb amrfarmonlik qilib turuvdi. Farmonbibining ba`zi holatlarini oyingizdan olganman», deganlar. Haqiqatan, oyim kerak paytda shunday qarardiki, aytgani so`zsiz bajarilardi. Saksonga chiqqanida ham hech bukilmagan, doim qaddiini tik tutib yurardi. Men oyimga o`xshamaganman, bo`ylari baland edi.

Har bir oilada uchrab turadigan moddiy etishmovchilik sizni ham chetlab o`tmagan degan fikrdaman. Ko`rgan-kechirganlaringiz sizga nimani o`rgatdi?

— Sabr-toqatli bo`lishni. Vaqti kelganida qattiq non eganman. Hamkasblarim «Yuring tushlikka chiqib kelamiz» deyishsa «Yo`q, shu erda ovqatlanmoqchiman», deya aldagan paytlarim ham bo`lgan. Tanga sanab, qizlar bilan non olib kelib bo`lishib erdik ba`zan. To`qlikdan sho`xlik kelib chiqadi. Ba`zan yoshlarga «Hayot bir tekis emas, chidamli bo`lishni o`rganinglar», deyman.

Bilasizmi, bir necha marta menga «Teatrdan ket, bu er sening joying emas, xunuksan», deyishgan. «Yo`q, men ishlayman, o`zimni yaxshi san`atkor ekanligimni, albatta, isbotlayman. Albatta, yaxshi aktyor bo`laman», deganman. Xudoga shukr, mehnatlarim beiz ketmadi, sahnada o`z o`rniga ega san`atkor bo`la oldim.


Hamkasblaringizdan biri sizni bugungi o`zbek teatr san`atining birinchi raqamli ayol aktrisasi, deya ijro mahoratingizni yuqori baholadi.

— Albatta, maqtov eshitish yoqimli, lekin juda xijolatli. Aytaylik, o`zingiz rolingizni yaxshi o`ynayotgan bo`lsangiz ham kimdir «Zo`r chiqyapti», desa menga xalaqit qilayotgandek tuyuladi. Imkon qadar bunday gaplarga e`tibor bermaslikka harakat qilaman va o`zimga-o`zim «Yo`q, bu roling mukammal emas, yanada yaxshiroq ishla», deyman. Maqtovlarni eshitsam, bir-ikki kun xursandyuraman, keyin bu mening kundalik ishim-ku deya barini unutib, yana izlanishda davom etaman.

Hayot shundayki, baribir kuni kelib zo`rdan zo`r chiqadi, hammamiz bu dunyoda omonatmiz, aslida. Yoshlardan o`rindoshlar, albatta, chiqadi, ularda faqat biroz malaka etishmaydi, shunday emasmi?

— To`g`ri aytasiz, vaqt hammasini o`z o`rniga qo`yadi. Lekin bizning avlod katta maktab ko`rgan. Nabi Rahimov, Shukur Burxonovlarga har doim havas qilganman. Teatr ostonasidan kirib kelganida hech qachon «Men Shukur Burxonovman» deb kerilmagan. Shukur Burxonov «Shoh Edip», «Qiyomat qarz» spektakllarida juda ajoyib rollarni o`ynardi. U kishi «Sen mahalladoshim. Sen qiz bola, kech bo`lganda yolg`iz o`zing yurma. Qaytishda o`zim olib ketaman», derdi. Ularni kutib kechki 12 ga qolib ketardim. Oyimdan rosa gap eshitardim. «Shukur aka olib kelib qo`ydi. Bir o`zing yurma, men bilan ketsang eshiging tagigacha mashina olib borib qo`yadi dedi», desam «Farosating yo`qmi, u kishini kutib shu paytgacha o`tiraverdingmi, sal ertaroq harakat qilsang, bo`lmaydimi?» derdi. Shukur akaning o`zi mashinadan tushgach, haydovchiga «Shu qiz senga omonat. Onasiga topshirib chiqasan», derdi. Qarang, qanday yaxshi, mehribon, kamtar inson. Shukur akaga chalingan qarsak zarbidan devorlar qulab tushsa kerak, deb o`ylardim. Har doim oddiy yurardi. Biz ham ulardan bir qolipda turish, me`yordan chiqmaslikni o`rgandik. NabiRahimov, Rixsi Ibrohimovalardan juda ko`p mehr ko`rganman.

Sizning yangi rollaringizdan biri «Revizor» komediyasidagi obraz. Repetisiya jarayonida qaysi holatni chiqara olmayotganingiz uchun rejissyordan tanbeh eshitdingiz?

— «Revizor»dagi rolim kichik, shunday bo`lsa-da, uni tomoshabinga taqdim etguncha qahramonimni boyitish uchun o`ylanaverib kechalari uyqum qochdi. Sharob ichish sahnasida biroz chalkashtirib yubordim. Ish jarayonida har xil holat bo`ladi-da. Qilayotgan ishingiz o`zingizga yoqadi ham, yoqmaydi ham. Shunday paytda rejissyorning vazifasi to`g`ri yo`l ko`rsatish, demak, tanbeh bermaslikning iloji yo`q. Dastlab shu rolni berishganida olib tashlashsa bo`larkan, ikki og`iz so`zi bor ekan, degan fikrlarni ham eshitdim. Lekin «Revizor» klassik asar, unda o`ynashni har bir aktyor orzu qiladi. Rolni berishganida faqat quvondim, chunki rol tanlamayman. Shu o`rinda O`zbekiston xalq artisti, rahmatli Obid Yunusovning gaplari yodimga tushdi. O`shanda dublyajda o`tirgandik. Ular «Hech qachon rol tanlama. Kichkina bo`lsayam mahorat bilan o`ynasang, o`zingni ko`rsatsang, payti kelib sen eslariga tushasan, chaqir, deyishadi. Shuni yodingda tut», deganlar.

