Долзарб мавзулар Foto

Nogiron baxt

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 28.03.2018, 22:55

Ostona hatlab kelgan mehmonlarning o`zini bir oz noqulay va odob bilan tutayotganliklaridan bildimki, yana sovchilar. Yoshim ham yigirmadan oshayotgani sababli ancha ko`nikib qoldim bu manzaraga. Har doimgidek, ularning ko`zi tushmasidanoq o`zimni ichkariga urdim. Bilaman, oradan bir oz vaqt o`tgach, ortimdan onam kirib keladilar. Mening roziligimni so`rash o`rniga, nuqul kelganlarning oilasini maqtaganlari maqtagan. Rad javobini eshitgach esa, qanday kirib kelgan bo`lsalar, shu bo`yi xonani tark etadilar. Ulardan eshitishimcha, bu safar ikki hovli naridagi kelishgan, bo`y-basti havas qilsa arzigulik yigitdan ekan. Qishloq joy bo`lgani uchunmi, ota-onam meni qiyin-qistovga ola boshladi: “Hammayam farzandining ko`zdan uzoq bo`lishini xohlamaydi. Qiz bolaning uyi yaqin bo`lsa, ota-onasining “issiq-sovug`i”dan xabar olib turadi. Sal faqirroq oila bo`lsayam, axloqi yaxshi. Biz otang bilan maslahatlashib, bir qarorga keldik”, – dedi oyim.

Endiyam qarshilik qilsam meni tinglamasliklarini bilib, taqdirga tan berdim. Yugur-yugur, chop-choplar boshlanib ketdi. To`y tashvishlariga ko`milib, kunlar qanday o`tib ketganini ham bilmay qolibman. Hatto ko`nglimdagi qandaydir g`ashlikni ham tashvishu g`alvalar bir oz chetlatgandek bo`ldi.

Kuyov bo`lmish Nodirbekni yaxshi taniyman. U bilan tengqurmiz. Maktabda boshqa-boshqa sinflarda o`qiganimiz uchun deyarli gaplashmaganman, desam ham bo`ladi. O`ziyam odamovi yigit-da. Undan atigi bir yoshga kichik ukasi — Abdukarim esa rosa sho`x. Qishloqda u hazil toshini otmagan qiz qolmagan hisob. Ukasining istarasi issiq yuzi kishini o`ziga tortsa, Nodirda vazmin yigitlarga xos salobat va jiddiy nigoh ko`zga tashlanadi. Shu sababmikan, ko`pgina qizlar o`z diqqat-e`tiborini akasiga qaratishadi. Bilishimcha, yon-atrofdagilarning mulohazasi, qiziqishlari Nodirni umuman qiziqtirmaydi. Doim o`z ishini pishiq-puxta bajarish payida bo`ladi. Ko`cha-ko`yda kim bilandir gaplashib turganini hech ko`rmaganman. Xoh tanish bo`lsin, xoh notanish, bosh irg`ab salom berib o`tib ketaveradi. Dala ishlarida ota-onasining tirgagi. Tirikchiligi er bilan bog`liq bo`lgach, nimayam qilar edi. Hozir ishlagan tishlaydigan zamon. Katta ro`zg`or tebratishning o`zi bo`lmaydi. Ba`zida oylab suv kelmaydigan sho`rxok erda dehqonchilik qilishning qandayligini bizdan so`rang. Katta shaharlardagi oliygohlarda o`qishga hali yo`l bo`lsin. Shuni anglaganim uchunmi, o`qishni davom ettirish to`g`risida og`iz ham ochganim yo`q. Qolaversa, ota-onamga barcha yumushlarni tashlab keta olmayman.

* * *

Nihoyat, ertaga to`y degan payt ham etib keldi. Urfimizga binoan bugun biznikida qiz bazmi uyushtiriladi. Shu kuni kuyov va kelin pinhona uchrashuv belgilab, oz fursatda to`y xususida ikki og`iz gaplashib olishadi. Shu paytgacha Nodir bilan gaplashmaganim uchun ezma dugonalarim “Namuncha laqma bo`lmasang!” deya bezor qilib yuborishdi. Hammalari menga bo`lgan havasini yashirmasdi:

– Bu indamasni qanday ilintirding? Senam balosan.

