41

Farhod Saidov: «Xonim sotuvchi ayolni hech unutolmayman...»

Shou-biznes 14.08.2018, 14:54
Теги: Foto
11928
Farhod Saidov: «Xonim sotuvchi ayolni hech unutolmayman...»

Milliy estrada yo`nalishida samarali ijod qilib kelayotgan izlanuvchan, serqirra san`atkor Farhod SAIDOVning qo`shiqlarini kattayu kichik birdek sevib tinglaydi. U bilan suhbatimiz maroqli o`tdi.

— Siz xonanda, sozanda, boshlovchi, bastakorsiz. Bularning har birini maromiga etkazyapman, deya olasizmi?

— Menga bildirilgan bu ta`riflarning hammasi san`atga daxldor. Ular bir-birini to`ldiradi, bir-biriga kerak. Agar men bir vaqtning o`zida ham shifokor, ham san`atkor yoki hunarmad bo`lganimda edi, bir nechta quyonning ortidan quvyapsiz, deyishsa o`rinli bo`lardi. Aslida, bolaligimdan san`atga mehrim baland. To`rt yoshda qo`shiq kuylay boshlaganman.

Doira chalishni ham o`rgangan ekansiz, shundaymi?

— Ha. Esimda, meni stulga chiqarib qo`yib qo`shiq ayttirishardi, «Qo`ng`iroqdek ovozi bor-a» deyishardi. 1-sinfga 6 yoshdan chiqqanman. Maktabda o`qituvchilarimiz o`rgatgan qo`shiqlarni tadbirlarda kuylab berardim. 5-6 yoshimda «Bog`imda gullar chaman, men gullarni quchaman»ni yaxshi ko`rib aytardim. Keyinroq Ortiq Otajonovning qo`shiqlarini kuylay boshladim. 10 yoshimda Glier nomidagi musiqa maktabiga o`tdim, «Bulbulcha» bolalar xor jamoasida qo`shiq kuyladim. Xorda 1, 2, 3, 4-ovoz bo`ladi. Shermat Yormatov xohlagan ovozda kuylayver, senga mumkin, derdilar. Oradan vaqt o`tib, O`zteleradiokompaniya qoshida tashkil etilgan o`smirlar xoriga bordim.

— Xonandalikka qiziqishingiz baland bo`lgan ekan. Ammo ko`pchilik sizni sozanda sifatida biladi.

— Buning o`ziga yarasha sabablari bor. To`rt yoshda musiqiy sanog`i qiyin bo`lgan «Kuygay» qo`shig`ining usulini chalib ko`rganman. Ashulada to`rtu to`rt, uchu uch sanog`i almashib keladi. O`sha kezlardasanoqni bilmay turib, eshitish qobiliyatim bilan kuyni doirada binoyiday chalganman.

— Soz chalishga qancha vaqt ajratasiz?

— Odatda, kuniga ikki soat davomida soz chalaman. Haqiqiy sozanda bo`lish uchun tinimsiz mashq qilish kerak. Konservatoriyani bitirganimga 20 yildan oshdi. Cholg`udan uzoqlashishim ham mumkin edi. Lekin kuniga ikki soat barmoq yurgizadigan mashqlarni bajarmasam nimadir kamdek tuyilaveradi. Safardamanmi, mashinada ketyapmanmi, tadbirda bo`lamanmi, ko`nglim istab qolsa, albatta, soz chalaman. Bir oyda 3-4 kun «progul» bo`ladi, xolos.

— To`ylarda faqat jonli kuylaysiz. Hamma qatori fonogrammadan foydalansangiz ham bo`ladi-ku?

— (kulimsirab) Deyarli 30 yildan buyon jonli ijroda kuylayman. Yigirma yillik mashaqqatli mehnatimdan nega voz kechishim kerak? Bundan o`n yil oldin sozandalar hech kimga kerak bo`lmay qolgandi. Fonogramma avjiga chiqdi. Biroq bugunga kelib vaziyat boshqacha. Jonli ijroga talab ortib boryapti.

— Agar hayotingiz haqida kitob yozguday bo`lsangiz, qaysi voqeani asarga kiritgan bo`lardingiz?

— Hayotim davomida uchratgan bir qahramonim bor – Ozoda opa. Olloh rahmatiga olsin, u bilan opa-uka tutingan edik. 90-yillar, men talabaman, Ozoda opa esa bozorchada xonim sotardi. Do`stim bilan o`qishdan qaytayotganimizda Ozoda opa bir guruh ayollar bilan birga xonim sotib o`tirardi. Tog`oralar tagida ko`miri bo`lgani uchun xonimning ustidan bug` chiqib turardi. Cho`ntagimizda bir so`m yo`q, lekin sotuvchi ayollar yonidan “Bu necha pul, manavinisi-chi”, deya o`tib ketardik. Har zamonda biror sotuvchi ushatilganidan qo`limizga tutib manavindan eb ko`ring derdi. Bu bizning baxtimiz bo`lardi. Har kuni shu holat, to`yib eyishga sharoit yo`q.

Bir kuni Ozoda opa «Voy mani indiyskiy bolalarim, kelinglar», deb iliq qarshiladi. Oltita xonimni o`rab bizgaberib yubordi, pul ham so`ramadi. Xonimni uyga borgunimizcha uchta-uchtadan eb bo`ldik. Shu-shu opa deyarli har kuni bizni xonim bilan siylaydigan bo`lib qoldi, bizga mehri tushdi. Mabodo, bormay qolsak,xavotir ham olardi. Bir marta opaning o`zi kasal bo`lib qolib, ishga chiqolmadi. Ijarada turgan uyimizning balkonidagi supacha tagidan sellofanda eski makaronni topib olib, uni tuzsiz suvda pishirib edik. Ozoda opa tuzalib chiqqanidan so`ng har oyda bir marta uylarida bizni mehmon qiladigan bo`ldi. Bir kuni yana nimadir bo`lib och qoldik va yarim tunda Ozoda opaning uyiga bordik. «Opa, uyga mehmonlar kelib qoldi, bozor qildik. Lekin hech qaerdan non topolmadik. Iloji bo`lsa 2 dona non berib turing», dedik. Vaholanki, uyimizga mehmon kelmagandi. Ular ko`zimizga bir qarab vaziyatni tushundilar. «Hozir, to`xtab turinglar», dedilar-da, 2 ta katta qog`oz xaltani to`ldirib chiqdilar. Ichida meva-cheva, pishiriq, chuchvara, somsa, xullas, nozu ne`matlar bor edi. O`shanda qanchalar suyunganimizni tasavvur qilolmaysiz. Oradan fursat o`tdi, bizning ishlarimiz ko`paydi, o`zimiz bilan o`zimiz ovora bo`lib ketdik. Avvaliga oyda bir, keyin ikki-uch oyda Ozoda opani sovg`a – salom bilan yo`qlaydigan bo`ldik. Uylanganimizdan keyin oilamiz bilan o`ralashib yodimizdan chiqardik.

Bir kuni xiyobonda bolalarimni aylantirib yurgandim. Bir ayol kelib, quchoqlab, yuzlarimdan o`pib ko`rishdi va «Meni taniyapsizmi?» deb so`radi. Hayron tikilib turganimni ko`rib «Ozoda opangizning yonlarida xonim sotib o`tirardim», dedi. «Ey, shuning uchun ko`zimga issiq ko`rinibsiz-da, yaxshimisiz? Opam yaxshimilar?», desam, «Eshitmabsiz-da, opangiz vafot etdi», dedi. Shu so`zlarni eshitib, yig`lab yubordim. Ozoda opani oxirgi manzilga kuzatolmaganim uchun o`zimdan xafa bo`lib ketdim. Shunday muruvvatli, mehribon ayollar ko`paysin, deya doim duo qilaman.

— Farzandlar tarbiyasida ko`proq nimaga e`tibor qaratasiz?

— Uyga kelganimda suv kranini burashning ham qoidasi bor, deb bilaman. Qattiqroq burasangiz rezinasi eyiladi. Kranni burayotganimda shuning ehtiyotini qilaman. Ovqatlanishga o`tirganimizda, avvalo, kecha olib kelingan nonni eyman. Chunki ro`zg`orga kerakli narsalar, ignadan tortib quruq choygacha peshona teri evaziga keladi. Farzandlarimga ham mana shularni qadrlash va ehtiyotlash haqida ko`p gapiraman.

Hozirgi bolalar bitta xonaga qamalib olib, 5-6 soat vaqtini telefonda o`tkazadi. Do`sti bilan ham internet orqali muloqot qiladi. Men buni fojia deb bilaman. Shu bois farzandlarimga telefonda muloqot qilishga ruxsat bermayman. Ko`chada odob-axloqqa, muomalaga rioya etishlarini so`rayman.

— Repertuaringizdagi «Kiyikmi buqo`shig`ingiz juda ommalashgan. Bunday natijani kutganmidingiz?

— Yo`q. Sababi, har ne hodisaning chevari Alloh. Bu qo`shiqni kayfiyat ko`taradigan qiziq tarona ekan deb kuylaganman. U mashhur bastakor Musaxon Nurmatov musiqasi bilan yaratilgan. Odatda, bastakorning yonida yangi qo`shiq eshitib ko`rsam, uning qandayligini his etmayman. Ijodxonamda 3-4 marta qayta-qayta eshitib ko`rib, keyin javobini aytaman. Bundan tashqari, san`atdan xabari yo`q kishilargaeshittirib ko`raman. O`sha qo`shiqni ham shunday tanlaganman.

— Masalan, kimlarga eshittirasiz?

— Turmush o`rtog`imga. Agar u “Bo`lmaydi!” desa, haqiqatan, ming harakat qilayin aytganidek bo`ladi. “Xudo xohlasa bomba qo`shiq, bu”, desa shu qo`shiq juda ko`pchilikka manzur bo`ladi. (kuladi) Men uni hazillashib “degustatorim” deyman. Rafiqam tibbiyot xodimi, lekin qo`shiqni yaxshi tushunadi.

— Mutolaani yoqtirishingizni bilamiz. Qaysi asar sizni nihoyatda hayratga solgan?

— Adashmasam, 5-6 sinf o`quvchisi edim. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini bir oyda 6 marta o`qib chiqqanman. Dostondagi Mehinbonu obrazi meni hayratga solgan va yig`latgan. U Shirinning tirik qolishi uchun o`z go`zalligini beradi va butun umr pardada yuradi. Yana “Go`ro`g`li” dostonini ham qayta-qayta o`qiganman. Hozir Mashrab devonini, “Ming bir kecha” asarini imkon bo`lganda mutolaa qilaman. Uyda kichik kutubxonam bor.

MOHINUR suhbatlashdi.

Комментарии

Xorijiy ijodkorlar o`zbek yoshlariga mahorat-sabog`ini o`tishdi

10.10.2019, 16:32

“Yozuvchi/rassom/madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi ishtirokchilari Yoshlar press klubida ijodkor yoshlar bilan uchrashishdi.O`zbek va xorij ijodkorlari hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu rezidensiya dasturining dunyoning turli...
Surxondaryoda uch egizak dunyoga keldi

07.10.2019, 18:03

Kuni kecha Termiz shahar Sahovat mahallasidagi Haydarovlar xonadonida uch nafar egizak farzandlar dunyoga keldi. Shahar tibbiyot birlashmasining tug`ruq bo`limida ko`zi yorigan surxondaryolik Iroda Xo`jamova ikki...
Maktabgacha ta`lim vazirligi mobil va modulli MTTlarni taqdim etdi (Foto)

04.10.2019, 15:49

2019 yil 4 oktyabr kuni mobil va modulli maktabgacha ta`lim muassasalarining taqdimoti bo`lib o`tdi. Ular oddiy MTTlarni qurish imkonsiz bo`lgan chekka qishloq joylari, tog`li hududlar...
Raqqosalarimiz Koreyadagi Niqob raqs festivalida ishtirok etishmoqda (foto)

03.10.2019, 17:44

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o`rinbosari boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi 27-sentyabrdan 6-oktyabrga qadar Koreya Respublikasining Andon shahrida o`tkazilayotgan xalqaro Niqob raqs festivalida ishtirok etmoqda.