— O`zbek filmlarida kam ishtirok etyapsiz desak, noo`rin emasmi?

— Bu gapni ko`p eshityapman. Davlat filmlarida o`ynayapman, xususiy kinoda deyarli ishtirok etmayapman. Bir yilda 3–4 ta filmda suratga tushaman, desam aldamagan bo`laman. O`tgan yili Yolqin To`ychiev suratga olgan «Ma`suma» nomli filmda o`ynagandim. Bir kuni Dildora Niyozovaning klipida suratga tushish uchun borgandim, u ham «Dilbar opa, nega filmlarda kamnamosiz?» deb so`radi. Men hazillashib, «Hozirgi talantlar oldida ko`rinmay qolgan bo`lsam kerak-da», dedim.

— Biz bilgan Dilbar Ikromova bashang kiyinishni, zebu ziynatlar taqishni unchalik xushlamaydi. Nega?

— Bilmasam, tabiatim shunday. Kiyinishga juda katta e`tibor qaratmaganman, hech. Oilamizdagi boshqa qizlar menga o`xshashmaydi. Kelinim ham «Oyijon, shuncha narsangiz turib kiymaysiz-a?» deya hayron bo`ladi. Shu kiyib yurgan narsam o`zimga qolipdek tushgan bo`ladi, yangi narsa kiysam, o`zimni boshqa odamdek his etaman.

— Siz uchun eng maroqli hordiq?

— Sahnada rollar o`ynash.

Eng qadrlagan rejissyoringiz?

— Avvalo, barchalarini hurmat qilishimni ta`kidlagim keladi. Ularning ichidan rahmatli Melis aka Abzalov va Sobir Nazarmuhammedovlarni nihoyatda qadrlayman.

— Buvilik vazifalari osonmi?..

— Katta nabiram Muslimaxon 8 yosh, kichigi Iymonaxon 3 yosh, eng kichigi Jamilaxon esa 2 oylik. Ishdan uyga qaytganimda «Assalomu alaykum, oyijon!», deb kutib olishadi. Biri etagimdan tortadi, biri sumkamni oladi va nima olib keldingiz, deb so`raydi, erkalanadi. Katta nabiram 2-sinfda o`qiyapti. Ertalab maktabga olib boraman, vaqt topa olsam, kelaman. Ochig`ini aytganda, hozir maktablarda darslar juda murakkablashib ketgan. Hamma vazifalarini bajarishda yordam berolmayman. Lekin rasm chizishni ancha eplayman, birgalikda tayyorlaymiz. Baxtim ular! Uyimizni to`ldirib, u yoqdan-bu yoqqa chopib yurishlari ko`nglimni tog`dek ko`taradi.

— Opa-singillar bir-biringizga qanchalar mehr-oqibatlisiz?

— Hammamizning yoshimiz ulg`aydi. Ko`-o`p yo`llarni bosib o`tdik. Ota uyida yig`ilishgudek bo`lsak, ba`zan kimlardir kelolmay qolishi mumkin. Yoki men borolmay qolishim mumkin. Shunaqa paytda «Ey senda odamgarchilik yo`q», deb xafa bo`lishadi. Lekin imkon qadar bir-birimizdan xabar olib turamiz. Men, ayniqsa, kichik singlim bilan juda qadrdonman. Kerakli paytda, aytaylik, to`y, mehmondorchilik, oilaviy tadbirlar o`tkazilgudek bo`lsa, bir-birimizni juda yaxshi qo`llab-quvvatlaymiz. Mana, yaqinda nabirali bo`lganimda, hammalari yordam berishdi. Chunki kelinim tug`ruqxonada, yonimda 2 nabiram, o`g`lim. Uy ishlari, nabiralar, ishxona, s`yomka deganlariday... Men teatrga kelib rolimni o`ynab borgunimcha nabiralarim bilan o`tirib turishdi. Chaqaloq tug`ruqxonadan chiqadigan kuni o`zlari dasturxonni yasatishdi. Xullas, issiq-sovug`imda yolg`iz tashlab qo`yishmaydi.

Kim bilan sirlashasiz?

— Kichik singlim bilan. Uning ham yoshi oltmishlarga borib qoldi.

— Malika Dianadan eng katta orzusi haqida so`rashganida u «Qalb malikasi bo`lish», deya javob bergan ekan. Bugun sizning eng katta orzuingiz nima?

— Yakkayu yolg`iz o`g`lim Murodjon va kelinim, nabiralarim sog`-omon bo`lishsin. O`g`lim ostona hatlab uyga quvonib kirsa, bu men uchun eng katta baxt.

— Ko`pchilik ijodkorlar sahnani bevafolikda ayblashadi. Siz sahnasiz hayotingizni tasavvur eta olasizmi?

— Agar siz sahnaga vafodor bo`lsangiz, u ham sizga vafo qiladi. Sabr-toqatli, chidamli, o`z ishiga fidoyi inson ko`p narsaga erishadi. Yillar davomida shu taomilga amal qildim. Oradan ko`p yillar o`tganidan keyin ham meni mehr bilan eslashlarini istadim, istayman!

Ma`pura NABIEVA suhbatlashdi.


Шарҳлар