Ташкент +13° Sun 19:17
Долзарб мавзулар Foto

Birja dallolining sevgisi (Hikoya)

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 12.06.2018, 23:49

Pitcher – birja dalloli Garvi Maksuelning idorasidagi ishonchli klerklardan biri. Ertalabgi soat to`qqiz yarim. Maksuel yosh kotiba qiz hamrohligida idoraga kirib keldi. Hamma ularga hayrat va qiziqish bilan boqardi.

– Salom, Pitcher, – dedi Maksuel. U o`zining ish stoliga shahd bilan o`tirarkan, darhol uni kutib turgan xatlar, telegrammalar dengiziga sho`ng`idi.

Yosh kotiba qiz Maksuelning idorasida bir yildan beri ishlardi. U unchalik xushsurat ham emasdi. Dabdabali soch turmaklari unga yoqmas, na zirak, na bilaguzuk, na medal`on taqardi. Unda hech qachon restoranga kirish xohishi bo`lmagan, taklif qilishganda esa kayfiyati yo`qligini bahona qilardi. Oddiy, kulrang, nafis ko`ylagi unga yarashib turar, odmi, qora shlyapasi yashil to`tiqush pati bilan bezatilgandi. O`sha kuni ertalab ko`zlari porlar, yuzlariga qizillik yugurgan, ko`rinishidan baxtiyor edi.

Uni qiziqish bilan kuzatgan Pitcher qiz o`zini odatdagidan ko`ra boshqacharoq tutayotganini sezdi. Avval kotiba o`zining xonasiga kirish o`rniga nimanidir kutayotgandek idora ichida timirskilanib yurdi. Atigi bir marta Maksuelning ish stoliga nigoh tushadigan darajada yaqin keldi.

Stol oldida o`tirgan Maksuel umuman odamga o`xshamasdi. U g`ildirak va prujinalar yordamida harakatlanuvchi, bo`g`zigacha band nyu-yorklik dallol-mashina edi.

– Xo`sh, nima gap?- to`satdan so`radi Maksuel. Ochiq konvertlar stolda qor uyumidek sochilib yotardi. Uning o`tkir kulrang ko`zlari qizga g`azab bilan boqdi.

– Hech narsa - javob qaytardi kotiba va engil tabassum bilan nari ketdi.

– Janob Pitcher – dedi qiz ishonchli klerkka,- janob Maksuel kecha yangi kotiba qizni ishga olish haqida gapirganmi-di?

– Aytgandi,- javob berdi Pitcher,- u yangi kotiba qiz topishni buyurgandi. Bir necha kotiba qizlarni sinov uchun bizga jo`natishlarini byuroga bildirgandim. Soat o`ndan qirq daqiqa o`tyapti-yu, lekin ularning birortasidan darak yo`q.

– U holda o`rnimga boshqa birov kelmaguncha har doimgidek ishimni davom ettiraman.- dedi qiz.

O`sha zahoti u xonasiga o`tdi va shlyapasini har doimgi joyiga ildi.

Kimki bu nyu-yorklik dallolni birjada ish qizg`in paytda ko`rmagan ekan, o`zini antropologiyadan bilimsiz hisoblayversin. Bu dallolning nafaqat har bir soati, balki daqiqa va soniyasi band qilingandi.

Bugun ham Garvi Maksuel uchun qizg`in ish kuni edi. Telegraf apparatining lentasi siltanib aylanar, stoldagi telefon surunkali qo`ng`iroqlardan charchagandi. Mijozlar idoraga to`da-to`da bo`lib kirishar, kimdir quvnoq, kimdir achchiqlanib yana kimdir esa hayajonlanib Maksuel bilan to`siq orqali gaplashishardi. Pochtachilar eshikdan shoshgancha kirib-chiqishardi. Klerklar to`fon vaqtidagi matroslar singari elib- yugurishar, Pitcher ham g`ayrat bilan ishlardi.

Shu kuni birjada to`fon, ko`chki, bo`ron, zilzilalar yuz berdi, vulqonlar otildi. Barcha ofatlar mana shu kichikkina idorada ro`y berdi. Maksuel stulini devorga suyab qo`ydi va tik turgancha mijozlar bilan ishlay boshladi. U go`yo mahoratli masxarabozdek telegrafdan telefonga, ish stolidan eshikka borib kelardi.

Vaqt tobora tig`izlashib borayotgan bir paytda Maksuelning ko`zi kutilmaganda tuyaqush patli shlyapadagi, yuzini duxoba to`r bilan to`sib olgan, oltin tusdagi gajak sochli, qunduz mo`ynali palto kiygan, kumush yurakcha bilan tugallanuvchi shoda-shoda marjon taqqan qizga tushdi. Qizning qiyofasi kibrli edi. Bu holatni izohlashga Pitcher tayyor bo`lib turgandi.

– Stenografistlar byurosidan, ish o`rni masalasi bo`yicha, - dedi Pitcher.

