Ташкент +4° Thu 00:59
Долзарб мавзулар Foto

Xatolar ustiga qurilgan devor

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 17.03.2018, 13:10

Tun yarmidan oqqanida suvsab uyg`onib ketdim. Elkamga ro`molimni tashlab, hovliga chiqsam, bir sharpa borib-kelayapti. Qo`rquv oniy lahzalarga meni zabt etdi. Sharpaning kelinim ekanligini bilgach esa xavotirim yanada kuchaydi.

— Lobar, tinchlikmi? — dedim meni ko`rib taqqa yurishdan to`xtagan kelinimga qarab. Kunduzlari havo iligan bo`lsa ham, tun salqin. U qunishibgina kecha qaynotasi ochgan toklarning yonida turardi.

— Xola, Tolib akam kelmadilar, — dedi Lobar yig`lagudek bo`lib.

O`g`limning sayoq yurishlariga kelin allaqachon ko`nikkandek edi. Hech Tolibga gap uqtira olmadim. Uylangach, ham quyilmadi.

Homilasi kattalashib qolgan kelinimni oshxonaga boshlab kirdim. Choy qo`ydim — ichiga issiq kirsin, qo`llari muzlab qolibdi.

U esa mung`ayib o`tirgancha yig`lab yubordi.

— Bir soatlar oldin telefonlaridan qo`ng`iroq qilishdi. O`rtoqlari ekan. O`n besh daqiqalarda boramiz, darvozani ochib turing, deyishgandi. Haliyam yo`qlar.

— Voy, bizni uyg`otmaysanmi, bir o`zing qo`rqmaysanmi darvozani ochgani, — dedim garchi Lobarga hamma narsani ham qaynotasiga bildiraverish kerakmasligini o`zim tayinlagan bo`lsam-da.

Shu payt darvoza tomondan qadam tovushlari eshitildi. Yana hovliga chiqdik. Ikki o`rtog`i o`g`limni ikki yonidan suyab olib kelishibdi. Ichgan. Har qalay uyga kelibdi. Ichsayam mayli, deydigan bo`ldim oxirgi paytlarda. Biror kimga ilakishib uyga kelmay qo`ysa, Lobar ketib qoladi, deb cho`chirdim.

Kelinga «Sen oshxonaga kirib tura qol», dedim-u yigitlarning «Endi bayram qildik-da», deyishlariga o`zimni majburlab bosh irg`ib, ularni mehmonxona tomonga boshladim. Dadasi uyning bu tomoniga o`tavermaydi. O`g`limni divanga yotqizganimizda ham hech narsani sezmadi. Endi shu yotishi bilan ertaga tushdan keyin uyg`onadi. Bir gap aytsam, eslolmaydi. Shuncha odamning yarim tunda uning dardida ovora bo`lganini qaerda ham bilsin?

Eng muhimi, dadasi uyg`onib qolmasa bo`ldi. Yo`qsa, yana meni urishadi. «Sen ayblarini mendan yashira-yashira shu darajagacha olib kelding», deya boshlaydi odatda urishishni. Hozir avvalgidek «Siz o`zingiz tarbiyasi bilan shug`ullanmadingiz», deya iddao qilmayman. Jim tilimni tishlab turaman. Kelin bor har holda. O`zimning jiyanim bo`lsa ham, kelin degan nomi bor. Bizningcha, qaynonalik gashtini surayotgan dugonalarim aytganicha ekan, kelin kelgach, ehtiyorkor bo`lib qolarkansiz. «Begona ko`z qarab tursa, begona quloq eshitib tursa, yana bir kun o`zingga javob bo`lib qaytishi mumkin, shu sabab o`ylab gapirib, etti o`lchab, bir kesib ish qil. Dasturxoning ham to`kisroq bo`lishi kerak. Xullas, kelin degani tashvishlardan qutuldim deganimas», deyishardi ular o`g`il uylantirish tashvishiga tushganimizda.

Yo`g`imni yashirib, borimni oshirishim shartmas. Hamma narsa muhayyo uyda. Singlim ham shuning uchun rozi bo`lgan. Orqavoratdan Tolibning bezoriklarini eshitishgan bo`lishsa ham, o`zimdek fikrladi — uylansa, bosilib qolar.

Men ham o`zimniki chidaydi, dedim. Qaynona-kelin jiqqa musht bo`lmaymiz, qizim, bolamlab bag`rimga bosib o`tirsam, o`g`limning xurmacha qiliqlariga chidar, o`zi ham uyimizga mehr qo`yib, erini yo`lga solib olar, deya o`yladim. Asosiysi, uydagi gap ko`chaga chiqmaydi. Odamlar oldida sharmanda bo`lmayman.

Bu fikr xayolimdan o`tdi-yu seskanib ketdim. O`tgan hafta o`g`lim ham shu gapni aytgandi.

— Siz faqat obro`-e`tiborni o`yladingiz? Sharmanda qilma, degansiz nuqul menga.

— Jim bo`l, dadang keladigan payt bo`ldi.

— Dadam bilmaydi deysizmi qanaqaligimni? — uning asabiylashib aytgan gapi jonimdan o`tib ketdi.

Birzum nima deyishni bilmay toshdek qotib qoldim-u, keyin unga gapirish befoydaligini tushunib, xonasidan chiqib ketdim. Lobarga ham biror fursat erining ko`ziga ko`rinmay turgani durustligini aytdim.

Bu bola qachon shunchalik o`zgarib ketdi? To`ng`ichim deb avvaliga erkalatgan bo`lishimiz mumkin. Ammo keyin o`g`il bola deya tarbiyasida qattiq turdik. Uka-singlisi tug`ilgach-ku ovsinim qaradi Tolibga. Ukasi hozir o`qishda, o`zi bilan o`zi ovora. Singlisini uzatdik. Olti oydan beri tiq etgan ovozi chiqmadi. Akasi bilan janjallarimizdan charchab ketgandi u ham.

O`tgan kuni televizorda boks musobaqasi bo`layotgan ekan. Sal u yoq-bu yoqdan gaplashay deb, «Boshqa kanalga ol», dedim so`z boshlash ilinjida.

— Bir paytlari boksga qatnashgani qo`ymagandingiz, endi tomosha qilishga ham ruxsat yo`qmi? — dedi Tolib pultni taq etib stolga qo`yarkan.

Lobar uzatgan choyni qanday qo`limga olib, dasturxon ustiga qanaqa qilib qo`ydim — bilmadim.

Tolib ishxonasida qisqartirish bo`lganiga ham meni zimdan ayblaydi. Endi bir paytlari bolamning yuz-ko`zi ko`karib yuradimi deya, boks mashg`ulotlariga qatnashtirmay qo`yganimni yuzimga solayapti. O`zi tanlamagan sohasida o`qitgan ham men ekanman. Asli, uchinchi bosqichgacha zo`rg`a amalladim. Oxirgi marta darslarga qatnashmagani uchun o`qishdan chetlatish haqida uyimizga xat kelganida dadasiga oyog`im og`riyapti, poytaxtga borib ko`rsatib kelmasam bo`lmaydi, deya uchib borgandim.

— Siz bo`lasizmi Tolibning onasi, marhamat, opa, o`tiring, — dedi yoshi hali qirqlarga kirmagan dekan stulni ko`rsatib.

O`qishni tiklashdan so`z ochgandim, bosiqlik bilan dona-dona qilib gapirdi.

— Uch yildan buyon biror marta sessiyalardan o`tolmaganidan xabaringiz bo`lsa kerak. Hali davomati, hali imtihon topshirmagani uchun o`qituvchilar Tolibning bahosini qo`yishmaydi. Ammo nuqul tepadan buyruq keladi. Majbur o`qishini tiklaymiz. Yaqinda kattaroq yoshli o`qituvchimiz nima dedi, bilasizmi, men mansabimni yo`qotishdan qo`rqib, rektoratning buyrug`iga ko`nib, sizning o`g`lingizni o`qishda olib qolayotgan ekanman. Bu kap-katta o`qituvchilarga nisbatan hurmatsizlik ekan. To`g`ri! Tan olaman. Yoshlik qildim shu kungacha. O`g`lingiz bizning darslarimizga kelmaydi, demak, hurmat ham qilmaydi. O`qituvchilar uni darslarga chaqirish, ahvolini o`rganish, qayta imtihon topshirish kabilar bilan ovora bo`lishadi. Biroq oxir-oqibat yuqoridan kimningdir og`zini moylaysizlar-u o`roqda yo`q, mashoqda yo`q odam nimadirlik bo`lib qoladi. Yo`q, bizga pulingiz kerakmas! Bizga aqalli, o`qiyotgan maskanini hurmat qiladigan talaba kerak. Bolangizni yanada mas`uliyatsiz qilayotganlarning cho`ntagini qappaytirishda davom etish-etmaslik esa o`zingizga havola.

— Uka, — deya endi so`z boshlayotgandim, shartta kesdi.

— Men bu talabani fakultetda olib qololmayman. O`sha tepadagi odamingiz juda kuchli bo`lsa, mana, mening o`rnimga kelib, o`zi ishlasin, — dedi.

To`g`risi, bunday so`zlarni eshitaman deb kelmagandim. Hal qilib ketishimga ishongandim. Shu kungacha o`rtaga tushgan odam ishdan olingani uchun dekanatga uchrasha qolgandim-da.

Shu bilan o`g`lim o`qishdan haydaldi. Ammo otasiga miq etmadim. Yana bir yil sandiraqlab Toshkentda yurdi. Chet elga ketib ishlab kelishini aytganida, qat`iyan man etdim. Keyingi yil ilojini qilib o`qishini tiklatarman, dadasiga biror yolg`on toparmiz, degan o`yim bor edi.

Afsus, bir yildan keyin ham o`qishi tiklanmadi. Viloyatimizga qaytarib olib kelib, erimning nomini sotib bo`lsa ham kollej diplomi bilan ishga joyladim. O`zi ham tuzuk-quruq ishlamadi, bir yilga qolmay qisqartirishga tushdi. Mana, kunduzlari uxlaydi, kechalari sang`iydi. Ikki oydan keyin bolali bo`ladigan otaning ahvoli shu.

Singlimning qiziga og`iz solishimni onamga aytganimda, qarshi chiqqandi.

— Quda bo`lib, opa-singil bir-biringlardan judo bo`lmanglar, deyman-da, bolam. Shoshma, hali o`g`ling yosh. Lobar ham endi kollejni tugatdi. Tolib bir-ikki yil ishlasin, o`rnini topsin, ro`zg`orning bir uchini ko`taradigan bo`lsin, keyin boshini ikki qilarsan.

Onamning bu gaplari ko`nglimga botdi. Bolamning hulqi tufayli Lobarni unga mos sanamayapti, deya xafa bo`ldim. Singlim esa ro`yxushlik berdi. Ikki katta qizi o`zlari tanlab turmushga chiqishgandi. Biri eri bilan Rossiyada, bolalari singlimda qolgan. O`rtanchasi ikki ovsini bilan yashaydi. Lobarni men kelin qilsam, uy-joyi tayyorligi, qolaversa, o`zim o`qitaman, degan va`dam turmush o`rtog`ini ham ko`ndirdi, adashmasam.

Va`damda turdim, bir oylik kelinchakni o`zimizning viloyatdagi institutga o`qishga kiritdim. Tuppa-tuzuk qatnab yurgandi, Tolib ishdan qolgach, fikri o`zgardi. «Bormaysan», «O`qib, nimani qoyillatarding», deya ming`irlaydigan odat chiqardi. Erim tong sahardan ishga ketib, kun botganda kelgani uchun o`g`lining ishdan qolganidan bexabar. Lobarga ham hech kimga sotib qo`ymasligini uqtirganman.

Xayolimdan ming xil o`y o`tib oshxonaga kirsam, kelin bir nuqtaga tikilgancha jim o`tiribdi. Piyolaga choy ham quymagan.

— Lobar, qizim, yur, xonangga kirib yota qol. Yo qo`rqayapsanmi? Unda mehmonxonaga joy solaylik. Men ham sen bilan uxlayman, — dedim uni yupatish istagida.

— Xola, men uyga ketsam-chi? — Lobar bu so`zni uzoq tayyorlanib aytgani shundoq yuz-ko`zidan bilinib turardi.

— Voy, kech bo`lganda-ya? — o`zimni tushunmaganga olmoqchi bo`ldim.

— Ertalab ketsam devdim. Butunlay... — u gapini oxiriga etkaza olmay yig`lab yubordi.

Ko`z yosh qilishlar homilaga zararligi haqidagi maslahatlarim, farzandli bo`lishgach, Tolib ham yaxshi tomonga o`zgarishi to`g`risidagi o`zim ham ishonishni istaydigan gaplarim bilan Lobarni yupatayotganimda g`ira-shira tong yorishayotgandi...

— Endi joyingga kirib uxlay qol. Yaxshilab dam ol, birinchi darsingga bormasang ham, o`qituvchilar urishmas, — deya o`rnimdan turdim.

«Xo`p, xola» deganidan biroz xotirjam tortib hovliga chiqdim. Turmush o`rtog`im bilan bugunoq Tolib haqida gaplashib olishim lozim. Bir o`zim uni yo`lga sololmasligim aniq. Ota-o`g`il o`rtasida devor bo`lib, xato qildim. Endi tug`ilajak nevaram uchun ham bu devorni bartaraf etishim kerak...

MUXLISA

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии