41

Kompyuter dushmaningizga aylanmasin!

Salomatlik 11.10.2018, 17:27
2985
Kompyuter dushmaningizga aylanmasin!

Bugun hayotimizni elektron vositalarsiz tasavvur qilolmaymiz. Kompyuter, planshet yoki noutbukdan foydalanayotganda oddiy qoidalarga rioya etsangiz, ko`zlaringiz ravshanligini yo`qotmaydi. Demak, tanishing.

Shriftni kattalashtiramiz. Faqat biror matnni o`qiyotganda emas, doim ekraningizdagi belgilar katta o`lchamda bo`lsin. Mayda shrift ko`zingizni tez charchatib, bosh og`rig`iga ham sabab bo`ladi. Kattaroq matnlarni esa qog`ozga chiqarib o`qigan ma`qul.

Yorqinlik me`yorida bo`lsin. Juda ham xira yoki haddan tashqari yorug` ekran ko`zlaringizni zo`riqtiradi. Shunday ekan, telefon yoki planshet quvvatini emas, ko`zlar salomatligini asrang.

Masofa saqlang. Avval suratdagidek joylashing. Kompyuter tomon egilib o`tirishingiz nafaqat ko`z nuriga, umurtqa pog`onasiga ham salbiy ta`sir etadi. Qolaversa, ekranni biroz orqa tomonga qiyalatib qo`yishni unutmang.

Ko`zlaringizni tez-tez ochib-yuming. Bu kompyuter qarshisiga mixlanib ishlovchilarning esiga ham kelmaydi, ammo ushbu mashqni o`zlashtirib olishsa, ko`zlar salomatligini ta`minlagan bo`lishardi.

«20/20/20». Muntazam ekran qarshisida o`tiradigan bo`lsangiz yoki telefoningizga tikilishdan o`zingizni to`xtata olmasangiz, kichik tanaffusga nima deysiz? Buning uchun har 20 daqiqada 20 soniya 20 metrdan oshiq masofadagi manzaradan bahra oling. Bu yog`i kuz, romantik faslni deraza osha tomosha qilish bilan bu odatni o`zlashtirib olsangiz, ham dilingiz ravshan tortadi, ham ko`zlaringiz rahmat deydi.

Комментарии