– Menimcha, bu erda boshqa bir gap bor. Ular oldindan gaplashib yurishgan. Axir qo`shni bo`lishsa... Buni kim bilib o`tiribdi, deysiz, – deb kulishardi.

Bu qizlarning orasida gul-gul yonib, sho`xu xandon o`tirmaslikning iloji yo`q.

– Iloyo, baxtingga ko`z tegmasin, bolam! Nasib qilgan yoring bilan qo`sha qarigin, – deya duo qildilar qo`llarini fotihaga ko`tararkan buvim.

“Omin”, dedi birvarakayiga do`stu yor, qavmu qarindosh.

G`alati bo`lib ketdim. Yon atrofim g`ala-g`ovur odam bo`lsayam, o`zimni negadir yolg`iz his qila boshladim. O`ylab qarasam, shu yoshimgacha otamning jahlidan qo`rqib, hatto sinfdosh bolalargayam qo`l berib so`rashib ko`rmagan ekanman. Endi esa dabdurustdan fe`lini yaxshi bilmagan, sinamagan odam bilan turmush qurish...

Yo`q, Nodirni sinab o`tirish shart emas. Shundog`am yaxshi yigitligi besh qo`lday ma`lum. Mana, oyim ham dadam bilan birinchi bor go`shangada ko`rishganini aytib bergan edilar. Shu kungacha ahil-inoq yashab kelishayapti-ku! Qiziq, ular o`zlarini baxtli deb bilarmikinlar?

Kimdir turtdi. Xayolim bo`linib, “yalt” etib qaradim.

– Kuyov bilan maslahatga chiqdingmi? – dedi tirjaygancha do`mboqqina xolam.

– Yo`g`-ey, – dedim xijolatdan yuzimni chetga burib.

To`g`risini aytsam, shu topda yuragim gupurib, har xil shubhalar ko`nglimda o`rmalay boshladi. Men u bilan uchrashganimdan emas, hanuzgacha daragi yo`qligidan uyalayotganimni xolam bechora qaerdanam bilsin. Qiz bazmi ham oxirlab borayapti.

Vaqt yarim kechadan oshganda hamma tarqadi. Yugurib-elib xizmatda bo`lgan qarindoshlarim o`lguday charchaganidan oyoq uzatsa bo`ladigan joy topsa, tappa tashlab uxlab qolishdi.

Harchand uxlashga urinmay, ko`zimga hech uyqu kelmasdi. Xayolimda yana o`sha og`riqli savollar: “Nega kelmadiykin?! Yo`l uzoq bo`lsa ham tushunish mumkindir, nahot ikki hovli naridan kelish shunchalik qiyin bo`lsa?” Yuragim siqilib ketdi. Sim karavotning g`ichirlashi ham jonimga tegdi. Shunda derazadan tushib turgan oy nuri ko`nglimni yorishtirib, tashqariga chiqdim.

Iyun oyining tunlari ajoyib bo`ladi-da. Xuddi bitmas-tuganmas hodisotlaru sarguzashtlarga to`ladek. Shu bilan birga sokin va nafis hislarga yo`g`rilgan kabi. To`yib-to`yib toza havodan nafas oldim. Biroq shubha-gumonlar yana o`z zaptiga oldi va kimdir qo`limni mahkam siqdi. Qo`rqib ketib, endigina baqirishga og`iz juftlovdim hamki, tanish ovoz eshitildi:

– Voy-voy, qo`rqoq! To`yga kelganlarning o`taka­sini yormoqchimisiz? Kim aytadi sizni esli-hushli kap-katta qiz deb?! Shu bugun uxlolmasligingizni bilardim-a!

Abdukarim?! Nodirning ukasi. O`tgan-ketganda ataylabmi, yo hazillashibmi jig`imga tekkani-tek­kan. Yoz kunlari, ko`cha tuprog`idan chang ko`tarilmasin, deb har kuni suv sepaman. Bu kishim esa loyini ko`chirib, ishi bo`lsa-bo`lmasa u yoqdan-bu yoqqa borib kelaveradi. Ko`cha eshigimiz oldi shudgorlangan daladay bo`lgach, menga qarab kulib salom ham berib qo`yadi.

Shularni esimga olib, jilmayib dedim:

– Senmiding ko`chabezori, nimaga bu erlarda daydib yuribsan? Endi tundayam sening dastingdan bizga kun yo`q ekan-da!

Abdukarim ham bo`sh kelmadi:

– Undan ko`ra, “Akang qani, nega o`zi kelmadi?” deb qo`yaqolmaysizmi! Ana, o`tiribdi so`ppayib. O`ziyam sudrab olib keldim-ey. “Bormayman”, deydi nomard. Gapini qarang, “O`zing borib kelaqol”mish. Hali o`zim uylanib ham qo`yaqolarman, dedim. Boplapmanmi?

– Boplapsan, – dedim kulib.

Sal narida turgan Nodirni endi ko`rdim. Miyamga “Uzr so`rash uchun kelibdi-da”, degan fikr keldi. Vujudimga xotirjamlik taralganday bo`lib, oldiga bordim.

– Salom, – dedim sekingina.

Nodir endi “tilga kirdi”:

– Saodat, meni kechir, sening baxtingni o`ylayman-u...

– Bo`ldi, bas! – deb gapini shart bo`ldim. Uni “bugungi qilmishi” uchun kechirim so`rayapti deb o`yladim. – Men xafa bo`lganim yo`q, shunga araz qi­ladi deb o`ylayapsizmi?

– Bilaman, muhabbatsiz turmush quryapmiz. Faqat meni... sevib qolma, xo`p, keyin qiynalasan, – dedi u xo`rsinib.

– Nima qipti sevib qolsam? Yo biron suyganingiz bormi? Unday bo`lsa, buni mendan yashirmang, – ovozim xiyol qaltirab javob berdim.

– Yo`q, yo`q, – dedi u shoshilib. Chamasi, yana nimadir demoqchi bo`ldi-yu, meni xafa qilib qo`yishdan qo`rqdimi, boyagi gapini bir oz boshqa tomonga burdi.

– Men hali hech kimni yaxshi ko`rishga ulgurmadim. To`g`ri tushun, seniyam alday olmayman. Men seni hurmat qilaman. Ammo bu hali muhabbat degani emas. Tushuntira oldimmi? Men yolg`izman. Men ruhan butunlay yolg`izman. Zerikib ketdim bir xil kechayotgan hayotdan. Har kunim shunday o`tadi: mehnat qilaman, ovqatlanaman va uxlayman.

– Mehnat qilish yoqmayaptimi sizga?

– Yo`q, mehnatni hamma qiladi. Mehnatdan odam o`lmaydi. Mana, sen ham qiz bola boshing bilan mendan kam ishlamayapsan-ku.

– Bo`lmasa nimaga noshukrlik qilasiz? Aslida o`zingizni o`zingiz chetlatasiz. Tengdoshlaringizga qo`shilsangiz, sizning ko`ksingizdan hech kim itarmaydi-ku!

– Nima qilaman ularga qo`shilib? Ziyofatga borib o`lgunimcha ichib o`zimni ko`rsatamanmi? Har kuni ishdan qaytgach, uyda o`tirib televizor ko`raman. Ekrandagilar ko`zimga boshqa sayyoraning odamlariday ko`rinadi. Biz tengilar kutubxonalarga borishadi. Sport klublariga qatnashib, sayohatlarga chiqishadi. O`zing insof bilan ayt, hech bo`lmasa tuman markazidagi istirohat bog`iga yilda bir marta borishni orzu qilmaysanmi?

– Sabr qilsak, hammasi bo`ladi.

– Seningcha men sabrli emasmanmi? O`g`il bola bo`lsam ham ota-onam ruxsatisiz ortiqcha qadam tashlab, ko`chada bekorga sandiraqlaganimni eslay olmayman. Ana, otam eski motosikli borligi uchun qishloqda ko`ksini kerib yuradi. Holbuki, o`g`lining ko`ngil qatida nima borligi bilan qiziqmaydi. Aksincha, onamga har doim “Bolalarni taltaytirma, ishlasin, qiyinchilik ko`rsin”, deb ta`kidlaganlari ta`kidlagan.

– Hali o`zingiz ham bolalaringizni shunaqa...

