Долзарб мавзулар Foto

Farg`onada besh yoshli qizchaning o`limiga sababchi bo`lgan yigit 11 yilga qamaldi

Бўлимлар: Jinoyat
Теглар:
Добавлено: 14.09.2018, 18:45

Joriy yilning fevral oyi boshlarida Farg`ona viloyati Oltiariq tumanida 5 yoshli qizni yo`qolishi va keyinchalik vafot etgan holda topilganligi bilan bog`liq jinoyat ishi barchani junbishga keltirdi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida mazmunan ko`rib chiqilib, 2018 yil 13 sentyabr kuni ayblov hukmi e`lon qilindi, deb yozmoqda O`zA.

– Bu holat bo`yicha Farg`ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, – deydi jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi raisi M. Ibragimov. – Sud hay`ati tomonidan ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakillar, guvohlar, ekspert-mutaxassis va tergovchilarning ko`rsatuvlarini, taraflar muzokarasini, sudlanuvchining muzokara va oxirgi so`zlarini tinglab, jinoyat ishidagi hujjatlar va dalillar sinchkovlik bilan o`rganib chiqildi. Sud mazkur jinoyat ishi bo`yicha adolatli hukmini chiqardi.

Sudda aniqlanishicha, Qo`shtepa tumanida yashovchi 1998 yilda tug`ilgan Akmal Abdurahmonov 2018 yil 5 fevral kuni ertalab yashash xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda "Poloson" mahallasidagi 6-maktabgacha ta`lim muassasasi yonidan o`tib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voyaga etmagan Sh.G`offoraliev, X.G`offoralieva va K.G`offoralievani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirib, do`kondan shirinliklar olib berishini aytib, aldab, Sh.G`offoraliev va X.G`offoralievani velosipedining orqa o`rindig`iga, K.G`offoralievani esa velosipedining old qismiga o`tirg`izib, ularni o`g`irlab ketgan.

Shundan so`ng A.Abdurahmonov o`g`irlab ketayotgan Sh.G`offoraliev va X.G`offoralievani Oltiariq tumani, "Toshxirmon" ko`chasi bo`ylab o`tgan yo`l chetida qoldirib, K.G`offoralievani esa o`zi bilan birga velosipedda Toshkent-Marg`ilon-Andijon yo`nalishidagi temir yo`lning Oltiariq-Marg`ilon qismidan Marg`ilon shahri yo`nalishi tomonga olib borib, voyaga etmagan, ojiz ahvoldagi K.G`afforalievani ushbu temir yo`lning 244 kilometri, 6-piketida uning hayoti va sog`lig`ini xavf ostida qoldirib, shu joyda yolg`iz o`zini tashlab ketgan.

Natijada o`zini o`zi himoya qilish imkoniyatiga ega bo`lmagan, voyaga etmagan K.G`offoralieva tungi vaqtda Qo`qon-Marg`ilon yo`nalishida harakatlanib ketayotgan 62-sonli yo`lovchi poezdi vagonlarining pastki qismidagi metall qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli bo`lgan tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A.Abdurahmonov qo`lga olingan. Tergov harakatlari davomida A.Abdurahmonov voqea kuni boshqarib, jinoyat sodir etishda foydalangan oq-kulrang rangdagi, keyinchalik yashil rangga bo`yab yashash xonadoniga yashirib qo`ygan velosiped, yashash xonadonida bo`lgan yashil rangli sepiladigan kraska uch dona bankalari, voqea sodir bo`lgan kuni uning egnida bo`lgan kulrang-qora rangli kurtka, qora rangli qalpog`i daliliy ashyo tariqasida olingan. Bundan tashqari, Oltiariq tumani, Hamza nomidagi mahalla hududida joylashgan jome masjidiga o`rnatilgan video kuzatuv kamerasiga yozilgan videoyozuv bir dona kompakt diskka tushirilib, jinoyat ishiga qo`shilgan. Bir necha turdagi ekspertizalar xulosalari bilan ham bu jinoyat ishi o`z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi A.Abdurahmonov O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 117-moddasining 2-qismi va 137-moddasi 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA