41

E`tiborli bo`ling — xastalanmaysiz!

Salomatlik 28.08.2018, 11:40
3721
E`tiborli bo`ling — xastalanmaysiz!

Inson tanasida his qiluvchi shunday alomatlar borki, bir qarashda oddiy tuyulsa-da, ularga, albatta, e`tibor qaratish lozim. Har kim uchun birinchi yordamchi insonning o`zi. Og`ir asoratlar yuzaga kelmay turib, davo choralarini ko`raylik.

“Ko`ksim og`irlashib ketyapti”

Ko`krak qafasidagi har qanday og`riq, ayniqsa, terlash, qon bosimi oshishi, nafas qisishi bilan kechsa, yurak xastaliklarining darakchisi bo`ladi. Jismoniy harakatlar payti ularning kuchayishi yaxshilikka emas. Eng yomoni, bu belgilar ro`y berajak yurak hurujidan xabardor etayotgan bo`lishi mumkin. Shifokorga murojaat qilish lozim.

“Qo`l-oyoqlarimda jon yo`qday”

Qo`l-oyoqlardagi kuchsizlik, boz ustiga, ularning uvishib qolishi insultning birlamchi alomatlaridan biri bo`lishi ehtimoldan holi emas. Ayniqsa, bu belgilar tananing faqat bir tomonida sezilsa. Gavda muvozanatini saqlay olmaslik, bosh aylanishi, yurishga qiynalish kabilar ham kuzatilayotgan bo`lsa, zudlik bilan mutaxassis qabuliga borish kerak.

“Nafas olish qiyinlashgan”

Kimdir bu belgini keksalik, kimdir semizlik bilan bog`laydi. Achinarlisi, ko`pchilik shu vajlarni ro`kach qilib, o`z holatiga e`tibor qaratmaydi. Vaholanki, nafas olishning qiyinlashishi, xirillash, hushtak chalganga o`xshash ovozlar eshitilishi astma, turli o`pka xastaliklari, allergiyaning og`ir shakli, kimyoviy unsurlar belgisi bo`lishi mumkin. Shifokorgina aniq sabab va davo chorasini belgilaydi. Demak, tibbiy ko`rikni ortga surmang!

Комментарии