Му5
46

Sovchilik

Mutolaa 09.02.2018, 19:43
8374
Sovchilik

Hamma narsani oldindan rejalashtirib qo`ydim, mahmadona do`stim meni eng qo`li gul sartaroshning oldiga boshlab bordi. Sartarosh sochimni qirqib, kaltalab, yuzlarimni uqalagani uchun arzimas xizmat haqi so`radi. Keyin kumushrang to`g`nog`ichli, och qizil rang qimmatbaho bo`yinbog` sotib oldik. Bu ishlardan keyin ko`zguga qarab, o`zimni taniyolmadim, ro`paramda umuman boshqa odam turardi. Men nafaqat ko`rkamlashgandim, balki mutlaqo o`zgarib ketgandim. Sochlarim jilolanib, yaltirar, yuzlarim qirmizi tusga kirgan, ohorlangan ko`ylagim egnimga o`tirgandi. Umrimda birinchi marta to`g`nog`ichli bo`yinbog` taqqanimdan, nazarimda, u sirg`alib tushib ketadiganday tuyulaverdi. Ko`zguga hayratlanib tikilganimni ko`rgan sartarosh xandon otib kulgancha, “Sovchilikka ketyapsizmi?” deb so`radi. Men unga bankda xizmat yuzasidan uchrashuvim borligini aytib, negadir besh tanga choychaqa uzatdim. Sartaroshning taajjublanganini ko`rib, lavozimim yuqorilashi uchun haqqimga duo qilishini so`radim. U darhol qo`llarini ko`targancha, duo qildi. O`zimni noqulay his qilib, shoshilgancha ko`chaga otildim.

Yuzimga urilgan sovuq havodan, terlab ketganimni his qildim. Taksida yuragimning dukillashini hamma eshitayotganday tuyulaverdi. Uning otasiga aytishni oldindan rejalashtirgan so`zlarimdan faqatgina “Xayrli oqshom”, degan so`z miyamda charx urardi. Eshik yoniga yaqinlashib, qo`ng`iroqni bosish uchun qo`l uzatganimda, tizzalarim qaltirab ketdi. Oldinda meni hech qanday qo`rqinchli voqea kutmayotganiga, faqatgina otasi bergan savollarga javob beraman, xolos, deb o`zimni tinchlashtirishga harakat qildim. Eshikni o`n bir yoshlardagi qorachadan kelgan, yoshiga nisbatan jiddiyroq ko`rinadigan qizcha ochdi. Bo`sag`ada turgancha, boshdan-oyog`imgacha razm soldi. “Otangiz uydami?” degan savolimga bosh irg`agancha, eshikni katta ochib, mehmonxona tomon yo`l boshladi. Bir muddat kamdan-kam hollarda oynasi ochiladigan, zax hidi anqib turgan mehmonxonada yolg`iz qoldim. Derazalarga tutilgan qalin darparda quyosh botishi oldidan tushadigan qizg`ish nurni to`sib turar, ammo charog`on qandil hamma joyga o`zining serjilo nurini taratib turardi. Chiroq yorug`ida devorga ilingan, moybo`yoq yordamida chizilgan uzun eshkak eshayotgan ikki gondoler[1] tasvirlangan suratga tikildim. Ularning yuzi keng soyabonli shlyapa bilan to`silgan edi. Ko`m-ko`k, zilol suv bag`rida jigarrang gondola suzib borar, qirg`oqdan ovro`pacha uslubda qurilgan rang-barang uylar ko`zga tashlanardi. O`ngda nikoh ko`ylagida o`tirgan ayolning elkasiga qo`lini qo`yib turgan erkakning va har xil yoshdagi bolalarning surati ilingan edi. Suratlardan birida bir qo`li bilan ko`ylagi etagini tutib, ikkinchi qo`lini qadimgi Misr raqqossalari singari yuqoriga ko`tarib turgan qizcha e`tiborimni tortdi. Bu qizcha Laylomikan, deb o`ylanib qoldim.

Eshik ochilib, ostonada oyog`iga shippak kiyib, burniga ko`zoynak qo`ndirgan Layloning otasi paydo bo`ldi.

U miyig`ida jilmaygancha, salomlashish uchun qo`l cho`zdi, qo`llari muzdek ekan. Layloning otasi ro`paramga o`tirib, “Pardani ochaymi?” deb so`radi. Men unga uzoq tikildim. Javob berishga majolim bo`lmay, tilim tanglayimga yopishib qoldi. U Misrda bahor havosi sovuq kelganidan, uning tez-tez o`zgarib turishidan shikoyat qildi. Men uning gaplarini bosh irg`ab, tasdiqladim.

– Misrda haqiqiy bahor kuz oylarida boshlanadi, – gapida davom etdi u, – Kuzda namgarchilik kam bo`ladi, bundan tashqari, bahorda garmsel esib turadi.

Men ham o`z navbatida garmsel qum ko`tarishini, bu esa ko`z uchun o`ta zararli ekanligini aytdim.

U o`zini stul suyanchig`iga tashlab, dildorlik qildi:

– Tashrifingizdan bag`oyat mamnunman.

Yana jimlik cho`kdi. U oyoqlarini chalishtirdi, shippagi silliq tuxumni eslatuvchi tovonidan sirg`anib chiqib, barmoq uchlariga osilib qoldi. Ortga chekinishga yo`l yo`qligini ko`rib, ko`zlarimni olib qochgancha, bankda Laylo bilan birga ishlashim, uning qo`lini so`rab sovchilikka kelganimni aytdim. Ma`lumotim, maoshim, ota-onam haqida axborot berdim. Nutqimni tugatib, qo`rqa-pisa unga tikildim. U boshini ko`kragiga osiltirgancha o`tirar, nazarimda birorta gapimni eshitmaganga o`xshardi. Ammo u keskin bosh ko`tarib, savolga tutdi:

  • As-Said qishlog`idanman, dedingizmi?
  • Xohishingiz.

Men yana qishlog`im nomini takrorladim.

– Demak, as-Said arablaridansiz?

– Ha.

– Balki Abdusattorbeyni tanirsiz?

Men unaqa odamni tanimasligimni, u esa Abdusattorbey maktab direktori ekanligini, uni hamma yaxshi tanishini aytdi. Layloning otasiga Qohirada o`qiganligimni, bu erga o`qishni bitirgandan keyin kelganligim sababli Abdusattorbeyni tanimasligimni tushuntirdim. U mening javobimdan qoniqmaganligini bildirganday bosh chayqadi. Keyin patnisda limon sharbati solingan stakanlarni ko`targancha, eshik yonida iymanib turgan qoracha qizga o`girildi. Qiz qarshimga sharbatli stakanni qo`yib, qanday kirgan bo`lsa, shunday sirg`alib chiqib ketdi. Layloning otasi meni sharbat ichishga taklif qildi, o`z navbatida men ham odob yuzasidan uni sharbat ichishga undadim.

U oshqozoni og`riyotganidan shikoyat qilib, sharbat ichishdan bosh tortdi. Sharbatni zo`r-bazo`r ho`plar ekanman, u menday aqlli va oliyjanob inson qizining qo`lini so`rab kelganidan mamnunligini bildirdi. Yana gap orasida hozirgi zamonda yosh va aqlli yigitlar anqoning urug`i ekanligini qistirib o`tishni ham unutmadi. Keyin bir xippining[2] sartaroshxonaga borgani to`g`risidagi latifani boshladi. Uning latifadan maroqlanib kulayotganini ko`rib, zo`rma-zo`raki tirjayib qo`ydim. So`ng o`zim haqimda bildirgan samimiy fikrlaridan mamnunligimni, albatta, ishonchini oqlashga harakat qilishimni aytdim. U yana sekin gap boshladi:

– O`g`lim, rostini aytadigan bo`lsam, hozirgi otalar qizlariga to`liq erkinlik berib qo`yishgan. Bizning davrimizda boshqachaydi. Ilgarilari ota kimni lozim topsa, qizini o`shanga uzatar, qiz ham bunga ko`nib ketaverardi. Hozir otalar qizining o`qishiga ancha-muncha pul sarflashadi, ammo rohatini boshqalar ko`radi. Qizlar kelgan sovchilarni qaytarib, o`zlari ko`ngil qo`ygan odamga turmushga chiqishni istashadi, ota esa jim turishi kerak. Ammo bizning oilada eski udumlar saqlanib qolgan. Laylo boshqa qizlarga o`xshamaydi, u, turgan gap, menga quloq soladi. Uni o`zim tarbiyalaganman, qizimning nima deyishini yaxshi bilaman. Laylo ishga kirishni xohlaganda: “Senga biror narsa etishmayaptimi?” deb so`raganman. U hamma narsasi etarli ekanligini aytdi. “Unda ishlab nima qilasan? Seni har ehtimolga qarshi o`qitganman”, dedim. U esa: “Dada, o`tinaman, ishlashimga ruxsat bering, hamma dugonalarim ishlayapti”, deb iltimos qildi. Qizimning yalinib-yolvorishiga yuragim dosh bermadi, ishlashiga ruxsat berdim.

– Ha, tushunaman, – dedim.

– Nima? – deb so`radi u gaplarimni anglamay.

– Hamma gap shunda, deyman.

– Ha... Abdusattorbey men bilan pedagogika institutida birga o`qigan. Darvoqe, siz uni tanimayman, dedingiz-a? Ammo bir narsani unutmang, men qizimga yomonlikni ravo ko`rmayman.

– Iltimos, agar iloji bo`lsa, bir narsani tushuntirsangiz...

– To`g`risini aytsam, Laylo siz haqingizda gapirib bergan. Shunday bo`lsa ham surishtirib, ancha ma`lumotlar yig`ib qo`yganman... Ha, anchagina...

U shunday deb shimining cho`ntagini kavlashtirdi. Nimagadir hozir cho`ntagidan biror muhim hujjat chiqaradi, deb o`yladim, ammo u dastro`molini olib, yuzi va qo`llarini artdi. Keyin menga o`girilib:

– Pardani ochaymi? – deb qayta so`radi.

U derazaga tikilgancha, so`radi:

– Universitetda o`qigan paytingizda amakingizning uyida turgansiz, to`g`rimi?

– To`g`ri.

– Hozir yolg`iz yashaysizmi?

– Ha.

– Nega?

– Kechirasiz, savolingizni tushunmadim.

– Nimaga amakingizning uyida emas, yolg`iz yashayapsiz?

– O`qishni bitirdim, endi ularga ortiqcha yuk bo`lishni istamayman.

– Rostdanmi? Balki amakingizning jahlini chiqargandirsiz?

– Yo`q, hech qachon ularning jahlini chiqarmaganman.

– Bundan xursandman, agar xafa bo`lmasangiz, biroz nozik savolim bor edi. Menga o`z otangizga qaraganday qarayvering... Qishloqdagi eringiz kimning nomiga xatlangan, onangizningmi yo otangizningmi?

– Sizga tushundirdim-ku, biz u darajada boy odamlar emasmiz. Ozgina erimiz bor, xolos. Otam erimizga o`z qo`llari bilan ishlov berib, dehqonchilik qiladi. Bilishimcha, er otamning nomida.

– Men nimagadir er onangizning nomida bo`lsa kerak, deb o`ylabman.

– Balkim. Qishloqda yashamaganligim bois bunga qiziqmabman.

– Men esa hamma narsani bilaman. Nega Qohirada otangizning qarindoshlarinikida yashamayapsiz?

Men lom-mim demay, patnis ustida turgan bo`sh stakanni aylantirdim, keyin birdan xayolim joyiga qaytib, stakanni tinch qo`ydim va sekingina:

– Buning nima ahamiyati bor? – deb so`radim.

– Siz o`ylaganingizdan ko`ra muhimroq.

– Unda to`g`risini ayta qolay, otam aka-ukalari bilan urishib qolgan.

– Balki bu shunchaki urish emas, qarindosh-urug`dan voz kechishdir? Sababini bilasizmi?

–Menimcha, meros tufayli janjal chiqqan.

U tirjayib qo`ydi.

– Qanaqa meros? Gap boshqa yoqda, menimcha, siz menga bu haqda gapirishni istamayapsiz. Fikrimcha, siz aytayotgan janjal tug`ilmasingizdan oldin ro`y bergan. Otangiz sizga bu haqda gapirmagan bo`lishi mumkin. Ammo tortinmay, rostini gapiravering, gap oramizda qoladi. Siz qizimga uylanmoqchisiz, men bor haqiqatni bilishim lozim.

– Men sizni aldaganim yo`q.

– Ha, aldamadingiz. Lekin endi ayting-chi menga, nima uchun amakingiz xotini bilan ajrashdi?

– Sizningcha...

– To`g`risini ayting.

– Gapimga ishoning. Ont ichaman, sababini bilmayman. Amakim bu mavzuda gaplashishni istamasdi. Menimcha, gap o`rtada farzand yo`qligida bo`lsa kerak.

– Ammo-lekin amakingiz xotini bilan o`n yil yashagan-ku, garchi farzand ko`rishmagan bo`lsa-da!

– Ha, shunday.

– Ajrashganidan keyin ikkinchi marta uylanmadi. Shundaymi?

– Shunday.

– Unda sababi nimada?

– Ehtimol, boshqa sababi bo`lgandir.

U ilkis menga engashib, qo`limni mahkam changalladi. Seskanib ketdim, u esa yuzimga yuzi tegadigan darajada yaqinlashib, shivirladi:

– O`zingizni go`llikka solmang, eshitishimcha, amakingizning xotini bilan sizning o`rtangizda ishqiy aloqa bo`lgan!

– Yolg`on!

– Baqirmang, men shunday bo`lgan deyotganim yo`q, eshitishimcha, deyapman.

– Bu gapni kim aytdi, sizga? Hammasi bo`hton... jirkanch bo`hton. Kim aytgan bo`lsa ham yaramas odam ekan!

– Buni onangizning qarindoshlari aytdi.

– Ular sizga aytishdimi?

– Yo`q, aynan menga aytishgani yo`q, ammo men surishtirib bilib oldim. Kimdan bilganimni surishtirmay qo`ya qoling. Biroq ular nega bunday deyishyapti?

– Ular nima deyishgani etti uxlab tushimga ham kirganiga yo`q.

– Amakingiznikiga borib turasizmi?

– Ba`zida.

– U-chi, siznikiga kelib turadimi? Umuman olganda, bu muhim emas. Ajrashganidan keyin amakingiz qishloqqa bordimi?

– Bilmadim, esimdan chiqib ketgan.

– Vaholanki, u har yili ta`tilga chiqqanda qishloqqa, sizlarnikiga borgan.

– Ha...

– Oxirgi marta qachon borgandi?

– Adashmasam, uch yil ilgari, universitetni bitirgan yilim borgandi.

– Demak, ajrashishidan sal oldin borgan. Undan keyin bormadimi?

Hayron bo`lib, “Nimaga?” deb so`radim. U sadafday yaltirab turgan tishlarini ko`rsatib, iljaydi:

– Bu savolni men sizga berishim kerak.

Men so`z qotmay, tepamda ilinib turgan gondola tasvirlangan suratga tikildim. U endi ko`zimga g`ira-shira ko`rina boshladi. Peshanamga qo`l yugurtirganimda, muzday ter chiqqanini angladim. Havo etishmaganidan ko`ylagim yoqasini bo`shatishga harakat qildim, ammo mahkam qadalgan tugmalarni echishga holim qolmaganidan bo`yinbog`imni bo`shatdim. Suhbatdoshim jiddiy qiyofada o`rnidan qo`zg`aldi:

– Ehtimol, pardalarni ochish kerakdir?

Men unga ko`zlarimni mo`ltillatib, iltijoli boqdim:

– Iltimos, ovora bo`lmang. Menga hozir hamma narsadan ko`ra sizning xulosangiz muhimroq.

– Menimcha, hammasi kunday ravshan.

– Meni aynitish uchun shuncha... shuncha g`iybatlarni to`qidingizmi?

U loqaydlik bilan qayta so`radi:

– Yana qanaqa g`iybat?

– Amakimning xotini haqidagi bema`ni mish-mishlarni aytyapman.

U yana men tomonga engashib, ilon kabi vishillab, tishlari orasidan shivirladi:

– Aybdorman... Ammo bu jumboqning tagiga etishim lozim. Siz as-Said arablaridansiz, bizning a`nanalarni boshqalardan ko`ra yaxshiroq bilasiz.

– Qanaqa an`ana haqida gapiryapsiz? Iltimos, kosa tagida nim kosa qilmay, aniqroq tushuntiring.

– Yaratganning o`zi kechirsin, bilishimcha, ota tomondan qarindoshlaringiz ichidan bittagina amakingiz otangiz bilan bordi-keldi qiladi, to`g`rimi?

– To`g`ri.

– Ehtimol, qondoshlik rishtalarini uzmaslik maqsadida bo`lsa kerak. Aytaylik, otangiz merosni havoga sovurgani uchun qarindoshlari undan yuz o`girgan, faqatgina amakingiz aloqani uzmagan. Unga boshqalarning fikri ahamiyatsiz bo`lgani uchun otangiz bilan ko`rishib turadi. Ammo unda otangizni o`ldirish fikri ham bo`lishi mumkin.

O`zimni kulgidan to`xtatolmadim, boshimni orqaga tashlab kularkanman, yana ko`zim gondolerlar tasvirlangan suratdagi nayzaga o`xshab dikkayib turgan eshkakka tushdi. Qariya baland ovozda so`zida davom etdi:

– Bilmadim, balki siz rostdan ham bundan bexabardirsiz yoki yolg`ondan o`zingizni go`llikka solyapsizmi? Otangizning qarindoshlari o`sha amakingizning uyiga borib, otangizning merosni jig`ildoniga urganini kechirishlari mumkinligini, ammo amakingizning xotini bilan don olishganingizni kechirmasliklarini, buning yagona yo`li xotinining talog`ini berish, yo`qsa sizni o`ldirishlarini aytishgan.

– Hammasi bo`lmag`ur safsata. Bu tuhmatni sha`nimni bulg`ash uchun qandaydir razil odam o`ylab topgan.

– Bo`lishi mumkin, ammo menga bu gaplarning yolg`onligini qanday isbotlaysiz?

– Sizga gapimni isbotlash uchun minglab dalil keltirishim mumkin. Aytayapman-ku, hammasi yolg`on deb, men pastkash emasman. Amakimning xotini bilan don olishish xayolimga ham kelmagan. Uni men onamdek ko`rganman.

– Xo`p, sizning gaplaringizga ishondim, deylik, ammo yana mish-mishlar bolalamasligiga kafolat berolasizmi?

– Men bu haqda sizdan eshitib turibman.

– Bu gaplarni eshitmaganligingiz dalil-isbot bo`lolmaydi. So`zlaringizning rostligini qanday isbotlaysiz?

– Ont ichaman...

– Juda soz, o`zingiz amakim bu mavzuda gapirishni yoqtirmasdi, dedingiz, shundaymi?

– Ha, shunday.

– To`g`ri, bu mavzuda siz bilan qanday gaplashishi mumkin edi? Onangizning aka-ukalari, farzandlari bilan aloqangiz qanday, menimcha, ularni tanimasangiz ham kerak, to`g`rimi?

– Ha.

– Ulardan ham hech nima eshitmagan bo`lsangiz kerak-a?

– Demak, ular ham meni o`ldirishmoqchi bo`lgan, shunday demoqchimisiz?

– Bilmadim, buni surishtirganim yo`q. Sizningcha, bularning hammasini sizni qizimdan aynitish uchun o`ylab topganman, to`g`rimi?

– Ochiqroq gapiring, maqsadingizni tushunmayapman.

– Bularning hammasi achchiq haqiqat, amakingizning xotini bilan bo`lgan aloqangizning menga ahamiyati yo`q. Ammo ularning ajrashib ketgani va sizni o`ldirishga po`pisa qilishgani rost. Yolg`on bo`lsa, yolg`onligini isbotlang.

– Albatta, isbotlayman. Agarda... agarda bu mish-mishni hamma eshitganda, albatta, meniyam qulog`imga chalingan bo`lardi. Sizningcha, qarindoshlarim shu bahona-sababdan foydalanib, otamning va mening yuzimga qora chaplamoqchi bo`lishgan.

– Bu bilan o`zlarining nomini ham bulg`amoqchi bo`lishgan demoqchimisiz? E, yo`q, ular yopiqliq qozon yopiqligicha qolishini istashgan.

– Bo`lmasa shuncha gapni qaerdan eshitdingiz? Yo Abdusattorbey etkazdimi?

U istehzoli jilmaydi.

– Sizningcha, shunday obro`li odam bo`lmag`ur mayda-chuyda gaplarga aralashadimi?

– Unda qaerdan eshitdingiz?

– Bu mening shaxsiy ishim, bu gaplar tashqariga chiqmay, oramizda qoladi, deb o`ylayman.

– Nega endi shuncha gap oramizda qolarkan? Hamma eshitsin!

– Sekinroq gapiring, hech kimga yomonlik qilish niyatim yo`q.

– Nimaga sekinroq gapirishim kerak ekan? Axir o`zingiz bu iflos gaplarni Laylo eshitishini xohlayapsiz-ku! Agar maqsadingiz uni mendan aynitish bo`lsa, sizga yordam beraman. Hozir hammasini ro`y-rost gapirib beraman. Amakimning xotinimish, balki onamning singlisidir? Balki buvimdir? Ha-ha-ha!

U meni tinchlantirish uchun sakrab o`rnidan turib, elkamdan silkitdi:

– Bu nima jinnilik? Axir uyimda mehmonsiz, o`zingizni tuting, erkak bo`ling! Agar o`zingizni telbalarcha tutmaganingizda oramizda bunday gaplar bo`lmasdi!

– Ketishimni istayapsizmi?

– Yo`q, sabr qiling, so`zlarimni oxirigacha tinglang. Suv olib kelaymi?

– Rahmat, kerak emas.

– Sizga shuncha gapni etkazganimdan afsusdaman. Ammo ishoning, bu gaplardan xabaringiz bor, deb o`ylabman.

– Ularni eshitgunimcha juda baxtli edim.

U ro`paramga o`tirib, qo`llarini qovushtirgancha, lom-mim demay tikildi.

– Aytgan gaplarim uchun uzr, – dedim kechirim so`rab.

U qo`lini siltab, tilga kirdi:

– His-tuyg`ularingizni hurmat qilaman.

– Rahmat, ijozat bersangiz, endi ketay, – dedim o`rnimdan qo`zg`alib.

U sakrab turib, elkamdan bosdi.

– Yo`q, o`tiring joyingizga, hali suhbatimiz tugamadi.

– Sizni to`g`ri tushungan bo`lsam, menday nomiga dog` tushgan inson sizga kuyovlikka munosib emas. Sizning birorta gapingiz yolg`onligini isbotlash uchun dalilim yo`q.

– Men sizning sha`ningizga dog` tushgan, deganim yo`q. Aytaylik, siz nohaq bo`htonlar qurbonisiz.

– Axir ikkalasi bir narsa emasmi?

– Keyin kuyovlikka nomunosibsan, deganim ham yo`q.

– Unda shuncha gapning nima keragi boriydi?

– Meni to`g`ri tushunishingizni istayman, Layloning xohishi men uchun hamma narsadan ustun.

– Nega unda ochiq gapirmaysiz?

– Unda haqiqatni gapirishga izn bering. Hozir bankda o`tirgan lavozimingizdagi inson uchun obro`-e`tibor hamma narsadan ustun bo`lishi lozim.

– Yana shama qilishni boshladingizmi? Bunga ortiq chidolmayman, ochiq gapiravering, endi menga baribir...

– Iltifot ko`rsatsangiz, gapimni tugatib olsam.

– Sovchilikka ishimning nima aloqasi bor? Xudoga shukur, ishda izzat-hurmatim joyida. Agar kamomadni nazarda tutayotgan bo`lsangiz, meni oqlashdi. Prokuror aybim yo`qligini bilib, ishni yopdi, shunchaki ogohlantirish berdi.

– Ont ichaman, bu haqda eshitmaganman, men umuman boshqa narsa haqida gapirdim.

– Etar, bas! Hazil-mazaxlaringiz jonimga tegdi! Bularning hammasi ataylab uyushtirilgan, ular mening soddaligimdan foydalanib, noqonuniy hujjatlarga imzo chekdirishgan. Prokuror hammasini aniqladi. Agar rostdan ham kamomadga yo`l qo`yganimda, hozir qarshingizda emas, qamoqxonada o`tirgan bo`lardim! Bu holatimni prokuror xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, deb atadi. Eshityapsizmi?

– Ha... ha, eshityapman...

– Men o`g`ri emasman!

– Sizni o`g`rilikdan ayblash fikridan yiroqman, nega yig`layapsiz?

– Yig`lash xayolimga ham kelgani yo`q, shunchaki terlab ketdim.

– Unda nimaga pardani ochay desam, rozi bo`lmayapsiz?

U o`rnidan qo`zg`alib, deraza tomonga yurdi, ko`z oldim xiralashib, cholni g`ira-shira tuman orasida ko`rdim. Tepamdagi suratda ham faqatgina barkashday qizil va sariq dog` ko`zga tashlandi.

– Men pardani ochmang, deganim yo`q, menga baribir, dedim. Bir narsani bilishni xohlardim: mendan nima istaysiz o`zi? – dedim g`o`ldirab.

U cho`ntagidan dastro`mol chiqarib, qaltiragancha menga uzatdi.

– Rahmat, o`zimda dastro`mol bor.

Jon-jahdim bilan yuzimni artdim, sal o`zimga kelgach, xonada yolg`iz o`tirganimni sezdim. Qariyadan nom-nishon yo`q edi, ammo tepamda gondolerlar aks etgan surat ilingancha turardi. Bir necha lahzadan keyin u qo`lida suv solingan stakanni tutgancha paydo bo`ldi. Ro`paramga kelib o`tirganda, ajindor peshanasini ter bosib, yuzi oqarib ketganini ko`rdim. Ikkalamiz bir muddat jim qoldik. Keyin g`alati, bo`g`iq ovozda gap boshladim:

– Menimcha, bu Venesiya qayig`i bo`lsa kerak.

– Nima? Nima dedingiz?

Suratga imo qilib, gapimni takrorladim:

– Suratda... menimcha, Venesiya qayig`i aks etgan. Aytmoqchimanki, Venesiyadagina shunaqa qayiqda suzishadi. Rasmda esa qishloq joy tasvirlangan, bu xato.

U o`rnidan qo`zg`almay, butun gavdasi bilan orqaga o`girilib, suratni ilk marotaba ko`rayotganday tikildi. So`ng yana burilib, menga qarab:

– Ha, siz haqsiz, ko`rinishingizdan san`atni yaxshi tushunadigan yigitga o`xshaysiz, – dedi.

– Yo`q, buni maktabda o`qib yurgan kezlarimda tarix darsida o`tgandik.

– Men ham maktabda tarixni o`qigan bo`lsam-da, xatoni payqamabman.

Keyin u kutilmaganda birdan to`rsilladi:

– Menga qarang, axir Laylo sizni sevadi-ku!

– Men ham uni... shuning uchun sovchilikka keldim, axir.

– Endi o`zingizni mening o`rnimga qo`yib ko`ring, agar Layloning otasi bo`lganingizda, rozi bo`larmidingiz?

– Shuni ilgariroq aytsangiz ham bo`lardi, uzr, endi hech qachon sizni ham, Layloni ham bezovta qilmayman. Unga otang ko`nmadi, deb aytaman.

Qariya yana engashib, tez aytish aytayotganday bidirladi:

– Yo`q, yo`q, men aynan shu narsani xohlamayman, bu gapni unga aytmang.

– Bo`lmasa, mendan nima istaysiz?

– Keling, o`zingiz taklif qilganday ochiqchasiga gaplashaylik... Siz haqingizda har xil mish-mishlar bolalagan. O`zingiz ham bu yoqimsiz gaplarning birovlarning qulog`iga etmay, sirligicha qolishini istasangiz kerak?

– To`g`ri.

– Agar bu gaplar rahbaringizning yoki do`stlaringizning qulog`iga chalinsa, o`zingizga yomon bo`ladi. Agar Laylo bilsa, tamom bo`ldim, deyavering.

– Xo`sh, nima qilishim kerak?

– Shaxsan o`zim bu haqda birovga lom-mim demayman, ont ichaman. Ammo menga yordamingiz kerak.

– Yordam? Sizga qanday yordamim tegishi mumkin? Qo`limdan kelsa, bajonidil.

– Ustimdan kulmang, iltimos. Haqiqatan ham yordamingizga muhtojman, agar Layloga otang ko`nmadi, desangiz, u sizni battar yaxshi ko`rib qoladi, buni yaxshi bilaman. Keyin meni ko`rishga ko`zi qolmaydi, men esa bor haqiqatni aytishga majbur bo`laman.

– Tushunarli, demak unga senga uylanish fikridan qaytdim, deyishim lozim.

– Yo`q, qizimga mening roziligimni, faqat o`ylab ko`rish uchun biror hafta muddat so`raganligimni etkazing.

– Ortiqcha bosh og`riqning nima keragi bor?

– Buni o`zingiz yaxshi tushunasiz, deb o`ylayman, bankda Laylodan boshqa qizlar ham ishlasa kerak? Axir siz bu ishlarga ustasi farangsiz-ku! – dedi u hiringlagancha og`zini berkitib.

– Men boshqa qizlar bilan...

U qo`l siltadi:

– Layloni uylanish fikridan voz kechganligingizga ishontirish uchun ming mitta bahona o`ylab topish qo`lingizdan keladi. Hozircha buni qo`ya turaylik, siz bankda bo`lim boshlig`i bo`lib ishlovchi Abdulfattohni yaxshi bilsangiz kerak?

– Ha, uni yaxshi taniyman, ammo bu erga uning nima aloqasi bor?

– Hech qanday aloqasi yo`q, u mening eski og`aynilarimdan biri, aynan u Layloni bankka ishga olgan. Yaqinda u Geliopolisda[3] bank filialini ochmoqchi, u erga boshqaruvchi kerak. Siz hozir qaysi lavozimda ishlayapsiz? O`zi bu sohada necha yildan beri ishlaysiz?

– Gapingizni bo`lganim uchun uzr. Nima, meni sotib olmoqchimisiz? Laylodan voz kechishim evaziga amalimni oshirmoqchimisiz?

Qariyaning tili kalimaga kelmay, bir muddat tosh qotdi.

– Sizni sotib olish niyatim yo`q. Faqat sendan ugina, mendan bugina deganday, shu... Laylo bilan bir joyda ishlamasangiz, degandim. Nima yangi filialda ishlashni istamaysizmi?

– Nega endi?

– Hozirgina o`zingiz xizmat bobida nomimga dog` tushmagan, dedingiz. Bu sizga ishonch bildirish imkoniyatini beradi.

– Ovora bo`lmang, menga hech nima kerak emas.

– Ovora bo`layotganim yo`q, sizni o`zingiz bergan va`dangizni bajarmayapsiz. O`ylaganimdan ko`ra xavfli odam ekansiz.

– Qanaqa va`da haqida gapiryapsiz? Kechirasiz-u, do`q-po`pisalarimdan qo`rqadi, deb o`ylayotgan bo`lsangiz, adashasiz. Laylo ikkalamiz bir-birimizni sevamiz. Men unga hammasini ro`y-rost gapirib beraman, u, albatta, meni tushunishiga ishonchim komil.

Qariya ko`zlarini yumib, stul suyanchig`iga bosh qo`ydi. U ajin bosgan, terdan yaltiragan peshanasini qo`li bilan artib, istehzoli jilmaygancha, bosh chayqadi.

– Ha, qo`lingizdan bunday ish kelishiga ishonaman. Hayotda aqlga bo`ysunmagan insonlarning ko`pini ko`rdim, hozir ular bir chaqaga qimmat odamga aylanishgan. Shuni jasurlik deb hisoblayapsizmi? Yomon oqibatlarga olib keluvchi voqealarni oldindan anglab, ularni daf etishni jo`mardlik, deb hisoblayman.

– Oqibatlarni ko`rib turibman, ularni daf etishga tayyorman.

– Yo`q, hech baloni ko`rayotganingiz yo`q.

– Rahbarlarim oldida meni sharmanda qilishingiz mumkinligini yaxshi bilaman. Balki ishimni boshqa joyga ko`chirtirarsiz, Layloni mendan sovitarsiz, nima qilsangiz, qilavering, ammo nega bunga qarindoshlarimni aralashtirasiz?

– Axir siz qizimning kelajagini barbod qilyapsiz. U mening qizim, jigarbandim, shu haqda o`ylab ko`rsangiz bo`lardi. Aytganday, amakingiz o`zini o`ldirmoqchi bo`lganidan xabaringiz bormi?

– Etar, bas qiling!

– Xotinidan ajrashgandan keyin joniga qasd qilmoqchi bo`lgan, ammo bundan qarindoshlaringizning xabari yo`q.

– Mendan nima istaysiz?

– Amakingizni og`ir ahvolda kasalxonaga eltishgan...

– Xudo haqqi, bas qiling! Hamma shartingizga roziman, faqat qiynamang!

– Ko`zimga aqlli yigit bo`lib ko`ringandingiz. O`tiring, qayoqqa ketyapsiz? Peshanangizdagi terni artib oling, ko`chaga chiqsangiz, shamollab qolishingiz mumkin.

Qariyaning gapiga kirib, peshanamdagi terni sidirgancha ko`chaga chiqdim. Zinapoyadan tushayotganda nimagadir qoqilib ketib, yuztuban yiqildim. Shoshilib o`rnimdan turgancha, kostyumim changini qoqdim. O`zimga kelish uchun bir muddat eshikning katta, mis tutqichini ushlab turdim. Tashqariga chiqqanimda, qosh qorayib qolgan ekan. Havo salqin, etni junjiktiruvchi shamol esib turibdi. Ko`chadan o`tayotgan, chiroqlari miltirayotgan mashinalar oqimi kamaygach, ko`chaning narigi betiga o`tdim. U erda ko`zgulari ko`p bo`lgan sartarashxona bor. Ko`zgulardan biriga qaradim. Qoshimning usti shilinibdi, paypaslab ko`rdim, kiyimlarim chang, bir ahvolda. Meni kuzatib o`tirgan sartaroshning nigohlari bilan ko`zlarim to`qnashdi. Sartarosh menga jarohatimni artish uchun paxta uzatdi va negadir kulimsirab qo`ydi. Men unga javob bermay, sartaroshxonadan chiqib, yana ko`chaning narigi yuziga o`tdim. Eshik yoniga kelib, kiyimlarim changini qoqib, yana zinapoyadan yuqoriga ko`tarildim.

Baho TOHIR (Misr)

Rus tilidan Lola Shoimova tarjimasi.



[1] Gondoler — gondola, ya`ni Venesiya qayig`i eshkakchisi. (Izohlar tarjimonniki.)

[2] Xippi — 1960 yillarda AQShda paydo bo`lgan madaniy va falsafiy oqim.

[3] Geliopolis — Misrdagi qadimiy shaharlardan biri.

Шарҳлар