Ташкент +4° Sun 03:20
Долзарб мавзулар Foto

​Kasbingizni ayting – sog`lomlashtiramiz!

Бўлимлар: Salomatlik
Теглар:
Добавлено: 03.11.2018, 09:04

Inson salomatligiga ta`sir etuvchi omillar juda ham ko`p. U yoki bu kasallik yuzaga kelishiga kishining nafaqat turmush tarzi, odatlari, irsiyat yoki atrof-muhit, balki kasb-kori ham sabab bo`ladi.

Bu borada mutaxassislar Dilbar Samatova, Toshkent shahridagi 48-oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori,

Klara Rustamova, fitnes-murabbiy o`z maslahat va tavsiyalarini berdilar.

Tik oyoqda ishlaydiganlar

O`qituvchi, sartarosh va sotuvchilar ko`p hollarda oyoq tomirlarining varikoz kengayishi xastaligiga duchor bo`ladilar. Bu kasallikda oyoqlardagi tomirlar bo`rtib, “yulduzcha”lar paydo bo`ladi. Bundan tashqari, bo`g`im xastaliklari ham yuzaga keladi. Tik turish natijasida tananing og`irligi bo`g`imlarga tushadi va osteoartroz rivojlanadi.

Echim: kundalik taomnomaga baliq va dengiz mahsulotlarini kiritish lozim. Ular organizmga tez so`riladigan oqsillar bo`lib, tomirlar cho`ziluvchanligi va mustahkamligini ta`minlaydi. Limon, qora chetan (ryabina) tarkibidagi R darmondorisi oyoqlardagi shishlarni bartaraf etadi. Brusnika va klyukva mevalari sharbatini siqib ichish qonni suyultirib, tomirlarda tiqinlar paydo bo`lishining oldini oladi. Sut-qatiq mahsulotlari esa bo`g`im kasalliklarida ayni muddao.

Uzoq vaqt o`tirib ishlaydiganlar

Bir joyda uzoq o`tirib ishlash, jismoniy faollik etishmasligi natijasida ateroskleroz (tomirlarda tiqinlar paydo bo`lishi), gipertoniya (qon bosimi ko`tarilishi), semirish, qabziyat, gemorroy (bavosil) kabi kasalliklar yuzaga keladi.

Echim: hayvon yog`larini o`simlik yog`lariga almashtiring. Kolbasa, sariyog`, tovuq tuxumi ko`p miqdorda xolesterin saqlaydi. Meva-sabzavotlarni doimiy iste`mol qilish ichak faoliyatini yaxshilab, qabziyatni bartaraf etadi. Shuningdek, dukkakli mahsulotlar, javdar unidan tayyorlangan non yoki bug`doy kepagi ham ateroskleroz va qabziyatga qarshi kurashda yaxshi samara beradi. Eng muhimi, har 45 daqiqada o`rningizdan turib, 15 daqiqa engil jismoniy harakatlar qilishni unutmang!

Zararli kasb sohiblari...

Ya`ni, farmasevt, kimyogar, bo`yoqchilar doimiy ravishda zararli va zaharli moddalar bilan ishlaganligi sabab bu moddalar organizmda yig`ilib, jigarni zararlaydi.

Echim: dengiz karami va lavlagi organizmdagi zaharli moddalarni haydash va ularni zararsizlantirish xususiyatiga ega. Bu kasb egalari kartoshkani po`sti bilan qaynatib, tez-tez iste`mol qilib turishlari ham kerak. Chunki tarkibida kraxmal va kletchatka saqlovchi kartoshka organizmdagi yot moddalarni o`ziga shimib oladi.

Asabbuzar ishda ishlaysizmi?

Ish faoliyati doimiy diqqat va mas`uliyat talab etuvchi kasb egalari – o`qituvchilar, jarrohlar, jamoat transporti haydovchilari surunkali asab kasalliklariga duchor bo`ladilar.

Echim: oddiy asabiylik bilan boshlangan ko`ngilxiraliklar bora-bora tuzatib bo`lmas asoratlarga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, taomnomani darmondorilar bilan boyitish talab etiladi. Oqsil, V va S guruhi vitaminlariga boy mahsulotlarni iste`mol qilish zarur. Dengiz mahsulotlari ham asab tizimi va yurak faoliyatini mustahkamlaydi.

Shovqin ostida ishlovchilar

To`g`ri ovqatlanish orqali eshitish qobiliyatini yaxshilashga erishish mumkin. Іayvon yog`lari, marinadli va dudlangan mahsulotlar, mayonez, ketchup; tarkibida kofein saqlovchi ichimliklar, xususan, choy, shokolad, kakao, qahvani rasiondan butkul chiqarib tashlash, taomga ishlatiladigan tuz miqdorini kamaytirish salomatlik tomon qo`yilgan muhim qadam bo`lib xizmat qiladi.

Ko`z zo`riqishi bilan bog`liq kasb egalari ko`zning surunkali toliqishi oqibatida ko`rish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadilar. Bu holat ko`pincha, o`qituvchilar, tikuvchilar, ofis xodimlarida kuzatiladi.

Echim: ko`z toliqishini kamaytirish uchun asosan, qizil va zarg`aldoq rangli sabzavot va mevalarni iste`mol qilish zarur. Ular ko`rish qobiliyatini yaxshilaydigan A darmondorisiga boy. Ammo muammoli jihat shundaki, organizmga qiyin so`riladi. Shu sababli ularni tabiiy yog`lar bilan birgalikda iste`mol qilish zarur. Tabiiy yog`lar smetana, sariyog`, barcha sut-qatiq mahsulotlari tarkibida mavjud. Shuningdek, temir moddasiga boy mahsulotlar ham ko`rish qobiliyatini yaxshilaydi: mol va quyon go`shti, yong`oq va mayiz kabilar temirga boydir.

Qay bir kasb egasi bo`lishingizdan qat`i nazar, ish orasida vaqti-vaqti bilan tanaffus qilish, kichik jismoniy mashqlarni bajarish sizga xavf solayotgan turli xastaliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Oyoq uchun mashqlar

Qo`llarni belga tiragan holda 5-10 marta to`liq va yarimta o`tirish mashqlarini bajaring. O`ng oyoqni o`ng tomonga cho`zing va chap tarafga tana og`irligini tashlab, chap oyoqqa o`tiring. Bu holatni o`ng oyoq bilan ham takrorlang.

Bo`yin mushaklari uchun

Bo`yinni avval soat millari bo`yicha yarim, so`ng to`liq aylantiring, keyin esa soat millariga qarama-qarshi holatda aylantiring. Avval bo`yinni imkon qadar pastga – ko`krak tomon torting. Bir necha soniya shu holatni saqlang va bo`yinni tik ushlang. So`ng bo`yinni imkon qadar ortga torting va shu holatni bir necha soniya saqlang. Bu mashqni qaltis harakatlardan qochib, ohistalik bilan bajaring.

Ko`z uchun

Ko`zingizni monitor ekranidan olib, ohista yuming. Yumuq holatda ko`z soqqasini aylana shaklda goh chap, goh o`ng tomonga harakatlantiring. Mashqdan so`ng ko`zni darhol ochib yubormang. Yuqoridagi holatni boshqa harakatlar bilan takrorlaymiz. Yumuq ko`zingizni o`ng-chap, past-balandni tomosha qilganday harakatlantirasiz. Bu ikki mashq ko`z tomirlari uchun foydali bo`lib, ko`rish qobiliyatiga yaxshi ta`sir ko`rsatadi.

Nargiza Shodmonova

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Jinoyat

Shou-biznes

SUG'DIYONA