Maksuel yarim o`girilib qaradi; uning qo`llari qog`oz va telegraf lentalari bilan band edi.

– Kimning o`rniga?- qoshlarini chimirib so`radi u.

–O`zimizning kotiba qiz o`rniga,- dedi Pitcher.-O`zingiz kecha yangi kotiba chaqirishimni so`ragandingiz.

– Siz aqldan ozibsiz, Pitcher,– dedi Maksuel. – Qanday qilib sizga bunday buyruq berishim mumkin? Miss Lesli bir yildan beri o`z vazifasini a`lo darajada bajarib kelyapti. O`zi xohlamaguncha o`rniga odam olmaymiz. Bizda hech qanday bo`sh o`rin yo`q, xonim. Byurodagilarga aytib qo`ying, Pitcher, bizga boshqa odam yuborishmasin, qaytib oldimga hech kimni etaklab kelmang!

Marjon taqqan qiz stullarga turtinib, jahl bilan idorani tark etdi. Pitcher qulay fursat topib buxgalterga “qariya”ning kundan-kunga parishonxotir bo`lib borayotganligini etkazdi.

Idorada ish qizigandan-qizidi. Birjada Maksuelning mijozlariga tegishli bo`lgan yirik summadagi turli nomlardagi aksiyalar bosib-yanchilardi. Oldi-sotdi haqidagi buyruqlar u yoqdan- bu yoqqa qaldirg`ochdek “uchib yurardi”. Maksuelning mansab kursisi ham omonat edi va u katta quvvatli mashinaday bor kuchi bilan ishlardi; uning so`zlari, qarorlari, harakatlari go`yo soat mexanizmidek tez va aniq edi. Aksiya va hujjatlar, qarz va fondlar, garov va ssudalar – bu moliya olami. Unda insonning his-tuyg`ulariga o`rin yo`q edi.

Tushlik vaqtiga kelib idorada birozgina sukunat cho`kdi.

Maksuel qo`llaridagi xat va telegrammalar bilat stoli oldiga keldi. U o`ng qulog`iga har doimgidek ruchkasini qistirib olgan, bir tutam hurpaygan sochlari peshonasiga tushib turardi. Oyna ochiq edi, chunki u erdan xonaga bahorning iliq nafasi ufurardi.

Derazadan xonaga siren gulining yoqimli, hidi anqidi va dallolni bir zum joyiga mixlab qo`ydi. Negaki, bu ifor miss Lesliga tegishli edi. Bu unga, faqat ungagina tegishli edi.

Qiz – Maksuelning yodiga tushdi. Birja olami ahamiyatsizdek bo`lib qoldi, go`yo. Kotiba esa qo`shni xonada, yigirma qadam narida edi.

– Qasam ichamanki, men bu ishni qilaman,- dedi yarim ovozda dallol.- Hoziroq undan so`rayman. Hayronman, nega buni avvalroq o`ylab ko`rmagan ekanman-a.

U kotiba qizning xonasiga otilib kirdi va uning stoliga yaqinlashdi.

Qiz ohista jilmaydi. Uning yonoqlari qizargan, nigohi ham muloyim va samimiy edi. Maksuel qizning stoliga tirsaklari bilandi suyandi. Uning qo`lida hali ham bir dasta qog`oz turar, qulog`iga ruchka qistirilgandi.

– Miss Lesli,- hovliqib gap boshladi u,- roppa-rosa bir daqiqa vaqtim bor. Sizga bir narsani aytishim kerak. Menga turmushga chiqing. To`g`ri, shu paytgacha ko`nglingizni olishga harakat qilmaganman, lekin sizni chindan ham sevaman. Iltimos, tezroq javobini ayting.

– Nimalar deyapsiz?- ajablandi qiz. U o`rnidan turib, ko`zlarini katta-katta ochgancha Maksuelga qaradi.

– Siz meni tushunmadingiz chog`i?– dedi Maksuel.- Menga turmushga chiqishingizni xohlayman. Sizni sevaman, miss Lesli. Buni oldinroq aytmoqchi edim. Nihoyat, endi fursat topdim. Ana, yana meni telefonga chaqirishyapti. Pitcher, ayting, kutib turishsin. Xo`sh, nima deysiz, miss Lesli?

Kotiba qiz o`zini juda g`alati tutdi. Avvaliga u hayratdan dong qotdi, ko`zlaridan yosh quyildi, so`ngra quyosh porlagandek jilmaydi va bir qo`li bilan dallolning bo`ynidan asta quchoqladi:

- Tushundim. - dedi qiz muloyimlik bilan- Bu birja butun fikr-u xayolingni egallab olibdi. Boshida qo`rqib ketdim. Nahot, yodingdan ko`tarilgan bo`lsa, Garvi? Biz, axir kecha kech soat sakkizda muyulishdagi Kichik cherkovda nikohdan o`tdik-ku!


O. Genri


Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.



Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

15.10.2018, 15:38