– Ota-onam berib ulgurmagan qaysidir kemtik mehr bilan oila qurib, bola boqish... Xo`sh, ertaga bolamga nima bera olaman? Na biron joyda o`qimagan bo`lsam, na unga yaxshi yashash uchun hamma sharoitni yaratib berolmasam. Hali o`zim bolalikka to`ymadim. Anuv kuni qaysidir ko`rsatuvda bir opa chiqib, “Farzandining jamiyatda yaxshi yashab, o`rnini topishiga imkon yaratib berolmaydigan ota-ona baxtiqaro go`dakni dunyoga keltirishga haqli emas”, dedi.

– Gapiraverishadi-da. Hozir siz aytgan o`sha norasidalarning ba`zilari ota-onasidan ko`p pul topishadi. Mayli, bu gaplarni qo`ya turaylik, – dedim o`zimiz tushib qolgan qiyin vaziyatdan chiqish yo`lini axtarib. – Aytganday, Abdukarim rosa sho`x-da. Kap-katta yigit bo`lib qolibdi. Birov uni ukangiz demaydi. Gavdasini qarang. O`zi ertaga sening to`ying bo`lishi kerak ekan, dedim unga.

– To`g`ri gapirding, asli ertaga u kuyov bo`lishi kerak. Men ahmoq o`z ukamning o`rnini egallamoqchiman. Saodat, sendan bir iltimosim bor, – dedi Nodir.

– Bajonidil.

– Abdukarimga tegib qo`ya qolmaysanmi?

Gangib qoldim. Hazilga yo`yay desam, hazilga o`xshamaydi. Qolaversa, gap ohangida quvnoqlikdan asar ham yo`q. Bechora yigit hazil qilishni ham eplolmas ekan, degan o`y bilan:

– Kech bo`lib qoldi, men borib uxlay, – deya ortimga qaytdim.

Nariroqda poyloqchilik qilayotgan Abdukarim yana gap otdi:

– Ha, svidaniya tugadimi deyman! Hali mengayam o`zingizdek aqlli, chiroyli qiz topib berasiz. Boshqachasi kerakmas, sizga o`xshasin. Dabdabali, zo`r to`y qilamiz.

– O`ylab ko`raman, kuyov bola, – deb kulib javob qaytardim.

Sekingina uyga kirdim. Ruhim engil ko`chib, uyquga yotdim.

* * *

To`y ham ana-mana deguncha o`tdi. Nochorroq oila bo`lishiga qaramay, topganini qo`shqo`llab orzu-havasga sovurishdi. Abdukarim terlab-pishib xizmat qildi. Qizlar davrasiga kirib, o`rtada rosa o`ynaganini aytmasam ham bo`ladi. Tavba, akasiga ko`rinishidan o`xshagani bilan, tabiati tamomila aksi.

Odamlar tarqalgach, vaqt yarim kechadan oshdi. Yangalar “kuyov kirishga uyalmasin” deb, oyoq uchida ohista chiqib ketishdi. Yana o`zim qoldim. Uydan uzoqlashmagan qiz bo`lganim uchun begona joyda tanho uzoq qololmayman. Tashqariga chiqay desam, hayo yo`l bermaydi. O`z-o`zimga taskin berish bilan qo`rquvni engmoqchi bo`ldim. “Hademay kuyov kirib keladi, ana o`shanda bo`lmag`ur xayollar qushday uchib ketadi. Doim qanaqadir ins-jinslarga ishonib yuraman”, deb o`yladim. Shunda xayolimga kelgan boshqa bir fikrdan cho`chib tushdim: “Hademay kirib keladi. Meni oldimga-ya!”

Borlig`imni endi o`zgacha qo`rquv egallab oldi. Boya yangalar aytgan gaplar... Bir seskanib oldim. “E, yo`q, yaxshisi kelmay qo`yaqolsin, dedim ichimda engil titroq bilan. Shunday bo`lsa-da, kutdim, kutdim... kutaverdim.

* * *

Charchoq va zerikish tufaylimi, qachon uxlab qolganimni bilmayman.

...Qandaydir ovozdan cho`chib uyg`onib ketdim. Oldiniga bosinqiradim deb o`ylab, o`rnimdan turdim. Tong otibdi, shekilli. Lekin ovoz eshik tomondan ayol kishining yig`isi bo`lib miyamga toshday urildi: “Bolam, bolajonim-a, o`n gulidan bir guli ochilmagan bolam...”

Hayron bo`lib tashqariga chiqishga intilganim hamono eshik ochilib, yangam kirib keldi.

– Saodat, o`tir qizim, tashqariga chiqma... – dedi chaynalib, – hozir senga bir gap aytaman, o`zingni bosib ol, xo`pmi, – dedi u yupanch ohangida.

Tashqarida esa yig`i tovushiga dod-faryodlar qo`shilib, borgan sari kuchayardi. Taajjubim hadikka, hadik xavotirga aylandi. Yuragim dukillab ura boshladi. Bu yaxshilik alomati emasligini sezib, ichki bir qo`rquv bilan hozir eshitajak gapimga quloq tutdim.

– Ering... e yo`q, nimaydi, haligi Nodir o`zini nobud qilib qo`yibdi.

Qotib qoldim. Qaniydi, shu onda kipriklarim son-sanoqsiz nayzaga aylansa-yu, yuragimga sanchilsa. Ko`zlarimga bir tomchi yosh kelmas, baxt deb kirgan qasrim sarobga aylangan edi. “Endi nima bo`ladi? Endi kim deb atalaman men?! Qiz bola bo`la turib, beva qoldimmi?”

Savollarimning oxiri yo`q edi. Karaxt holimda sekin pichirladim: “Chiqib keting, iltimos, chiqib keting!”

– Hech qaerga chiqmayman, yana sen ham bir nimani boshlama. Menga rostini ayt, o`zi oranglarda nima bo`ldi. Yo... qo`shilolmadinglarmi? – dedi yangam qo`llarini elkamga qo`yib.

– Yo`qoling dedim, ko`zimga ko`rinma hech biring, – deb uni itarib, urib tashladim.

Ko`z oldim xiralashib, bari birdan ayqash-uyqash bo`lib ketdi. Bor dunyoim o`rtanib, orzularim tilkalanib tashlangandek, go`yo. “Nega, nega o`zini bunday qiladi, nega o`zini osadi?”, degan alamli savol xayolimdan ketmas, ammo shu tobda bunga javob qidirish ortiqcha edi.

* * *

Uch kun o`tib, ota-onam meni uyga olib ketish uchun kelibdi. “El og`zida gap-so`z bo`lmasin, qirqi o`tgach, o`zimiz ruxsat beramiz”, – deb ularni jo`natib yubordi qaynanam. So`ng oldimga kirib, poygakda o`tirganicha menga dalda berdi. “Har ikkimizning peshonamiz sho`r, qismatimiz qora ekanini qaerdanam bilibman, qizim”. So`ng turib yonimga keldi-da:

– Men aybdorman bariga. U uylanmoqchi emas edi, – dedi.

Ko`zlarim katta-katta ochilib ketdi. Savollarga to`la nigohim bilan qattiq tikildim. Qaynanam yonimga joylashib olib, “O`g`lim kasal edi. Buni oldiniga otasi, keyin men sezgandim. O`zi ham hayotdan ketgisi kelayotganini takror-takror aytgandi. Xalq orasida bu kasallikni “osma kasal” deyisharkan. Bemor, yaqinlari hayotini saqlab qolishsa ham, qayta-qayta o`zini o`ldirishga urinib ko`raverarkan. U ilgari ham o`z joniga qasd qilmoqchi bo`ldi. Har gal otasi bilan poylab yurib, to`xtatib qoldik. Gap-so`z ko`paymasin deb, do`xtirgayam olib chiqmadik. Bir-ikki qariyalar uning ko`zi oldida bir mushukni osib qo`ysanglar o`tib ketadi, deyishgandi. Bunday qilishni o`zimizga ep ko`rmadik. Uylantirsak, yaxshi bo`p qolar deb o`ylabmiz. O`g`lim esa hali oila qurishga tayyormasligini aytib, bir-ikki yil sabr qilishimni so`ragandi. “Juda kelin ko`rgingiz kelsa, Abdukarimni uylantiraqoling”, dedi ham. Seni esa ko`z o`ngimda katta bo`lganing uchun kelinlikka tanlagandim. Bilganimdan qolmay, to`yni boshlab yuboraveribman. Bir safar uning iltimoslaridan zerikkan ukasi: “Bo`pti, shuni xohlagan ekansan, shunday bo`ladi. Men-ku, u qizga uylanish niyatim yo`q. Nima, Saodatda qasding bormi? Fotihani buzmoqchimisan? Hayotga sal engilroq qarasang bo`ldi. Hammasi oson ko`chaveradi. Lekin bilib qo`y, sen endi unashtirilding. Uylanmasang, birovning qizini yomon otliq qilgan bo`lasan. Men esa bunga yo`l qo`ymayman. Sen olmasang, men olaman, xo`pmi, shunda qutulamanmi?” – deb yubordi. Men bu gaplarga parvoyam qilmagandim. Kelib-kelib mening o`g`lim dardga chalinadimi! Sho`rlik, ko`z tegdi o`zi unga”, – deb yig`lab yubordi.

