Ташкент +4° Mon 08:21
Долзарб мавзулар Foto

​Tug`ruqxonada OITS yuqtirgan ayol

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 17.12.2018, 14:28

Hikoya real voqealarga asoslangan. Qahramonlarning ism-sharifi o`zgartirildi

Bahor fasli edi. Daraxtlar endigina yashil tusga kirgan, tabiat qishning sovug`idan uyg`onib, ko`klam quyoshi taftidan zavqlanayotgandek kundan-kun chiroy ochib borardi. Shunday kunlarning birida qizim Maftuna bilan uning imtihonoldi tayyorgarliklari haqida suhbatlashib o`tirgandik. Birdan eshik qo`ng`irog`i chalindi.

— Ra`no opa, Ra`no opa, - deya Zilola ismli qo`shnim jon-jahdi bilan eshigimizni taqillatardi.

— Keling, Zilola, tinchlikmi?

— Siznikida bir-ikki soat o`tirib tursak maylimi?

— Mayli, mayli, tinchlikmi, nima bo`ldi?

— ... Kuyovingiz yana ichib kelib, janjal qilyapti.

— Hayronman, u sizdan nima istaydi, o`zi? Mana bu suvdan ichib oling, o`zingizga kelasiz.

Zilola suvni icharkan, nimadir yodiga tushdi chog`i yana ko`zlari yoshlandi.

— Maftuna, qizim, jiyanlaringga multfilm qo`yib ber. Bizning Zilola opang bilan gaplashadigan gaplarimiz bor.

— Hali hammasi yaxshi bo`ladi, - deya Zilolani kuzatarkanman, o`ylanib qoldim: ayrim erlar ayolining bachadoni olib tashlanganiga taloq beradi, ayrimlari soppa-sog`, go`zal rafiqasi bo`la turib, sayoq yuradi. Ba`zilari tug`uruqdan so`ng to`lishgan ayolini masxaralab kamsitadi, xiyonat qiladi. Mening turmush o`rtog`im esa OITS yuqtirgan ayolini boshida ko`tarib yuribdi. U meni hammadan go`zal, maftunkor ayol deb biladi...

Maftuna qizaloqlarni olib, boshqa xonaga chiqib ketdi.

— Avvallari Anvar aka juda mehribon edi. Uchinchimiz – O`g`iloy tug`ilganida shifokor «Bilasiz, xotiningizda homiladorlik qiyin o`tdi. Uni ehtiyot qiling. Maslahatim, yana farzand ko`rishni rejalashtirmanglar. Aks holda sog`lig`iga yomon ta`sir ko`rsatishi mumkin» deya turmush o`rtog`imni ogohlantirgandi. Shundan keyin erim o`zgarib qoldi. Har ishimdan ayb qidiradigan, «dardisar» deya meni kamsitadigan bo`ldi.

— Ko`p kuyinmang, Zilola. Oyning o`n beshi qorong`u bo`lsa, o`n beshi yorug`. Zulmatdan keyin, albatta, yorug`lik keladi. Faqat sabr qilish kerak.

— Gapirish oson, opa. Sizni eringiz hurmat qiladi, sevadi. Ikkingizning munosabatingizga doim havas qilganman. Biznikining esa ichmagan kuni yo`q. Ichib olib, uxlab qolsa ham mayli edi, kayfi tarqaguncha janjal qiladi. Ikki gapning birida «O`g`il tug`ib bermading», deydi. Uch qizimiz ko`ziga ko`rinmaydi.

— O`ZI insof berib ichishni tashlasa, yana avvalgi holiga qaytar.

— Mo``jiza yuz berib shunday bo`lmasa, o`ziga kelishi qiyin. O`zi-ku, hamma erkak bir go`r!

— Bu gapingizga qo`shilmayman.

— Xudo asrasin, ertaga siz ham bir dardga chalinsangiz, eringizning munosabatini ko`rasiz. Hozir sog`lom, go`zal ayolsiz. Shunga ham meni tushunishingiz qiyin-da...

— Eh, Zilolaxon, boshimdan nimalar o`tganini bilmaysiz-da! U kunlarni eslasam, yuragimga og`riq kiradi. Bundan o`n yil oldin Maftuna birinchi sinfda o`qirdi. Beshinchi may kuni qizimni maktabga, turmush o`rtog`imni ishga kuzatib, uy ishlariga unnadim. Keskin harakat qilganimgami, belimda og`riq turdi. Hayajondan yuragim ko`ksimdan otilib ketguday ura boshladi. Bildimki, kutilgan sana keldi, ikkinchi farzandim dunyoga keladigan kun! Shoshib erimga qo`ng`iroq qildim. Yarim soat o`tmay tug`uruqxonada bo`ldik.

Qabul bo`limida kerakli hujjatlarni to`ldirayotib, tez yordam mashinasida keltirilgan ayolni ko`rdim. Og`ir ahvolda kelgan homilador ayolni shosha-pisha tug`uruq bo`limiga olib kirib ketishdi.

Chamasi bir soatlardan so`ng meni ham tug`uruq zaliga olishdi. Achchiq dard chekib, nihoyat, ko`zim yoridi. Doyalar «Pahlavondek o`g`il» deya bolajonimni bag`rimga berishdi. Turmush o`rtog`im ota – onasini xursand qilib yursin, deb o`g`limizga Baxtiyor degan ismni berdi.

Tug`uruqxonadan uyga qaytganimda hammadan ham qizim Maftuna xursand edi. Chaqaloqning yonidan ketmas, o`zicha unga bir nimalarni gapirib berardi. Uyga qaytganimizning 14-kuni Baxtiyorning issig`i ko`tarilib ketdi. Darrov tez yordam chaqirdik. Shifokor bolani ko`rib, chilla payti shunday o`zgarishlar bo`lib turishini tushuntirdi. Va dori yozib berdi. Іarorati tushgan bo`lsa-da, bolaginam juda bezovta edi.

Ikki kun o`tib, chaqalog`imizning issig`i yana ko`tarildi. Kutilmaganda talvasa xuruji boshlandi. Mitti qo`lchalari titrar, lablari ko`karib ketgandi. Baxtiyorni zudlik bilan shifoxonaga olib bordik. Ammo hech bir shifokor nima sababdan bunday bo`layotganini tushuntirib bera olmasdi. Erim ikkimizning bormagan joyimiz, qilmagan ilmu amalimiz qolmadi. Ammo...

Qirq kunlik chillasi chiqar–chiqmas Baxtiyorim jon berdi. O`shandagi ahvolimni so`z bilan tushuntirib berolmayman. To`qqiz oy yuragim ostida avaylaganim, mehr berganim, jondan aziz farzandim endi yo`q edi. Yorug` olamga yig`lab kelgan bolajonim, Baxtiyorim, hammamizni yig`latib ketdi.

Turmush o`rtog`imning irodasi mustahkam ekan. Ko`z yoshini artib, Baxtiyorning bevaqt o`limi sababini aniqlash uchun ekspertizaga berdi. Natija esa hammamizni shoshirib qo`ydi. Bolamning qonida OITS aniqlanibdi, o`limiga sababchi bo`lgan narsa ham shu ekan.

Shifokorlar bolaning ota-onasi zudlik bilan qon topshirishi, tibbiy tekshiruvlardan o`tishi kerak, deyishdi. Turmush o`rtog`imning qon tahlili natijasi yaxshi chiqdi. MendaOITS borligi aniqlandi. Bu kunlar ham bormidi deya o`zimni qo`yarga joy topolmay qoldim. «Qanday qilib, axir, homiladorlikda OITSga topshirilgan qon tahlilida muammo bo`lmagan-ku» deya sababini izlashga tushdim.Bahrom aka bilan o`g`limiz dunyoga kelgan tug`uruqxonaga bordik. Ma`lum bo`lishicha, o`sha kuni ko`zim yorishidan avval tez yordam mashinasida og`ir ahvolda keltirilgan homilador ayol OITSga chalingan ekan. Hayoti qil ustida turgani sababli almashinuv kartasini surishtirmay, tug`dirib olishgan. Ertasiga qon tahlillari tayyor bo`lib, hammasi oydinlashganda ayol tug`uruqxonadan qochib ketgan. U ayoldan keyin xuddi shu tug`uruq zalida mening ko`zim yorigan. Xona etarlichi sterilizasiya qilinmaganmi yo unga ishlatilgan tibbiy asbob – anjomlar tozalanmaganmi, xullas, qaysidir sabab bilan u ayoldan kasallik menga yuqqan.

— O`g`lingizga-chi, qanday qilib yuqqan ekan?

— OITS bilan kasallangan ayolga bolani ona suti bilan boqish mumkin emas ekan. Chunki virus sut orqali bolaga o`tishi mumkin. Men esa Baxtiyorni emizardim, bu ham etmaganday, bir kuni u emmay qo`yganida barmog`im bilan og`zini tozalagandim. Keyinroq esladim, barmog`im tirnalgandi.

Shunday qilib, Baxtiyorimni sovuq tuproqqa topshirdimu o`zim OITS tashuvchi nomini oldim. Qo`shaloq dard menga og`irlik qildi. Juda qattiq tushkunlikka berildim. Shifokorlar hozir ishlab chiqarilayotgan dori – darmonlar bilan bemorning umrini uzaytirish mumkinligini aytishsa-da, hech nimani eshitmasdim. Yashagim kelmay qolgandi. Qizimni ham unutgandim. Har gapimda «Yashashni istamayman», derdim. Erimning menga g`amxo`rlik qilayotganidan battar ezilardim. Bir safar «Bahrom aka, meni o`ldiring. Shu qo`llaringiz bilan bo`g`ib o`ldiring yo zaharli dori olib kelib bering,yashashni istamayman» deya bo`yniga osildim. O`shanda erim yuzimga tarsaki tortib yubordi: «O`zingni qo`lga ol! Bu faqat senga kelgan sinov emas, hammasini birga engib o`tamiz» deya meni o`zimga keltirdi.

Vaqt har narsaga davo bo`larkan. Asta – sekin OITS bilan yashashga ko`nikdim. Yana farzand ko`rish haqida o`ylay boshladim. Shifokorlar nazoratda bo`lsam sog`lom bola tug`ilishini aytishdi. Biroq tibbiy ko`rikdan keyin so`nggi umidim ham chilparchin bo`ldi. Yuragim xastaligi, tug`uruqni ko`tara olmasligimni aytishdi.

Turmush o`rtog`im bitta farzand bilan yashab o`tadimi, deb uni uylantirmoqchi bo`ldim. Hozir sizga gapirib beryapman-u, o`shanda bu qarorga kelishim qanchalik qiyin bo`lganini eslab ezilib ketyapman. Er bermoq jon bermoq, axir. Bahrom aka taklifimga ko`nmadi. Ortiq bu haqda og`iz ochmasligimnitayinladi.

Yashashdan umidi so`ngan odamga dunyo tor ko`rinarkan. Erimning uylanishni rad etganini, menga achinganidan qildi deb o`yladim. O`zimni shunchalar chorasiz sezdimki, oxir-oqibat, jonimga qasd qilishgacha bordim.

— Men ham shuni aytyapman-da, opa. Kasal xotin kimga kerak? Eringiz har kuni o`zini mehribon ko`rsatib sizni kamsitganidan keyin dunyo ko`zingizga tor ko`rinadi-da.

— Yo`q, Zilola, siz noto`g`ri gapiryapsiz. Men, farzand dog`ida, og`ir kasallik va yana boshqa farzand ko`rolmasligimni o`ylab tushkunlikka tushib qolgandim. Lekin turmush o`rtog`im meni bu zulmatdan olib chiqdi. Mehr – muhabbati, sadoqati bilan hayotga qaytardi. Meni tushundi, borimcha, shu dardim bilan birga qabul qildi. Kasallikka qarshi kurashishga undadi. Mana, 10 yildan buyon shifokorlar nazoratida yashayapman.

— Ra`no opa, meni kechiring. Turmush o`rtog`ingiz haqida noto`g`ri xayolga boribman.

— Hechqisi yo`q, xijolat bo`lmang. Shunchaki, biling deb aytdim, bu gaplarni. Hamma erkaklar bir xil emas.

— Opa, men endi uyga chiqa qolay. Dadasiuxlab qolgandir. Ertaga o`ziga kelsin, achchiqqina mastava qilib beraman. Bundan buyon erimga ko`proq mehr berishga harakat qilaman. Zora insof bersa...

Anchadan beri ko`zim yoshlanmagandi. Allohim umr yo`ldoshimni o`z panohingda asra! Baxtimizga sog`–omon bo`lsin...

Nargiza Otabekova

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA