Му5
46

Ramazonda to`g`ri taomlanish qoidalari

Salomatlik 26.05.2018, 10:32
2840
Ramazonda to`g`ri taomlanish qoidalari

Gunohlar kechirilguvchi, niyatlar ijobat bo`lguvchi bu oyda ro`za tushish ham farz sanalsa, inson salomatligi uchun foydali jihatlari ham alohida e`tirof etilgan. Issiq va uzun kunlarda ro`za tutishda yurtdoshlarimizga chiroyli sabr tilash barobarida foydali tavsiyalar bilan ham o`rtoqlashmoqchimiz.

Chanqamay desangiz...

  • Biz ko`p va xo`p takrorlaydiganimiz, kun davomida har bir kishi 2 litr suv ichishi kerak degan qoidaga rioya etishda davom etamiz. Iftorlikdan saharlikkacha belgilangan miqdordagi suvni bo`lib-bo`lib iching. Masalan, og`iz ochganda yarim litr suv ichsangiz, qolgan vaqt mobaynida 300 millilitrdan qabul qiling. Iftorlikda 1 piyola suvga 1 choy qoshiq toza asal qo`shish ham tavsiya etiladi. Asalli suv nafaqat organizmni oziqlantiradi, shifobaxsh hamdir.
  • Saharlik payti qattiq qovurilgan taomlarni tanovul qilmaslik, achchiq va sho`r mahsulotlarni, hamda xonim kabi xamirli taomlarni cheklashga intilganingiz ma`qul.
  • Sabzavotlardan barra bodring chanqoqbosdi hisoblanadi va kun davomida organizmingiz suvsizlanib qolishiga yo`l qo`ymaydi.
  • Qahva va shirin choylar chanqatishi aniq. Qolaversa, och qoringa yoki to`q qoringa ichilgan qahva ko`ngilni behuzur qilishi ham mumkin. Shunday ekan, qaynatilgan suv, meva sharbatlari va qon bosimingiz «obi-havo»siga qarab damlangan choylarga ixtiyor bering.
  • Saharlikda qatiq ichish ham tez chanqab qolmasligingizni ta`minlaydi.

To`yimli taomlar iste`moli

  • Saharlik dasturxoni oqsil va uglevodlarga boy taomlardan iborat bo`lishi kerak. Ma`lumki, go`sht mahsulotlari 16 soat davomida hazm bo`ladi. Dimlangan mol va qo`y go`shti, qovurilgan yumshoq jo`ja ayni muddaodir.
  • Sabzavotlar qo`shib tayyorlangan quymoqlar ham kishiga quvvat bag`ishlaydi.
  • Qaynatilgan tuxum va sut mahsulotlari qorinni to`q tutish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham ayrim insonlar saharlikda qaymoq eyishni afzal bilishadi.
  • Tayyor go`sht mahsulotlariga to`xtaladigan bo`lsak, dudlangan, konservalangan go`sht mahsulotlari, kolbasa, sosiska kabilarga ta`m berish uchun turli ziravorlar, ko`p miqdorda tuz va yog` qo`shilishini inobatga olib, ularning iste`molini cheklaganingiz ma`qul. Qolaversa, bu maxsulotlarorganizmda xolesterin ishlab chiqarilishini rag`batlantiradi. Shuningdek, oshqozon faoliyatiga ziyon etkazishi va sizni chanqatishi mumkin.

Taomnomangiz meva-sabzavotlarga boy bo`lsin!

  • Yangi meva-sabzavotlar sizni tetiklashtirib, taom hazmini osonlashtiradi, tanangizdagi zaharli moddalar — toksinlardan xalos etadi, qon aylanish tizimini yaxshilaydi. Shunday ekan, og`iz ochgach, taomlanishni meva-sabzavotlar iste`molidan boshlang.
  • Xurmo tanovuli esa organizmga quvvat bag`ishlaydi, sababi bu meva tarkibida uglevod, klechatkalar, kaliy va magniy moddalari bisyor.
  • Salatlarni barra sabzavotlardan tayyorlang. Mayonez qo`shmaganingiz durust. Mayonez iftorlik mahali oshqozoningizga og`irlik qiladi.

Eng muhimi

  • Iftorlik chog`ida birdan kuchli taomlarni ko`p miqdorda eyish yaramaydi. Oz-ozdan va sekin taomlanishga odatlaning. Muhimi, taomnomangiz foydali bo`lsin!
  • Bilsangiz, ota-bobolarimiz og`iz ochgandan so`ng bir choy qoshiqqina nisholda tanovul qilishgan. Chunki shirinlik ishtahani bo`g`ib, oshqozonga og`irlik tushishining oldini oladi.
  • Har bir inson organizmi o`ziga xos bo`lgani uchun saharlik va iftorlik dasturxoningizga qanday taomlarni tortish o`z ixtiyoringizda. Ba`zilar yuqorida aytganimizdek qaymoq bilan kifoyalanishsa, ba`zilar go`shtli taomlarga ixtiyor berishadi. Asosiysi, yangi bo`lmagan ovqatlarni tanovul qilmang.

Unutmang

Saharlik qilish ro`zaning mustahab odoblaridan sanaladi. Payg`ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) saharlik qilishga buyurib «Saharlik qilinglar, zero saharlikda baraka bordir» deganlar. Ramazon oyida sabr bilan to`g`ri ovqatlanish, tabiiy eguliklar iste`mol qilish jism salomatligi, ruhiyatning engillashishi, tiniq fikrlash va uzoq umrni ko`rishni ta`minlaydi.

MUXLISA tayyorladi.

Шарҳлар