42

​"Erimni issiq-sovuq qilib, dardga yo`liqtirdim"

Mutolaa 23.12.2018, 15:01
14026
​"Erimni issiq-sovuq qilib, dardga yo`liqtirdim"

Centyabr oyining 20-sida Nodirning xotini ikki qizdan keyin o`g`il dunyoga keltirdi. Farzandning qadami qutlug` kelib, ertasiga Nodirni bankda kredit bo`limiga boshliq etib tayinlashdi. Bayram ketiga bayram ulandi! Qarindosh – urug`, tanish – bilish – hamma ularning baxtiga havas qildi.

Vaqt o`tgan sayin Saida, erining munosabatida o`zgarishlar seza boshladi. Nodir ishdan kech qaytadigan odat chiqardi. Shunday kunlarning birida, turmush o`rtog`ining telefonida bir ayol bilan yozishgan xatlarga ko`zi tushdi. Salom-alikdan nariga o`tilmagan bo`lsa-da «SMS» larni o`qib, Saidaning rashki tutdi. Lablari titrab «Nima sababdan ishda ushlanib qolayotganini bildim, axiyri bildim-ku» deya takrorlay boshladi. Ayni dam u o`zida emasdi. Nima qilayotganini, xatti - harakatlarini anglamasdi.

- Mana endi bildim. Siz nima ishlar qilib yurganizniyu kech kelishlaringizning sababini. Topganingizni mendan nimasi ortiq ekan?

- Nimalar deb valdirayapsan? Ertalabdan boshimni qotirma.

- Mana bu oyimchangiz haqida gapiryapman, - deya telefondagi yuzishmalarni eriga ko`rsatdi.

- Pashshadan fil yasashga ustasan-da, xotin. Nima ekan, depman. Bu ayol bilan shunchaki tanishman, ishida ozgina muammolari bor ekan. Yordam berdim, shunga shunchami? Yomon narsa xayolingga kelmasin, - dedi-yu, ayolining savollariga boshqa gap topib berolmasligini bilib, tezda uydan chiqib ketishga harakat qildi.

- Shunchaki tanishingiz bo`lsa, nega unda yana qachon ko`rishamiz deb yozadi,- degancha Saida eshikni orqasidan baqirib qoldi...

Erining gapiga ishonmagan Saida har xil o`ylarga chek ko`yish maqsadida ertasi kuni turmush o`rtog`ining ishiga bordi. Nodir ko`rib qolmasligi uchun atay ko`cha boshida tushib qoldi-da, atrofni kuzata boshladi. «Hozir tushlik payti. Nodir aka ham tashqariga chiqsa kerak. Mabodo chiqmasa, biror bahona topib ichkariga kiraman» – o`zicha xayol qilardi u. Saida yurak xovuchlab bank binosi tomonga yurib kela boshladi. Shu payt eri tashqariga chiqdi-da, notanish bir ayol bilan mashinaga o`tirdi. «Ey Olloh, nahotki Nodir aka menga xiyonat qilyapti?» – Saidaning yuragi tez ura boshladi. Nafasi bo`g`ilib, boshi aylanayotganini sezdi. Kimgadir dardini to`kib sochgisi keldi. «Nilufar, ha, Nilufarnikiga boraman, u meni tushunadi» – shu xayol bilan sirdosh dugonasining uyiga yo`l oldi.

Saidaning kelayotganini oynadan ko`rgan Nilufar qo`ng`iroq chalinishini kutib o`tirmay eshikni ochdi.

- Kel dugonajon, buncha ranging oqarib ketmasa? Tinchlikmi o`zi?

Saida yig`lab-siqtab bo`lgan gaplarni aytib berdi. Barchasini jim turib eshitgan Nilufar qo`liga telefonni olib, tanishidan Fotima folbinning uy manzilini surishtirib oldi. Saida hech narsani tushunmay o`tirardi.

- Ana bo`ldi. Manzili qo`limizda. Tur o`rtoq, sen bilan bir joyga borib kelamiz.

- Qaerga boramiz?

- Bir dugonam Fotima folbinni maqtagandi. Hamma narsani to`g`ri aytar ekan. Borib ko`raylik-chi, ering rostdan ham xiyonat qilyaptimikan.

Dugonalar folbinning uyini topib borishdi. Ularni avval bir xonaga olib kirishdi. So`ng kutib turishni, navbati kelganda kirishini aytishdi. O`sha xonada ulardan tashqari yana ikki ayol o`tirardi. Hech qancha vaqt o`tmay ularni ichkariga chorlashdi.

- Qani kelinglar, go`zal singillarimizga bizdan nima xizmat?

- Kelin, nimalar deyapsiz? Ayol kishi og`irroq bo`lishi kerak. G`iybatchilarning gapiga ishonib, o`g`limga tuhmat qilib, dilini xira qilmang. O`zingizni qo`lga oling, deya nasihat qila ketdi.

Bu takallufdan erib tushgan Saida, telefondan turmush o`rtog`ining rasmini ochib berdi. So`ng o`qigan xabarlari, bugungi ko`rgan voqelarni gapirib berdi. Fotima folbin goh Saidaga, goh rasmga qarab, gap boshladi:

- Singlim, judayam tang ahvolda qolibsiz. Oilangiz buzilish arafasida turipti.

- Nimalar deyapsiz?

- Men bilmasam gapirmayman. Eringiz boshqa bir ayolga ilakishib qolgan. Hattoki unga uylanmoqchi. Harakatingizni qilmasangiz, undan ayrilib qolasiz...

Saida folbinning qabulidan chiqib, qanday uyiga kelib qolganini ham bilmay qoldi. Nima bo`lib, shu kuni Nodir ishdan ertaroq qaytdi. Saida erini ko`rdiyu jazavasi qo`zib, janjal bilan uyni boshiga ko`tardi. Hovliga chiqib, turmush o`rtog`iga o`zi sovg`a qilgan ko`ylaklarni yirtib tashladi. Har qaychilaganida, «O`sha uylanmoqchi bo`lgan suyuqoyog`ingiz obersin endi»,-deya to`rt tomonga jar solardi. Shu payt uydan Nodirning onasi yugurib chiqdi.

Saidaning qulog`iga gap kirmasdi. Qaynonasiga tik qarab «Albatta, o`g`lingizning yonini olasiz-da» deganicha ichkariga kirib ketdi.

Bu voqeadan keyin Saidaning halovati yo`qoldi. Ayniqsa, hamkasbi Irodaning «Eringni uyimiz oldidagi kafeda bir ayol bilan ko`rdim. Hamkasbi bilan tushlik qilayotgandir, deb senga indamagandim» degan gapi dard ustiga chipqon bo`ldi.

Saida to`g`ri Fotima folbinnikiga yo`l oldi. Folbin uni ko`rishi bilan:

- Xo`sh, nima bo`ldi, gapim to`g`ri chiqdimi, deb so`radi?

- Ha, erim menga xiyonat qilyapti. Shunga kech bo`lmasidan, uni qaytarib olishimda yordamingiz kerak.

- Ana endi o`zingga kelding. Bo`shashma. Eringni o`qib, albatta, bu yo`ldan qaytaraman. O`sha ayolning uyiga boradigan yo`lni butunlay yopib tashlayman. Nafaqat unga, buyog`iga boshqa hech kimga qaramaydigan qilib beraman. Faqat sen hamma aytganlarimni so`zsiz bajarishing shart.

- Siz nima kerakligin ayting, hammasini qilaman.

- Ertaga turmush o`rtog`ing yaxshi ko`rgan narsalardan, masalan, choy, qahva, shakar, shokolad, o`zi ishlatadigan sovun, shampun, sepadigan atiri va ko`p kiyadigan ko`ylaklaridan olib kel. Hammasini o`qib beraman. Ana keyin ko`rasan nima bo`lishini.

Saida ertasi kuni olib kelgan narsalarga folbin bir narsalar o`qib berdi. «Xuddi men aytganimday, o`qigan narsalarimni ko`proq ichib, esin. Iloji boricha shu ko`ylaklarni kiyib yursin. Kiyimlarini esa faqat shu kukunlarga yuvgin»,-deya astoydil tushuntirdi.

Kunlar o`tib borardi. Saida o`zini mehribon qilib ko`rsatib, goh shirin choy, goh qahva, shokolad bilan erini siylab turdi. Ertalablari ishiga kuzatayotib, «Mana buni kiying, sizga biram yarashadi», deya o`qitib kelgan ko`ylaklarni ayyorlik bilan kiydirib qo`yardi. Uning mehriga javoban Nodir ishdan erta qaytib, xotiniga ko`proq e`tibor ko`rsatishga harakat qildi. Qildirgan qaytariqlarim ta`sir qilyapti, deb o`ylagan Saida, dugonasiga folbinni topib bergani uchun minnatdorchilik bildirib, erini o`zgargani haqida gapirib berdi. Dugonasining «Tez – tez o`qitib tur, tag`in aynib qolmasin» degan gapiga kirib, qayta-qayta o`qitib qaytariq qildirishga odatlandi.

Qishning sovuq kunlari, yangi yil taraddudini boshlagan Saida, bolalari bilan archa yasatardi. Eshikdan Nodir suvga bo`kkan mushukdek kirib keldi.

- Tichlikmi, dadasi? Nima bo`ldi? Mazangiz yo`qmi?

- Sog`lig`im joyida.

- Unda ishingizda muammo chiqdimi?

- ... Lavozimimdan chetlatishdi.

- Voy nega chetlatishadi?

- O`zimam xayronman. Nega ishim birdan orqaga ketdi. Meni pastki qavatga, oddiy hisobchi qilib tushirib qo`yishdi. Endi tanish-bilishlarni oldida nima degan odam bo`ldim.

- Mayli, dadasi, ko`p kuyinmang, hali hammasi yaxshi bo`ladi, - deb erini ovutishga harakat qilgan Saida xayolida yana Fotima folbinni oldiga borib, o`qitib kelishni rejalashtirdi.

- Opajon, sizga katta rahmat. Hamma qilgan amallaringizni foydasi tegdi.

- Xursandman, xo`sh unda yana nimaga kelding?

- Shu desangiz, erimni ishi orqaga ketdi. Lavozimidan ayrildi. Nodir aka bularni hazm qila olmayapti. Turmush o`rtog`im juda ham jizzaki bo`lib qoldi.

- Bo`ldi, tushundim. Hozir senga o`qitilgan tumor beraman. Uni ering yotadigan yostiq jildiga solib qo`yasan. Faqat esingdan chiqmasin, u yostiqda, albatta, ering uxlashi kerak.

- Rahmat opajon, - deya Saida muammoning echimi topilganidan xursrand bo`lib, uyga shoshib ketdi.

Saida xuddi folbin aytganday yostiq jildiga tumorni bildirmaydigan qilib solib qo`ydi. Hech qancha vaqt o`tmay Nodirning boshi tinmay og`riydigan bo`ldi. Ishidagi muammolar qattiq ta`sir qilgani uchun yurak xastaligiga ham chalindi. Nodir qilayotgan ishini unutib qo`yadigan darajada esi kirdi-chiqdi bo`lib qoldi. Saida nimalar bo`layotganini tushunmay xayron edi. Folbinning oldiga borib, goh boshiga, goh yuragiga o`qitilgan giyohlar olib kelardi.

Kunlarning birida ishdan qaytayotgan Nodir kutilmaganda oyog`i toyib, yiqildi. Shifokor unga yurishni taqiqladi. Shu sababli u uzoq vaqtgacha ishga bormay, uyda o`tirishiga to`g`ri keldi.

Bir kuni Saida xolasining uyiga mavludga bordi. Marosimga kelgan otinoyining bu galgi ma`ruzasi issiq-sovuq va har xil jodu-amallar to`g`risida edi. Saida ma`ruzani tinglar ekan, eriga qilgan issiq-sovuqlari, qaytariq qilish uchun ichirgan, edirganlari qanchalar gunohligini angladi. Ushbu amallarni bajargan ayolning oxirati kuyishini eshitib, yuragi bo`g`ziga tiqildi. «Nima qilgan bo`lsam, erimni qaytarish uchun qildim, juda gunohkormasdirman» deya o`zini ovutdi.

Mehmonlar tarqalgach Saida otinoyining yoniga bordi.

- Men oilamni saqlab qolish hamda erimning ishlari yurishishi uchun qaytariq qilgan edim, boshqa narsa emas.

- Aynan nimalar qilganingizni aytib bering-chi, qizim.

Saida hamma qilgan ishlarini birin-ketin gapirib berdi. Erining boshiga tushgan tashvishlarni aytayotganda otinoyi gapini bo`ldi.

- Nimalar qilib qo`yganingizni ko`rdingizmi? O`zingiz bilmagan holda turmush o`rtog`ingizga ziyon etkazgansiz. Issiq-sovuqning, qaytariqlarning yaxshi-yomon niyatda qilingani bo`lmaydi. Hammasi juda og`ir, kechirilmas gunoh. Eringizning ishini orqaga ketishi, sog`lig`ining yomonlashuvi shu o`qitishlaringizdan...

Saida vijdon azobida uyga qaytdi. Tezda yostiqdagi tumorni hamda hamma o`qitgan choy, shakarlarni olib, axlatga tashladi. Kechga yaqin Nodirning kasbdoshi ko`rishga keldi.

- Nodir yaxshimisan, do`stim? Oyog`ing yaxshi bo`lib qoldimi?

- Xudoga shukur, chidasa bo`ladi. Ishda qanday yangiliklar?

- Zokir senga tanishtirgan ayol bor-ku?

- Mendan kredit olishga yordam so`raganmi? Lekin hujjatlari talabga to`g`ri kelmaganligi uchun bermagandim.

- Aynan o`zi. Shu ayol kredit bermaganing uchun senga tuhmat qilib, lavozimingdan chetlatishlariga sababchi ekan.

- Yo tovba, o`zimam o`yladim, biroz g`alati ayol ekan, deb. Ko`p marotaba uchrashuvga chaqirib, ko`ndirishning har xil yo`llarini qilib ko`rgandi.

Saida mehmonga choy olib kirmoqchi bo`lganda o`zi istamagan holda suhbatlarining guvohi bo`lib qoldi. Eri shunchaki tanishim deganda aldamagani, umuman xotiniga xiyonat qilmagani rost bo`lib chiqdi. Saida turmush o`rtog`iga ishonmay, folbinga chuv tushganini, eriga issiq-sovuq amallar qilib, dardga yo`liqtirganini o`ylab, ichidan titrab ketdi. Ko`zlari jiqqa yoshga to`ldi.

Nargiza Otabekova

Комментарии