Quloqlarim tom bitib, mudroq hislarim nimanidir ravshanlashtirgandek bo`ldi. Qaynanam shu gaplarni menga aytmagani durust edi. Men hammasini taqdirdan deb bilib, hech kimni ayblamayotgan edim. Endi esa, bila turib ikki yoshning qismatini qora qilgan bu ayolni dajjol kabi ko`ra boshladim.

Men uni eshitmay qo`ydim. Miyamda o`sha kuni javobi topilmagan savollarning echimini topganday bo`ldim. Agar ota-onasi uni ruhshunosga olib borishgandami, yoki boshini ikki qilishga shoshilmaganlarida Nodirniyam, meniyam taqdirim boshqacha bo`larmidi. Demak, o`g`ilni tezroq uylab qo`yish, qiz bolani “vaqtida egasiga topshirish” uchun jon kuydirish har doim ham ijobiy natija beravermas ekan-da. Ayniqsa, ota-ona ruhiyat, asab bilan bog`liq kasalning davosi uylanish deb bilsa, to`ydan so`ng hammasi o`z o`rniga tushib ketadi, deb o`ylasa.

Nodirni ham oqlay olmayman. Inson istasa o`zi bilganidan ham ko`p narsaga qodir ekanligini anglab etmadi. Mana Abdukarim o`zini masxarabozday ko`rsatib, hazil-huzul bilan ichidagini to`kib-sochadi. Shu bilan odamlar ko`ngliga yo`l ham topadi. O`zini vazmin tutadiganlar kamdan-kam birovga “yoriladilar”. Oqibat, hech kimga qo`shila olmay, o`zlarini yakkalanib qolgan his qilishadi-yu, bundan chiqib ketishning yo`lini o`limda deb bilib, undan najot topishga urinishadi.

Nodir hayotida o`zgarish bo`lishini xohlagandi. Hali turmush qursa, zerikish va tushkunlikdan butkul xalos bo`lishiga, men rafiqa sifatida unga boshqacha bir dunyoqarash singdirishim mumkinligiga o`zini ishontirolmadi. Achinolmadim hamki, shu zehni bilan loaqal o`z hayotini saqlab qolishni uddalamadi. U aziyat chekkan dunyodan hech birimiz undan kam jabr ko`rmaganmiz, axir.

* * *

Etti, yigirma, qirq oshi berildi hamki... menga ruxsat tegmadi. To`y va dafn xarajatlaridan “cho`kib” qolgan oila bir kosa suv, to`rt bo`lak qand, ikkita non bilan meni Abdukarimga nikohlab qo`yishdi. Esimga o`shanda uning sevinib aytgan gaplari keldi: “Mening to`yim dabdabali bo`ladi!”

O`zimni uning sof orzularini poymol qilayotgan jodugarday his qildim. Har holda men to`y ko`rdim, u nima ko`rdi? Qaynukam mendan beshbattar baxtsizligini anglab etdim.

– Baxtinglarni bersin, – deb fotiha qildi nikoh o`qigan mulla. “Faqat nogiron qilib bermasin”, dedim ichimda.

O`sha tunda men kuyov bo`lmish Nodirbekning kirib kelishini hayajon bilan kutganim — xona eshigi ochilib... Abdukarim kirib keldi.

Xosiyat Rajabova

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA