41

​Gidroterapiyaning mo``jizaviy kuchi

Salomatlik 26.09.2018, 11:36
2790
​Gidroterapiyaning mo``jizaviy kuchi

Suvli muolaja qadim zamonlardan beri shifo topish, yosharish usuli hisoblanadi. Tibbiyotda u gidroterapiya deb nomlangan. Mazkur usul organizmni tiklash, kasalliklarning oldini olish, davolash yoki shunchaki hordiq chiqarish maqsadida qo`llanadi. Gidroterapiya suvga chayinish, nam sochiq bilan artinish, issiq yoki sovuq vanna, dush qabul qilish kabi muolajalarni o`z ichiga oladi.

Qanday turlari bor

Gidroterapiya fizioterapiyaning bir qismi hisoblanadi. Bu muolajalar oddiyligi, hammabopligi va qulayligi bilan ajralib turadi. Uning bir qancha turlari mavjud.

Dush. Bu muolajada tanaga ma`lum bir harorat va kuch bilan turli oqim yordamida ta`sir o`tkaziladi. Dushning fiziologik ta`siri suvning ta`sir qilish muddati, suv bosimi hamda haroratiga boјliq. Dushning yomјir, chang, sirkulyar, shotland, ignasimon, Sharko dushi va hokazo turlari mavjud.

Gidromassajli vanna (jakuzi). Ushbu muolaja umumiy (bemorning faqatgina boshi suvdan chiqib turadi) hamda mahalliy (ba`zi a`zolargina suv ostida bo`ladi) turlarga ajratiladi. Gidroterapiya tanaga harorat va maxsus titroq usuli orqali ta`sir etadi.

Gidrokinezoterapiya — suzish va suvda bajariladigan davolovchi gimnastika.

Termal suvli muolaja. Bunga harorati 37-42 darajali erosti suvlari yordamida davolanish kiradi.

Balneoterapiya. Mineral suvlar yordamida davolanish.

Suv quyish. Bu chiniqtiruvchi muolajada organizmga qisqa muddat ichida sovuq harorat ta`sir etadi.

Saunada parlanish. Bunda organizmga issiq harorat bilan ta`sir o`tkaziladi.

Qon aylanishi yaxshilanadi

Organizmga issiqlik bilan ta`sir etish moddalar almashinuvini yaxshilab, qon aylanishini jadallashtiradi, me`daosti bezi sekresiyasi faoliyatini kuchaytiradi. Iliq yoki issiq suv tinchlantiruvchi hamda oјriq qoldiruvchi, mushaklar tonusini kamaytiruvchi, endokrin tizim ishini yaxshilovchi, immunitetni mustahkamlovchi xususiyatga ega.

Sovuq suvli muolajalar esa qon tomirlarining holatini o`zgartiradi: avvaliga ular torayadi, keyin esa kengayadi. Natijada qon aylanishi yaxshilanadi. Sovuq harorat ta`sirida adrenalin va tiroksin gormonlari ko`p ishlab chiqiladi. Bu gormonlar organizmning tozalanishi va mustahkamlanishiga yordam beradi.

Kontrast, ya`ni haroratning galma-gal o`zgarishi bilan o`tkaziladigan muolaja qonning mikrosirkulyasiyasini yaxshilab, qon bosimini me`yorlashtiradi, yurak faoliyati va moddalar almashinuviga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Suvli muolajalarga qo`shimcha tarzda turli dorivor o`simliklar damlamasi bilan davo samarasi yanada kuchayadi.

Kimlarga tavsiya etiladi?

Gidroterapiya sog`lom kishilarga ham, bemorlarga ham (kasallikka ko`ra) tavsiya etiladi. U chiniqish, tana charchog`ini yozish, uyqu buzilishiga qarshi qo`llanishi mumkin. Umuman olganda, gidroterapiya quyidagi xastaliklarda qo`llanadi:

  • yurak ishemik kasalliklari;
  • gipertoniya;
  • neyrosirkulyar distoniya;
  • vena, periferik arteriyalar xastaligi;
  • suyak-mushaktizimi kasalliklari;
  • ovqat hazm qilish tizimi buzilishi;
  • o`pkaning surunkali kasalliklari;
  • teri kasalliklari;
  • hayz sikli buzilishi;
  • oyoq-qo`llar shishi;
  • bavosir;
  • sellyulit;
  • migren;
  • uyqusizlik, turli nevrozlar hamda stresslar.

Har qanday muolajalar singari gidroterapiyani ham shifokor tayinlaydi.

Mumkin emas!

Gidroterapiya:

  • koronar hamda miya qon aylanishining buzilishi;
  • surunkali tromboflebit;
  • 3-bosqichdagi gipertoniya;
  • yallig`lanish kasalliklarining avj olgan davrida;
  • stenokardiyaning og`ir ko`rinishi bilan kasallangan bemorlarga tavsiya etilmaydi.

Shuningdek, insult, miokard infarktini boshdan kechirgan hamda diabet va ateroskleroz bilan kasallangan kishilar, homilador ayollar suvli muolajalardan avval mutaxassis bilan maslahatlashishlari zarur.

Oliy toifali terapevt–shifokor

Nodira HAMROEVA tavsiyalari asosida Kamola BOShBEKOVA tayyorladi

Комментарии