Ташкент +13° Sun 20:17
Долзарб мавзулар Foto

Germaniya nashri Ravshan Ermatov va o`zbek futboli haqida maqola e`lon qildi

Бўлимлар: Sport
Теглар:
Добавлено: 13.06.2018, 17:53

“Shtern” jurnalining (Germaniya) internetdagi sahifasida o`zbekistonlik futbol hakami Ravshan Ermatov haqida maqola chop etildi, deb yozmoqda O`zA.

Unda O`zbekiston Milliy terma jamoasi xalqaro futbol maydonida hali katta yutuqlarga erishmagan bo`lsada mamlakatning 40 yoshli hakami mundialda ushbu yurt nomidan ishtirok etadi, deb yozadi. Yana qo`shimcha qilib Ravshan Ermatovning uchinchi bor Jahon Chempionatida ishtirok etishi ham ta`kidlab o`tiladi.

Sanoqli kunlardan so`ng boshlanadigan Jahon chempionatida garchi O`zbekiston terma jamoasi ishtirok etmasada o`zbekistonlik futbol muxlislarining kayfiyati ko`tarinki. Ular ushbu mundialni katta quvonch bilan qarshi olmoqdalar. Buning sababi, albatta, Ravshan Ermatov, deyiladi maqolada.

Ermatov Jahon Chempionatlarida ilk bor 2010 yil Janubiy Afrika maydonlarida bo`lib o`tgan mundialning final bosqichida qatnashdi va ushbu nufuzli turnirda eng ko`p o`yinni boshqarib, rekord natijaga erishganiga alohida to`xtalib o`tilgan.

Ermatov Osiyo Futbol Konfederasiyasiga bergan intervyusida shunday deydi: “Mazkur turnirda eng yosh hakam bo`lish va muxlislar roppa-rosa to`rt yil kutadigan o`yinni boshqarish, aql bovar qilmas voqelik edi. Go`yoki tush ko`rayotgandek edim, o`zimni chimchilab ko`rishim lozimdek edi, go`yo”

JARda o`z mahorati bilan katta taassurot qoldirgan yosh referi to`rt yildan so`ng Braziliyada bo`lib o`tgan Jahon chempionatini boshqarishga tanlab olinadi. Ravshan Ermatov Osiyoda allaqachon mashhur bo`lib ulgurgan, u Osiyo Futbol Konfederasiyasining besh karra eng yaxshi hakami sifatida tan olingan, deya ta`riflaydi “Shtern”.

Ravshan Ermatovnig futbolga kirib kelishi to`g`risida nemis jurnali yana shunday yozadi: U taqdir taqozosi bilan referi bo`lgan. Aslida Ravshan Ermatov futbolchi sifatida o`z karerasini qurmoqchi bo`lgan bo`lsada, jarohati uni orzusidan voz kechishga majbur etdi. O`sha paytlarda yoshlar jamoasida murabbiy sifatida ishlagan otasi unga yordam berdi. “Bir kuni o`yinlarning biriga tayinlangan sudya kelmadi. Shunda otam qo`limga hushtakni tutib: - Qo`lingdan kelganicha o`yinni boshqar, dedi. Bu mening ilk hakamlik uchrashuvim edi.

O`zbekistonda Ravshan qisqa vaqt ichida shuhrat qozondi. Poytaxtdagi stadionlarda yoki ko`chalarda futbol ishqibozlari uni ko`rishlari bilan suratga tushish va dastxat olishga intilishadi. Yaqinda Toshkentning “Milliy” o`yingohida Ermatov o`yinni boshqarishi e`lon qilinganda muxlislar gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi. Bunday hollar tez-tez uchrab turadi.

Shunisi aniqki, Rossiyada bo`lib o`tadigan jahon chempionatida ham ushbu yosh yulduz - hakamning har bir o`yinni boshqarishi u erda yashaydigan millionlab yurtdoshlarining olqishiga sabab bo`ladi. Ravshan Ermatov uchinchi marta jahon chempionatida ishtirok etayotgan bo`lsa-da, bunga erishish oson bo`lmadi. Ermatov brigadasining ushbu chempionatga chaqiruv olishi har galgidek mashaqqatli mehnat mahsulidir, deb yozadi nemis jurnali. “Bitta maqsad – Rossiyaga borish uchun har bir mashg`ulotda ko`p ter to`kishimizga to`g`ri keldi”, deydi Ermatov.

“Borussiya”ning sobiq murabbiyi P.Shtegerning bir gapi bor: Har bir hakam o`zining qo`pol xatosi bilan o`yin taqdirini hal qiluvchi yulduzga aylanishi uchun emas, balki o`yinchilarni to`g`ri yo`lga boshlovchi mayoq sifatida maydonga tushishi lozim. Ermatov uchun avvalambor futbol obro`sini saqlab qolish muhimdir. Agar hakam o`yinchilarni jarohatlardan himoya qila olsa, o`yin ruhiyatini ko`tarinki ruhda ushlasa, albatta, o`yinchilarning hurmatiga sazovor bo`ladi.

Uning Rossiyada ishtiroki bu so`nggisi emas, deb umid qilamiz. 2022 yilda Qatar mezbonlik qiladigan Jahon Chempionatida ham uning nomzodi qo`yilishidan ajablanmasa bo`ladi, deya ishonch bildirmoqda nemis nashri.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

15.10.2018, 15:38